Birinchi suhbat
Shohbaytlar hayrati

"Nizomul millati vad-din Alisher" (Jomiy bahosi) Navoiy sheʼriyatining ilohiy mohiyati haqida. Jahonda tengi yo‘q so‘z (sheʼr) sanʼatkorining mo‘jizakor baytlari, tom maʼnoda sirli-sehrli bir dunyo, ajab ruhiy xilqat ekanligi (bu xususiyatni hazratning o‘zlari faxriya usulida necha bor eʼtirof etgan) qachon, qay shaklda bo‘lmasin, imkoniyat darajasida haqqoniy talqin etilmog‘i va munosib baholanmog‘i lozim... Mana ilohiyona mazmunda bitilgan, maxsus qudsiy talqinni taqozo etadigan ikki shohbayt:


Navoiy, sehr emas, go‘yo "Kalomulloh" asosidur,

Bu muʼjizlarki, zohir o‘ldi kilki nuktaposhingda...


Bo‘lmasa eʼjoz maqomida nazm,

Bo‘lmas edi Tengri kalomida nazm...


Birinchi baytdan bir birini to‘ldiruvchi ikki maʼnoni anglashimiz mumkin: (1) sening chindan-da mo‘jiza ko‘rsatishga qodir qalaming shunchalar teran va rangin, nozik va sirli-sehrli maʼno ~ nuktadonliklar yarata oldiki, buning dalolati: zohiran, qanday mazmunda bo‘lmasin, barcha baytlaring mohiyatida "Kalomulloh" ruhiga, uning asoslariga rioya qilinganiga hech shubha yo‘q; (2) Ey Navoiy, sening sheʼrlaring qanchalar hayratbaxsh, jozibador bo‘lmasin, ular qandaydir sehr-afsun samari emas, balki "Kalomulloh" oyatlari ilohiy mo‘jizalar sifatida g‘oyibona nozil bo‘lgani kabi sening sohir baytlaring ham inson tafakkuri va shuuri meʼyorlariga sig‘dirib bo‘lmas, aqlni hayratga soluvchi ruhiy holatlar, ilohiy jarayonlar mahsuli bo‘lsa ne ajab!..


Ikkinchi shohbayt ham o‘sha anʼanaviy majozlar orqali, g‘ayrishuuriy tafakkur usulida yaratilgan: hamono, sheʼriyat (tom maʼnoda teran, ilohiy sheʼriyat!) sehrli xilqat, mohiyatan favqulodda g‘aroyib bir hodisa, ruhiy holatlar, jarayonlar mahsuli ekan, buning o‘z hikmati bor; illo, Kurʼon oyatlari (ularning aksariyati)... fasohat qonunlari, ilmi balog‘a, ilmi badeʼ, aruz meʼyorlariga monand nozil bo‘lgan bo‘lsa ne ajab!..


Buning mo‘tabar ilmiy dalili sifatida "Muhokamat ul-lug‘atayn" risolasidan iqtibos keltirish joyizdir: "Andog‘ki, haq subhonahu va taoloning Kalomi majidida ko‘p yerda (!) nazm voqeʼ bo‘lubturki, aruz qavoidi (qoidalari) bila rostdur... Va rasuli sallolohu alayh-vasallam ahodisi (hadislari)da ham dog‘i bu tariq tushubtur..." Demak, ikkinchi shohbaytdan ham sheʼriyat ruhidagi ilohiy ibtido... anglashiladiki, bu bizni beixtiyor o‘yga toldiradi...


Boshqa bir misolni "Hayrat ul-abror"ning iymon shartlarini sharhlagan maxsus muqaddimasidan keltirish mumkin. Bob sarlavhasida qayd etilgan "Al-iymanu an-tu manu billahi" ("Amantu") surasidan iymonning olti shartidan uchtasini muxtasar sharhlab o‘tamiz: "... va maloikatihi va kutubihi va rasulihi...", yaʼni nazargohdan pinhon maloika-farishtalar (va ruhlar) dunyosiga iymon keltirmoq; muqaddas kitoblarga iymon keltirmoq; payg‘ambarlarga (Kurʼonda zikr etilganlariga) iymon keltirmoq... Shu tariqa, biz mana endigina ochiq eʼtirof va zikr etish huquqiga, chinakam maʼrifat olish imkoniyatiga ega bo‘lganimiz g‘ayb olami, uning o‘zgacha qonunlari, sir-sinoati, so‘ngra rabboniy bilimlar majmui – ilohiy kitoblar, ularga yozilgan sharhlar, talqinlar va nihoyat, turli eʼtiqodu maslak-matlablarning baynalmilal miqyoslarda jahon tan olgan rahnamolari – nabiulloh siymolar haqidagi boqiy Haqiqatlar... har bir komilu solim (sog‘lom) inson uchun mukarram va muqaddas ekanligi uqtiriladiki, bu lavha Navoiyning so‘z va tafakkur dahosini, uning ilmiy-falsafiy, badiiy teranliklarini "anglash"dek yangi davr taqozosi, Istikloliyat tamoyillari bilan ruhan yaqin, hamohangdir...


Yana bir yorqin tamsil-bayt. Bu – iymonning ikkinchi sharti – g‘ayb olami timsollari buyuk so‘z sanʼatkori qalami-la, badiiy sanʼatlardan ifrot va husni taʼlil (favqulodda mubolag‘a va imkonga sig‘mas sabab) usullari orqali ziynatlangan kamyob shohbaytlardan biri va uning muxtasar sharhi:


Navoiyning fig‘on o‘ti kuydirdi jahon ahlini,

Maloyik xaylini ul o‘tlug‘ fig‘ondin asrag‘il, yo rab!..


Alisher Navoiy ijodiyotidan, ayniqsa, ikki tengsiz badiiyat qomusi: "Xazoyin ul-maʼoniy" kulliyoti va masnaviyoti ("Xamsa" va "Lison ut-tayr" dostonlari)dan, mayli, umumiy tarzda bo‘lsin, boxabaru mutaassir, xushtaʼb muhib, maʼruf va zarif kitobxon (bunday sifat va salohiyatsiz Navoiyni bilaman, deyish o‘zi abas!)... shoirning lirik qahramoni, uning umumlashma obrazi – timsoli mujassami haqida qanchalik tasavvur qilar ekan? (Mag‘rib sheʼriyatining daholaridan biri, faylasuf shoir Gyote lirik qahramon timsoliga hayratomuz aniq, muxtasar taʼrif bergan: bu – shoir shaxsiyati bilan "kollektiv daho"ning xos yo‘g‘urmasidan iborat umumlashma timsoli mujassam... "Sheʼriyat va haqiqat" risolasidan). Mutafakkir va tengsiz murabbiy, poklar ichra pok, valiulloh shoir Navoiyning lirik qahramoni ylug‘ Gyote tasavvur qilgan lirik qahramon bilan mushtarak va ayni chog‘da yana boshqa ko‘pgina jihatlari bilan ajralib tursa ne ajab?..


Mana bizning bir qadar umumiy va nisbiy tavsifimiz: favqulodda shavqu rag‘bat va hayrat voliysi; fasohat mulkining sultoni – sanʼatkor shoir; zakovat va maʼrifatda orifi jahon mutafakkir; "umri aziz"ga shaydoyu vola, hayot "chashmazori"ning hamisha maʼmur, ayni chog‘da hushyor soqiysi – rind; dardu hasratlari yorug‘ dunyoga sig‘mas armonli oshiq; "ikki jahon" mulkidan mosuvo, jahongashta soyir-qalandar; fazlu kamol ichra nodiri davron, farishtasifat vali zot; el-ulus g‘ami, nafʼi, amniyati (tinch-omonligi), yurt maʼmurligi (obodonligi) posboni, naziri yo‘q adolatpanoh va haqiqatpesha; "tengri ehsoni", umr neʼmati haqqi, hadsiz shukronayu sabr, "tavbai komil", sanoyu munojot sohibi... Ana endi yuqoridagi shohbayt sharhiga o‘tsak bo‘ladi. Va baralla ayta olamizki, o‘sha umumlashma timsol – obraz, uning eng muhim va mumtoz sifoti (sifat alomatlari) majmui: oshiq, shoir, vali, orif, sarxalqa-murabbiy, nihoyat, eng odil hakam va haqiqatpanoh siymo – zotikirom, yaʼni Navoiy qahramonining fig‘on o‘ti (yo "o‘tlug‘ fig‘oni") shunchalar samoviy shiddat kuchiga, baayni to‘xtatib, to‘sib, ixotalab, qaytarib bo‘lmas talotum to‘lqiniga, beomon yolqin, ayov bilmas bosqin oqimiga aylangusi, bunday fojeʼ oqibatbutun "jahon ahli"ni kuydirib, kunpaya-kun etgusi-dir... Biroq kavnayn (ikki jahon) maʼnolarida mushohada yurituvchi Navoiyning qahramoni uchun bu hali fojianing intiho nuqtasi emas. Aslo! Uning "ikki jahon" (ham moddiy borliq – nazargoh, ham g‘ayb olami)ning dardlaridan, sir-asroridan voqif valiulloh zot vujudi va ruhiyatiga tutashgan, asli bu foniy dunyo g‘am-anduhlari, armonlari bois alanga olgan "fig‘on o‘ti" faqat boqiy dunyo – samovotning yetti (yo to‘qqiz) burji uzra erkin-emin kezib, barcha neʼmatlar, mavjudotu mo‘jizot bunyodkori – Xoliqu Qodir Alloh haqiga hamdu sano va salavotda bo‘lgan daxlsiz "maloik xayli"ga biror ziyon, shikast yetkazmasin, ilohim!.. Bilʼaks, mislsiz dahshat, nihoyasiz vahshat yuz berishi mumkin... Eʼtibor bering-a: Navoiy qahramonining "o‘tlug‘ fig‘oni" nechog‘lik miqyosga ega bo‘lsa, uning "... asrag‘il, yo rab!.." nolavor iltijo so‘zlarida shunchalar purdard maʼnolar tajassum etadi!.. Mumtoz ifrot, xusni taʼlil sanʼatlari vositasida mutafakkir shoir dahosining namoyon bo‘lish tarzi, holati, darajasi, ko‘lami bizni hayratga soladi, o‘yga toldiradi...

Tavsiya etiladi
Shohbaytlar hayrati
Ko‘ngil kaʼbasi

Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…

Uch ofat...

Shohbaytlar hayrati
To‘ymadim, yo‘q, to‘ymasman!

Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,

So‘zim bo‘lsa yolg‘o...

Shohbaytlar hayrati
To‘zimsiz iztirob

O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....