“Chu sen yoru jahon bir dushmanimdur...”
Shohbaytlar hayrati

Xalq tafakkuri nuktadonliklari... Bu — avlodlardan av-lodlarga o‘tgan, ne-ne davru davronlar ta’siri, tazyiqi va sinovini sabot bilan kechirgan, turmush deb atalmish benihoya murakkab, ko‘pqirrali, serqatlam ijtimoiy xilqatning achchiq-chuchuk, issiq-sovuq, pastu baland, oqu qaro, yaxshi-yomon jihatlari alomatlari —turfa ziddiyatlarning muxtasar, rangi va betakror so‘z-timsoli, ibora-naqllarga o‘tgan suvrati. Bu — o‘z ziddiyatlari bilan ma’noli, jozib bo‘lgan, taqdiri ilohiy xohishi, inoyati bilan qo‘nim, qaror va qadr topgan turli jamoalar, elatlar, xalqlar tarzida yashagan, qovushgan, farzand o‘stirgan, noz-ne’mat yaratgan, ruhiy, madaniy-ma’naviy boyliklar bunyod etgan, ne-ne balo-ofatlarni ko‘rgan, baxtini topgan va topmagan, shodmonu armonli, komronu shikastadil odamlarning turmush tajribalari, qilmish-qidirmishlari, rusumu an’analari, ibratomo‘z mushohada, muhokamalari, dono pandu maslahatlari, ularning xalqona sodda, purma’no, o‘zgacha obrazli iboralarda mujassamlangan ifodasi...

Bu — ayniqsa, Navoiydyek buyuk ulusparvar shoir, xalq ta-fakkuri va ijodiy dahosining benazir xozini — xazinadori uchun chin «ma’nilar», «nuktaposhliklar» bahrasi, so‘z fasohati — badiiy-obrazli tasvirning sarchashmasi...


Chu sen yoru jahon bir dushmanimdur,

Mening uchun jahon turguncha sen tur.


Irsol-ul masal san’ati usulida yaratilgan bu falsafiy-lirik lavhada Navoiy xayoli, tafakkurining samoviy «burji» — yuksakligi ayon ko‘zga tashlanadi: men uchun ikki jahon bor: biri — sen, biri — yorug‘ dunyo. Valekin, nadomatlar bo‘lsinki, sen menga chin do‘st, yor-mahbub bo‘lsang, bu dunyo, balkim, sening borliging uchun, men bilan raqiblikda, adovatda; dushmanlik qiladi va shunisi aniq, achchiq haqiqatdirki, u oxiri meni mahv etadi. Sen esa mening bu yorug‘ dunyoda izlay-izlay topgan, tanigan, anglagan yagona mulkim, umidim, armonim, muvaqqat — foniy umr qismatimda nom-nishonsiz ketmasligim kafolati — yagona ilinju najot timsoli bo‘lmish do‘stu yorimdirsanki, men uchun ham, mening qasosim uchun ham sen abadiy yashashing kerak!.. Yaxshi niyatli, mehr-saxovatli xalqimizning biron-bir yaxshiligi — himmati, shafqati bilan mushkulini oson qilgan odamga minnatdorchilik bildirish uchun munosib so‘z topolmaganda, an’anaviy lutfu zarifona mubolag‘a bilan aytgan: «Dunyo turguncha turing» naqlidan ijodiy bahravar bo‘lib yangi timsol yaratishning naqadar go‘zal namunasi! Bu shohbaytda she’riyat san’atining uchta, biri biridan muhim, qimmatli xususiyati mavjud: falsafiy teranlik, xalqona nuktadonlik va yuksak so‘z tuyg‘usi — badiiyat, obrazlilik mahorati. Shu tarzda — mazkur shohbaytda «yor» (do‘st) — «dushman», «men» — «jahon» muqobil nisbatlari orqali tazod (yuqorida qayd etilgan irsol-ul masal san’atidan tashqari) usulida bag‘oyat original lirik obraz lavha yaratiladi.

Tavsiya etiladi
Shohbaytlar hayrati
Ko‘ngil kaʼbasi

Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…

Uch ofat...

Shohbaytlar hayrati
To‘ymadim, yo‘q, to‘ymasman!

Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,

So‘zim bo‘lsa yolg‘o...

Shohbaytlar hayrati
To‘zimsiz iztirob

O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....