“Ishq ayladi yuz oqilu farzonani rasvo...”
Shohbaytlar hayrati

Bu chuqur kinoyaomo‘z shohbayt beixtiyor ravishda mutafakkir shoirning boshqa bir purma’no baytini xayolga keltiradi: «Ishq-kim har bir ishida yozdi yuz ming turfa xalq, Turfaroq budurki, yuz mingdin biri yozilmadi». Ne ajabki, muhabbat savdosining «har bir ishi» (asli unpng poyonu hududiga kim yeta oladi?) bora-sida «yuz ming turfa xalq» — ne-ne shaydo oshiqlar, dardnok shoirlar qancha nomayu she’ru doston, qasidayu risolalar bitma-sinlar, hamon bu g‘aroyib-sirli savdo ta’rifida «yuz mingdan biri yozilmagan» bo‘lsa! Bundayin «turfaroq» holdan quyida sharhlanguvchi shohbayt ham xoli emas.


Ishq ayladi yuz oqilu farzonani rasvo,

Ne ajab agar qildi bu devonani rasvo.


Baytni sharhlashdan avval klassik she’riyatimizda ma’lum an’ana tusini olgan malomatomo‘z, aslida isyonkor mazmundagi «telba», «xor», «rasvo» (»Xoru rasvo qiladurg‘on bu — ko‘ngildir, bu — ko‘ngil», Lutfiy), «gado», «adashgan it», «darbadar», «devona», «g‘arib», «mashrab», «miskin», «uryon», «bekas», «be-sar», «notavon» kabi chuqur kinoya bilan yo‘g‘rilgan, mohiyatida ruhan uyg‘oq va sog‘lom, ma’naviy barqamol sifatlar, orifona donishmandlik, shoirona nozikxayollik, xushtab’lik joylangan, suvrati aldamchi tashbeh-timsollar mavjudki, buni e’tiborga olmagan kitobxon chalg‘ib ketishi, ba’zi bir ramziy-majoziy obrazlarni yanglish talqin qilishi mumkin. Bas, yuqoridagi baytni qanday tushunmoq kerak? Birinchi misradagi «oqilu farzona» so‘zlarining «rasvo» tashbehiga nisbatidan zinhor nomarg‘ub va nomatlub xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Sababi, bu ham boshqa bir baytdagi kabi chin oshiqni go‘yo imonsizga chiqarib ko‘yishdek gap: «Oshiq o‘lg‘on kechti nangu nomdin, Millatu iymonu dini islomdin». Aslida «oqilu farzona»larning ishq tufayli go‘yo rasvolik ko‘yiga kirishi barcha dardsizlar (xoh avom, xoh xos kishilar orasida bo‘lsin) to‘qigan yolg‘onlarning biridir; bil’aks banogoh bir mahliqoni sevib qolgan donishmand o‘z ko‘nglidagi aqidalar, xurofiy, mahdud qarashlar zulmatidan xalos bo‘lsa, qalbida avval yoqilmagan moʻjizakor bir chirok — ruhiy go‘zallik yog‘dusi yoqilsa ne ajab?.. Bunday ishq shu’lasi aql chirog‘ini so‘ndirmasa, faqat turfa toifadagi hasadgo‘ylar — raqiblar, zuhd ahli unga malomat toshlari yog‘dirmasa bas. Qolaversa, «rasvo» tashbehi — she’riy mubolag‘aning kinoyaomuz ruhdagi ig‘roq shakli xolos, shoir kuzatgan maqsad ishq savdosining inson hissiyotini o‘ziga qanchalik rom etishini ko‘rsatishdan iborat. Ikkinchi misradagi devonavor oshiqning ahvoli yanada purziyod bo‘lgani, ya’ni el-ulus nazarida oqilu farzonalarni ishq qaysi ko‘yga boshlagan bo‘lsa, Navoiyning barchaga ayon Majnunvor darbadar qahramonini muhabbat yana-da kamolga yetkazish, ruhini poklantirishi mumkin...

Tavsiya etiladi
Shohbaytlar hayrati
Ko‘ngil kaʼbasi

Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…

Uch ofat...

Shohbaytlar hayrati
To‘ymadim, yo‘q, to‘ymasman!

Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,

So‘zim bo‘lsa yolg‘o...

Shohbaytlar hayrati
To‘zimsiz iztirob

O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....