“Kimki bir ko‘ngli buzugʻning xotirin shod aylagay...”
Shohbaytlar hayrati

Navoiy nafaqat islomga, balki boshqa e’tiqodlarga, anbiyolarga oid tushunchalarni, rivoyatlarni tashbeh-timsol, she’riy san’at sifatida istifoda etar ekan, aksariyat ularga munozarali, hatto ishtibohli ma’no berayotganday bo‘ladi (»Oshiq o‘lg‘on kechti nangu nomdin, Millatu iymonu dini islomdin», «Mening dinimni soldi dayr tufrog‘ig‘a bir tarso — Ki, yo‘q tufrog‘cha ollida taqvo ahli islomi»), Biroq aslida-chi?! Avvalo, bu — an’anaviy badiiy vosita, ramziy-mubolag‘ali usul.

Qolaversa, mutafakkir shoir muqaddas kalomlarga eng qimmatli, mukarram, ilohiy mezon — nisbat tarzida murojaat qiladi...


Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,

Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay.


Xudoga shukur, haqiqatni (jumladan, din-iymon so‘zini) aytishga taraddudlanib, ortiq hadiksirab, ne-ne andishaga boradigan kunlar orqada qoldi. Haq so‘z shuki, hazrat Navoiy tilga olgan buningdek muborak so‘zlarning chin ma’no va qimmati, shak-shubhasiz, islom ta’limoti, axloqi bilan, ilg‘or tasavvuf g‘oyalari bilan, muhimi, ularni odamlar ne chog‘liq anglab yetishi, bu so‘zlardan qanchalik ta’sirlanishi bilan bog‘liq. Hatto klassik she’riyat bilan ozmi-ko‘pmi muloqotda bo‘lgan xushtab’ kitobxon ham jamiyatimizda (ehtimol, zohiran) ko‘pchilikni tashqil qilgan dahriy-materialistlar bilan yonma-yon yashagani, ishlagani yo o‘qigani uchun kechagina islom va so‘fiyona she’riyat so‘zligiga munosabatda o‘zini saqlashga, ehtiyot bo‘lib, tilini tiyib gapirishga odatlangan edi. Ma’lumki, Qur’on, Hadis kabi so‘zlargina emas, masalan, keng muomaladagi ko‘ngil, dil, botin, hol, ruh, imon, ixlos, halol, pok, savob, tavof kabi so‘zlar islom falsafasida, so‘fizm simvolikasida o‘ziga xos teran ma’nolarda talqin qilinadi (ularda dunyoviy, insoniy ma’no bilan ruhiy, ilohiy mohiyat bir-birini to‘ldiradi). Shuningdek, islomiyat dunyosining eng muqaddas ehromi Ka’ba faqat birinchi darajali aziz qadamjo —ziyoratgoh, eng tabarruk zamingina emas, ayni paytda Haq, iymon-e’tiqod, poklik va komillik ramzi, fano va baqo butunligi, ruh go‘zalligi, timsoli hamdir. Shuning uchun bu qutlug‘ kalom she’riyatda eng mukarram, moʻtabar tushunchalarni ifodalashda badiiy nisbat sifatida olinadi. Masalan: «Ka’baki, olamning o‘lub qiblasi, qadri yo‘q andoqki, ko‘ngul Ka’basi». Shubhasiz, har bir yaxshi niyatli, pok xilqatli kishining ko‘nglini sifatlab kelishi mumkin bo‘lgan bu tashbeh, ochig‘i, komil musulmon — iymoni butun kishilarga nisbatan aytilsa, o‘zining chinakam va munosib qadrini topishi mumkin. Endi bevosita yuqoridagi shohbayt mazmunini muxtasar sharhlashga o‘tsak bo‘ladi. Navoiyning odamzod bolalariga mehr-shafqatda tengi topilmas qahramoni — orif qay bir bechora, begunohning ko‘ngli vayronligini ko‘rsa, o‘zining ham ko‘ngli buziladi, dunyoning obodligi ko‘ziga ko‘rinmaydi, to o‘sha ozurda diliga chirog‘ yoquvchi safoli va xayrli so‘z topilmag‘uncha oromini topolmaydi. Shuning uchun ham shoir Hotamtoy saxovatidan ortik bo‘lgan bunday ma’naviy himmat, ruhiy madadni eng bosavob va beminnat bir jasorat — «Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylamak» bilan teng («oncha borkim») deb biladi. Lekin, shunisi haqiqatdir-ki, Ka’ba so‘zining nechun mukaddas ekanini, uning ilohiy ma’nosini ozmi-ko‘pmi idrok etolgan chin musulmongina xoh o‘z dinidagi, xoh tarso yo boshqa e’tiqoddagi bashar farzandining dardiga darddosh bo‘lishi mumkin. Demak, insonning insonga yaxshilik, muruvvat qilishida, mehr-shafqat ko‘rsatishida iymon butunligi, e’tiqod ustuvorligi belgilovchi vazifani o‘taydi. Aksincha, turli lavozimdagi, hatto nomdor, lekin iymoni zaif, vijdoni g‘ofil kimsalar inson dardiga munosabatda o‘zlarini tag‘ofilga soladilar... «Bir ko‘ngli buzug‘», «Ka’ba vayron» iboralaridan shoir kuzatgan maqsad ham shu — iymonga da’vat emasmi? Xullas, hayoti va ijodiyoti bilan benihoya tabarruk bo‘lmish Navoiy mazkur shohbayt orqali dini islomning insonga mehr-shafqat, mukaddas tushunchalarga kamoli e’timod (ishonch) ruhidagi ta’limotiga she’riy sayqal beradi...

Tavsiya etiladi
Shohbaytlar hayrati
Ko‘ngil kaʼbasi

Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…

Uch ofat...

Shohbaytlar hayrati
To‘ymadim, yo‘q, to‘ymasman!

Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,

So‘zim bo‘lsa yolg‘o...

Shohbaytlar hayrati
To‘zimsiz iztirob

O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....