Yosh avlodning ma’naviy qiyofasi. Adabiyotshunos olimlarning o‘zaro suhbati

Fan texnika taraqqiyoti beqiyos ko‘lamlarda rivojlanayotgan, moddiy ne’matlarga qiziqish behad ortgan hozirgi davrda kishilarning ma’naviy saviyasi qay darajada? Bu savolning ziddiyatli tomoni shundaki, axloqiy, ma’naviy ehtiyojlarni aniq raqamlar bilan hisob-kitob qilib bo‘lmaydi.

REPORTAJ-SUHBAT
15.11.24

Adabiyotshunos olimlar Botirxon Akram va Mahkam Mahmudov suhbati.


Mahkam Mahmudov. Fan texnika taraqqiyoti beqiyos ko‘lamlarda rivojlanayotgan, moddiy ne’matlarga qiziqish behad ortgan hozirgi davrda kishilarning ma’naviy saviyasi qay darajada? Bu savolning ziddiyatli tomoni shundaki, axloqiy, ma’naviy ehtiyojlarni aniq raqamlar bilan hisob-kitob qilib bo‘lmaydi. Soddaroq qilib aytganda, ilg‘or korxonalarimiz odamlarga a’lo sifatli non, sut, shirinliklar, kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or jihozlari yetkazib berishi mumkin. Ammo odamlarga kim yetarli miqyosda odamiylik, vijdon, go‘zallik, yaxshilik, mardlik, olijanoblik, halollik, sofdillik, sevgi va ruhiy-ma’naviy farog‘at yetkazib bera oladi? Ma’lum ma’noda “defitsitlashib” borayotgan, shoir Abdulla Oripov aytganiday, “Qizil kitob”ga yozilayotgan bunday musaffo tuyg‘ularsiz esa inson barkamol bo‘lolmaydi. Nazarimda, biz hamma narsadan ham ko‘ra kishilarning ma’naviy kamoloti haqida ko‘proq o‘ylashimiz kerak.


Botirxon Akramov. Alisher Navoiyning lirik, liro-epik va nasriy asarlarida “fazl-u kamol” yoki “kamol-u fazl”, “zehni solim”, “tab’i mavzun” kabi purma’no ta’bir-iboralarni uchratamiz. Bunda ulug‘ shoir “fazl”da, asosan, insonning axloqiy ma’naviy dunyosini, “kamol”da uning aqliy zakovatini, shuningdek, “solim”da tafakkur butunligini, “mavzun”da tuyg‘ular, mayllar nozikligi va uyg‘unligini ko‘radi, ko‘zda tutadi. Navoiy intellektual-ma’naviy dunyoning bunday muhim jihatlarini, ko‘pincha, yonma-yon qo‘yadi, ularni bir butun biladi... Biz ham bugungi yoshlik, xususan, talabalar dunyosiga bir-biri bilan uzviy shu ikki jihat – ma’naviyat va zakovat tushunchalari orqali o‘z munosabatimizni bildirsak, maqsadga muvofiq bo‘lur edi.


Mahkam Mahmudov. Botirxon aka, bu savolingiz juda chuqur bo‘lgani uchun uni atroflicha mulohaza qilish kerak bo‘ladi. Aqliy, intellektual rivoj haqida gapiradigan bo‘lsak, bugungi yoshlar har qachongidan aqlliroq. Ular har kuni gazeta o‘qiydi, televizor ko‘radi, radio eshitadi, kitob o‘qiydi, turli fanlarning muallimlaridan saboq oladi. Shuning uchun ham, ustoz Abdulla Qahhor o‘zining bolalik yillari haqida yozganida, u davr odamlarining soddali-gini tasvirlar ekan, bular endi “o‘tmishdan ertaklar”ga o‘xshab qoldi, degan edilar. Ha, hozirgi yoshlar juda ko‘p narsalarni bilishadi. Ammo bu bilimlar ularning fazl-u kamolini orttiryaptimi, yo‘qmi, degan savolni o‘rtaga tashlash payti kelmadimikin? 

Aqliy bilimlar, aqliy ongni oshiradi. Axloqiy va badiiy bilimlar ma’naviy ongni oshiradi. Bizning maorif tartibotimizning hozirgi darajasida, asosan, bolalarning aqliy bilimlarini, ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy bilimlarini oshirish e’tibor markazida turibdi. Maktab bolasi yoshligidayoq hatto ota, bobosi bilmagan Jeyms Uattning bug‘ mashinasini, Stefenson parvozini, Lavuazye tajribalarini, Nyuton binomini, Eynshteynning nisbiylik nazariyasini, kvantlar va lazerlarni ozmi-ko‘pmi biladi. Ammo u ba’zan oddiy narsani – otasini, onasini, aka, ukalarini, do‘st-larini, muallimlarini – umuman, insonni chin yurakdan hurmat qilish kerakligini, odamni olamdagi barcha mavjudotlardan va texnika qurollaridan yuksaltirib turuvchi – ko‘ngli borligini, u toza va nafis bo‘lishi zarurligini bilmaydi. Ana shu oddiy va zaruriy bilimdan xabarsizligi tufayli har qadamda ota-onasini, o‘zga odamlarni ranjitadi, qo‘pollik qiladi, yaxshi niyat bilan qilingan g‘amxo‘rlikka, jonkuyarlikka loqayd qaraydi yoki ko‘rnamaklik qiladi. Ha, bu gaplarni ochiq aytaverish kerak, yashirgan bilan baribir isitmasi oshkor qilib qo‘yadi. 

Aniq fanlar – fizika, ximiya, algebra, biologiya, matematika, geometriya, elektronika, kibernetika va hokazolar insoniyat qo‘liga qudratli qurol beradi. Bu qurol ma’naviy, axloqiy ong jihatidan yetarli kamol topmagan odamlar qo‘liga tushib qolsa nima bo‘ladi? Bu haqda hozirgi avlodgina emas, qadimiyat mutafakkirlari ham ko‘p o‘ylashgan. Qadimgi insoniyat bu haqdagi tashvishlarini poetik fantaziya mahsuli bo‘lmish miflar, rivoyatlarda ravshan aks ettirgan. Zevs boshliq Olimp ma’budlari ilohiyotni, yuksak ruhiy parvozlarni tushunmaydigan oddiy odamlar qo‘liga olov berishni abadiy taqiqlab qo‘yishgan. Ma’budlardan biri Prometey odamlar mangu zulmatda yashamasin, deb ilohiy olovni (bizningcha, ilm-fan ziyosini) osmondan o‘g‘irlab, yerga olib tushgan. Prometeyning bu ishidan g‘azablangan Zevs uni la’natlab, mangu qoyaga zanjirband etishga farmon bergan. Shunisi ta’sirliki, ilm-fan, hunar, olovkorlik ma’budi Xefest birinchi bo‘lib, Prometeyning o‘zini zanjirband etib, unga azob berishga majbur bo‘ladi. To‘g‘ri, Prometey insoniyatni zulmatdan, bilimsizlikdan xalos etib, ulug‘ jasorat ko‘rsatdi. Ammo keyinchalik, insoniyat ana shu ilm-fan olovi yordamida ommaviy qirg‘in qurollari ishlab chiqara boshladi. Insoniyat xuddi aqli kirmagan yosh boladay, o‘z uyini yoqib, olov bilan o‘ynasha boshladi. 

Ba’zi yoshlar ma’naviy bilimlardan xabarsizligi tufayli u jur’at, dadillik nima-yu, uyat, andisha, hayo, tortinchoqlik nima ekanligini bilmay, bu nozik tushunchalarni chalkashtirib yubori-shadi. Qayerda qaysi birini ishlatishni bilishmaydi. Ehtimol, ba’zilar bu gaplarning naqadar muhimligini anglamas. Ana shunday kishilarga tushunarli bo‘lishi uchun bir o‘xshatishni keltirish joizdir. Adolat, haqiqat, yaxshilik uchun qattiq jang boryapti. Jangga kirganlar turli qurollari qayerda ishlatilishini bilmay chalkashtirib yubordi, deb faraz qilaylik. Unday odamlar olov yoqish o‘rniga suv sepadigan qurolni yoki yong‘inni o‘chirish o‘rniga benzin sepadigan qurolni ishlatsa nima bo‘ladi? Shu kabi ma’naviy kurollarni ishlatishni bilish nihoyatda muhim, kechiktirib bo‘lmaydigan muammo deb o‘ylayman.

Odamga jur’at shunday paytda kerakki, u xo‘rlanayotgan malika – Adolatni kuchli yovlar xurujidan asray olsin. Katta bir majlisda yaxshi, ajoyib bir odamni arzimagan xatosi uchun ko‘pchilik yomonga chiqaryapti, deb faraz qilaylik. Ayniqsa, o‘sha yaxshi odam to‘g‘riso‘zligi uchunmi, talantliligi uchunmi, shu idora rahbariga yoqmay qolgan. Ko‘pchilik odamlar ko‘nglida yaxshi odamni aybsizligini bilsa ham boshliqlar fikriga qarshi borishga jur’at qilol-maydi. Yo loqayd, betaraf, indamay o‘tirishadi yoki boshliqqa yaxshi ko‘rinish uchun yaxshi odamga har burchakdan tosh otishadi. Shunday paytda biror kishi jur’at qilib, bu odam juda yaxshiligini, uning xizmatlari ko‘pligini, boshliqlar shu masalada nohaq ekanligini aytishi va o‘z fikrini dalillar bilan, yotig‘i bilan tushuntirishi kerak. Ammo hozirgi ba’zi yoshlar surbetlikni, befarosat savollarni jur’atlilik deb o‘ylashadi. Bular uchun o‘tgan-ketgan qizlarga gap otish, indamay o‘z ishini qilayotgan kamtarin odamni masxaralash, muallim qiziqarli mavzuda gapirayotganida uni bo‘lib, chalg‘itishni yaxshi ko‘radilar.


Botirxon Akramov. Siz bahsimizning boshida: “Insoniyat ilm fan olovi yordamida ommaviy qirg‘in kurollari ishlab chiqara boshladi... Xuddi aqli kirmagan yosh boladay o‘z uyini yoqib, olov bilan o‘ynasha boshladi,” dedingiz. Bu fikrda, menimcha, shoirona mantiq, masalan, Erkin Voxidovning “Inson” qasidasi, Abdulla Oripovning “So‘nggi urush” she’rlariga hamohang umumbashariy tahlika bor. To‘g‘ri, biz termoyadro urushidek ommaviy qirg‘inning real vahmi-xatari oldida, salgina bo‘lsin, g‘ofillikka o‘rin berolmaymiz. Hatto davrimizning g‘oyatda keskinlashgan siyosiy, mafkuraviy, harbiy, iqtisodiy ziddiyatlariga – murosasiz, antogonizmiga qaramay, xalqaro imperializm va reaksiyaning yovuz maqsadlarini qadam-baqadam fosh qila turib, bosh masala – tinchlikni saqlab qolish uchun, insoniyat taqdirini, yerdagi sivilizatsiya va hayot taqdirini o‘ylab, dunyodagi barcha sog‘lom tafakkur, ilg‘or, obyektiv zakovatning kuchi, imkoniyatlarini o‘z kuchimiz va imkoniyatlarimiz bilan ko‘shgan holda, dahshatli tahlikani kamaytirish yo‘llarini qidiraveramiz. Insonning azaliy sodiq yo‘ldoshi – ma’rifat va zakovatning yangi-yangi manzillariga intilishda bir daqiqa bo‘lsin, paysallashga ham haqqimiz yo‘q (bu hayot, taraqqiyot mantig‘iga, tafakkur tabiatiga, azaliy ideal – insonni har jihatdan komil ko‘rishdek ulug‘ bobolarning ezgu armoniga zid bo‘lur edi). Shu ma’noda, hozirgi ommaviy qirg‘in vositalari – yadro, lazer, kimyoviy, biologik va boshqa xil qurollar qanchalik xatarli bo‘lmasin, mana shu jiddiy ahvol ham, baribir, ilmiy-texnik taraqqiyotning doimiy sur’ati va shiddatiga salbiy munosabatni sira oqlamaydi. Barcha yaxshi niyatli, sog‘lom fikrli odamlar uchun birdan bir to‘g‘ri yo‘l shuki, bugun hayotning o‘zi ilmiy-texnik taraqqiyot tendensiyalarini; uning perspektivalarini har qachongidan yaxshiroq, asosliroq bilishni – fenomenal zakovatni, istiqbolli ma’rifatni taqozo qilmoqda. Eng mushkul vazifa shundan iboratki, bunday zakovat mantiqan ma’naviyatga zid kelmasin, aksincha, ular bir-birini to‘ldirsin, boyitsin. Umidsizlikka sira o‘rin bermay, mana shu murakkab muammoni hal qilish yo‘llari, imkoniyatlarini qidiraverish kerak. Agar bunda insoniy fazl-u kamolning birinchi ustozi iymon, e’tiqod o‘zi madadkor, najotkor bo‘lsa, g‘aflat, ishtiboh, horg‘inlik chekinadi. Aql va qalbning kutilmagan, sirli-sehrli kosmik kengliklari, teranliklari, yuksakliklari bir-bir ayon bo‘laveradi. Zero, inson Erkin Vohidovning “Tirik sayyoralar”ida shoirona naql qilinganidek, “Uning o‘zi sirli bir dunyo”, “Dunyo esa faqat zarradir”. Shoir insonlarni har qancha ulug‘vor ishlar qilgan bo‘lsa-da, koinot oldida zarra ekanligini eslatib, kamtarinlikka chaqirmoqda. 


Mahkam Mahmudov. G‘arb mumtoz adiblari, shoirlari, mutafakkirlari Jan Jak Russo, Lessing, Herder va boshqalar insonlarni tabiatdan o‘rnak olishga, turli nizo, janjal, qirg‘in urushlar, siyosiy nayranglar qilish o‘rniga, tabiat quchog‘ida, tabiiy, samimiy yashashga da’vat qilganlar. Russo “Fanlar va san’at-hunarlar ravnaqi odamlar xulqini yaxshilashga yordam beradimi?” nomli asarida, Sharl de-Monteskyo “Fors maktublari” asarida xulq yomonligi, axloqiy tanazzul jamiyatni tanazzulga uchratishini isbotlab yozganlar. Odamlarning xulqidagi hayvonlarga xos, goho ulardan badtar tajovuzkorlik, yovuzlik, ochko‘zlik, xudbinlik (faqat o‘z foydasini o‘ylash) ichki va tashqi, xalqaro nizolarni ham keltirib chiqargan. Russo “Kollektiv (jamoaviy) kelishuv” asarida barcha insonlarni ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy tajovuzlarga qarshi ahillik, bag‘rikenglik, tolerantlikni, ijobiy ma’noda murosasozlikni targ‘ib qilgan. Shu kabi insonparvarlik, tabiiy, erkin, ozod yashash haqidagi g‘oyalari tufayli Russo asarlarini keyingi adiblar, shoirlar, mutafakkirlar Gyote, Bayron, Lev Tolstoy, R.Tagor va boshqalar sevib o‘qigan va uning g‘oyalaridan ruhlangan edilar. 


Botirxon Akramov. Mahkamjon, siz kutilmaganda juda m-uhim masalani o‘rtaga tashlayapsiz. Avvalo, o‘z xalqining, qo‘shni-qardosh, taqdirdosh xalqlarning tarixini, qolaversa, butun bashariyat tarixini mumkin qadar yaxshi bilish – bahsimizning asosiy mazmuni va maqsadi – tom ma’noda ma’rifatli, zakovatli bo‘lish orqali ma’naviy kamolot kasb etishning g‘oyatda muhim, hayotiy va mantiqiy asoslaridan biridir. Rossiya Yozuvchilarining VI syezdida mashhur shoir Ye.Yevtushenko o‘z nutqini L.Tolstoyning quyidagi purma’no so‘zlarini keltirish bilan boshladi: “Men Tarixga epigraf sifatida: “Hech narsani yashirmayman” deb yozgan bo‘lardim. Bunda, to‘g‘ridan to‘g‘ri, lafzan yolg‘on gapirmaslikning o‘zi kifoya emas. Hatto sukut qilish yo‘li bilan – salbiy ma’noda ham yolg‘on gapirmaslikka intilish kerak”. Nafaqat Rossiya va G‘arb tarixini, falsafasini, balki Sharq tarixini, hatto tasavvuf falsafasining turli oqimlarini to Mahatma Gandi ta’limotigacha yaxshi bilgan Tolstoy tarixni bila turib sukut saqlashni, haqiqatni yashirish yoki buzib ko‘rsatishni inson zakovatiga, madaniyatiga zid, zararli tamoyil, deb o‘ylaydi. Bu jihatdan bizning ahvolimiz juda fojiali: aksari tariximizni yaxshi bilmaganimiz uchun ham unga nodonlarcha malomat toshlarini otamiz yoki vijdonini, diyonatini yo‘qotmagan odamlar uni yaxshi bilmagani uchun sukut saqlaydilar... RSFSR Yozuvchilari o‘z anjumanida insonning tarixiylik tuyg‘usi, tarix tarbiyasi (“vospitaniye istoriyey”), Vatan tarixining saboqlari, buyuk ajdodlar merosi, o‘lmas yodgorliklar, mangu madaniy-ma’naviy xazina – ona tili, milliy va umuminsoniy an’analarni avaylash haqida, zamonaviy arzon-garov, sharmsiz, g‘oyasiz, prinsipsiz, g‘ayri axloqiy ruhdagi “erkin dunyo” madaniyatining yangi modalaridan hazar qilish haqida yonib, kuyunib gapirdilar. 

To‘g‘ri, bizda ham – bugungi o‘zbek adabiyotida, jumladan, she’riyatida ma’naviy olamning turli sohalariga, hayotning o‘zi ilgari surayotgan muammolarga har qachongidan faol, daxldor munosabat ayon seziladi. Asqad Muxtorning adabiy haftaligimiz Yangi yil anketasining so‘nggi savoliga javobida Pirimqul Qodirovning “Meros” qissasida ko‘tarilgan muammo – ma’naviy meros bugun alohida ahamiyat kasb etishi, O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasida” romanida urush davri voqeligi orqali hayajonli ifodalangan insonga mehr-shafqat tuyg‘usi bugun o‘ziga xos aks-sado berishi muxtasar tariflab o‘tilgan. Zulfiya va Asqad Muxtorning yangi turkumlarida (“Tong bilan”, “Oltin nurlaringda tebrat dunyoni”), Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matjon, Rauf Parfi, Jamol Kamol, Usmon Azim, Mashrab Boboyev, Xurshid Davron, Yo‘ldosh Eshbek, Sirojiddin Sayyid kabi haqiqiy iste’dod egalarining haqparastlik, iymon butunligi, vijdon sofligi, baxtning chin ma’nosi, ma’naviy merosning tabarruk va muqaddasligi kabi har qachongidan zamonaviyroq mavzulardagi she’rlarida samimiy, oshkora, dil-dildan aytilgan gaplar, har biri o‘ziga xos xarakterdagi, tavsif-sxemadan holi, betakror va umumlashma, lavha va obrazlarda ifodalanganini ko‘ramiz. Shunisi diqqatga molikki, haqiqiy iste’dod egalari – shoirlar, nosirlar, shu jumla-dan, yosh kalamkashlar ijodiy halollik, ro‘y-rostlik prinsipiga amal qilib, siz aytganingizday, hayotdagi negativ hollar uzul-kesil ochib tashlanmasidan ancha ilgari bunday illatlarning ayrim unsurlariga qarshi murosasiz kurash boshlagan, ular axir bir kun qoralanishini, tavqi la’natga mahkum ekanligini badiiy prognoz qilgan edilar. Afsuski, bugungi kunda jamiyatimizning turli qatlamlarida respublika qalam ahli xozirgi yalpisiga yangilanish, pok-lanish talablari darajasida ijodiy aktivlik, fuqarolik jasorati, g‘oyaviy-badiiy yuksaklik namunasini ko‘rsatmoqda, deyishga hali-hozir yetarli asosga ega emasmiz. Ehtimol, bunga sun’iy g‘ovlar ham sababchi bo‘layotgandir. Ye.Yevtushenko bir nutqida talantsizlik, soxta vatanparvarlik yo‘lini doim qizil svetofor bilan to‘sish yoki aksincha, – haqiqiy talantlar uchun “shlagbaum” psixologiyasini bekor qilish vaqti yetganini baralla aytdi. Hali ham o‘tkir, jangovar she’rning bosilib chiqishidan behudaga cho‘chiymiz, deb yaxshi aytdi. Notiqlardan Mustay Karim, Sergey Vikulov, Vasiliy Belov, Valintin Rasputin, Anatoliy Lanshikovlar ham shunga hamohang so‘zlarni aytdilar.


Mahkam Mahmudov. Rusiya adiblarida erkin fikr aytishga intilish kuchliroq, ularning A.S.Pushkin, I.S.Turgenev, F.Dostoyevskiy, Lev Tolstoy ijodiga va shaxsiga xalq ehtiromi, rahbarlarning ham hurmati baland bo‘lgan edi, hozir ham shunday. Bizda esa, mumtoz shoirlarimiz Bobur, Husayn Boyqaro, Amir Umarxon, Nodira ijodini sal maqtasak, zolim feodallarni ideallashtirding, deb qamchi bilan urar edilar. O‘zbeklar, turkistonliklar, umuman, Sharq xalqlari mentalitetiga xos vazminlik, andisha, mulohazakorlik, gohida mute’lik va jur’atsizlik badiiy ijodda ham ko‘zga tashlanadi. G‘arb ijodkorlari esa ancha erkin fikrlaydilar. Dalada omochining pichog‘i bilan sichqon uyasini buzgani uchun ingliz shoiri Robert Byorns kechirim so‘rab yozgan she’rini, Per Beranjening Fransiya ministrlarining sotqinligi, xoinligini hajv qilgan she’rini, Belgiya adibi Moris Meterlinkning “Ko‘zi ojizlar” dramasini, “Gullar aql idroki” badiasini o‘qib, bu millatlarning vakillari faxrlanadilar. Siyosiy arboblarning xalqqa qilgan yaxshiliklari ham, shoir, adiblarning san’ati, asarlari ham mangu tarixda qoladi. 


Botirxon Akramov. Bugun xalqimiz haqiqat yuziga tik qarashga, quruq safsatabozlikka, ko‘zbo‘yamachilikka, qalbakilikka qarshi prinsipial kurash boshlashga, so‘z bilan ish birligiga da’vat etayotgan ekan, mohiyat e’tibori bilan o‘sha “mehnatkashligi” faqat son-miqdor bilan o‘lchangan (demak, zamirida xudbin shaxsiyatparastlik yotgan), hatto iste’dodi ham mahdudlik qobig‘iga o‘ralgan ba’zi olimlar, ijodkorlar, boshqa taifa ziyolilar, haqiqiy zako-vatdan mahrum, yaxshiroq razm solganda, insoniy e’tiqod va maslagi zaif, iymoni nogiron kimsalardir. Ayon bo‘ladiki, bunda qandaydir mantiqiy ziddiyat emas, balki niqoblangan yolg‘on – mash’um qalbakilik jamoat fikrini chalg‘itadi, eng xavfli tomoni – ayrim yoshlar, jumladan, talabalar ongini zaharlaydi, ularda noto‘g‘ri, noobyektiv, nomarg‘ub tasavvur tug‘ilishiga sabab bo‘ladi... 


Mahkam Mahmudov. Botirxon aka, yaqinda markaziy televideniyadan atoqli rus yozuvchisi Daniil Granin asari asosida ishlangan uch seriyali “Kartina” degan telefilm namoyish qilindi. U yerda juda muhim va dadil muammolar ko‘tarilgan. Filmda vatanga muhabbat mavzui, mamlakatimizning go‘zal, xushmanzara, tarixiy joylarini asrab qolish haqida gap boradi. Yigirmanchi yillarda o‘lib ketgan talantli rus rassomining asaridan ta’sirlangan Likovo shahri partiya komiteti sekratari xalq fikri, istagini hisobga olib, haligi xushmanzara joyni muzey va dam olish zonasiga aylantirib asrab qolishga intiladi. Lekin bu yaxshi intilish obkom sekretariga yoqmaydi. O‘sha me’moriy yodgorlikni buzib, bog‘dagi ajoyib daraxtlarni kesib, shu yerga EHM zavodi qurish loyihasi tasdiqlangan, ya’ni qonun tusiga kirgan. Bu loyihani o‘zgartirish qiyin. Vatan tarixini eslatuvchi eski joyni saqlab qolish obkomdagi o‘rtoqlarga, gorkomdagi ba’zi xodimlarga juda ahamiyatsiz ko‘rinadi. “Xo‘p, zavodlar qurilishlar yaxshi, ammo shularning hammasi nima uchun? Nimaga xalqning orzu-istaklarini hisobga olmaymiz?” degan savolga obkom sekretari javob berolmay qoladi. Chunki u siz aytganday juda g‘ayratli, ishchan, partiyaviy rahbar, ammo intelektual kamoloti faqat aniq fanlarga asoslangan. Aniq hisob-kitoblar asosida ishlagani uchun unga “mashina-odam” (“kompyuter”) deb laqab qo‘yishgan. Faqat ishlab chiqarishni fan-texnika rivojini, turli ma’muriy tadbirlarni o‘ylaydigan, majlislarda rasmiy gaplarni yaxshi ko‘radigan ba’zi g‘ayratli-rahbarlar borki, ular juda ilg‘or kishilar sanalsa ham, eng muhim narsani, insonlarni qadrlashni bilishmaydi. Ustoz Asqad Muxtor ham “Chinor” olmanida ma’naviyati zaif firqa kotiblarini, totalitar tuzumni, xalqini mensimagan rahbarlarni tasvirlab, haqiqatni aytgan.  


Botirxon Akramov. Men adolatsizlikning boshqa xil ko‘rinishlarini ham asli e’tiqod – dunyoqarashning cheklanganligi, haqiqiy intellektual saviya – ulug‘ bobolarimiz e’zozlagan zakovatning “xom va notamom” (Navoiy)ligi yoki umuman, nomavjudligi – noumidlik, jaholat bilan izohlar edim. Bunday illatning turli ko‘rinishlarini uchratish qiyin emas: sun’iy, nosamimiy mulozamatlar, soxta, zo‘raki xatti-harakatlar, xushmuomalalik, mug‘ombirona tabasum pardasiga o‘ralgan yovuzlik, biron bir tama’, ilinj, g‘araz taqozosi bilan bog‘langan, xattoki tahqirli, haqoratomuz holat va vaziyatlardan ham hazar qilmaydigan yoki xushomad, yaltoqlik bilan niqoblangan tubanlik, demogogik chiranishlar, soxta bilimdonlik, soxta madaniylik – oliftalik va shularning sinonimi bo‘lgan zamini nosog‘lom, zararli – yuqumli, ayniqsa, navqiron avlod – yoshlar, talabalar uchun xatarli bo‘lgan ijtimoiy illatlar – yomonlik urug‘lari... 

Adabiyotimiz hozirgi jamiyatimizning olg‘a borishiga, rivojiga xalaqit beruvchi mana shunday ijtimoiy illatlarga qarshi keskin o‘t ochmadi. Bu qarashdan, albatta, adabiyot va san’at arboblari chetda turishi mumkin emas. Hozirgi yozuvchi, shoirlarimizning asarlarida mana shu adolatli kurash qanday aksini topyapti?


Mahkam Mahmudov. Adabiyot, san’atning asosiy vazifasi hamma zamonlarda inson kamoloti uchun xizmat qilish, haqiqat, adolat uchun kurash, “kichik” sofdil, yorug‘likka, ezgulikka tashna odamlarni yovuz va razillik olamidan himoya qilishdan iborat bo‘lgan. Bu oliyjanob vazifani olimlar ilmiy tilda adabiyot, san’atning gumanistik pafosi deyishadi. Hozirgi nasr, she’riyat va dramaturgiyamiz o‘zining shu muqaddas vazifasini qanday bajarayapti? Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash kerakki, Asqad Muxtor (“Chorraha”), Pirimqul Qodirov (“Najot”, “Yayra institutga kirmoqchi”), Ne’mat Aminov (“Suvaraklar yoki yolg‘onchi farishtalar”), Abdulla Oripov (“Jannatga yo‘l”), Erkin Vohidov (“So‘nggi kema”), O‘tkir Hoshimov (“Nur borki, soya bor”), O‘lmas Umarbekov (“O‘z arizasiga ko‘ra”), Abduqahhor Ibrohimov (“Zo‘ldir”), Mashrab Boboyev (“Yer tomiri”), Sharof Boshbekov (“Tikonsiz tipratikonlar”) va boshqa yorqin iste’dodli adiblarimiz muhim ijtimoiy, axloqiy muammolarni ulkan anjumanlardan oldin, keyin ham o‘z asarlarida yuksak badiiyat bilan tasvirlab, jamoat, xalq e’tiboriga havola qilgan edilar. Ammo mavzuning muhimligi badiiy sayoz va xom-xatala asarlar yozishga hech qanday huquq bermaydi. Aksincha, xalq dilida tugilib qolgan orzu-armonlar haqida chuqur tuyg‘u bilan, oliyjanob dard bilan yozish kerak. 


Botirxon Akramov. Keyingi yillarda umumittifoq nasridagi kabi o‘zbek nasrida ham tarixiy – vatanparvarlik mavzuiga e’tibor ancha kuchaydi. Mirkarim Osim hikoyalaridan, Odil Yoq-u-bovning “Ulug‘bek xazinasi”, “Ko‘hna dunyo”sidan, Mirmuhsinning “Me’mor”idan keyin Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar”, “Avlodlar dovoni”, Maqsud Qoriyevning “Spitamen”, Xayriddin Sultonovning “Saodat sohili”, Erkin Samandarning Jaloliddin Manguberdi haqidagi romani, Isfandiyorning Iskandar va Spitamen haqidagi “Qasam” qissasi va boshqa tarixiy asarlar paydo bo‘ldi. Bu asarlar so‘zsiz, ona vatanimiz tarixidagi eng muhim, olovli sahifalar bilan xalqimiz ma’naviy xazinasini boyitishga xizmat qiladi. Ammo bularning hammasini ham birday yuksak saviyada yozilgan deyish qiyin. 


Mahkam Mahmudov. Shunga qaramay, bunday asarlarning paydo bo‘lishi xalqimizning tarixiy ongini o‘stirishga, ona Vatanimizni yanada yaxshiroq sevishga o‘rgatadi. Sevimli adabiyot gazetamizning yangi yil sahifasida Ozod Sharafiddinov yosh munaqqid Ahmad Otaboyev bilan suhbatida bu adabiy jarayonning muhim ahamiyatini to‘g‘ri tushuntirib bergan: “O‘zbek nasrida keyingi yillarda tarixiy tematikada barkamol asarlar yaratilayotgan ekan, masalaga umummanfaat nuqtayi nazaridan yondashish kerak”.Bunga qo‘shimcha men yana shuni ta’kidlashni istardimki, tarix hamma xalqlarning ota, onasidir. Tarixga hurmatsizlik, ota, onaga hurmatsizlikday axloqsizlikdir. Ayni vaqtda, biz ota, onamizdan barcha kamchiliklari uchun voz kechmaymiz-ku. Ota, onaning fazilatlari va kamchiliklari haqida esa qo‘pollik bilan emas, madaniyat, nazokat bilan gaplashish kerak. Butun mamlakatimiz tan olgan yaxshi tarixiy asarlarimiz bilan faxrlanish o‘rniga katta minbarlardan turib, ularni qoralash uchun odam kamida his-tuyg‘usiz bo‘lishi kerak. Lekin bu asarlarning yutuqlari va kamchiliklari haqida hovliqmay, oqilona fikr yuritish muhim va zarur, deb hisoblayman.


Botirxon Akramov. Keyingi paytlarda o‘zbek poeziyasida ma’naviy, axloqiy izlanishlar yanada kuchayib, teranlashib borayapti. Shu haqda nima deysiz?


Mahkam Mahmudov. Kuzatishingiz to‘g‘ri. Buni hozir ko‘pchilik e’tirof etyapti. Rauf Parfining umuminsoniy falsafiy izlanishlari, Ma’ruf Jalilning insonlar ko‘nglidagi javohirni – insonlikni izlashi, Miraziz A’zamning olamga bolalarcha beg‘ubor nigohi, Cho‘lpon Ergashning erkka tashnaligi, Ixtiyor Rizoning dunyo xalqlari taqdiriga darddoshligi, Usmon Azimning odamzodni tubanlikka tortuvchi illatlarga nafrati, Xurshid Davron, Azim Suyun, Yo‘ldosh Eshbek, Tilak Jo‘ra, Sirojiddin Sayyid, Ikrom Otamurod, Ismoil To‘lak, Muhammad Yusufning beorom ma’naviy izlanishlari o‘zbek poeziyasining sermavj daryosi har qachongidan to‘lib toshib oqayotganligini ko‘rsatib turibdi. Bu yerda biz tilga olmagan qanchadan qancha ajoyib iste’dodli yosh shoirlarimiz borki, ularning ilk kitoblari, afsuski, juda kechikib, nashriyotlarning ko‘p yillik changini yutib, qiyinchilik bilan yuzaga chiqyapti.

Siz aytganday, hozirgi o‘zbek poeziyasida badiiyat yuksalishi bilan birga ijtimoiy ohanglar, ruhiy, ma’naviy izlanishlar chuqurlashib borayotgani, inson kamolotini, jamiyat rivojini orqaga sudrovchi ijtimoiy illatlarga qarshi kurash ruhi kuchayib borayotganligini ko‘ramiz. 


Botirxon Akramov. Afsuski, ba’zi yoshlar adabiyot, san’at go‘zalliklaridan, insonni kamolotga eltuvchi ma’naviy javohirlaridan benasib yashayotganini tushunmaydi. Umuman, kamolotga intilmay, faqat tirikchilik tashvishi bilan ovora. 


Mahkam Mahmudov. Jahon adabiyoti klassiklaridan biri, avstriyalik shoir, dramaturg va faylasuf Moris Meterlin “Gullar aql-idroki” asarida yer yuzasidagi eng oddiy o‘t-o‘lanlar, o‘simliklar ham kamolotga intilishi haqida gapirib bunday deydi: “Nazarimizda, eng yuvosh, eng mo‘min, borlig‘i muloyimlik, sokinlik, itoatgo‘y bo‘lib ko‘rinadigan o‘simliklar olami aslida o‘zining og‘ir kismatiga qarshi bosh ko‘taradi. O‘simlikning eng muhim a’zosi, unga oziq beradigan a’zosi – ildizi uni doimo yerga, tuproq qa’riga tortadi. Biz insonlar uchun doimo yelkamizdan zil-zambilday bosadigan qonunlar ichida eng og‘iri o‘simlikni qiynaydi-gan qonun oldida hech gap bo‘lmay qoladi. Bu qonunga ko‘ra, o‘simlik tug‘ilgan kunidan to so‘nggi daqiqasigacha – o‘limiga qadar joyidan jilmaslikka mahkum etilgan. Kuch-g‘ayratimizni har yog‘ga sochadigan biz insonga nisbatan o‘simliklar bor kuchlarini qayoqqa sarflashini yaxshiroq bilishadi. Ular tomirlarining qorong‘u qa’ridan yorug‘likka chiqib, bor kuchlarini to‘plab, gullab-yashnab, atrofni go‘zallashtirib yuborar ekan, bu intilish naqadar ulug‘vor ekanligini tasavvir qilaylik. Ularning intilishi yagona maqsadga qaratilgan – o‘simliklar yer qa’ridan yorug‘likka chiqqach, pastdagi og‘ir va zulmatli qonunni yengib o‘tib, yer yuzasida erkinlikka intilib, tor doira qobig‘idan chiqib, iloji bo‘lsa qanot paydo qilib, taqdir abadiy muqimlikka mahkum etgan makondan uzoqroqqa ketishga, o‘zga olamga ketishga, tinimsiz harakatdagi jonli olamga kirishga urinadi... o‘simliklarning shu oliy maqsadiga yetishlari bizga g‘aroyibot, mo‘jiza bo‘lib ko‘rinmaydimi? Bu intilish xuddi bizning taqdirimizda yozilgan vaqt chegaralarini olib o‘tishga, moddiyatning eng og‘ir qonuniyatlaridan qutulib o‘zga olamga yetishga urinishimizday hayratlanarlidir. Birgina oddiy gul qismatga itoatsizlik, jasurlik, sabot, matonat va izlanuvchanlikning buyuk namunasini ko‘rsatmoqda, agar biz bog‘imizdagi mana shu jajji gulgina sarflagan kuch-g‘ayratning yarmini sarflaganimizda ham bizni bosayotgan taqdirning tog‘-tog‘ yuklaridan, chunonchi, turli azob uqubatlaridan, hatto qarilik va ajaldan qutilish mumkin bo‘lur edi hamda bizning qismatimiz hozirgi ahvolimizdan ko‘ra ancha yaxshi bo‘lur edi ”.

Ushbu fikrlar botanika bilan ham muntazam shug‘ullangan mutafakkirning yuqoridagi asaridan bir parcha xolos. Asarning juda ko‘p boblarida avtor gullarning yorug‘likka, erkinlikka, kamolotga intilishini juda mufassal tasvirlaydi. 

Bir o‘simlik, bir gul yorug‘likka shu qadar jahd-u jadal bilan intilar ekan, nega biz insonlar ruhiy kamolotga intilmay, gardanimizda adolatsizlik, vijdonsizlik, qat’iyatsizlik, jur’atsizlik, ta’magirlik, xushomadgo‘ylik, odamlarning hayotiy ehtiyojlariga, orzu-armonlariga, loqaydlik, baxillik, hasadgo‘ylik, ko‘zbo‘yamachilik kabi ijtimoiy illatlar botqog‘idan chiqolmay, sudralib yuramiz. Mana shu illatlar odamga vaqtincha (yoki doimiy) qandaydir boylik, mansab, farovonlik keltirsa-da, insonlik sha’nini yerga urishni nahotki tushunmasak? 

Xushomadgo‘ylik go‘yo bir qarashda beozor illatga o‘xshaydi, aslida uning zamirida juda katta adolatsizliklar yotadi. Xushomadgo‘y odam o‘zidan kattalarga yoqish uchun juda ko‘p nohaq ishlarga qo‘l uradi, mehnatkashlarning haqqi bo‘lgan narsalarni boshliqlariga sovg‘a qiladi. Xushomadgo‘ylarga o‘rgangan boshliq uni maqtamayotgan, ammo halol ishlayotgan boshqa odamlarni yomon ko‘rib qoladi, ularni xushomad qilmagani uchun hatto bahona izlab topib, jazolashgacha boradi. Mehnatsevarlarga tegishli moddiy-ma’naviy ne’matlarni esa xushomadgo‘ylarga beradi. Oqibatda bunday nohaqlikni ko‘rgan halol mehnatsevarlar hafsalasi pir bo‘lib ishlagisi kelmay qoladi. 


Botirxon Akramov. Belgiyalik shoir Meterlinning “Gullar aql – idroki” asaridan keltirilgan g‘aroyib parcha menga yana Navoiy so‘zlarini, aniqrog‘i, uning ilk ijodi – bolalik lirikasidan hayratbaxsh bir lavhani esga soldi. Ulug‘ shoirning “Badoye’ ul-bidoya” majmuasi debochasida insonning ijodkorlik, yaratuvchilik dahosiga, ma’naviy jasorat va sahovatiga yuksak qimmat berilgan shunday misralar bor:


Ranj ko‘rmay kishi toparmu farog‘,

Ko‘ngli o‘rtanmayin yonarmu charog‘?

Tuxum yerga kirib chechak bo‘ldi, 

Qurt jondin kechib ipak bo‘ldi. 

Lola tuxmicha g‘ayrating yo‘qmu, 

Pilla qurticha himmating yo‘qmu?


E’tibor bering-a! Lola urug‘i (“tuxmi”)ning o‘tgan fasl xazonrezgisida yerga ko‘milib, avvalgi jismi yo‘qliqqa aylansa-da, ona tabiatning mo‘jizakor mehri himoyasida o‘zining asli-zotini – javharini saqlab qolib, kelgusi bahor yangi chechakka aylanishi yoki pilla qurtining hayotga, insonga ipak quvonchini baxshida etish uchun o‘zi yasagan uyda “jondan kechishi” – bu genial mushohada yoshlarimizni bunyodkorlikka chaqirmaydimi? Lekin, hayratli joyi shundaki, hali bolalik g‘aroyibotlari taassuroti (“G‘aroyib us-sig‘ar”) ifodalangan, ehtimol, mo‘ysafid Lutfiy bilan yuz bergan o‘sha tarixiy muloqotdan avval bitilgan yuqoridagi misralarda “genial bola” bo‘lmish Alisher tabiatdagi stixiyali yaratish, fidoyilik, yangilanish jarayonlariga qiyosan... insonning qiyoslab bo‘lmaydigan darajadagi buyuk tafakkur qudratiga, ongli ijodiga, olijanob, ezgu ideallar uchun da’vat qilingan zakovat va kamolotiga favqulodda talabchanlik bilan munosabat bildiradi.  

Yorug‘likka, erkinlikka, kamolotga intilish mumtoz adabiyotning, ayniqsa, tasavvuf adabiyotinig asosini, mag‘zini tashkil etadi. Mutasavviflar Bahouddin Naqshband aytgan «Dil ba yor-u, dast ba kor». Mana shu shiorga ko‘ra ular o‘z mehnati bilan kun ko‘rishni, dunyoda hech kimdan hech narsa talab va ta’ma qilmaslikni, yordan o‘zga olamdan hech kimga itoat etmaslikni istar edilar.

Mirzo Ulug‘bekning birinchi muallimi, «Javohir ul-asror», «Sa’y as-safo», «Tug‘royi Humoyun», «Ajoyib ul-g‘aroyib» asarlarning muallifi Shayx Ozariy, Hamza ibn Ali Bayhaqiy podshohlar nazaridagi juda katta boyliklarni ham bir lahzali erkinligiga alishmas ekan. Bu haqda Davlatshoh Samarqandiy yozadi: «Gulbarga podshohlari jumlasidan, hind maligi Sulton Ahmad shayx Ozariyga ellik ming dirham inom etdi... Buning shukronasi uchun Shayxdan Podshoh huzuriga borib, boshini uning oyog‘iga quyishini talab etdilar. Shayx bu in’omni olmadi va podshohga sajda qilishga ko‘nmadi» (Bo‘rivoy Ahmedov tarjimasi). Davlatshoh Samarqandiyning yozishicha, shoir Ozariy juda ko‘p shohlar va sultonlarning mukofotlaridan yuz o‘girib, jahonni sayr etib yurgan. Aksincha, qayerga borsa, shohlar-u vazirlar uni hurmatlab, ziyoratiga kelib hol-ahvol so‘rashgan ekan.

Mumtoz adabiyotimizdan bunday misolni keltirishdan maqsadim shuki, bizning ayrim zamondoshlarimiz ijodi bilan xalqqa, vatanga xizmat qilishni oliy burch deb bilmay, ko‘pincha, arzir-arzimas ishlariga mukofotlar ta’ma qilib yurishadi. Bunday ta’magirlik bilan ijodkor o‘z qadrini yerga urayotganini tushunmaydi.

Holbuki, chin inson turli mol, dunyo yig‘ish, mansab va obro‘ni ta’ma qilishni emas, aksincha, ruhiy erkinlikni, xalq, vatan oldidagi burchi va mas’uliyatini, o‘zining va jamiyatning kamolotini o‘ylashi kerak.