“Mehr gul yangligʻ aylabon yaqo chok...”
Shohbaytlar hayrati

Navoiyning nuktadon ma’nolar, samoviy yuksak xayollar, olamning o‘ziday rangin va g‘aroyib timsollar, favqulodda nafis istiora, kinoya va majozlar bilan muzayan etilgan g‘azaliyotida, «so‘z mulki uzra» tengi yo‘q dostonlarida shunday baytlar borki, zohiran tabiat manzarasi chizilganday tuyulsa ham, so‘z-timsol, so‘z-lavha zamirida tabiatni «insoniylashtirish» — oshiq yo orifning dardlariga, ba’zan xayoldagi visol, baxt quvonchlariga manzaraviy nisbat berish tamoyili ko‘zga tashlanadi. Sharhlanayotgan shohbayt bu fikrga yaxshi tamsildir:


Mehr gul yanglig‘ aylabon yaqo chok,

Nilufarzor aro kezar g‘amnok.


Qarang-a, tabiat hodisasi inson nigohida shunchalar nafis, jozib suvratlanishi mumkin ekan! Sohir so‘z san’atkori quyosh («mehr») ning g‘aroyib lirik-rubobiy obrazini tabiat manzarasi — «nilufarzor»ga qiyosan chizadi. Manzaraning o‘zgacha xususiyati taqozosi bilan kuyosh avval atirgul yaproqlarining pora-pora tuzilishi — «yaqo chok» holatiga qiyos etiladi (bu — tashbehi tom san’ati bilan oro berilgan, asli dunyodan ko‘ngli sovigan, jabrdiyda bir g‘arib, haqir qiyofasini ramziy ifodalash usuli); bunday muqoyasa quyoshning faqat «nilufarzor aro» tajalli etish bilan o‘zini oqlashi mumkin. Biroq baytning zavq-shavq uyg‘otadigan ajab alomati shundaki, go‘yo «gul yanglig‘... yaqo chok» holat badiiy mantiq e’tibori bilan suv chechagi—nilufar tabiatiga muvofiqlashtiriladi: uning boshqa gullarga o‘xshamaydigan xilqati. o‘zgacha shakl-shamoyili, rang-tusi, suvdagi soyasi, oftobda ajab jilolanishi, nimasi bilandir... suv yoqasidagi majnuntolning motamsaro qiyofasini eslatuvchi suvratini quyosh «o‘zlashtiradi» — nilufarzorda «g‘amnok» kezadi. Ajabo! Osmoni falakning muqaddas va daxlsiz, hammasiga qodir qudrati timsoli qanday qilib bu holga tushdi? Navoiyning tabiatdagi turli narsa-hodisalarni, jarayon va manzaralarni dohiyona mushohada qilish, qalb nigohi bilan ko‘rish qobiliyati shundaki, quyoshning «nilufarzor aro kezib», bu moʻjizakor gul ranglaridan o‘zgacha rang, jilo olgan suvda nurlari «sinishi» ularning turfa jilvalari, qirralari bir-biri bilan kesishib, tutashib, o‘zaro aks-jilo berib, ajib tovlanib ko‘rinishi — bular «g‘amnok kezar» tarzida ifodalanishi tabiiy bir holdek chiziladi! Bu she’riy manzara orqali ruhiy holatni aks ettirishning ajab kamyob namunasidir...

Tavsiya etiladi
Shohbaytlar hayrati
Ko‘ngil kaʼbasi

Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…

Uch ofat...

Shohbaytlar hayrati
To‘ymadim, yo‘q, to‘ymasman!

Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,

So‘zim bo‘lsa yolg‘o...

Shohbaytlar hayrati
To‘zimsiz iztirob

O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....