“Agar suvrat budurkim...”
Shohbaytlar hayrati

Mazkur shohbayt, xususan, uch alomati bilan ajralib turadi:

nuktadon ma’no bilan she’riy lutf — so‘z fasohati uyg‘unligi;

tasviriy-ifodaviy imkoniyatlarning makon-zamon, iqlimu e’tiqod hududlarini tan olmasligi;

«Nizomiddin» faxriy unvoniga musharraf, komil taf-sirxonlardan bo‘lgan Navoiy shaxsan islom falsafasini cheklangan-mahdud aqidalardan xoli, ilmiy-ijodiy e’tiqod, umuminsoniy ta’limot deb bilganligi...


Agar suvrat budurkim, sendadur, ey gul, yiroq ermas,

Ki, mundin so‘ng parastish aylagaylar, ahli din, suvrat.


Bu gal mahbuba «suvrati» an’anaviy ma’nodagi ifodaviy-tasviriy ranglar, ohanglar, usullar doirasidan chiqib, kutilmagan tarzda nasroniy (xristianlik) e’tiqodi ramziga aylanadi. Navoiy yashagan davrda Xurosonda, Arab va Ajam mamlakatlarida mutloq ko‘pchilikni tashkil qilgan musulmonlar orasida ajralib turish uchun nasroniy mazhabidagi tarsolar bellariga zunnor bog‘lab yurganlar, demak, ularning o‘z butxonalari bo‘lgan, butxonani sanamlar va ilohiy suvratlarsiz tasavvur qilish qiyin. Garchi Navoiy o‘z vatanidan tashqari chiqmagan bo‘lsa-da, (Attor, Rumiy, Dehlaviy, Jomiy kabi ustozlar, ayniqsa, haj qilish sababi bilan katta-kichik shaharlarni ko‘rganlar), turli munosabat-muloqot tufayli, balki Jomiy kabi murshid, zukko musohib orqali Iso, uning onasi Bibi Maryam, boshqa anbiyo va avliyolar suvrati haqida bilvosita (ehtimolki, bevosita) ma’lumot olganiga shubha yo‘q. Ana endi bayt sharhiga qaytsa bo‘ladi. Ulug‘ shoir, islom dinining arkonu ahkomlaridan sanalgan mutafakkir, ayrim dahriy olimlar talqin qilganlariday «tarso», «zunnor», «sanam», «din g‘oratgari», «nomusulmon», jumladan, «suvrat» (nasroniy talqinida) kabi tashbehlarni qo‘llash bilan isyonkor shakkokka aylanib qolmaydi. Avvalo, bu ko‘p asrlik an’anaga aylangan, she’riyatning shartli-ramziy bir usuli; qolaversa, diniy istilohlar muqaddas, ilohiy tushunchalarni ifodalagani uchun ham, mayli, kinoyaviy-polemik (mubohasali) ohanglarda kelsin, shoir kuzatgan maqsad uchun eng kuchli, salmoqdor, teran ma’noli, jozibali vosita — nisbat vazifasini o‘taydi. So‘ngra, islom falsafasi, madaniyati, jumladan, uning boy qomusiy so‘zligi to shu vaqtgacha buzib talqin qilinganiday, boshqa dinlarga, tasavvufona hurfikrlilikka aslo zid emas. Aksincha, uning umumbashariy ruhiy madaniyat, falsafiy va badiiy tafakkur bilan, ularning turli me’yorlari — teranliklari, cheksizliklari, masshtab-miqyoslari bilan o‘zaro yaqin, mushtarak alomatlari ko‘p... Mazkur shohbaytdagi «suvrat» tashbehi ham mohiyatda umuminsoniy idealning she’riy ifodasiga aylanadi.


Birinchi misradagi: «Agar suvrat budurkim... yiroq ermas» so‘zlari bilan mahbuba suvrati, aniqrog‘i, suvratdagi malak (xristian e’tiqodi taqozosi bilan) ilohiylashtiriladi, bundan beixtiyor Leonardo da Vinchi, Rafael chizgan genial asarlar — muqaddas iloha darajasidagi ayol obrazlari yodga tushadi. Ikkinchi misradagi: «... parastish aylagaylar ahli din, suvrat» so‘zlari zohiran qaraganda: bu — islom ahlini suvratparastga aylantirishi mumkin, degan qaltis ma’noni anglatadi; lekin bu favqulodda jur’atkor fikr faqat she’riyat, san’at konunlari nuqtai nazaridan haqqoniy va jozibador bo‘lib, mohiyatda na islom e’tiqodini, na islomni (aniqrog‘i, musulmon oshiqlarni) aslo kamsitmaydi. Faqat bu yerda avval qayd etilgan umuminsoniy g‘oya — muhabbat tuyg‘ulari dunyodagi eng komil e’tiqodlarni ham (ular banogoh mone’lik qilganlari taqdirda) tan olmasligi mumkin, degan hurfikrlilik zuhur etadi...

Tavsiya etiladi
Shohbaytlar hayrati
Ko‘ngil kaʼbasi

Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…

Uch ofat...

Shohbaytlar hayrati
To‘ymadim, yo‘q, to‘ymasman!

Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,

So‘zim bo‘lsa yolg‘o...

Shohbaytlar hayrati
To‘zimsiz iztirob

O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....