O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2000 yilning boshlarida Oliy Majlis minbaridan turib, Vatan va millat shaʼni, ajdodlar shukuhi, avlodlar g‘ypypi, haqqi-hurmati, davlat ahamiyati maqomida yuksak eʼtiboru buyuk mehr-ixlos ila qilingan: "Navoiyni anglash" daʼvati haqida, uning maʼno salmog‘i, asl mohiyati haqida dafʼatan – avvaliga, har birimiz loaqal zohiran o‘ylab ko‘rmog‘imiz ("o‘z vujudingga tafakkur aylagil..."), yaʼni dastlabki taassurotlar, mayli, shaxsiy mulohazalar tarzida bo‘lsin, muayyan tasavvur hosil qilmog‘imiz to‘g‘riroqdir... Bu borada hazratning o‘zlari qo‘limizdan tutib yetaklaganday bo‘ladi.. Ibtido, benazir bolalikning hayratbaxsh mashqlari, so‘ngra Mavlono Lutfiy bilan o‘sha unutilmas muloqot chog‘idan yodgor tamsil-bayt va nihoyat, o‘smirlik, navnihol yigitlik yillarining mavjvor shavqu rag‘batidan shohidi burxon nodir shohbaytlar... (ularni baʼzur "anglash" mumkin!...) Biz "Badoyeʼ ul-bidoya" debochasidan ayrim g‘aroyib baytlar tamsili bilan kifoyalanamiz:
Ranj ko‘rmay kishi toparmu farog‘,
Ko‘ngli o‘rtanmayin yonarmu charog‘?..
Tuxum yerga kirib, chechak bo‘ldi,
Qurt jondan kechib, ipak bo‘ldi.
Lola tuxmicha g‘ayrating yo‘qmu,
Pilla qurticha himmating yo‘qmu?!.
Voajab! "Yetti-sakkiz yoshlar" (Navoiy eʼtirofi, "Debocha"), boringki, to‘qqiz-o‘n yoshlarda bo‘lsin, "xomai taqdir" qudrati-la bitilgan, tong shabnamiday toza, bokira baytlar, aslida murg‘ak xirad, maʼsum xayol tuhfasi ekaniga ishtiboh bildirish o‘zi gunohi azim emasmi? Boz ustiga, ularda azaliy ziddiyatlar: tug‘ilmoq va o‘lmoq, ilohiy vorislik, hayotning mo‘jizakor davomiyligi ("avlodlar aloqasi") falsafasi shunchalar aniq tafsilu timsollarda ifodalanishi... Hayotning boqiy qonuniyati – mashaqqatu riyozatlari ("ranj ko‘rmay kishi", "ko‘ngli o‘rtanmayin...") ham juda erta – bola tafakkurida tajalli etishi-chi?!..
Alqissa, "Navoiyni anglash" jarayoni shu tariqa asta-asta, ohista-ohista sodir bo‘lmog‘i lozim. So‘ngra, ne ajabki, o‘sha "bolalik g‘aroyibotlari" ("G‘aroyib us-sig‘ar")dan eʼtiboran, Navoiyning o‘zi keyinchalik "odamiylar odamiysi" deb tavsiflagan saxovat, himmat – nafʼ yetko‘rmak", "xalq g‘ami", "ayolu Vatan" yo‘lida jon fido qilishdek oliy sifot (sifatlar) vasf etiladi. Demak, biz, birinchi navbatda, ulug‘ mutafakkir, ulug‘ gumanist shoirimizning "barcha el"ga maqbulu manzur, aniqrog‘i, nazargohda ayon ("olti jihat" va "to‘rt unsur"ga mansub) hodisa, holat va alomatlarni yaxshiroq bilib, anglab olmog‘imiz lozim bo‘ladi. Mana boshqa yorqin tamsil-baytlar:
Gul vaqti muyassar o‘lsa gulfom qadah...
Jondin seni ko‘p sevarmen, ey umri aziz...
G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish...
(Uchala maʼlumu mashhur ruboiyning davomi kitobxon hofiza quvvatiga havola).
Orazin yopqoch ko‘zumdin sochilur har lahza yosh...
(bu baytning ikkinchi satri ham!..)
To tuzdi Navoiy oyati ishq,
Ishq ahli aro navo bulubtur...
Yaxshiroq bil oni ulus arokim,
Yetsa ko‘prak uluska nafʼ ondin.
Nafʼ tekurmakni shior aylading,
O‘zungga ul nafʼni yor aylading.
Tengri ehsoniga shod o‘lg‘on kilur,
O‘zni shodu mehnatidin elni ham...
Birovkim, jahonda kerak kom anga,
Emas yaxshi bir yerda orom anga...
Xullas, biz nisbatan yaxshiroq anglagan baytlar Navoiy olamini tahqiq etishda dastlabki maʼrifiy-badiiy saboq vazifasini o‘taydi. Yaʼni Navoiy dahosining sir-sinoati, asl mohiyati, ylug‘ shoir yaratgan timsollarning ruhiy teranliklari, mo‘jiziy alomatlari, jumladan, g‘ayb olami (ruhlar, farishta-maloyiklar dargohi) va nihoyat, mutloq ruhiyat – Allohning cheksiz va muqaddas mulkiga sayru sayohat qila boshlaymiz... Adbatta, bunday muborak iloxiy tushunchalar, rabboniy qadriyatlar talqini va tahlilida dunyoviy hodisalar, hayotiy haqiqatlar tavsifu tafsillari yonma-yon yoki tadrijiy davomiylik silsilasida, ramziy-majoziy usul va vositalar, azaliy rang va ohanglar ila uyg‘unlikda, mutanosiblikda namoyon bo‘ladiki, biz bu serqirra, murakkab jarayon haqida endigina ochiq so‘zlay boshladik: zohir va botin, suvrat va siyrat, moddiy borliq va ruhiyat olamining uzviy birligi, butunligi, azaliy qonuniyati... Turli darajalar ("Maqomot") – kategoriyalar (yunoncha asliyatda: "kategorius") nisbati, ularning badiiy timsollariga xos xususiyatlarni tahlil etmasdan, bir qadar sharhlab bermasdan "Navoiyni anglash"dek bugun adabiy-badiiy va ilmiy muammoga aylangan mushkulot tugunini yechish amri mahol...
Hech mubolag‘asiz, Mashriqu Mag‘ribda, alal xusus, fasohat mulki – sheʼriy sanʼatda naziri va nisbati yo‘q so‘z Dahosi tasarruf etgan, go‘yoki g‘ayrishuuriy – mo‘jizakor sheʼriyat, iloxiy ijodxona haqida, o‘sha samoviy xilqat – Atorud (qalam va ahli qalam maʼbudi) tili bilan aytganda: "balog‘at kishvarining nuktadoni, fasohat mulkining sohibqironi" ("Badoyeʼul-bidoya" debochasi) inkishof etgan mislsiz nafisu daqiq timsollar – "so‘z guhari" namunalari haqida baholi imkon musohaba va mubohasa yuritmoq uchun, avvalo, komil eʼtiqod, shaydoyi muhib nazari lozim bo‘ladi. Qolaversa, maxsus maʼrifiy hozirlik, zarifona baland did-xushtaʼblik, shoirona nozikxayollik – o‘zgacha so‘z tuyg‘usi, ehtimol, xos voizlik salohiyati, nutq sanʼati taqozo etilar... Xullas, "Alisheriy" (Bobur) "ilmi balog‘a" va "sanoyeʼ nafisa" – yuksak badiiyat va sanʼat maqomiga munosib so‘z yuritmoq qanchalar bosharif va masʼuliyatli vazifa bo‘lsa, shunchalar huzurbaxsh, hatto ruhni poklantiruvchi bir mashg‘ulotdir... Men kamoli iftixor tuyg‘usi bilan ayta olamanki, ylug‘ valiulloh). shoirning o‘zlari eʼtirof etganiday: "ishim o‘lmishdur ehtiyot etmak, nuktaning toru pudiga yetmak" kabi anchayin og‘ir vazifani uddalay olishimga, nazarimda, hazratning muborak ruhoniy siymolari madad va rag‘bat berayotganday, qolaversa, o‘sha "Alisheriy" shohbaytlarning shunchalar jozibligi, "ko‘b va xo‘b" (Bobur)ligi jurʼatimga jurʼat qo‘shayotganday tuyuladi, ne ajabki, har gal Navoiyning so‘z dahosi bilan muloqotda bo‘lgan chog‘imda bu sirli-mo‘jiziy holat meni tark etmaydi...
Mustaqil mushohada va izlanishlarim, shaxsiy mulohaza va mu-bohasalarimni (ha, balkim, bahstalab fikrlarimni!..) katta alloma Alibek Rustamovning ilmiy muloqot uslubidan andoza olib, "Ulug‘ Amir Alisher Navoiyning so‘z olami haqida suhbatlar" deb atadim...
Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…
Uch ofat...
Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,
So‘zim bo‘lsa yolg‘o...
O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....