“Erur o‘zga hayvon bu ishtin bari...”
Shohbaytlar hayrati

Toki inson dahosi ijod, san’at olamini, jumladan, she’ri-yatning moʻjizalar dunyosini tahqiq etibdi, u o‘zini, o‘zligini tanishga, qanday usul-vositalarda bo‘lmasin, mohiyatini, ruhiyatini anglab yetishga intilib, kurashib yashaydi; goh zohiran aniq —dunyoviy qiyofasi — siymosini chizmoqchi bo‘ladi, goh botiniga, — ruhiga nazar soladi, xayolan unga ideal, ya’ni ilohiy ma’no va baho beradi. Bu insonning ijodkorlik, izlanuvchanlik zakosidan, bunyod etgani, erishgani bilan kifoyalanmas, o‘zidan qoniqmas, oromsiz tabiatidan dalolatdir. Mohiyatda «tengri ehsoni» bo‘lmish bunday qobiliyat va salohiyat — barcha jonli mavjudot ichida faqat inson zotiga xos xususiyat. Navoiy bu qutlug‘ mavzuga qaytib, shunday muqobil (tazod usulida) lavha-obraz yaratadi:


Erur o‘zga hayvon bu ishtin bari —

Ki inson erur barchaning sarvari.


Birinchi misra orqali odamzoddan o‘zga jamiki («bari») jonzotning moddiy borliqqa nisbatan istisno holatiga aniq ishora qilinadi: bahru bar, keng ma’noda, arzu samoning turfa ne’matlari, sinoat moʻjizotlari, azalning qadim zamonlardan odamzodga tinchlik bermagan qonunlari, me’yorlari, turli ziddiyat va muammolari hayvonot dunyosi uchun ma’nosiz, farqsiz... Shu tariqa, zamirida murakkab, davomli falsafa, teran fikr-g‘oya zuhur etgan ikkinchi misraga badiiy - mantiqiy zamin hozirlanadi, natijada «inson — barchaning sarvari» kabi nihoyatda muxtasar, lekin ham dunyoviy, ham samoviy-ilohiy ma’no ko‘lamiga ega bo‘lgan umumlashma falsafiy-lirik timsol shakllanadi. Navoiyning valiyona hikmatga teng so‘zlari, ayniqsa, XV asr muhitida aytilgani har jihatdan e’tiborli. Bizga XXI asr avvalida, ehtimol, anchayin oddiy tuyula boshlagan, aslida, ulug‘ shoir kuzatgan ma’no-mohiyat e’tibori bilan chinakam «so‘z guhari» bo‘lgan uch tashbeh nafaqat Navoiyning she’riyat dahosi haqida, balki temuriylar davrida turkiy tildagi badiiy tafakkur parvozi haqida ham yorqin tasavvur berishga qodir. Inson sha’ni («nangu nomi»)ni shunchalar ulug‘langan mazkur uch «so‘z guhari» zamirida Navoiydan keyingi asrlarning ne-ne dovul-suronlari, alg‘ov-dalg‘ovlari, hatto 1917 yildan keyin ona xalqimiz, boshqa taqdirdosh hamyurtlar boshiga tushgan mislsiz ko‘rgilik — vahshatlar sharoitida ham ruhi zavol bilmas umumbashariy ideallar, bugun poklanib, barqaror qadriyatga aylanib borayotgani, shubhasiz, har bir ixlosmand she’rxon — Navoiyxon dilini nurga, g‘urur xislariga to‘ldiradi: «inson — barchaning sarvari»! Chindan ham u o‘zining daxlsiz arshiga ko‘tarilishi, mukarram va qodir mavqeini tiklashi kerak. Bu Navoiyning o‘lmas xayollari, qutlug‘ armonlari ruhiga, davrimiz va zamondoshimizning ruhiy, ma’naviy, axloqiy, badiiy (es-tetik) ehtiyojlariga matlub niyat, munosib a’moldir!..

Tavsiya etiladi
Shohbaytlar hayrati
Ko‘ngil kaʼbasi

Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…

Uch ofat...

Shohbaytlar hayrati
To‘ymadim, yo‘q, to‘ymasman!

Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,

So‘zim bo‘lsa yolg‘o...

Shohbaytlar hayrati
To‘zimsiz iztirob

O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....