Falsafiy hikmatlar haqiqatidan – badiiyat olamiga. Bundan kuzatilgan maqsad: so‘zning ilohiy maʼno-mohiyatini talqin va tahlil etish orqali fasohat sirlarini, uning o‘zgacha-rangin, daqiqu nafis qirralarini bir-bir inkishof qilish. Yoxud orifona hayollarning sheʼriy tajallisi – zarifu na-fis timsollari:
Nido yetkurdi nogoh munhiyi roz –
Ki: "Ey, afsungari afsona pardoz!
So‘zung bor avj uza chekdi alamni
Ki, surdung Arsh lavhig‘a qalamni
Agarchi axtaredur har so‘zung pok –
Ki evrilur oning boshig‘a aflok"...
("Badoyeʼul-bidoya "dan)
Atorud yo‘llagan farishta-elchi ("munhiyi roz") tilidan aytilgan, Navoiy qalamining qudrati haqidagi bundayin qudsiy mazmundagi vasf zamiridan ("balog‘at kishvari", "fasohat mulki", "Arsh lavhi", "axtar boshi" ramziy timsollarining maʼno-mohiyatidan) anglashiladiki, Navoiy so‘zi chindan ham farishta-maloikalar, ruhlar dargohi – samovotning avj nuqtasi, yaʼni Arshi Aʼloning sirli-g‘aroyib toqi-gumbazi uzra o‘zining muzaffar bayrog‘ini tikmaganida, "har so‘zi" bir yulduz misol porlaguvchi boqiy sehr-joziba kasb etarmidi?!.. Uning boshidan osmon-falak "evrulur" darajada oliy qadr, yuksak bahoga molik bo‘larmidi? Anʼanaviy faxriya usulida favqulodda mubolag‘a (ifrot) sanʼati zaminida yaratilgan bunday falsafiy-lirik lavha, Navoiy ruhiga, dahr sheʼriyat ruhiga kira olgan, demak, maʼlum iqtidor, tug‘ma salohiyat barobarida, maxsus maʼrifiy hozirlik darslarini ham o‘tgan, hushtaʼb va zakovatli kitobxonda, shubhasiz, biror ishtiboh, uyg‘ot-masa kerak... (Bu qutlug‘ mavzuda, birinchi navbatda, Ye.E.Bertels, Oybek, Shayxzoda kabi hassos alloma-tadqiqotchilarning, xususan, Navoiy ijodxonasiga oid mushohada-mulohazalari eʼtiborli va qimmatlidir. Jumladan, fidoyi alloma Hamid Sulaymonning o‘z ustozi Bertels haqida, yaqin do‘stlari, zukko mutarjimlardan A.Ivanov, L.Penkovskiy, V.Derjavinlar bilan ijodiy muloqotlari haqida o‘ziga xos huzur va g‘ypyp ila aytgan xotirot so‘zlari hanuz qulog‘imda...Ochig‘i, "Navoiyni anglash" yuqorida zikr etilgan va etilmagan yetuk allomalar, xalqimizning chin ziyolilari, fuzaloyu zurafolariga xos fazilatlar maqomida, saviyasida bo‘lmog‘i mening ham uzoq yillar davomida ko‘ngilda avaylab va ardoqlab yurgan, asta-asta amallanib, tobora yetila borgan va qaror topgan ezgu orzuim, komronlik murodim, bezovta o‘y-xayolimdir...).
So‘ngra "Hayrat ul-abror" dostonining "So‘z taʼrifida", so‘zda "maʼni guhari"ning baho mezoni va salmog‘i to‘g‘risidagi maxsus sahifalarida tajalliyot falsafasi – "vaxdatul vujud", Allohning biru borligi, ikki olam bilan butunligi – "Tavxid" taʼlimotiga oid sharxlar, "so‘z baxri", so‘z durji (sandiri), "so‘z burji" (mehvar uki) kabi ramziy timsollar betakror falsafiy-lirik lavhalar yaratiladi:
Ul kishi so‘z bahrida g‘avvos erur –
Kim guhari maʼni anga xos erur.
To‘rt sadaf gavharining durji ul,
Yetti falak axtarining burji ul...
So‘ngra "Layli va Majnun" dostonida So‘zga berilgan taʼrif o‘zining quyma va teran nuktadonligi, bizning milliy tafakkur tarzimizga xos zarifligi bilan hayratga soladiki, uni hech ikkilanmasdan, umuman, sheʼriyat — fasohat olami uchun falsafiy iqtibos, ramziy debocha o‘rnida qabul kilish mumkin:
Ey So‘z, ne balo, ajab guharsen!
Guhar neki, bahri mavjvarsen...
Aytib sovumas tarona – sensen,
Olib qurumas xizona – sensen...
Voajab!.. Ko‘chirilgan iqtibos-bandning avvalgi bayti anglatgan, zohiran oddiy, odatiy hol bo‘lib tuyuladigan, o‘zaro muqobil maʼnolar nisbati o‘z mantiqi bilan o‘yga toldirmaydimi?.. Ziddiyatli-muqobil timsollarning nechog‘liq hayotiy va haqqoniy ekanini bir mushohada etib ko‘ring-a: Sen, ey So‘z, ne balo, ajab guharsen!.. Bir satrda ham "qandog‘ balo", ham "g‘aroyib guhar" – ikki qutb qarama-qarshi maʼnodagi chuqur ramziy nisbatni yonma-yon qo‘yish... Ha, avvalambor, birinchi shoir, suxanvar voiz ham, so‘z meʼmori, zarshunosi ham xalqdir. Har gal bu tengsiz daho yaxshi so‘z, marg‘ub tashbeh axtarib, saralab, baʼzan eng nomarg‘ub, mayli, eng qaltis, eng ayovsiz, achchiq, haqiqatni ifodalagan shafqatsiz so‘z, iboralarga ham murojaat qiladi. Hazratning o‘zlari ham ona xalqining o‘sha qadimona, sinalgan armonli, kinoyali nisbatlash usuliga tayanib, o‘lmas timsollar yaratmaganmi: (Yo rab!..) Yaxshilik qilki, notavoningman, Yomon o‘lsam ~ sening yomoningman!"; "Lutfu malohatda jahon ofati, dema jahon ofati, jon ofati...". Yoxud Samarqand hijratidan qutlug‘ yodgor, pokdomanlik va zakovatda benazir, farishtasifat yigit Mirzobekning bemahal o‘limidan: "Vo darig‘" "Vo hasrato!" deya ortiq kuyunib, uning ruhiyati uchun keyinchalik butun bir g‘azal shakliga keltirgan: "Ko‘zing, ne balo, qaro bo‘lubtur, kim jonga qaro balo bo‘lubtur" matlaʼ-baytiga shunchalar mehr-ixlos, eʼtiqod-eʼtimod bildirganida, So‘zning boqiy maʼno, baho, oro, nafosat baxsh etguvchi muqaddas qudrati, joziba sehridan hayratga tushib, vujudi, qalbi, ruhi larzaga kelmaganmikin?!. Va xususan, iqtibos-band tarkibidagi: "Aytib sovumas tarona ~ sensen, Olib qurumas xizona (kon) – sensen!.. kabi tom maʼnoda o‘lmas bir qo‘shiq, alyor usulida yaratilgan, oltin yombimisol quyma shohbayt ham asli anʼanaviy takrir va musajjaʼ (ichki sajʼ-qofiyalar – "zulqodiyatayn") sanʼati bilan muzayyan lavha xalqasini shunchalar muborak maqomga ko‘targan "Alisheriy" timsollar ham mohiyatan xalqona (turkona) tarona badiiy sayqal namunasi emasmi?!. So‘ngra "Sabʼai sayyor"da So‘zning falsafiy-badiiy talqiniga oid, uning ruhiy xilqati haqida shunday jozib lavha yaratiladi:
"Gulshani keldi jismi insoniy
Nutq – aning bulbuli xushilxoniy...
Ayla gulzori gullarin toza,
Bulbulin qil baland ovoza!
Gulining shamʼini munavvar qil,
Atridin daxrni muattar qil,
Nazmi avroqini pardai jondin,
Ham siyohini obi hayvondin...
Bu iqtibosning, xususan, oxirgi ikki baytida So‘z gulshanining bahoriy tarovat va malohati, fayzi safosi, inson hayoti va ruhiyatiga ko‘rsatgan maʼnaviy nafi, fasohat zevari (ziynati)ning qadri-bahosi, demak, uni asrab-avaylash ehtiyoji-muhofazasi jondek aziz, hayotdek boqiy haqiqatlar darajasida ulug‘lanishi o‘z hikmatiga, mantiqiy zaminiga ega; illo, so‘z gulshanining har bir guli so‘nmasin, aksincha, kunduzi oftob misol, tunlari shabchiroqday o‘zidan nur taratsin... So‘z gulining xushbo‘yligi – boqiy atridan nafaqat vasl bog‘i mahbublari, balki barcha oshiq-suxanvarlar dimog‘i orolansin... Shoir anʼanaga binoan so‘z ohangini Allohga qarata (ikkinchi shaxs – "sen"ga daʼvat-iltijo usulida) ifoda etishi bejiz emas. Bundagi jozib badiiy mantiq taqozosi bilan bu gulshan kuychisi bo‘lmish oshiq-shoir Navoiy o‘z sheʼriy devoni yo nazmiy risolasining "avroqi" (varaqlari) hatto uning siyohigacha mo‘jizaviy vositaga aylanishi, yaʼni boqiylik ramzi bo‘lib qolishini haq Taolodan iltijo qilib so‘radi. Ha,hazrat bunga har jihatdan (ham tengsiz valiulloh siymo, ham so‘z dahosi sifatida) haqli edi...
So‘ngra, dostonning sakkizinchi bobida shuuriy idrok, mantiqiy tafakkur hayratga tushadigan ("aql boshi aylanar") sirli-sehrli lavhalar, tengsiz sanʼatkor xayolining yuksak parvozi, "zamin qaʼriyu toqi charx avji" ko‘zlagan teranliklarini inkishof etish Navoiy qalami uchun oddiy, odatiy bir holatday o‘z ifodasini topadi:
...Yo rab, ish mushkilu bu xasta zaif,
Pashshag‘a fil ishi erur taklif:
Charx tomig‘a nardbon yasamoq,
Mehr shamʼig‘a shamdon yasamoq
Qilibon anga but ipini kamand
Aylamak ajdaho aning bila band.
Zarrada mehrni nihon aylay,
Bahrg‘a qatrani makon aylay.
Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…
Uch ofat...
Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,
So‘zim bo‘lsa yolg‘o...
O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....