Navoiy g‘azaliyotida, dostonlarida «xayol», «taxayyul», «yod» kabi tashbeh-timsollar g‘oyaviy salmog‘i, badiiy-obrazli jozibasi, ifoda jilolari bilan ajralib turadi; ular yuzlab she’rlarda uchrab turuvchi o‘ziga xos sayyor obraz-lavxa sifatida har baytda shoirona nozik xayolliklar, orifona nuktadonliklar — kutilmagan, g‘aroyib va nafis badiiy qirralari bilan hayratga soladi, faqat she’r san’atiga xos fasohatli, musiqiy, tasviriy jilolari bilan zavqu shavq uyg‘otadi, o‘yga toldiradi.
Go‘yiyo ko‘nglum taxayyul mulkining sultonidur,
Kim, xayol ichra qilur har ayshkim imkonidur.
Bu shohbayt lahzali kechinma, ruhiy holat zaminiga qurilgan emas. Aksincha, faraz qilish mumkin, bu — to‘zimsiz muhabbat dardi bilan bog‘liq ne-ne iztirobli jarayonlarning, ma’no miqyosi hayotning o‘zi qadarli cheksiz, ziddiyatli bo‘lgan buyuk qismat — ishq savdosi in’om etgan olam-olam sururu quvonchlar, u yetkazgan hududsiz ozoru sitamlarning mujassam timsoli. Ehtimol, bunday talqin ulug‘ san’atkor ko‘zlagan niyatni bir jihatdangina yoritishi, faqat shoir qahramoni — oshiq yo orif kechirgan xayollar dunyosiga (garchi baytda sevgi haqida biron-bir so‘z uchramasa-da) doxil bo‘lishi mumkin. Holbuki, bir baytda yonma-yon kelgan «taxayyul», «xayol» timsollarini «abadiy mavzu» bilan bog‘lab talqin etish kifoya qilmaydi, bu tashbehlar zamiridagi g‘oya Navoiy ijodining barcha sohalariga daxldordir. Shuning uchun ularga aloqador ikki nuqtani sharhlab o‘tish kifoya: avvalo, shoir qahramonining o‘y-xayol dunyosi jahongir sultonlar tasarrufidagi bepoyon mulku cheklanmagan saltanatga nisbat berilishi — ig‘roq san’ati; qolaversa, har qanday xayolot, ruhiyat dunyosi moddiy dunyo qarshisida beqiyos darajada ko‘lamdor va teran bo‘lgani kabi, Navoiy inkishof etgan timsol-obraz — «taxayyul mulki» o‘zining hayotiy ob’yektiga nisbatan shu qadar kengdir. Illo, shoh-sultonlar mulki faqat jug‘rofiy masshtabni, me’yor bilmas real qudratni ifoda etgani holda, ulug‘ shoirning «taxayyul mulki» arzu samoga sig‘masa ne ajab! Xuddi shunday «ko‘ngul»ning «sulton»ga nisbatida ham makonu masofa, davronu davlat mezonlari bilan solishtirib, tenglashtirib bo‘lmaydigan tafovut-nisbat bor. Shu ma’noda, «ko‘nglum taxayyul mulkining sultoni» obrazi mohiyatida bizga tafsiliy jihatlari pinhoniy bo‘lgan qancha ziddiyatli tuyg‘ular, ehtimol, qalb xotiralari zuhur etadi! Faqat shoirning boshqa asarlari orqali bu misra zamiriga genial ijodkorlarga xos qonuniy faxriya, ruhiy qoniqish, ayni chog‘da buyuk armon, o‘kinch, hatto ma’lum kinoya ma’nolari joylanganini tasavvur etish mumkin. Ikkinchi misra : «... xayol ichra qilur har ayshkim imkonidur» asosan, birinchi misrani o‘zicha to‘ldirish va sharhlashga xizmat qiladi. Lekin, muhimi (ehtimol, bunda o‘kinch, alam tuyg‘ulari yanada kuchliroqdir), jahongir sultonlarning shahvatparastligiga muqobil olingan «har ayshkim» iborasini, hayotiy va ishqiy e’tiqodda tengi yo‘q shoirning xoh dunyoviy suvratiga, xoh ilohiy siyratiga nisbat berib sharhlaganda, ziddiyatli o‘yga cho‘mdiradi (zero, boshqa bir g‘azaldagi mana bu bayt beixtiyor mubohasaga tortadi: «Qachon davron manga bir bo‘yla ishratni ravo ko‘rgay, Ki o‘rganmish meni o‘rtarga hijron dardu dog‘inda»),
Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…
Uch ofat...
Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,
So‘zim bo‘lsa yolg‘o...
O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....