Har kimsaki so‘z demak shiorida durur,
Ma’ni guli nutqining bahorida durur...
Alisher Navoiy.
Alisher Navoiy munojotlari — mohiyat e’tibori-la muqaddas «oyati karima»lar bilan mushtarak ma’no va ohangda bo‘lib, uning janr (Navoiyda «sinf») xususiyati ham Kalomi Majid ruhini — xos pafosini eslatib turadi... («Navoiy, sehr emas, go‘yo «Kalomulloh» asosidur: Bu moʻjizalarki, zohir o‘ldi kilki nuqtaposhingda...»)
«Munojot»larning ilohiy-falsafiy, huquqiy-sha’riy, ahloqiy-ma’naviy jihatlari —maxsus tadqiqotlarni taqozo etuvchi katta va jiddiy mavzulardan. Biz «ilmi bade’», «ilmi balog‘a», «Ilmi sanoye’» — mumtoz badiiyat qonunlari majmui —milliy she’riyatimiz poetikasi nuqtai nazaridan Navoiyning So‘z dahosini uning «munojot»lari mezoni—me’yori doirasida, qay tarzda, qaysi tartibda zuhur etishi, qanday jihatlari bilan ulug‘ mutafakkir va murabbiy shoir ijodxonasi haqida muayyan darajada tasavvur beradi, degan umidda, shartli ravishda yetti band (bo‘lim)dan iborat «suhbat»lar shaklini tanladik.
Suhbatimiz ibtidosi
Mavzuimiz unvoni—sarlavhasi xususida. Men shaxsan buni Navoiy dunyosi uchun eng maqbul va matlub istiloh deb hisoblayman. Bu da’voning moʻtabar dalolati, mantiqiy asosi shuki, janobi Muxammad Rasululloh(s.a.v.)ning muborak hayot va faoliyatlarida «ashob», «musohib», «sahobiy» kabi mukarram kalomlar zamirida ilohiy mazmun, falsafiy ma’no—o‘zgacha hikmat zuhur etib turadi: jamiki «ahli zohir» va «ahli botin» — fazlu kamol egalari (hazrat Navoiyda: «ahli ma’ni»)... bir-birlarini habibu anis — yaqin suhbatdosh, matlab-maslakdosh deb bilganlar: bu ko‘ngilning tabiiy holati — ruhoniy ehtiyojiga, umrning xayrli, g‘animat damlari mezoniga, yanada aniqroq va oddiyrog‘i, kundalik hayot tarziga, muloqotlar me’yoriga aylangan. Buning moʻtabar dalolati, bevosita — jonli shahodatini Navoiy tazkiralaridan «Majolisun-nafois»da (uning sarlavhasi beixtiyor o‘ziga tortadi) yoki «Nasoimul-muhabbat»da; so‘ngra, «Xamsatul-mutahayyirin», «Holoti Sayyid Hasan Ardasher», «Holoti Pahlavon Muxammad» yodnomalarida, deyarlik har bir fasl-bob va tabarruk sahifada kuzatishimiz mumkin. Chunonchi: «Faqir aning birla hamisha musohib erdim»; «... ul ashobi jovidoniy bila suhbat tutubtur», «ashobidin so‘rdilarki»; «Debturlarki, birov bila suhbat tutmangizki, siz — Haq degaysiz, ul — o‘zga nima degay»; «ko‘ngil mayli aning suhbatig‘a ko‘p bo‘ldi...», «...aning suhbatida g‘aroyib nimalar mushohada bo‘lur erdi»... Va xususan, Bahouddin Naqshbandda: «Bizning tariqimiz suhbatdur... Xayriyat — jamiyatda, jamiyat — suhbatda... Bir-biri bila suhbat tutsalar, anda — ko‘p xayru barakot...» Shuningdek, xoh «Nasoimul-muhabbat» tazkirasida, xoh «Xamsatul-mutahayyirin» yodnomasida bo‘lsin: «degan ermishlar...»; «so‘rdi...», «dedi...», «dedim...», «debturki, bu so‘rmoq aning fani (kasbi)dur — bilur va so‘rar»..., «ko‘rdi va so‘rdi...», «suhbat ittifoqi...» singari savol-javob zaminiga qurilgan suhbatlar, davomli qizg‘in muloqotu unutilmas xotirot lavhalarida zikr etilgan orifona — hikmatli hikoyatlar goho: «ashob hozir erdilar...», goho: «har nav’ so‘z o‘tadur erdi...» tarzidagi vobasta iboralarda ifodalanadi...
Nihoyat, bu ulug‘, chindan-da ma’rifiy va badiiy manbalari hadsiz-hisobsiz, ijodxonaga bevosita yo bilvosita aloqador she’riy (masnaviy) satrlar, asosan terma baytlar yo ruboiy bandlar ila muzayan nasriy lavhalar, dastavval, lirik kulliyot «Debocha»larida, so‘ngra, buyuk masnaviyot — dostonlar muqaddimotida, boblar tarkibidagi lirik-chekinish, lirik-ibtido va lirik-xotimalarda; nasriy asarlardan: «Muhokamatul-lug‘atayn», «Mahbub-ul qulub», «Tarixi muluki Ajam», «Mezonul-avzon», «Munshaot» boblarida, ayrim sahifalarida, afsonaviy-tarixiy va xayotiy tamsil-dalillar yo xikmatli baytlar tarzida o‘rin olgandirki, ularni ma’lum tartib-tizim, izchil-davomli robita asosida o‘rganish, hyech shak-shubxasiz, ilmiy qimmatga egadir.
Shunchalar katta miqyos, ko‘pqirrali ko‘lamdorlik, ayniqsa, falsafiy mohiyat teranligi, badiiy ranginlik, betakror timsollar e’tiborila Navoiy ijodxonasini — uning So‘z dahosini faqat badiiyat qonunlari doirasiga sig‘dirib bo‘lmasa kerak. Zotan, bu sirli-moʻjaz, tom ma’noda ilohiy Qalam — «kilki Sun’» qudrati-la inkishof etilgan «so‘z guhari»ning butun joziba sirri, avvalo, ruhiy-ilohiy tahqiq, falsafiy talqinni takozo etadi. Shy ma’noda bu qutlug‘ va ulug‘, poyonsizu bardavom mavzuni birmuncha chegaralash, kuzatilgan aniq maqsadga monand va matlub tamsillar e’tibori-la, masalan, ulug‘ ustozi Jomiy vafotiga bitgan muxtasar tarixida abadiy munaqqash etilgan quyidagi: «guhari koni Haqiqat, durri bahri Ma’rifat, koshifi sirri Iloh» qudsiy timsollarni, hech mubolag‘asiz, Navoiyning o‘ziga, dunyoda tengi yo‘q Shaxsiyatiga nisbat berishimiz mumkin va vojibdur...
Shu maqsadda biz, birinchi navbatda, buyuk masnaviyot — «Xamsa»ni, xususan, «Hayratul-abror», «Sab’ai sayyora», «Saddi Iskandariy» dostonlarini Navoiy ijodxonasi uchun asosiy, «tayanch nuqta» sifatida tanladik. Bundayin komil e’tiqod va e’timodimizning eng muhim ikki omili bor: birinchidan, «dinu iymon» — komil musulmonlik bobida, aniqrog‘i: «nizomul-millati vad-din Alisher» (Jomiy bahosi) maqomidagi shaxsiy sifatlari-pokdomon xilkati; himmat-saxovat, «naf’rasonlik» bobida — el-ulusga, millati va Vataniga (tili va davlatiga), keng ma’noda, jaxon madaniyatiga, bashariyat manfaatlariga qilgan beadad buyuk xizmatlari e’tibori-la, ikkinchidan, falak ko‘rmagan nodir» so‘zi, qudratda tengsiz qalami bilan — fasohat, badiiyat, ma’rifat maktabi-la Mashriqu Mag‘ribning o‘lmas siymolari kahkashonida eng nurafshon yulduzlarning biri va balkim, yagonasi ekanligi, avvalan, shu ijodxona lavhalarida o‘z aksi—tajallisini topganligi ayon «namudor» bo‘lib (ko‘rinib) turadiki, bu faqat an’anaviy shavqu hayrat ifodasi — kamoli vasf so‘zlari emas...
Shu tariqa, yuqorida qayd etib o‘tganimizday, mushohada va mulohazalarimizni goh kutilmagan — g‘aroyib, goh hayotiy-tabiiy, goho har ikki jihat mushtarak bo‘lmish «Alisheriy» (Bobur) xos suhbatlar tarzida, muayyan tartibda bayon etib, sharhlab boramiz. Dastavval, ulug‘ shoirimizga moʻjizakor «xomai taqdir» («kilki Sun’») ehson etgan «alimul-azim» Yaratuvchi Haq ila majoziy qahramon (orif-mutafakkir, shoir-«qalam-zan») oralaridagi g‘oyibona-sirli suhbat guvohi bo‘lamiz. Bun¬da sirli-sehrli parda ortidagi fasoxat mulkining ma’budi Atorud yo‘llagan «munhiyi roz» — sirlar darakchisi, ilk ilohiy mujda — so‘z farishtasining nur ila yo‘g‘rilgan sharpasi, ruhoniy suvrati — tasviri... xayol ko‘zgusida jilvalannb turadi. Bu — o‘z me’yor-maromi va aniq nazargohdan holiy miqyos-hududi-la g‘aroyib bir holatda voqe’ bo‘ladigan, tom ma’noda ruhiy-ilohiy suhbat, yana-da aniqrog‘i, bu — Navoiy qahramonining g‘ayrishuuriy tarzda, bevosita Haq taologa munojoti bo‘lib (« — Qodiro!..», «Rabbano!..», «..yo rab!» kalimalari vositasi-la), uni biz tasavvur qilgan dunyoviy me’yor-taomil doirasiga sig‘dirish imkonsiz... Soniyan (ikkinchi suhbat): o‘sha majoziy qahramon — mutafakkir shoir timsoli bu gal endi fazoviy (samoviy-ruhiy) holatning mujassam timsoli bo‘lmish «tole’i sa’d» (yo «kavkabi iqbol» — baxt yulduzi) ila o‘zaro muloqot asnosida sodir etilgan g‘aroyib suhbat shohidiga aylanamiz, ya’ni hamon o‘sha sirli parda ortidan Atorud elchisi — iqbol farishtasi shoir qahramoni bilan makon-zamon mezonlaridan holi, g‘oyib muloqot holatini kechiradi... Nixoyat, uchinchi suhbat jarayonida ijodxona jonli-vujudiy munosabat — to‘la-to‘kis insoniy salohiyat kasb etadi: bu mutafakkir shogird bi¬lan ulug‘ pir (birinchi navbatda, Mahdumi Nuran — Jomiy, so‘ngra, boshqa uvays ustozlar: Rumiy, Hofiz, Nizomiy, Dehlaviylar, hatto Sayyid Hasan Ardasher, Bahouddin Naqshband kabi valiy zotlar) oralarida o‘tgan yuzma-yuz muloqot tusiga kiradi, bu suhbat g‘aroyib tush fonida beriladi. To‘rtinchi-beshinchi suhbatlar bevosita ijodxona doirasida o‘tadi: bu hudud hajman kichik «Hujra» (mohiyatda «ikki jahon»ga ochilgan daricha-ko‘zgu) yo aksincha, poyonsiz kengliklar, chunonchi, safobaxsh «tog‘ etaklari», olis yo‘lning boshqa manzillari bo‘lishi mumkin... Va nihoyat, boy hayotiy tajriba, azaliy va nogihoniy ziddiyatlarga to‘la davr voqeligi va sanog‘i noma’lum kitobiy ma’rifat — tarixiy haqikat saboqlari — oltinchi-yettinchi suhbatlar uchun bebaho manba — ma’rifiy, ma’naviy-ruhiy va badiiy zaminga aylanishi mumkin...
Birinchi suhbat
Bu — yuqorida qayd etib o‘tganimizday, biz odatlangan aniq nazargoh— makon va zamon mezonlariga sig‘dirib bo‘lmas, g‘ayrishuuriy tarzda, ruhoniy xilqatda sodir etiladigan, tom ma’¬noda ilohiyona-fazoviy muloqotdir. Bunday g‘aroyib jarayon, ne ajabki, ulug‘ shoir-mutafakkir timsoli mujassami (obrazi)ning kutilmagan bir vaziyatdagi, shunchalar «haqiru faqir», g‘oyati shikasta hol ahvoli ruhiyasi — birinchi qutb bo‘lsa, ikkinchi qutb, aksincha, mislsiz va adadsiz rabboniy qudrat: «alimul-azim» Zuljalol (ulug‘lar ulug‘i), imkoniyatlari nihoyasiz, daxlsiz mutlaqiyat olamini tasarruf etadiki, bu haqda o‘ylaganda «aql boshi aylanadi» (Navoiy). Bu ikki qutb muloqotini zohiran, shartli ravishda, faqat mavjvar ummonu — najotsiz qatra yoxud sarhadlarsiz koinotu foniy-o‘tkinchi lahza-muhlat ichida bor-yo‘qligi notayin-omonat zarra bilan muqoyasa qilish mum¬kin... Bundayin ulug‘ tafovutli suhbat-muloqot asnosida «barchani yo‘qdan bor» qilguvchi Holiqu qodir-birlamchi omil — «tayanch nuqta» bo‘lsa, uning majoziy suhbatdoshi — shoir «men»i (garchand bizning sub’yektiv tasavvurimiz bo‘yicha, bu zoti kiromning ruhiy xilqatida mislsiz daholik moʻjizasi, so‘z sehrgariga xos favqulodda salohiyat zimdan sezilib tursa-da, na choraki, o‘z musohibi qarshisida zohiran qiyoslab bo‘lmas darajada ojizu notavondir... Shunga qaramay, hazrat Alisher o‘zini fido qilishga tayyor «ulug‘ muddao» oldida o‘rtadagi o‘zaro nisbatlab bo‘lmas tafovutni shunday muqobil timsollar orqali ifodalashga jur’at topadi:
— Qodiro!.. Ul zaifi osiymen —
Ki, boshimdin oyoq maosiymen...
Ulki, sendek boshimda Holiqdur,
«Men» demaklik... ne behayolikdur!?
Beixtiyor savol tug‘iladi: nega endi «shoirlar shoiri, mutafakkirlar mutafakkiri, valiylar valiysi» qilgan munojotda bu qadar mujrimona uzrxohliklar («boshdin-oyoq maosiymen» — gunohlar majmuidirman), hamin qadar to‘zimsiz ohu faryod, ruhiy iztirob bor?.. Ziddiyatlar shiddatini ko‘ring: «Barchadin sharif» insonni yaratguvchi, alal-xusus, uning azizu mukarramligi haqi, moʻjizalar moʻjizasi — So‘zni kashf etguvchi («So‘z kelib avval, jahon so‘ngra...», «Hayratul-abror»dan) ul Holi-qul qudrat oldida o‘zi bunyod etgan moʻjizotu ajoyibot olami — ummon qa’ridan asl «durri samin» — «ma’ni guhari», «so‘z guhari»ni axtarib topishga jur’at etish, shu xayrli ximmat — jasorat samari o‘larok, dunyoda tengi, nisbati topilmas she’riy devonlar, ulug‘ masnaviyot — dostonlar yaratishdek komronlik murodi... — hammasi «malomat bulbuli», haqiru benavo Navoiy ko‘nglida, uning «zamon va ahli zamon» jabru anduhi, vafosizligi oldida... chindan ham behuda — abas bir holdir, balkim?!.. Bundayin purdard ziddiyatli xayollar zamzamasini, ishtiboh-iztirob tuyg‘ulari tug‘yoni va poyonini bir qadar umumiy tarzda tasavvur qilish o‘zi oson emas. Zotan, Haq taolo bilan orif insonning g‘oyibona-ruhoniy muloqoti... faqat valiyulloh zotlar musharraf bo‘lgan noyob bir baxtdir. Ne ajabki, hazrat Navoiy kechirgan bundayin shirin iztirob — azobli o‘ylar bizga sirli, noma’lum ruhiy rishtalar — ilohiy robitalar orqali bog‘lanmaganmikin?!..
... Nafsi ammoraga yo bo‘ldum asir?!
Men netay, gar sendin budur taqdir?..
Sen yomon aylasang, meni, ne had,
Aylamak sendin o‘lgon amrni rad?..
Magar oxir-oqibat mudom o‘sha adadsiz nolavor munojotdan, zohiran najotsizday tuyulgan ruhiy iltijodan, har qalay, navmidlik tuyg‘usi ulug‘ zotlarga shoyon emas...
Yaxshnlik qilki, notavoningmen,
Yamon o‘lsam, Sening yomoning — men.
Menga ne had demak Sengaki: «Ne qil»,
Neki bo‘lg‘ay sanga rizo — oni qil!..
Bu yanglig‘, moddiy nazargoh — «olti jihat» chegaralarini yengib o‘tgan, g‘ayrishuuriy holatdagi suhbat-muloqot tarzidan qat’i nazar, aslida «o‘z vujudiga tafakkur aylagan» (ya’ni mustaqil inson qiyofasi — o‘zligi, shaxsiyatiga ega bo‘lgan) shoir qahramoni — orif-mutafakkir dunyosiga yo‘l topish, uning hasrat-nadomat so‘zlari mohiyati nimada ekanini idrok etishga urinib ko‘rish mumkin-ku... Masalan, shaytoni la’in dag‘dag‘asi — «nafsi ammorag‘a asir bo‘lgan najotsiz navmidlik rostmikin?..» Bu — Navoiy qahramonining pokdomon xilqatiga, o‘zligiga, ulug‘ shaxsiyatiga mantiqan zid emasmi?.. Uning shunchalar parhezkor-valiyona hayotiga, poklar ichra pok ruhiy-botiniy dunyosiga shayton tajovuz qilishi mumkinligiga, uning shu qadar sarbaland iymon-e’tiqodi ziddiga, shu qadar sabr-qanoat, tiyiqlilik qudrati ziddiga, «notavonu yomon» otlig‘ bo‘lishi mumkinmi?.. Bunga Navoiyni bir qadar anglagan odam ishonadimi?!.. Navoiy anglab yetgan mushkildan mushkil ziddiyat, tuguni, yechimi imkonsizday tuyulgan, murakkabdan murakkab muammo bu! Jahonning ne-ne daholarini kiynoqli o‘ylarga toldirmagan deysiz?!.. Xususan, Tangri bilan, mayli, uning eng raso, komil bir bandasi — insonning yuzma-yuz muloqoti, har qanday, xayol-tasavvurdan tashqari suhbati!.. Ovro‘po — mag‘rib daholari tahqiq etishga uringan favqulodda jumboqli savol: «paradoks» shu emasmikin?.. Asli qadimiy Yunon zaminida dunyo yuzini ko‘rgan va jahon miqyosida mushtarak ma’no kasb etgan bu purdon istiloh ham Navoiy anglagan haqiqat sirini ifsho etishga ojizlik qilar, balkim?.. Ne ajab va ne hayratki, Amir Nizomiddin Navoiy bunday qiyin jumboq-savolga eng muxtasar, mantiqan eng kuchli javob — yechim topadi: «Men netay gar sendin budur taqdir?!..» Chindan ham bu — hazrat botiniy idrok et¬gan komil iymon, islomiy e’tiqod tasarrufidagi yana bir xayrli ne’mat — ulug‘ inoyatu mag‘firat in’ikosi — tajallisi emasmi? Ha, zohiran bir bandai g‘ofilning (aslida daho siymolardan birining) butun gunohi azmini, bori sahvu xatolarini kechirguvchi va ehtimolki, Navoiydek benazir ulug‘ zotlar musharraf bo‘lgan jahoniy shuhrat — «nangu nom» faxriya mutaassirligi zo‘ridanmi — «men» demaklik... ne behayolikdur» (o‘zrxohlikning ortiq darajada mubolag‘ali — ifrot usulidagi «Alisheriy» ifodasi emasmi bu?..) shoh satri ruhiga singdirilgan «tavbai komil» — tazarru tuyg‘usini ham ilohiy mehr-shafqat, karam ila qabul etguvchi Allohning insonga ko‘rsatgan ulug‘ iltifoti emasmi bu?!.. Zotan:
Karaming ganji — yuz jahon chog‘liq,
Bahri fazling — ming osmon chog‘liq...
Yo rab! Oshuftamen, fig‘onima yet.
Karam aylab, xatolarim afv et!..
Birgina oxirgi misrada zuhur etgan: «Karam aylab, xato¬larim afv et!», munojot so‘zlarining axloqiy ibratini, birin¬chi navbatda, ahli tab’-fuzaloyu zurafo, ziyoli zotlar, jumladan, bugun el-yurt ardog‘idagi shoir-adib, olimu munaqqidlar «o‘z vujudlariga tafakkur aylab» ko‘rsalar edi! Qaniydi?!.. Yuqoridagi band sharhiga qaytamiz: ha, piri komil Nuriddin Abdurahmon Jomiy iftixor ila ta’rif qilganiday, hazrat Alisherning islomiy e’tiqod-e’timodi shunchalar yuksak maqomda ediki, Allohning «karami ganji», «bahri fazli» barobarida, uning marhamat va mag‘firat nuri ham hadsiz-adadsizligini bor vujudi, qalbi, ruhiyati-la anglab yetgan, idrok et¬gan edi... Shuning uchun ham biz So‘z dahosining ig‘roq kabi maxsus mubolag‘a usulidan samarali foydalanganidan hech ajablanmaymiz:
Yuz jahon jurmum (gunohim) o‘lsa ham — ne bok?
Bahri avfing qoshindadur —xoshok.
Xasta ko‘nglum ishig‘a somon (chora) et,
Talabing dardini anga darmon et!..
Shu tariqa, Haq marhamatidan umid va najot topgan, suvratda shikasta hol, notavonu besomon, siyratda mislsiz iroda sohibi — ulug‘ mutafakkir ko‘nglidagi, ehtimolki, bizga zohiran ishtibohli tuyuladigan mahzunu hazin kayfiyat o‘sha ruhiy-samoviy muloqot jarayonining avvalgi holatidan asta-asta ko‘tarila, tarqala borib, yana «Tangri ehsoni» bo‘lmish yaratish dardi, rag‘bati samari — «buyuk muddao» izlanishlari uni batamom band etadi...
Manga Tengridin bo‘ldi ro‘zi kom —
Ki, har ishgakim ayladim ehtimom (kirishmoq).
Ko‘rub Tengri lutfin falak chog‘liq,
Nechuk qilmay o‘truda tufrog‘liq?!...
Buningday qutlug‘ va ulug‘ baxt — «ro‘zi kom», «har ishga» kushoyish baxsh etuvchi ilohiy Qudrat o‘zi yor, maloikayu farishtalar, ruhlar — uvays (o‘tgan) va mudom hamnafas pirlar madadkor bo‘lgani uchun ham bamisli «kunda yuz bayti halvo» bo‘lgan, shavqu rag‘bat jo‘sh urgan ijodiy jasorat kayfiyati-la hazrat Alisher (uning majoziy qahramoni — mutafakkir-shoir timsoli) endi ortiq xoksorlik — «tufrog‘liq» holatini kechirsa ne ajab?..
...Necha shukriga sajda qilsam najand (quyi) —
Meni chunki (haq) aylar falakdin baland!..
Ulug‘ komlardin edim baxtiyor —
Ki yo‘q erdi anda manga ixtiyor!..
Va nihoyat, o‘sha behad shukrona tuyg‘ulari mantiqan izhori iftixor — faxriya zaminiga aylanadi, ayni chog‘da, bu yana ziyodroq ilhomiy holatga badal bo‘ladi — yangi ijodiy izlanishlarga undaydi. Shu tarzda asta-asta «ulug‘ muddao» — shoh asarlar bunyod etish istak-ishtiyoqi shoirning borlig‘ini band etadi:
Ne maydon aro sursam erdi samand,
Havosin ko‘nglum qilmas erdi pisand.
Bu andeshadin erdi ko‘nglumda shayn (g‘ashlik) —
Ki bo‘ldi ko‘nglum moyili — «Xamsatayn»...
Illo, ustoz salaflarning ulug‘ «Xamsa»lari («Xamsatayn») faqat mazmun-ma’no va qadr-bahoda nisbati yo‘q dostonlargina emas, balki o‘zining hududiy miqyosi-la «ikki jahon» mohiyati va sababiyatidan bahs qiluvchi taqdir kitoblari, benazir badiiy solnomalar ediki, ular ko‘tarilgan ulug‘ martaba maqomidan turib, Navoiyning «Alisheriy» taxayyul va tahayyur ko‘zgusida yangi moʻjizotu g‘aroyibot olamini, jumladan, dunyoviy ajoyibot mulkini kashf etdi:
Chu mashg‘ul o‘ldum tamoshosiga,
O‘tub vodi-yu tog‘u daryosiga...
Jahone ko‘rundi ko‘zumga nihon,
Nihon, balki, har bayti ichra — jahon.
Qayu go‘shakim nozir o‘ldum dame,
Nazarg‘a edi jilvagar olame...
Na xush va ne hayratki, Haq nasib aylagan o‘sha «ro‘zi kom — ulug‘ muddao», ezgu murod hosil bo‘lmog‘i endi ortiq shubhaga o‘rin qoldirmaydigan nafaqat samarador, ayni ravnaq bosqichiga ko‘tarilgan, balki mavjvaru purviqor pardaga kirgan g‘aroyib damlarda ham, tabiiyki, yaratish dardi-yu shavqi — faqat ulug‘ shoir o‘zi biladigan nurli azoblari, iztirobli sururi hazratni bir nafas tark etmagan:
Qilib bu da’voyu lofimni ham.
Sog‘inib burun der gazofim (behuda o‘ylar)ni ham.
Uyatga solib bo‘yla holat meni,
Halok aylabon xijolat meni...
Gahe debki: «Yo‘q daxli imkon munga,
Tasarruf qila olmoq inson munga.
O‘zimdin ishim ya’si (navmidlik) jovid o‘lub,
Ishimdin ko‘ngul dog‘i navmid o‘lub...
Faqat daho san’atkorlar o‘zlaricha kechirib yoxud nuktadon bilimdonlikda murattabu hassos tadkikotchilar o‘zlaricha mushohada va idrok eta oladigan bundoq g‘aroyib hol: dam-ijodiy yuksakliklar sari ko‘tarilish, dam go‘yoki unumsiz-tushkin kayfiyat; goh ulug‘ zafarlarga musharraf bo‘lmoqqa komil ishonch tuyg‘usi, goh, aksincha, o‘ziga ishonchsizlik, ikkilanish—ishtiboh ziddiga, nafaqat milliy tafakkur javlongohining mardi maydoni, turkiy «til lashkarining pahlavoni», balki “fasohat mulkining sohibqironi”, tinimu orom nimaligini bilmagan buyuk zahmatkashning azaliy va nogahoniy ziddiyatlardan xoliy bo‘lmagan shaxsiy hayoti va ijtimoiy faoliyatida... o‘ziga har dam, har joyda yolg‘iz Allohni yoru najotkor, Ruhul-qudsni va barcha piri komil zotlarni ruhiy madadkor bilib, mudom ijod, yaratish dardi, shavqi — rag‘batiga sodiq qoldi...
Mana hamishalik taomil deb bilgani—holisona haqqoniylik, xalqona ziddiyatli hikmat «(yaxshi-yomon») ila jozib, andisha va samimiyat javhari-la yo‘g‘rilgan boshqa bir band:
... Ham yomonim lutf ila yaxshi qil,
Bo‘ldi chu ul yaxshi — qabul aylagil.
Yaxshi gar o‘lmasa, yomon ham emas,
Yomonin kim yaxshi bo‘lsa... demas?
Iste’dod qudrati, ijodkor shaxsining ulug‘ligi shundaki, u ijodda hamisha halollikni, holisona hukmni dasturil-amal deb biladi, sodir etiladigan xato-nuqsonlarni ko‘rib-bilib turguvchi oliy Hakam, eng ulug‘ munaqqid ham Allohning o‘zidir; bas, Navoiyning ijodiy e’tiqodi va e’timodi—Haqning inoyat va hidoyat yo‘lidir:
...«Har ne kilkim varaqqa yozdi bu kun
— «Kilki taqdir» yozmish erdi burun...
— Sen ne yozding — ani raqam qildim,
— Shak emasdurki, sahv ham qildim...
—
Ayni shu holisanlillo munosabat — haqiqat va samimiyat pardasida musulmoni komil («odamiylar olamiysi»)ning, mayli, ishtibohli iqrori — «sahv xam qilgani»... mantiqan hazrat Navoiyning hali navqiron yigitlik yillaridayoq ko‘ngliga bitgan «ulug‘ muddao» yo‘lida yangi muzaffar manzillar shukuhi, tom ma’noda yuksak mukofot — shoir «so‘zi»ning «ovoza»si yanada baravj, «yuz»ning yanada yorug‘ bo‘lishiga umidvorlik, komil ishonch omiliga aylanadi:
Ilohiy!.. Boqmagil —majnunligimga,
Karamdin chora qil mahzunligimga..
Inoyat aynidin xomam sari boq,
Qizil ayla — yuzum, nomamni xam oq.
Yuzum lutfing suyidin toza qilgil,
So‘zum ko‘sin baland ovoza qilgil...
Mayi nutqum tarabhyez ayla, yo rab,
Nayi kilkim shakarrez ayla, yo rab!
Bu — «munojot» shakli — andozasida zuxur etgan, aslida ulug‘ ijodxonaga o‘zgacha fayzu viqor, ilohiy mohiyat, chinakam ruhiy-ruhoniy salohiyat, purma’no falsafiy qimmat, Navoiyning badiiyat, san’at—So‘z xazinasiga birlamchi joziba — man¬tiqiy quvvat baxsh etadi...
Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…
Uch ofat...
Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,
So‘zim bo‘lsa yolg‘o...
O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....