“Yor mehmon bo‘lmoq ermish...”
Shohbaytlar hayrati

Navoiy shohbaytlari ba’zan shunchalar xayolga toldiradiki, uning mantiqiy-badiiy, talqiniy-tahliliy poyonini aniqlash anchayin mushkulotga aylanadi. Bu, masalan, «xosa ma’ni» san’atiga doxilmi yo «iyhom»g‘ami'' Bunday kamyob san’atlar bilan muzayan baytlarni, agar chuqur tahlil qilinmagan chog‘da ham, bir nav’i sharhlab berish mumkin. Balkim mashhur rus she’rshunoslari qo‘llagan «polifonik obraz» yoki «stereoskopik obraz» degani shu bo‘lsa kerak.


Yor mehmon bo‘lmoq ermish, boring, ey jonu ko‘ngul,

Istaramki! ko‘rmagay, albatta, nomahram yuzin.


Mayli, she’riyatning xos, nozik — mantiqi taqozosiga ko‘ra xayoldagi mahbub badiiy «yor» mehmon sifatida tashrif buyurishdek tansiq iltifot izhor qilgan ekan, u hozir bo‘lgan xos xonada musulmonlik udumi bo‘yicha mezbonning o‘z odamlari — mahramlari qolib, mehmonnavozlik rasmini o‘tashga haqli bo‘ladi. Lekin mahbuba har qanday noziktab’ mehmondan-da nozikdirkim, unga birgina mezbonning o‘zi kifoya qiladi. Albatta, mezbon — oshiq jonu dilini, vujudi va ruhi — borlig‘ini nisor etib, o‘zi uchun bu mislsiz saodatmand damlar o‘shal azizlar ichra aziz mexmonda ajab shukuhli, safoli taassurot qoldirishini istashi tabiiy, shuning uchun ham bu muloqotga yolg‘iz o‘zining xos sirdoshi — «ko‘ngil»ni, hatto Alloh in’om etgan hayot javhari — «jon»ni taklif qilishi mumkin... Bordiyu biz istagancha bo‘lib chiqqan taqdirda ham, go‘zal bir lirik lavha shakllanar edi. Ne ajabki, Navoiy xos tab’i — ko‘ngil nazari uchun bunday nisbatlash go‘yo jo‘nday ko‘rinadi. Shoirning qahramoni — oshiq Navoiy «boring» ishorasi bilan hatto o‘zining «jonu ko‘ngli»ni «nomahram»lar qatoriga qo‘shadi (beixtiyor ulug‘ so‘z san’atkorining: «Shu tab’i nomavzun bilan bechora shoir bo‘lg‘usi» misrasi yodga tushadi, Navoiyning bizdek «bechora» muxlislari ham she’riy didimizning, har qalay, «nomavzun» va notamomligidan beixtiyor xijolat cheka boshlaymiz). Vaholanki, bu taajjub emas, balki hayrat, tahsin hislariga loyiq bir hol: ehtimol, oshiq Navoiy «jonu ko‘ngul»ning hajr qiynoqlari qoldirgan asorati — xastaligi, bedor va beqarorligi, hatto majnunsifat devonavorligi, isyonkor va mastona qiyofasi yoki, aksincha, parishonu lol, xoksoru haqir holatidan or qilar, ularni mahram mulozimlikka nomunosib deb bilar... Ehtimol, oshiqning o‘zi, o‘zligi «yor»ni ulardan rashq qilar yoki «jon» bilan «ko‘ngul» o‘zaro — bir-birlaridan rashk qilishlaridan hadik saqlar... Demak, «yor»ning tashrifi uchun faqat mahram mezbon emas, mahramlar mahrami bo‘lgan sirli-g‘oyib mezbon, ehtimol, oshiqning o‘zligi yo ruhiyati munosib topilishi mumkin. Zero, bunday xoslar ichra xosu sirli mehmonnavoz muloqot mutlaqo pinhoniy bo‘lib qolishi kerak (oshiqning «jonu ko‘nguli» ham sir saqlay olmasligi mumkin. Mana boshqa dalolat-shohbayt: «Eldin andoq yoshurun istarmen ul xilvatnikim, ko‘nglum andin voqifu jonim xabardor o‘lmag‘ay»). Bundayin, moʻjiz, sirli-g‘aroyib tasvirdan kuzatilgan maqsad, avvalo, oshiq uchun, mayli, xayoldagi «yor» tashrifi — «mehmon»ligidan ortiqroq baxt yo‘qligini ta’kidlash, so‘ngra, uning «nomahram» ko‘zi uchun mutlaqo noravo «yuzi»ga, ya’ni eng shoyon-shoyista nisbat—baho, beqiyos ilohiy ma’no berish orqali muhabbat mavzuida tutilmagan she’riy timsol yaratishdan iborat.

Tavsiya etiladi
Shohbaytlar hayrati
Ko‘ngil kaʼbasi

Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…

Uch ofat...

Shohbaytlar hayrati
To‘ymadim, yo‘q, to‘ymasman!

Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,

So‘zim bo‘lsa yolg‘o...

Shohbaytlar hayrati
To‘zimsiz iztirob

O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....