To‘zimsiz iztirob
Shohbaytlar hayrati

O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil.

Alisher Navoiy


Rabbim, inoyating cheksiz, mehring – beminnat,

Yaxshilarga ehson etgil tama’siz himmat.

Men yomonga ko‘z tuttirma kimsadan shafqat,

Ko‘p qadim pand: «Ta’nalik osh – og‘u oqibat».

Oshnolar bor: tillarida shakarqand tahsin,

Dillarida nima o‘yu niyat yashirin –

Bandalaring siri yolg‘iz o‘zingga ayon,

Bu olamda yaxshilardan aldanmak yomon!

Azaliy hol va sirli fol: evrular dunyo,

Nogoh xayol – voqe’, nogoh haqiqat – ro‘yo…

Dosh berolmas saltanatlar to‘lsa paymona,

Ahbob g‘animga aylanar, o‘zlar – begona.

Ha, ayovsiz ziddiyatda rahmon va shayton,

Tahdid sola olmas g‘aflat to uyg‘oq iymon.

Magar ko‘ngilda ishtiboh, azobli armon:

Bu olamda yaxshilardan aldanmak yomon!

Ahli salohda yo‘q riyo, a’mol – o‘zgacha,

Kimning dilu xilqati pok, af’ol – o‘zgacha…

Bu jafokash mulk panohdir yaxshi, yomonga

(Ona birday g‘amxora-ku oqil, nodonga),

Iste’dodlari «tengi kam», ey turkiy zamin,

Dahonamo toifadan Xudo asrasin!

Qur’on burhon: forig‘ emas xatodan inson,

Bu olamda yaxshilardan aldanmak yomon!


Odamlar bor: yaxshilikka yomonlik tilar

(Yer ko‘tarib yurgan turfa xudobexabar).

Ne hasratki, zalolatni ko‘rib, alhazar,

Hatto behbud zotlar… tag‘ofilga borarlar.

O, xush surat loqayd qavmdan o‘zing xalos et,

Ro‘zu manzil uzra mudom rahmonni xos et,

Meni arosat kunjida qoldirma hayran,

Bu olamda yaxshilardan aldanmak yomon!


Yaxshi – yomon nisbatida eng mubham jihat:

Baho mezoni-ku… qayda o‘sha haqiqat?

«Odamiylar odamiysi» – ahli saxovat,

Bil’aks, yomonlar yomoni – zoti razolat!

To Saxovat burji sobit – hayot munavvar,

To‘rtta arzolning kasridan jahoniy xatar…

as, qutblarki yuzma-yuz dovlashgan zamon,

Bu olamda yaxshilardan aldanmak yomon!


O, azaliy ziddiyatlar, boqiy qarorgoh!

Siringizdan faqat ruhi uyg‘oqlar ogoh…

Oriflardan o‘tib hech kim aytolmas, rosti:

Taqdirda ne bitilmasin – «Xudoning xosti»

Inson qadri goh sarbaland, goh haqiru xas

(Ko‘ngil xushining qismati yo erk, yo qafas…)

Maydon ichra kimdir mag‘lub, kim urar javlon,

Bu olamda yaxshilardan aldanmak yomon!


“Ahli tamiz” – raso, porso zotlar emas oz,

Xo‘blar davrasida, shaksiz, ular sarafroz…

Garchand bugun qadr boshqa, o‘zga – e’tibor,

Dunyo – yangi, hatto boshqa erku ixtiyor…

Nahot qadriyatda – isloh, o‘zgacha mezon?!

Ahli salohga ehtiyot… bamisli qalqon?

Tangrim, yangi sinovmi yo: «baholi imkon»?

Bu olamda yaxshilardan aldanmak yomon!


Boqiy o‘lan: «Bir yaxshiga – bir yomon, yor-yor»

Qancha zamonlardan yonib o‘qilur alyor…

Ne hikmat bu: qayg‘u bilan yo‘g‘rilur quvonch,

Bul ajabroq: ishtibohdan yaralur ishonch!

O, kim aytar: qaysi yaxshi, qaysi – yomoni,

Qayda umid, najot; qayda – ozor, armoni?

Bas, g‘animat umri inson – oliy imtihon,

Bu olamda yaxshilardan aldanmak yomon!


Yaxshi – yomon kitobini o‘qidim bisyor –

Taxayyulda na bir taskin, na dilda qaror…

Tangrim, valiylarning so‘zi bo‘lsa haqiqat –

Yaxshi odam qay sariga borar oqibat?

Xo‘b angladim: «Yamon zohiru yaxshi – nihon».

Faqat lolman: «Yaxshisi – bori yolg‘on!»

«O‘zni yamon – yaxshidin o‘tkardim» al’amon –

Bu olamda yaxshilardan aldanmak yomon!


Yaxshilar bor, shukr, umr aziz, mukarram,

Yaxshilar bor – mushkul oson, havfsiz g‘am-alam.

«Yomon odam» ogoh ramzi bo‘lsaydi faqat

(Ne hasratki, hukmi qismat ba’zan beshafqat),

Dargohing keng: mag‘firatda bo‘lgil, Iloho –

«Yaxshi odam» shevasidan etma mosuvo!

Mendan o‘zga bir dilshikast demasin nolon:

«Bu olamda yaxshilardan aldanmak yomon!»

Tavsiya etiladi
Shohbaytlar hayrati
Ko‘ngil kaʼbasi

Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…

Uch ofat...

Shohbaytlar hayrati
To‘ymadim, yo‘q, to‘ymasman!

Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,

So‘zim bo‘lsa yolg‘o...

Shohbaytlar hayrati
Tamanno (Tamanno-yu o‘tinchlarim)

Base issiq, sovuq ko‘rdim zamonda Base achchiq, chuchuk tottim jahonda…