“Ne badi’ avzo’ erurkim, aql boshi aylanur...”
Shohbaytlar hayrati

Navoiyning lirik-rubobiy devon va dostonlarida «o‘n sakkiz ming olam» -kurrai zamin («bahru bar»)dan koinotgacha, qatradan ummonu zarradan quyoshgacha, tong yulduzi Nohidu Somonchi yo‘li—Kahkashondan yetti aflok burjlarigacha, tabiatdagi to‘rt anosiru «barchasidin sharif va latif» bo‘lmish insondan ilohiyotgacha — jamiki moʻjizot, ajoyibotu g‘aroyibotlar, Alloh va moddiy dunyoning birligi, butunligi («vahdatul-vujud») va mutloq ruhoniyatning sirli-sehrli cheksizligi, turfa konuniyatlari, rangin-betakror alomatlari falsafiy-badiiy tahkiq qilinadi yoki bilvosita tashbeh, timsol, majoz, ramz, istiora, kinoya, mubolag‘a usullariga, ba’zan predmetli tafsil vositalari (asl, tub ma’noda qo‘llangan so‘z-tashbehlar, sillogizmlar — mantiqiy tafakkurning ramzu istioralarsiz tavsifiy ifodasi)ga aylanadi. Sharhlanayotgan shohbayt esa ramziy-istioraviy obraz-lavha namunasidir:


Ne badi’ avzo’ erurkim, aql boish aylanur,

Gar dame fikr aylasam, bu gunbazi davvorga.


Ko‘hna Sharqning she’riyat daholari — orifu sohir shoirlari olam («gunbazi davvor»)ning tuzilish-tartiboti, ravishu suvrat («avzo’»)idan siyrati — mohiyatigacha baholi imkon idrok etishga urinib, tinch-oromini yo‘qotib mushohada, mulohaza va mubohasa yuritganlar; xoh do‘stu anis, shoiru oriflar bilan hamxona (yo g‘oyibona, bavosita) muloqotda, xoh tanholikda, yolg‘iz o‘zi, o‘zligi bilan qolib, Haqni, haqiqatni kuzatish, tanish, yaxshiroq bilish borasida bedor izlanganlar, xayol («taxayyul») dunyosiga berilganlar. Lekin ne-ne nuktadonu zukkolar, she’ru so‘z fasohati mulkining sultonlari olamning mohiyatiga, inson ruhiyatiga yetolmay, oh-fig‘onlari falakni tutgan. Zero, har qanday donishmandning fikrat qudrati, ijodiy dahosi olamning umumiy tarzi, tuzilishi («vaz’i») yoki xususiy-nisbiy alomati, sir-sinoatini bir qadar kashf qilishi mumkinki, Navoiy bunday falsafiy idrok nisbatini ummondan qatra, quyosh oldida zarra deb biladi («O‘zumni solib zarradek beqaror, etib ul quyosh nurida zarravor»). Ana endi bevosita shohbayt sharhiga o‘tsak bo‘ladi. Navoiyning g‘ariyb va teran mushohada tarzini ko‘ring: azaldan to abad mavjud olamning tuzilish-tartiboti («avzo’i») shunchalar nozik, joziba qonuniyati shunchalar sirli-sehrli va moʻjizdirki, u haqda faqat bir lahza mulohaza yuritish («gar dame fikr aylasam») aqlni shoshtiradi, hayron, parishon qiladi («aql boshi aylanur»), Vo ajab! Bunda inson aqlining «bosh»ga nisbati — nafis istioradan tashqari zohiran ko‘zdan yashirin tajnis san’ati ham mavjud, ya’ni «aylanur» va «davvor» (aylanuvchi) so‘zlarining tub va ko‘chma-ramziy ma’nolaridan ajoyib she’riy lutf — so‘z fasohati yaratiladi...

Tavsiya etiladi
Shohbaytlar hayrati
Ko‘ngil kaʼbasi

Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…

Uch ofat...

Shohbaytlar hayrati
To‘ymadim, yo‘q, to‘ymasman!

Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,

So‘zim bo‘lsa yolg‘o...

Shohbaytlar hayrati
To‘zimsiz iztirob

O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....