Ikkinchi suhbat
Shohbaytlar hayrati

Ma’lumki, jahon poetikasida (chunonchi, ulug‘ olmon shoirlari Gyote va Shiller zamonidan e’tiboran) rusum bo‘lib, qaror topgan istiloh — shoirning umumlashma-universal xarakterdagi lirik qahramoni bir necha qirraga ega: shoir — so‘z san’atkorining o‘zi; orif-mutafakkir-faylasuf; oshiq-shaydoi vola; soyir-qalandar, rind, voiz-nosih v.h. Aniq ta’rif — Gyotega mansub: «She’rlarim qahramoni... bu mening sub’yektiv olamim bilan «kollektiv daho»ning sintezi». («She’riyat va haqiqat» risolasi). Bizning suhbat-muloqotimizda asosiy qahramon: orif-mutafakkir yo shoir-san’atkor qiyofasida namoyon bo‘ladi. Demak, hazrat Navoiyda lirik qahramon timso¬li (obrazi) bilan «tole’i sa’d» yo «Kavkabi iqbol» — baxt yulduzi (aniqrog‘i, iqbol farishtasi)ning o‘zaro g‘oyib-sirli muloqoti orqali byevosita yo bilvosita ijodxonaga doxil alomatlar har gal «yangi nav’ ashkol» (Navoiy)da o‘zgacha badiiy usullar, tamsil-tashbehlar tarzida in’ikos etadi.

Dastlab (albatta, bu tartib-sira shartlidir) shoir-mutafakkir san’atxonasi uning xos «hujra»sida, Tangri ilohiy marhamati-la Qalam va ahli qalam ma’budi — Atorud yo‘llagan elchi, g‘oyib suvrat, ruhiy siyrat sohibasi — farishta... na xushki, o‘sha moʻjizakor ilhomiy muloqot asnosida go‘yo ataylab, yo‘q, qalb amri-la tun oromini tark etgan mislsiz zahmatkash shoir huzurida «kulib» paydo bo‘ladi:


Dedikim: «Ey, ulusda nodiri fard,

Bo‘lmasun xotiring alamparvard...

O‘zni mehnatqa solg‘on emishsan,

Bul’ajab g‘amga qolg‘on emishsan...

Bu — ne andishai xato bo‘lg‘ay?

Senu mundog‘ xato-ravo bo‘lg‘ay?


Buningday «farruhsurush» — maloiksifat hamdardu hamrozlik so‘rovlari, ayni yaratish dardiga malham, shoyon-dilxoh so‘zlari shoir qaxramonining ba’zan ishtibohli-navmid, «xotiri alamparvard» kayfiyatini ko‘tarib, umidbaxshlik tuhfa etib, hatto shoir qurbiga g‘oyibdan yana quvvat berib, o‘ziga ishonchini ziyoda qiladi:

Tole’i sa’d yorliq qildi,

Qalamim — durnisorliq qildi...


Iqbol farishtasining muborak iltifoti — g‘oyibona madadi bilan ulug‘ shoir ruhiyatida shunday moʻjiza — ilhomiy holat paydo bo‘ladiki, kutilmagan tarzda yangidan-yangi «so‘z guhari» namunalari yaratilishi go‘yo azaliy xilqatning har subhidam nisor etadigan in’omiday, oddiy hodisalarday tuyuladi:


Men necha fikr ayladim o‘zuma,

Ul javohir (noyob timsollar) ko‘runmadi ko‘zuma;

Guhari obdori — jolacha ham,

La’lu yoquti — bargi lolacha ham...


Asl she’r durdonalarining yaratilish jarayoniga daxldor bunday «tarhi toza va beandoza» (Navoiy) muqoyasa-nisbatlar — haqqoniy, samimiy iqror so‘zlarini mashriqu mag‘ribning barcha daholari she’riyatida kuzatish mumkinki, buni qonuniy iftixor tuyg‘usi yo nohaq malomatlarga javoban isyonkor qalb nidosi — mag‘rur yangraguvchi faxriyadan kam bo‘lmagan shikasta dil izhori deb anglamoq lozim bo‘ladi; mana da’vomiz dalilining nasriy bayoni: men necha bor o‘zimcha fikrlab qiyoslab ko‘rmayin, yaratgan sara, xo‘b-a’lo baytlarimning har bir «guhari obdori» (tong shabnamiday tiniq, toza durdona-si... bahor havosining ofati — jola qadarli, har bir «la’lu yoquti» (noyob konlarning asl va kamyob qizil toshlariga berguvsiz ma’ni durlari, purma’no, daqiqu nuktadon timsollari) qir-adirlarda bir muddat ochilib, bahoriy yellarga dosh berolmay, sochilib ketgan qadrsiz lola bargicha ham tuyulmadi... Mana daholarning baho mezoni!!.. Navoiy kabi So‘z daholari ahyon-ahyonda tin olgan, nafas rostlagan kezlarida ham, shoir qalbi, shuuri, tafakkuri xayolot, xotirot olami, uning o‘zgacha mavjvar hissiyoti, hayratlari, chegara, muhofaza, qaror, qo‘nim bilmas — bundayin dunyoviy me’yorlari itoatsiz ruhiy xilqati... qizg‘in faoliyatda, izlanishda, ijodiy jarayonning sirli-sehrli og‘ushida bo‘ladi. Bunday g‘oyib-g‘aroyib, tom ma’noda moʻjiz holatni hassos so‘z dahosi shun¬day tavsiflaydi:

... Ayladim hujra azmi tinmoq uchun,

Ko‘zlarim uyqudin... isinmoq uchun.

Jilva qildi nazar fazosinda,

Navm (uyqu)-u uyg‘oqlik orasinda!

Mutahayyirki: ne misol erkin?..

Mana bu-tushmu yo xayol erkin?..


Ha, bizlar ham, loaqal bir necha daqiqa buyuk zahmatkash shoirimiz kechirgan bundayin ruhoniy-moʻjiz holatlarni shaxsan (vujudan) kechirolmasak-da, faqat baholi imkon — ojizona tasavvur etib ko‘rsak!.. Qalam va bori ahli qalam ma’budi — Atorud iltifot va shafqat ko‘rsatib, faqat bir necha daqiqa «tinmoq uchun... hujra azmi aylagan», shunchalar ulug‘ligi bilan chunonam «haqiru faqir» Navoiy kechirgan ajabdan bul’ajabroq holatni aniqroq sharhlashga qalamimiz ojiz. Chunonchi, birgina: «nazar fazosinda... jilva qilgan» moʻjizakor ruhiy holatning o‘zi... o‘sha she’r yaratish jarayoniga daxldor. Ya’nikim «so‘z guhari», «ma’ni guhari» dan noyob namunalar darakchisi emasmikin?... Ne ajabu ne hayratki: «bu tushmi yo xayol» deya o‘zi «mutahayyir» holatini kechirgan purzavqu purdard shoirimiz, ehtimol, faqat zakiy ta’b munaqqidlar, yo‘q, murattab ruhshunos, murabbiy ustozlar bir qadar aniqroq izohlab, tushuntirib berishlari mumkin bo‘lgan, har qalay, rabboniy «moʻjiz» hodisa (aniqrog‘i, bu — holat) maqomiga yetmasa-da, ma’lum ma’noda «sehr... bor»:

Til aning vasfidin erur ojiz,

Sehr xud bor, agar emas moʻjiz...


Biz ayni shu bayt orqali ulug‘ ijodxonaning ikki muhim jihatini: «sehr»—nima-yu, «moʻjiz» holat—nima, o‘rtadagi bor siru sinoat, oddiy nazar, o‘zimiz ko‘nikkan, ishongan tafakkur ilg‘amas, ilg‘ay olmas ajab nozik tafovutni faqat botiniy ko‘z—basirat («havosi hamisa» — besh ruhiy sezgining avvalgisi) nigohi yo o‘tkir-purdon fahm-farosat ajrata biladigan, fasohat va balog‘at ilmi zurafolari tasarrufidagi nozik nuqta, nozik xayol ma’nosini anglay olamiz...

Atorud elchisi «Munhiyi roz» (sirlar darakchisi) yo «kavkabi iqbol» (tole’ farishtasi) bilan Navoiyning majoziy qahramoni shoir-mutafakkir oralarida kechgan g‘aroyib muloqot-suhbat davom etadi:


... Men qabul aylabon, dedim: «De so‘z!» —

Ki, og‘izdin burun ochildi ko‘z...

Ko‘z ochib angladim: tush emish bu,

Ko‘z yumub, istadim — yana uyqu...


Voajab! Ulug‘ ijodxonaning biz uchun benihoya tabarruk va muborak «hujra»sida daho shoir shaxsan kechirgan va banogoh: «ko‘z ochib anglagan» yanada sirli holatda: «ko‘z yumub istagan, g‘aroyibdan-g‘aroyib hol — tush aralash uyqu, bu — faqat daholar kechiradigan va ularning o‘zlari biladigan, o‘zlari sharhlab, tahqiq etib berishlari mumkin bo‘lgan moʻjiz bir hol!.. (bunday uyqu istagidan ulug‘ mutafakkir shoir nimalarni kutgan, uning qanday muborak tamanno-yu umid-armonlari bo‘lgan ekan, afsus-nadomatlar bo‘lsinki, bu haqda umumiy tarzda ham tasavvur qilolmaymiz...). Faqat o‘zimiz bilgancha, qurbimiz yetgancha bu tush aralash uyqu asnosini taxminan shunday faraz qilib, xayol ko‘zgusida tiklashga ojizona urinib ko‘ramiz: ha, So‘z dahosida o‘sha moʻjizakor kecha qa’rida yolg‘iz hamnafas — shamchiroq ne’mati va rahmatidan fayziyob «hujra»ning zohiran moʻjazgina dunyosi (mikromiri) hududida, mohiyatda esa «ikki jahon» xayoloti va moʻjizotini mujassam eta olgan, bunga salgina shubha-ishtiboh bo‘lishi mumkin emas, bunga Navoiy dunyosi asos bermaydi! Bu muborak dargoh — ijodxonada hazratning ko‘ngil ummonida, qalb «Ka’basi»da pokzodlar ichra pokdomon ruhiy xilqatida nafaqat islomiy — ilohiy e’tiqod-e’timod taqozosi bo‘lgan muqaddas «ma’ni»lar hikmati, ayni chog‘da dunyoviy masalalar, mavzular: qadrdon, jafokash, balokash el-ulus, Vatan, davlat-saltanat g‘amida, qayg‘usida, zamon va ahli zamon tashvishida, bashariyat tinchligi, omonligi, avlodlar taqdiri, ma’rifat, fasohat ravnaqi yo‘lida chekkan xayrli azob-iztiroblari, nurli, «navobaxsh» riyozatlari... hayratomuz tarzda munosib o‘rin, qadr, e’tibor topganiga shubha qilib bo‘lmaydi. O, bu «umri aziz» yana bir necha muddatga vafo qilganidami, aytaylik: Sa’diy, Lutfiylar, loaqal Jomiylarning ulug‘ yoshlari... ul zoti sharifga ham ro‘zi nasib etganida bormi... eh-he, yana qancha yangi dostonlar, risolalar, yodnomalar, g‘azallaru qasidalar, balki solnomalar bitilar edi («Vaqfiya»dan, «Munshaot»dan, «Xamsa»dan ham bunday orzu-armon satrlarini kuzatishimiz mumkin-ku!..)

Yana «kavkabi iqbol» (tole’ yulduzi)ning shoir qahramoniga g‘oyibona yo‘llagan xitobiga kaytamiz:


« — Ey bulbuli zori ilhonsaro,

Vale so‘z riyozida dostonsaro!

Navo ichra ming lahnsozing qani ?

Dasotini xotirnavozing qani?..»


(band sharhi avvalida «lahnsozing» — navosozliging ekanini, «dasotini xotirnavoz» izofali birikma: ulug‘ dostonlarga monand-munosib ko‘ngil va xayolot mulking, ruhiy-ma’naviy bisoting kabi ma’nolarni anglatishini izohlab o‘tish ehtiyoji bor,..). Balkim, aytish joizdir: Alisherning Samarqandan Hirotga, piri buzrukvori Sayyid Hasan Ardasherga yo‘llagan mashhur maktubida zuhur etgan ulug‘ armonlar yana shoir xayolidan o‘tgan bo‘lishi mumkin. O‘sha xatda, jumladan, «Shohnoma» maqomidagi ulug‘ dostonlar yaratish istagi, umidi ayon sezilib, barq urib turardi...

Usha sirli-sehrli farishta — «farruxsurush» elchi mutafakkir-shoir qahramonini yanada ziyodroq mujdalar bilan siylaydi:


«... Sanga oncha Haq lutfi voqe’durur —

Ki to turk alfozi (tili) shoye’ (tarif) durur.

Bu til bila to nazm erur xalq ishi,

Yaqin qilmamish xalq sendek — kishi...

Qayu ishqi bo‘lmish muyassar senga,

Bo‘lurmu bu andesha bovar senga?..

Ko‘nguldin tavahhum (xavotir) ni aylab adam,

Ilik ishga ur — yo‘lga qo‘ygil qadam!

Senga turk aqolimin aylab raqam,

Azalda nasib aylamish yakqalam!»


Navoiydek benaziru benisbat So‘z dahosi ijodxonasining, avvalo, hududiy-iqlimiy («turk aqolimi» doirasida) bepoyon Turonning (Oltoy —Sibir yerlaridan Qirim xonligigacha, Sharqiy Turkistondan Kavkaz ortigacha — benihoya ulug‘ miqyosi, demografik ko‘lamdorlik jihatidan xalqaro-baynalmilal maqom, martabaga, jahoniy qadr-qimmat, oliy bahoga musharraf bo‘lmog‘i uchun («... Agar bir qavm, gar yuz, yo‘qsa, mingdur, Muayyan turk ulusi xud meningdur. Olibmen taxti farmonimg‘a oson, Cherik chekmay Xitodin to Xuroson...») loaqal, mintaqaviy tillar, el-elatlar sarhadidan o‘tish, qancha solnomalar, tazkirayu risolalar, bayozlar jildini sinchkov nazar bilan mushohada qilish, xullasi kalom, Nizomiddin Alisher Navoiy ko‘tarilgan tafakkur cho‘qqisini zabt etmoq, teran zakovat, fasohat —badiiyat qonunlarini o‘rganmoq taqozo etiladi. Eh-he!.. bas, Navoiy anglab yetgan Haqiqat biz, xar qalay, umumiy tarzda tasavvur etganimizga nisbatan anchayin murakkab, mohiyatda esa azaliy va nogahoniy ziddiyatlardan forig‘ emas. Shuning uchun ulug‘ mutafakkir real hakiqat bilan yuzma-yuz turib, holisanlillo mulohaza-mubohasa yuritib, ochiq-oshkor hukm chiqaradiki, bu, shubxasiz, shoir ijodxonasi haqida o‘zgacha saloxiyat, sa’jiya (xarak¬ter) favqulodda tafovutli qiyofa-alomatli manzara yaratadi:

«Yo rab! Agar bo‘ldi kalomim uzun,

Mundin ham jurm (gunoh)im fuzun...

Himmat — uchub ravzai jannat sori!

Nafs — chekib chohi jahannam sori...


Va holbuki, biz hazratning muborak hayoti, tabarruk merosidan faqat zohiran boxabar bo‘la turib (shubhasiz, mohiyat bu zotning boqiy ruhiyatiga va yolg‘iz Allohga ayon!..), Navoiy anglagan o‘sha... «jannat bog‘i» tomon uchgan «himmat» qushi o‘zi nima-yu pokdomonu parhezkor orif-shoir umri bo‘yi (ma’sum bolalik chog‘idan to «Fanoiya» xilvatgohida kechgan, o‘y-xayoli «Ansoriya» ziyoratgohini supurib-sidirib o‘tkazmoq niyatidan iborat, — faqat tanholikni qo‘msagan Xizrsifat keksalikkacha) o‘zini, o‘zligini olam va muhit g‘avg‘olaridan imkon qadar mahfuz etib, nihoyat, «nafs» (shaytoni la’in vasvasasi)ning bori kirdikori, oqibat asoratlari nimaligini biz ham bir qadar tushunib yetgan yo yetmaganimiz holda, bashariyat daholari orasida yaktosi...

Navoiy xayolan kechirgan safobaxsh «tamanno»lar, tortgan alam-anduhlar poyonini, baribir, bilolmaymiz!..


Har ne alar solsa — tamanno manga,

Turfa bukim, barcha—muhayyo manga...


Ne ajabki, hazrat kechirgan shunchalar tafovut-ziddiyatli o‘y-xayollar shiddatini biz ham ozmi-ko‘pmi tasavvur etganimiz holda (mayli, «himmat» tufayli hosil bo‘lgan bori savob amallar va bil’aks, bu valizot doimiy ishtibohli-ehtiyotkor odatiga binoan «nafs» otlig‘ ofatdan sodir etilgan g‘ayriixtiyoriy gunohlarning (qaysi bir «gunoh»?!) — «barchasi muhayyo ekaniga qaramay), hamma-hammasini bilib-ko‘rib turguvchi ul «alimul-azim» Haq taoloning muborak mag‘firati - «bahri afvi»dan najot topgan shoir qahramoni (orif-mutafakkir)ga Umid farishtasi yana o‘sha... g‘oyib xilqatdan madadga keladi:


... She’r ham chun kishigadur farzand,

Ko‘ngliga qutu bag‘riga payvand.

Chun o‘g‘il aybini ato ko‘rmas,

Ko‘rsa ham, qilg‘onin — xato ko‘rmas...


Biz sharhlashda davom etib, shartli ravishda tugallamoqchi bo‘lgan ushbu «Ikkinchi suhbat»ga oid she’riy tamsillar — ulug‘ ijodxona lavhalarida avvalgi muloqot tarkibidagi ajab ziddiyatli holatni takroran kuzatishimiz mumkin: ulug‘ mutafakkir: «tengri ehsoni», «tengri lutfi», «Haq inoyati», «taqdir xomasi», «kilki Sun’» sha’niga, «ulug‘ komlardin... baxtiyor»ligi, bu borada «ulusda nodiri fard» ekanligi xususida, xoh g‘oyib suhbatdoshlarning biri — shoir qahramoni (orif-mutafakkir) nomidan, xoh Qalam va qalamzan ahlining ma’budi Atorud yo‘llagan maloika-farishta — ilohiy darakchilar («munhiyi roz», «tole’i sa’d», «kavkabi iqbol») tilidan qancha faxriya — vasf so‘zlari aytmasin, xam ulug‘lardan ulug‘, ham «haqiru faqir» shoirimizni doimo «dinu iymon», «nangu nom» (nomus, sha’n), «hayo», «vafo», «andisha» hakami, komil inson timsolidagi posbon-soqchilar zimdan muhofaza etib, kuzatib turadi...


... Tengri uchun, ey ko‘ngil, insof ber!

Dindan agar nafs chiqarmas, ne der?..

Menki, bu nafs ilkida afgormen —

Muncha balolarga giriftormen...

Zohirim avqoti (vaqtlari) yomondin-yomon,

Botinim ahvoli ondin yomon!..


Ha, tengi, nisbati yo‘q ulug‘ ijodxonaning sohib-mutasarrifi kechirgan, yaqin musohib, muhibu muxlis zamondoshlar uchun go‘yo shaxsiy hayot damlari («zohirim avqoti»), har qalay, ayon («yomondin-yomon») emish-da, ruhiy-botiniy ma’noda, sirli-moʻjiz jihatlari qanchalik safobaxsh, ayni chog‘da (hatto shu qutlug‘ ijodxona ham tafovutdan forig‘ emaski, bu — «Alisheriy» ro‘yrostlik shahodati!) «nafs ilkida afgor» valiy zotning «botiniy ahvoli»... ondin yomonroq emish!.. (beixtiyor ravishda: «nahotki bu iqror rost bo‘lsa?!» deb xitob qilamiz va yana o‘ylanib qolamiz: «ehtimol, bu faqat Navoiydek valiy siyrat siymolar musharraf bo‘ladigan aybsiz aybdorlik — Alloh oldida «asru osiylik, mujrim maosiylik» —jurm-gunohlar majmui deb hisoblansa, bunday «tavbai komil» — ulug‘ tazarru tuyg‘usi oldida lolu hayron bo‘lmay ilojimiz qancha... demak, biz Navoiyni teran anglashda mudom adashamiz...).

Bunday o‘ychan-ziddiyatli, suvratdan siyrat tomon tobora kuchayib, chuqurlashib boruvchi hukm-xulosa, bizning Navoiy ijodxonasi haqidagi kuzatishlarimiz nisbiy haqiqat ifodasi ekanidan dalolat bermaydimi?.. Zotan, bu ulug‘ ijodxonaga (hali judayam kam, nisbiy-moʻjaz tamsillar zaminiga qurilgan), umuman, daho shoir-mutafakkir dunyosiga daxldor haqiqatlar, tafovutli holatlar, jarayonlar, sirli-sehrli jihatlar — «Alisheriy» xaqiqatlar sabog‘ini quyidagi shohbaytdan o‘tkazib ifodalash oson bo‘lmasa kerak:


... Chu Haqdin edi ul saodat menga,

Bu dushvor ish ichra jalodat (jasorat) menga...


Mening nazarimda, bu purhikmat bayt «Ikkinchi suhbat»ni yakunlash uchun, baribir, kamlik qilayotganday tuyuladi. Illo: Alisher Navoiy hazratlari uchun har qanday mushkul vaziyatda ham faqat umidbaxsh ruh munosib-shoyistadir:


... Nadomat ko‘zini ashknok aylabon,

Ham ul suv bilan g‘usli pok aylabon...

Solib ko‘ngluma So‘z demak niyatin,

Kiyib egnima dog‘i so‘z kisvatin.

Suxanvarlig‘ asbobini soz etib,

Durri nazm sochmog‘liq og‘oz (kirishmak) etib.

Tuzay nazm mulkida shohona bazm,

Hamul bazm sari qilay yona azm!..


Alqissa: tanlab olingan mazkur bandning, loaqal avvalgi baytini muxtasar sharhlab o‘tish o‘zi kifoya: muborak islomiy toat-ibodat rusumini... fasohat olamining qutlug‘ dargohi — ijodxona jarayoniga bunchalar mavzunu asosli tarzda nisbat berish bobida qanchalik purdonu nuktadon ma’no-mantiq, teran ruhiy-botiniy ehtiyoj tajassumi — betakror ifodasini kuzatib, boz hayratlanamiz.

Navbatdagi, «Uchinchi suhbat» — muloqot ikki yo uch buyuk siymo: mutafakkir shogird (Navoiy) bilan piri komil Maxdumi Nuran — Jomiy (ba’zan boshqa ustozlar) orasida bo‘lib o‘tadi...

Tavsiya etiladi
Shohbaytlar hayrati
Ko‘ngil kaʼbasi

Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…

Uch ofat...

Shohbaytlar hayrati
To‘ymadim, yo‘q, to‘ymasman!

Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,

So‘zim bo‘lsa yolg‘o...

Shohbaytlar hayrati
To‘zimsiz iztirob

O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....