Alisher Navoiy xalqaro jamoat fondi tashkil etildi

Prezident qarori bilan Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashkil etildi. Jamg‘arma Alisher Navoiy hayoti, g‘oyalari va ilmiy-adabiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish kabi ishlar bilan shug‘ullanadi.

JAMIYAT
15.11.24

O‘zbekiston prezidentining 4 fevraldagi qarori bilan Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Fanlar akademiyasi muassisligida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashkil etildi.


Quyidagilar fondning asosiy vazifalari etib belgilandi:


Alisher Navoiy hayoti, yuksak insonparvarlik g‘oyalari va ilmiy-adabiy merosini yurtimizda va xalqaro miqyosda keng o‘rganish va targ‘ib qilish;

Alisher Navoiy asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish, mukammal ilmiy nashrlarini yaratish, ularni respublikada va chet ellarda nashr etish;

Alisher Navoiyning ilmiy-adabiy merosini tadqiq etayotgan adib va olimlar faoliyatiga ko‘maklashish, ular yaratgan ilmiy va badiiy asarlarni jamlash, shoir ijodini o‘rganayotgan, jumladan xorijiy davlatlardagi ilmiy-ijodiy markazlar bilan hamkorlik qilish;

har yili Alisher Navoiy tug‘ilgan sana — 9 fevral kuni xalqaro konferensiya (simpozium) va «Navoiyxonlik kunlari»ni tashkil etish va o‘tkazish.

Fondga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan har yili 1 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ham moliyalashtiriladi.


Jamg‘arma Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, akademik Yahyo G‘ulomov ko‘chasi, 70-uyning bir qismida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.


Manba: gazeta.uz