“Chu haq nuri yuzungda zohir o‘ldi...”
Shohbaytlar hayrati

Navoiyning tasavvuru taxayyul va tahayyur (hayrat) mulkida muhabbat nafaqat «abadiy mavzu»ga — tabarruk salaflar an’anasiga buyuk ehtirom ifodasi, balki ilohiy e’tiqod, hayotiy e’timod, ijodiy ehtiyoj me’yori, mezoni — ham oliyjanob maqsad asosi, ham qudratli, rangin vositalar, imkoniyatlar manbai. Navoiy uchun muhabbat — ham ezgu xayol, ham pok hayot, ham beomon qismat, ham bebaho in’om — ijodiy rag‘bat, ham cheksiz g‘am-sitam, armonu ishtibohlar, ham Tangri ilohiyning abadiy sharaf — o‘lmas «mangu nom» uchun qilgan inoyat va hidoyatlari olami...


Chu Haq nuri yuzungda zohir o‘ldi, bebasar ulkim,

Haqiqat rasmi bor erkanda ishqingni majoz etkay.


Avvalo, bu baytdagi «haqiqat» va «majoz» tashbehlarini bir yoqlama talqin qilish tamoyilidan saqlanmoq kerak. Ularning birini sof ruhiy, ilohiy ishq ma’nosida, ikkinchisini jon-jismga — vujudga xos, hayotiy, dunyoviy ishq (Navoiyda «avom ishqi») ma’nosida anglash mumkin. Biroq amalda «haqiqat», «haqiqiy» timsollari real voqelikka nisbat berib qo‘llanilgani holda, mumtoz she’riyatimizda shubhasiz, islom va so‘fizm falsafasi ta’sirida, daxlsiz xilqat, sirli-g‘aroyib dunyo, ideal yuksaklik tarzida anglashiladi — ilohiylashtiriladi. Aksincha, «majoziy» tashbehlari biz bugun tushunganday ko‘chma-istiorali ma’nolardan ko‘ra, ko‘proq haqiqatning ziddi, nari borsa, uning tashqi-zohiriy, muvaqqat (foniy) alomati sifatida baholanadi. Tabiiyki, Navoiy yuqoridagi shohbayt orqali «haqiqiy ishq»ni qanchalar ulug‘lasa, «majoziy ishq»ni shunchalik nomarg‘ub hol (anig‘i, ma’naviy so‘qirlik — «bebasarlik») deb hisoblaydi. Lekin shaxsiy huzur-halovat, ayshu ishrat, nafs ehtiyojlaridan o‘zligini forig‘ tutgan pokdomon zot — valiy siyrat inson, ulug‘ shoir sifatida «haqiqat — majoz» mavzuiga yondashishda an’anaga munosib ehtirom saqlash bilan kifoyalana olmas edi. Shuning uchun ham Navoiy aksariyat she’rlarida san’at va hayot mantig‘iga rioya qilib, bu borada o‘zicha isloh yasaydi — «majoz» «haqiqat»ni anglashning tadrijiy takomil bosqichiga aylanadi. Chunonchi, shoir zohid bilan munozarada: «Gar sen idrok aylasang ayni haqiqatdur majoz» deydiki, bu misra Navoiyning nuqtai nazari qanchalik holis, haqqoniy, sog‘lom zaminga qurilganidan dalolat beradi. Shu ma’noda, xoh «ishqi haqiqat», xoh «ishqi majoz» mavzuida yaratilgan shohbaytlarda an’anaviy ziddiyatli qirralar — tazod usuliga nisbatan ko‘proq tadrij, muvozana (parallelizm), tanosub kabi san’atlar vositasida oshiq insonning xos xayollari («havos ishqi») bilan barobar, uning dunyoviy («majoziy ishqi») mazmundagi hajr va vasl kechinmalari — aniq hayotiy manzaralar, insoniy muloqotlar o‘zining she’riy ifodasini topadi («haqiqat» va «majoz» nisbatini quyidagi ikki baytni bir-biriga qiyoslash orqali yanada aniqroq bilsa bo‘ladi: «Necha kilki taxayyul birla bir suvrat nigor aylay, Anga oshiq yasab, ko‘nglimni andin beqaror aylay»; «Kimsa yori birla xushtur g‘am deyishib, mungrashib, Yotsa gohi chirmashib, o‘ltursa gohi yondashib»).

Tavsiya etiladi
Shohbaytlar hayrati
Ko‘ngil kaʼbasi

Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…

Uch ofat...

Shohbaytlar hayrati
To‘ymadim, yo‘q, to‘ymasman!

Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,

So‘zim bo‘lsa yolg‘o...

Shohbaytlar hayrati
To‘zimsiz iztirob

O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....