2023-yil 4-may kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida navoiyshunos olim, professor, pedogog Botirxon Akramov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan "Ustozlar ibrati - qalblar ziynati" deb nomlangan adabiy-ma'rifiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Unda adabiyotshunos, navoiyshunos olimlar, tilshunoslar, talabalar va kutubxona foydalanuvchilari ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktor o‘rinbosari Nasiba Xoldorova tadbirni ochiq deb e'lon qilar ekan, bu kabi tadbirlarning kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish borasida dolzarbligini ta'kidladi va O‘zbekiston Milliy kutubxonasida navoiyshunos olim Botirxon Akramov faoliyatiga doir tashkil etilgan tadbirlar bilan tanishtirdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar olimning she'riyat, xususan, Navoiy ijodi haqida bir qator ilmiy maqolalari, monografiya va risolalari chop etilgan. Botirxon Akramovning nazaridagi samimiylik, adabiyotga bo‘lgan muhabbat, shijoat minglab talabalarga, o‘nlab shogirdlariga saboq bo‘lib kelayotgani haqida so‘zladilar. Tadbirda Botirxon Akramovning mumtoz adabiyotni, Navoiyni teran tushungani, shoir she'riyatidan ko‘plab bayt-misralarni yoddan bilgani, arab, fors, qadimgi turkiy tillarning bilimdoni bo‘lgani tilga olindi. Shuningdek ustozning lug‘at, lug‘atshunoslik sohasiga ham katta qiziqishi e'tirof etildi.
Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar va o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.