“Yorur holing xayolidin...”
Shohbaytlar hayrati

Yuqorida, «iyhom» san’ati bilan ziynatlangan bir terma bayt sharhida «xosa ma’ni»dek noyob, nafis san’at usulini ham qayd etib o‘tgan edik («Agar xosa ma’ni, gar iyhom erur, Oning kunda yuz bayti halvom erur»). Faqat Navoiyning sohir qalami, she’riyat iloxasi — Atorud «nazar aylagan» benazir iste’dod va zakovat qudrati tahqiq etishi mumkin bo‘lgan bunday moʻjiz baytlar bilan necha bor muloqotda bo‘lmang, ilojsiz biron-bir yangi ma’no qirrasi. biror badiiy jilo kashf qilsangiz hech ajab emas. Illo, bu bahri ummondek «so‘z guhari»ga serob, sirli-sehrli olamdir.


Yorur holing xayolidin oqorg‘on ko‘zlarim, go‘yo,

Qo‘yubtur kilki sun’ ul nuqtani ko‘zlar qarosidin.


Bu shohbayt umuman xosa ma’ni (xos, kamyob ma’nolar) san’ati bilan, shuningdek, tanosib («hol», «nuqta») va tazod («oqorg‘on ko‘zlar» — «ko‘zlar qarosi») usullari asosida ishlangan. «Xosa ma’ni» san’ati yetakchi, belgilovchi mavqeda turadi, sababi, xayol timsolining badiiy butunligini ta’min etadi, keyingilari uning doirasida kelib, asosiy she’riy usulning zarur unsurlari sifatida xizmat qiladi. Shohbaytga «xos ma’no» — nuktadonlik baxsh etgan badiiyatni tadqiq etish uchun, shubhasiz, uning mundarijasini sharhlab o‘tish joiz: Navoiyning qahramoni — oshiq faqat hajr dardi iztiroblari — ko‘zyoshlari selobidan, uzluksiz, «zor-zor yig‘lash» asorati tufayligina ko‘zlariga oq tushmagan. Bu hol, mohiyatda, sevgi qismatining xohish-irodasi bilan yuz bergan bo‘lsa ne ajab? Nega bo‘lmasa taqdiri azal musavvirining qilqalami («kilki sun’») Navoiy xayol qilgan orzu go‘zalining tasvirini chizishga chizgan-u uning obraz-portreti chizgilariga mutanosib g‘ariyb va jozib nuqta — hol yasashga kelganda kiynalgan, buning birdan-bir munosib shakl-shamoiyli, rang-tusini tabiiy xilqatning turfa xil unsurlari orasidan axtarib topolmasdan... nihoyat, o‘sha matlubu muborak hol uchun oshiq ko‘zining qorachig‘ini loyiq topgan»... Axir bechora oshiq xayoldagi mahbubning holini tasavvur qilgan sog‘inch damlarida g‘oyibdan, beixtiyor ko‘zlari nurlanishi sababi shundan emasmi?...


Shu tarzda ulug‘ shoirning ilohiy qilqalami «hol» bilan «ko‘zlar qarosi»ning nozik nisbatidan mohiyat e’tibori-la chuqur ruhiy dramatik, badiiyat nuqtai nazaridan kamyob ramziy obraz yaratadi. Albatta, «ko‘zlar qarosi»ning holga nisbati — zohiriy o‘xshashlikning o‘zi qanchalik nafis bo‘lmasin, mohiyatda bu xos ma’nolar obrazi orqali muhabbatda chin fidoyilik g‘oyasi — qismat nasibasi oldida shikastalik, o‘zaro vafodorlik e’tiqodi ulug‘lanadi. Va aksincha, bu notekis va notamom dunyoning mahdudu xudbin manfaatlar domiga tushgan, haqiqiy muhabbatning dardi va quvonchidan bexabar, begona, qalban va ruhan so‘qir bandalarini zimdan fosh etayotganday bo‘ladi...

Tavsiya etiladi
Shohbaytlar hayrati
Ko‘ngil kaʼbasi

Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…

Uch ofat...

Shohbaytlar hayrati
To‘ymadim, yo‘q, to‘ymasman!

Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,

So‘zim bo‘lsa yolg‘o...

Shohbaytlar hayrati
To‘zimsiz iztirob

O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....