“Bosh qo‘yay dedim ayogʻi tufrogʻiga...”
Shohbaytlar hayrati

Bu shohbaytning badiiy qurilmasi — tarhini muzayyan etgan kamyob bir she’riy san’at — «iyhom» ixtiyor-beixtiyor Navoiy Samarkand muzofotidan ona shahri Hiriga yo‘llagan, dard-hasrat navolari bilan yo‘g‘rilgan mashhur masnaviy-nomadan bir baytni esga soladi: «Agar xosa ma’ni, gar iyhom erur, Oning kunda yuz bayti halvom erur». «Xosa ma’-ni» bilan nuktayu lutf talashadigan «iyhom»ga alohida urg‘u («agar», «gar» so‘zlari takrori, ta’kidi bejiz emas) berilgani holda, bunday nozik san’atlar bilan tartib, oro berilgan she’rlarning «kunda yuz bayti» yaratilishi usta halvopaz ishiga qiyos etilishida nafaqat faxriya yo pinhoniy dard-alam bor...


Bosh qo‘yay dedim ayog‘i tufrog‘iga, dedi: qo‘y.

Bo‘sa istab la’li rangin so‘rsam erdi, dedi: ol.


Bu shohbaytda biri-biri bilan ma’noyu baho talashadigan ikki mustaqil lavha-obraz mavjud, ular «qo‘y», «ol» so‘zlari anglatgan tajnisli (omonim - jami to‘rt qirradagi) ma’nolar zaminiga qurilgan nozik xayol —nuktadonlikdan iborat. Ularni alohida-alohida sharhlab bermaguncha, shoir yuqorida zikr qilgan «iyhom» mohiyatini, demakki, baytning butun nafosatiyu jozibasini anglab, uqib olish imkonsiz. Birinchi misraning o‘zaro muqobil ikki ma’nosi: (I) Navoiyning qahramoni — oshiq muhabbat qismati buyurgan ziddiyatlar — ranju sitamlar va laziz xayollar, barcha umidvorliklaru mahrumiyatlarga rozi bo‘lib, hamma sinovlarga dosh berib, mahbuba oyoqlarimas, ularning gardi — «tufrog‘iga» boshini qo‘yar darajaga borib yetsa (bu xoksoru haqir nasibani o‘zi uchun baxtu sharaf deb bilsa) ham, u sho‘yau beparvo mudom pisand qilmaydi, oshiqning intizorlik bilan kilgan iltijolarini bedardlarcha rad etadi, demak, mahbubaning yo o‘zga bir kishiga ko‘ngli bor yoki ushshoq ahvolini bilmaslik, rahm-shafqat shevasidan uzoqlik bu lolaruhning kasbi-odati; (2) yo‘q, oshiqning baxtiga mahbubi bag‘ritosh go‘zallar toifasidan emas, u ishq dardi nima ekanini o‘z shaydosi — oshiqdan kam bilmaydi va hajrning to‘zimsiz sinovlari davomida shunday ruhiy qanoat hosil qilganki, oshiq yigit muhabbatni qismat buyrug‘i, ilohiy e’tiqod deb bilishini, pokligi, fidoyiligi bilan mehru vafoning mujassam timsoli bo‘lib qolishini namoyon qildi, bas, uning muhabbatiga munosib javob qilsa, hijron zahmlariga visol rizoligi — marhamati, iltifoti bilan malham bo‘lsa arziydi... Endi ikkinchi misraning o‘zgacha ziddiyatli ma’nolari: (I) hajrning to‘zimsiz qiynoqlarini, sevgi savdosi tufayli keladigan turli malomatlarni kechirishga kuch, sabot bergan, eng mushkul kunlarda ham dildagi umid chirog‘ini so‘ndirmagan hayotbaxsh tuyg‘u — vasl xayoli, uning g‘oyib va bebaho mukofoti — birinchi mastona, jonso‘z bo‘sa... istagiga shaydoyi oshiq noil bo‘lsa-da, buni oshkor aytishga Navoiy tasavvuridagi yigitlarga xos hayo kuchidanmi yo boshqa andesha bilanmi, jur’at qilolmasdan go‘yo qalandarona parishonlik, yo‘q, orifona tag‘ofilga solish bilan: «Ha... la’lingning rangi qanday?» — deya g‘alat savol beradi. Mahbuba, tabiiyki, bunday sarosima ichidagi savolning ma’nosini atayin bilmaganga oladi va uning jur’atsizligidan, chorasiz, najotsiz ahvolidan kulib (ehtimol, uni sevmagani uchun) bedardlarcha javob qiladi: «Nahotki shuni bilmasang? Labimning rangi kizil-ku; (2) sen dard ahliga xos xislatlaring — fazlu kamoling bilan muhabbatdek bebaho davlat, ulug‘ baxtning birinchi ne’mati, zakoti — masihona bo‘sa iltifotiga chindan musharraf bo‘lmoq uchun ushshoq ahli taqdir nasibasi deb bilgan yo‘lning barcha sinov manzillarini o‘tding. Sening komil inson, komil oshiqliging shundaki, o‘zing munosib bo‘lgan visol istagini aytishga ibo qilasan. zero, chin muhabbat pardali-pinhoniyligi bilan qadrli va jozib (»Kimki ishqi pok erur, sirri aning pinhon kerak...», «Tanda jon yanglig‘ seni jon ichra pinhon aylasam...»). Sening ramziy savolingdan mendagi visol ishtiyoqi purziyod bo‘ldi: muhabbatimiz haqqi-hurmati, sen istagan o‘sha ko‘ngil va jon guhfasini nisor etishga roziman...


Shu tariqa, iyhom san’ati bilan orolantirilgan mazkur shohbaytda, istang, zohiriy-oshkor, istang, botiniy-pinhoniy ma’no kirralari bir-biridan nafis nuktadonliklar — she’riyatga xos so‘z fasohati namunalari sifatida taqdim etiladi. Zotan, iyhom san’atining joziba siri — uning tansiq va kamyobligida...

Tavsiya etiladi
Shohbaytlar hayrati
Ko‘ngil kaʼbasi

Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…

Uch ofat...

Shohbaytlar hayrati
To‘ymadim, yo‘q, to‘ymasman!

Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,

So‘zim bo‘lsa yolg‘o...

Shohbaytlar hayrati
To‘zimsiz iztirob

O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....