To‘ymadim, yo‘q, to‘ymasman!
Shohbaytlar hayrati

Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,

So‘zim bo‘lsa yolg‘on – xato, o‘tay olamdan benavo…

Men haqirning dildosh so‘zim: sening Mehringga, ey dunyo,

Bul ajabki, to‘ymadim hech, to‘ymadim hech, to‘ymadim hech!..


Magar yaxshi-yomoningga, achchiq-chuchuk, armoningga,

Haqdan ro‘zi nasib – ehsonu shoyon armug‘oningga,

Shukronai neʼmating, taqdir etgan ranj, fig‘oningga,

Bul ajabroq: to‘ymadim hech, to‘ymadim hech, yo‘q, to‘ymadim!..


Bergan surur, shavq-rag‘bating, majoziy muhabbatingga,

Murg‘ak chog‘imdan baxsh etgan beadad rahmatingga,

Ravo ko‘rgan sinovlaring, mag‘firatu shafqatingga,

Boz ajabroq: to‘ymadim hech, to‘ymadim hech, yo‘q, to‘ymadim!..


«Alisheriy» So‘z sehriga, iloh maʼno sehriga,

Harchand kech uyg‘ongan komron, «ulug‘ muddao» sehriga,

Bosh uzra charx urgan xayol – ruhafzo sado… sehriga,

Ne hasratki, to‘ymadim hech, to‘ymadim hech, yo‘q, tuymasman!..


Ahli saxovatpesha himmati – haloskor najotiga,

Ahli zarif zotiga, sohib malohat sifotiga,

Har «toza gul»ning atriga, Iffat, Hayo nabotiga,

Men volai besomon: to‘ymadim, to‘ymadim, to‘ymadim!..


Asliy vatan – xo‘b sog‘ingan «baytulhazan» jaloliga,

Shoh Bobur vasf aylagan bihishtoso mulk jamoliga,

Armonga aylangan tog‘, «Jannatariq» fayz – kamoliga,

Hay darig‘!.. To‘ymasman hech, to‘ymasman hech, yo‘q, to‘ymasman!..


Vatan! Yer – osmoning taratgan nur – safobaxsh ranglarga,

Tong qushlari, soy – ariqlar, «Chor»gohlar jo‘r ohanglarga,

Ilk saharlar yalangto‘sh erlar uyg‘oq kutgan tonglarga,

Men xokpoying: to‘ymasman hech, to‘ymasman hech, to‘yolmasman!.


Milliyatim! Ko‘ngli ummonday tin bilmas, kengligingga,

Xoh ulug‘, xoh kichik, shoh-gado mushtarak, tengligingga,

Qatorlarda: maydon, davra, javlongohda – «men»ligingga,

Iftixorim! To‘ymadim hech, to‘ymadim hech, yo‘q, to‘ymasman!.


Nazargohda ko‘p viqorli, mavjar ajoyibotingga,

Purhikmat har «olti jihat» – jozib mo‘jizotingga,

Alalxusus, ruhiy xilqat – g‘oyib g‘aroyibotingga,

Men lol, mutaxayyiring: to‘ymadim, to‘ymadim, to‘ymasman!..


Sen, ey sobiru sobit, jafokashu balokash elim!

Yofas naslidan yodgor, Hirotda sayqal topgan tilim,

Suvratu siyratda – komilim, al-qissa: Jonu Dilim,

Boqiy mehringga to‘ymasman, to‘ymasman hech, yo‘q, to‘ymasman!..

Tavsiya etiladi
Shohbaytlar hayrati
Ko‘ngil kaʼbasi

Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…

Uch ofat...

Shohbaytlar hayrati
To‘zimsiz iztirob

O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....

Shohbaytlar hayrati
Tamanno (Tamanno-yu o‘tinchlarim)

Base issiq, sovuq ko‘rdim zamonda Base achchiq, chuchuk tottim jahonda…