1. "Zuhurot" (tajalliyot) falsafasining mohiyati haqida.
2. "Majoz - haqiqat ko‘prigi" hadisi hikmat ochqichi sifatida.
3. Tajalliyot olami - Haq zoti va mohiyatining shahodat oyinasi.
4. "Majoz" va "haqiqat" timsollari zaminida Navoiy yaratgan shohbaytlar.
Muqaddima
"Tajalliyot" istilohi o‘zi nima? Uning bidoyasi (ibtidosi) qay bir ilohiy nuqtada aniq shakl-shamoyilga egalik maqomini olib, qay bir soniyadan-oniy bir "nafas" mezoni -mumkinoti ichra harakat etadi? Hazrati Nizomiddin Alisher Navoiy muqaddas kitoblar sirasida eng mutabarrak ekanligi musallam deb e’tirof etilgan Kalomi Majidga "tayanch nuqta" sifatida iymon keltirib, deydilarki:
So‘z kelib avvalu jahon - so‘ngra,
Ne jahon, kavn (zamon) ila makon -so‘ngra...
Baayni shu shohbaytning o‘ziyoq muqaddas moʻjiza - So‘zdan keyin... poyonsiz Shahodat dunyosi (muborak Nazargoh) - tajalliyotning ilk amin-burhon dalolati tarzida Holiq Qudrat -Alloh "zoti"ning birinchi "sifoti" (zuhurot alomatlari) yo Alloh mulkining falsafiy talqini -"Mutlaq Haqiqat"ning majoziy ko‘zgusi sifatida maxsus talqinu tahlilga birlamchi zamin hozirlaydi...
Soniyan: "nizomul millati-vad-din Alisher" (Jomiy ta’rifi) Navoiy "barchadin sharif" maqomida ulug‘lagan insonga ortiq nisbat berilib, xayolan uning boqiy timsoli mujassamini "Mutlaq ruhiyat" unvonida falsafiy-badiiy talqin etish an’anaga aylanganida, asta-asta "suvrat" va "siyrat" istilohlari, so‘ngra, "zohir" va "botin" atamalari tobora keng qo‘llana boshladi; mumtoz she’riyatda birlamchi omillar: "muddao", "ma’ni" (mazmun) bilan ularning"shakli", "ifodasi" bora-bora uyg‘unlik, mutanosiblik kasb etib, mushtarak ma’nodagi "tashbeh", "nisbat" va ayniqsa, "timsol" tarzida, badiiy umumlashma maqomini oldi. Shu tariqa majozning-haqiqatga, zotning - sifotga, siyratning - suvratga nisbati turli-tuman, turfa xil - rangin holat va ko‘rinishlarda tovlanib, tajalliyot falsafasining dastlabki va keyingi jilva va aks-jilvalari, hatto jilvalar-jilvasi (falsafiy talqinotda: haqiqatning in’ikosi, in’ikoslar - in’ikosi va h.)paydo bo‘la boshladi...
1. Nihoyat, "Alishyeriy" tashbehlarga, to‘g‘rirog‘i, umumlashma timsollar sharhi, tahliliga o‘tamiz. "Naziri yo‘q" (Bobur) so‘z dahosi, mutafakkir shoirimiz, chunonchi: "ishq", "ko‘ngil" tasviri chizilgan oshiqona, orifona (mohiyatda ilohiyona) shohbaytlar, nuktadonu betakror nazmiy bandlar - falsafiy-lirik lavhalar silsilasining biri biridan jozib-u daqiq xalqalari sharhi, tahlili davomida tajalliyot ( "zuhurot ") olami haqida, har gal uning turfa suvrat va siyratda namoyon bo‘lishi haqida o‘zgacha-jozib taassurot olamiz, beixtiyor, hayratga tushamiz. Chunonchi, "Ishq" xususida:
Ishq - sensen, dog‘i-yu oshiq -sen,
Yana ma’shuqluqqa loyiq -sen.
Ayni ma’shuqluqda jilvan zot –
O‘zini ko‘rgali tilab mir’ot...
Husnungg‘a har dam o‘zga suvrat o‘lub,
Ko‘zgu takrori ham zarurat o‘lub...
Jilvai husnungg‘a chu yo‘q edi had –
Ko‘zgu kerak bo‘ldi anga beadad!
Muncha g‘aroyibki - misol aylading,
Borchani mir’oti jamol aylading!..
Mazhar (zohir) o‘lub husnungg‘a mir’oti g‘ayb,
Jilva qilib anda xayoloti g‘ayb:
Nozir -o‘zingu manzur -o‘zing.
Ishqingg‘a -xush, husnungg‘a mag‘rur -o‘zung!..
Ajabdan bul’ajab ruhiy holatu "xayoloti g‘ayb" namudoru (ko‘rinishlari) tasviri-yu tavsif lavhalari: "ishq", "oshiq", "ma’shuqluq", "sen", "o‘zi", "o‘zing", "zot" timsollari... ayni vaqtning o‘zida ham mohiyat, ham uning zuhurot ma’nolari mushtarakligi tarzida -turlicha tovlanib, masalan, ilmi "Tavhid"ga xos zohiriy va botiniy ma’nolar mujassami sifatida kelsa, chunonchi: "jilva", "ko‘zgu", "mir’ot", "mir’oti g‘ayb", "xayoloti g‘ayb" nisbatlari faqat zuhurot, suvrat ifodasiga aylanadi...
Ikkinchi tamsilimiz -"ko‘ngul" xakida. Bu -"Ishq"qa nisbatan sal boshqacha: ko‘proq "sifot"ga, "suvrat"ga moyilroq (to‘g‘ri, u ba’zan "zot " - o‘zlik, "siyrat " chizig‘ini yorib o‘tishi mumkin). Zotan, bu sharifu e’zozli kalomga yuksak nufuzli qimmat berilishi ajablanarli bir hol, ya’ni hayot va badiiyat mantiqidan holiy emas: "Ka’baki, olamning o‘lub qiblasi, qadri yo‘q andog‘ki - ko‘ngul Ka’basi!". Nafaqat badiiyat, fasohat olamida, ayniqsa, islomiy falsafa sohasida bag‘oyat teran tafakkur sohibi, shuningdek, tariqatning nazariy va amaliy asoslari tasarrufida o‘ziga xos, mustaqil maqomga musharraf bo‘lgani e’tirof etilgan (masalan, ulug‘ sharqshunos Ye.E. Bertelьsning musallam bahosiga molik bo‘lgan), jahonda misoli kam shoir, "mutafakkirlar mutafakkiri" Alisher Navoiy beqiyosu bebaho ruhiy xilqat - ko‘ngul ta’rifida ham hayratomiz yuksak - sarbaland martabali "so‘z guhari" timsollarini yaratgan. Bu da’vo dalolati sifatida quyidagi purhikmatu purviqor bandni ko‘chirish kifoyadirkim, uning batafsil sharhi, tadqiqi xushtab’ va zukko kitobxon hukmiga havola:
Sham’i baqo chun yorug‘ aylab ko‘zin,
Anglabon ul saltanat ichra o‘zin:
Mulk-o‘zi-yu, taxt-o‘zi-yu, shoh-o‘zi,
Borcha -o‘zi, borchadin ogoh -o‘zi..
Beixtiyor: "Voajabo, vodarig‘-o!" -deya hayrat va shavqu rag‘bat o‘tida yonmay, dardu iztirob, tug‘yonu isyon girdobida to‘lg‘onmay umid, najot sohiliga yetib bo‘ladimi?!.. Ko‘ngul mulki "saltanati" shunchalar emin-erkin, hur-ozod, ayni chog‘da onqadar sobiru sobit, poydoru barqaror emish, cheksiz-daxlsiz mumkinot (imkoniyat va imtiyozlar) tasarrufotiga ega emishki, uni xoh ushshoq ahli, xoh "hol ahli" - porso (parhezkor) vali zotlar, turli tabaqotga mansub (ilohiy, dunyoviy maslak-matlab guruhlari) orif, mutafakkirlar: pokdomon, xulqi hamda guruhlarning, obidu solih zoti kiromlarning umid-armonlari... hayratomiz tarzda tajassumini topgan moʻjiz ruhiy xilqat-avval qayd etilgan benisbat ruhiy-ilohiy SALTANAT emishdirki, uni faqat "haqiru faqir" zot (bu -hazrat Navoiyning o‘zi, uning jafokash o‘zligi-shaxsiyatiga mansub bo‘lib, "fano dayri " -xilvatgohi, tavobgohi-ko‘ksida asrab-avaylab, mahfuz saqlab yurgan bo‘lsa ne ajab?) Mana ko‘ngul mulkida tajalli etgan jilvalar, ularning necha-necha bor in’ikosi-aks-jilvalari, boringki, unsiz sadolari va aks-sadolari; Haq Taolo "zoti"-mohiyatga doxil ibodat -duolar, dardlarga malham bo‘luvchi tilak-iltijolar, munojotu tavallolar, jonga oro, ruhga madad baxsh etuvchi "sifot" alomatlari, ko‘ngul "siyrati"ning ruhafzo-masrur "suvrat"lari... Xullasi kalom, tajalliyot falsafasining she’riy jilvalari... ulug‘ mutafakkir shoir, valiulloh murabbiy zoti kirom talqinotida xoh Haqiqat va Ruhiyat ibtidosining asli "zoti" bo‘lsin, xoh "sifot" suvratlari bo‘lsin, behaddu benisbatdurkim, buni turfa she’riy timsollar, shohbaytlar sharhi, biri biridan nuktadonu daqiq "so‘z guhari", "ma’ni guhari" talqini, tahlili davomida kuzatishimiz mumkin.
2. Nihoyat, ushbu faslda tom ma’noda ilohiy she’riyatdagi ajab "zuhurot" (tajalliyot) tashbeh-nisbatlari misolida, asosan "So‘zi martabasi..."ga yuksak qimmat berib, uning qadrini chandon yaxshi bilgan va baland tutgan she’riyat dahosining sirli-moʻjiz "san’atxonasi" (Shayxzoda)ga, tabiiyki, o‘zgacha hayrat, faxr, muayyan mas’uliyat bilan sayr etishga jur’at qilamiz. Kuzatishlarimiz davomida "naziri yo‘q" san’atkor, buzrukvor piri murabbiy siymoning ne-ne muxlis-muhiblar musharraf bo‘lolmagan ilohiy yaratish jarayoni haqida; uning mayonu’ (biri biridan nafisu nuktadon san’atlar bilan ziynatlangan) badiiy o‘zgachaliklari, ehtimolki, ma’lum ma’noda ijo¬diy taraddud hozirliklarimi yo boshqa sirli jihatlarimi -xul¬lasi kalom, faqat "Alisheriy" betakror timsollar haqida imkon qadar aniq va yorqinroq sharhlar berishga urinib ko‘ramiz. Dastavval, anchayin bardavom izlanishlar, xos va maxsus kuzatishlar-hayratli mushohadalar, goho ishtibohli xayollar tug‘yonida, banogoh: "topdim!" deya o‘z quvonchini yashirolmagan, g‘aroyibu ajoyib (faqat izlanishlar jarayoniga daxldor) mas’ud lahzalar lazzatini kechirish mumkin. Mana shunday yoniq-otashli, dardli misralaru baytlardan shakllangan olti satrdan iborat, xoh dunyoviy, xoh ilohiy deb biling, haqiqiy she’riyat samari bo‘lmish "Alisheriy" bitta tabarruk band misoli, xususan, hayotiyligi, samimiyligi, "odamiy"ligi, dilxohu uzrxohligi bilan tengi, nisbati topilmas "ma’ni"laru fasohatoro "noguzir" (muqarrar malolsiz) hamda musallam (hech bir e’tirozga o‘rin bermas) alomatlari bilan jazb etuvchi shohbaytlar dalolati va shahodati:
Kishi ham ermas emish Ishq sirriga mahram:
Taxayyuliga -ko‘ngul xam, hadisiga -til ham...
Yoshurdi odam agar Tengri sirrini , ko‘rungiz –
Ki, xalq sirrini tutmas nihon bani odam!..
Agar gunohim esa dardi Ishq izhori –
Bu so‘zda... yaxshi-yomonim qoshida men -mulzam!..
Endi bu o‘ziga xos falsafiy-lirik bandni xos tafsillari orqali sharhlab o‘tish zarurati bor: ikki baytda "Ishq sirri", "Tengri sirri", "xalq sirri" birikmali nisbatlari kuzatiladi. Ne ajabki, "Ishq sirri" -mahram bo‘lib qoladi ( "ko‘ngul"ga ham "til"ga ham). "Tengri sirrini" odamzot "yoshura" tu¬rib, "xalq sirri"ga qolganda, "nihon tutish"ga ojizlik qiladi... bas, volai shaydo oshiq Navoiyning (shoir xayolidagi komil inson - qahramon timsoli), uni "majoziy ishq Majnun aylagan", demak, xalq nazaridan qochib qutulolmay, o‘z dardini noiloj oshkora izhor etib qo‘ygani... malomati! Navoiy chizgan she’riy lavha zamiridagi tuyg‘ular, kechinmalar, xayollar dramatizmini, uning baravj nuqtasi -shaxsan o‘zini, o‘zligini "gunohkor" deb hisoblash ( "gunohim esa... ") va ayniqsa, bundayin shafqatsiz qismatning oqibat va asorati: "yaxshi-yomonning qoshida... mulzamlik" mazallati!.. Navoiy qalami-ilohiy "kilki Sun’" qudratini ko‘ringki, lafzan ochiq-ayon aytilmasa ham, "yaxshi-yomonning qoshida, "xosu om" ila yuzma-yuz to‘qnashuvda "dardi ishq izhori" (hali bu "Ishq sirri " emas emish!), shubhasiz, bu -"majoziy ishq" alomati, aniqrog‘i: malolat va malomati nimaligini... faqat ushshoq ahli o‘zi biladi (bejizmaski, Navoiy mashhur qit’alaridan birining muxtasar unvoni-sarlavhasini: "Majoziy ishq " ko‘nglin malolg‘a solg‘oni " deb nomlaydi) va bil’aks, "ishqi ilohiy" yo "ishqi haqiqiy" sirrini xech kim oshkor qilolmas darajada daxlsizdirki, hazrat butun "umri aziz"i mobaynida e’timod va e’tiqod qo‘ygan "Ishki ilohiy"ning joziba siri ham shunda. Xullas, yuqoridagi ajoyib she’¬riy bandning sharhidan ayon bo‘ladiki, Navoiy shohbaytlari kami bilan uch jihatdan: tashbeh-nisbatlarning shunchalar (ham badiiy-mantiqiy, ham falsafiy "ma’nilari" e’tibori-la haqqoniyligi, demak, daho san’atkor ijodxonasiga monand-munosib qimmati va nihoyat, biz qalamga olgan mavzu: tajalliyot — "zuhurot " talablari uchun ham maqbul va matlub qirralari bilan) ajralib turadi...
Navbatdagi ikki baytlik ajoyib band sharhini bevosita tajalliyot falsafasining badiiy talqiniga va o‘rni, zarurati bilan Navoiy "san’atxonasi"ga oid mushohada –mulohazalarga ajratamiz:
O‘z ko‘zung birla o‘zungni garchi ko‘rdung ko‘zguda -
Ko‘zgu aksidek valyekin muztarib (iztirobli) men ko‘zgudin.
Ko‘yingga borurda goh vahm, goh rashq o‘lturur:
Soya tebransa - keyindin, mehr (oftob) chiqsa-o‘trudin!..
Mumtoz "ilmi sanoye’"ga mansub takrir san’ati-la muzayyan ( "ko‘zgu " tashbehi to‘rt marta rangin qirralarda takrorlanib kelsa, ikkinchi baytda "vahm"-"rashk", "soya "— "mehr", "keyin¬din " — "o‘trudin " nisbatlari-la jilvalangan ko‘zgu suvratiga aylanadi...) g‘aroyib bu tashbeh, birinchidan: hayotiy-mantiqiy va betakror badiiy qirralari bilan, ikkinchidan: insoniy jozibasi ila avvalgi banddan kam emas, ziyodroq taassurot qoldirsa ajab emas!.. Unda, avvalo, o‘sha sirli "ko‘zgu" jilvalari -"zuhurot" qirralari bir vaqtning o‘zida tengi yo‘q ulug‘ "san’atxona" (Shayxzoda) ning shaxsan menga hali noma’lum ifoda yo‘lida, betakror timsollar tilida berilishi chindan-da hayratlidir. Yana-da aniqrog‘i: agar birinchi baytda "so‘z lavhi" tasvirida "yarq" etib ko‘ringan ko‘zgu jilvalarini tajalliyot olamining hech mubolag‘asiz, bu -"Alisheriy" zuhuroti deb atasak bo‘ladi (yaxshisi, o‘zingiz bir qiyoslang: "O‘z ko‘zung birla o‘zungni... ko‘rdung-ko‘zguda!" satrida qanchalar aniq, tiniq, musavvirona yorqin, jonli manzara namoyon bo‘ladi! Judayam oddiy, lekin g‘oyatda hayotiy-odatiy, hech bir malolsiz, ehtimol, "qadimona " dilxoh so‘z: "o‘zungni ko‘rdung... " Navoiydek pokdoman vali zot, yo‘q, shoirning qahramoni -oshiq xayolini band etgan qay bir mahliqo: oftobjamolu gulruxsorni, husn mulki malikasini, xos haramida, xos pardozxona ko‘zgulari "o‘tru "sida jonlantirgan malaksiymo bir suvrat!.. "Faqat shu xolosmi?" dersiz... shohbaytning ikkinchi satridan:
"Ko‘zgu aksidek... muztaribmen ko‘zgudin" so‘zlari zamirida nima sir bor, xususan, "muztaribmen" tashbehi tagmatni nimani anglatadi?!.
Endi ikkinchi shohbayt mundarijasini mushohada etib ko‘raylik-chi. Birinchi satrda muxtasar shaklda chizib berilgan, tom ma’noda lirik-dramatik manzara: "Ko‘yingga borurda: goh vahm, goh rashq -o‘lturur ". Bundayin o‘z ziddiyati bilan haqqoniy kechinma suvratiyoq o‘ziga jazb etadi, lekin uning siyrati - mohiyat va sababiyatini keyingi misrasiz aniq, to‘liq tasavvur etish ham, yaxshiroq idrok qilish ham imkonsiz: "Soya tebransa - keyindan, mehr chiqsa -o‘trudin!" Ana endi chuqurroq razm solib, zakovatli bobolar tilida, "taammul" qilib ko‘rganimizda, orqa yoqdan "soyaning tebrangan" sharpasi "vahm" - qo‘rquv tug‘dirsa, boz ustiga, oldindan - ro‘baro‘dan chiqqan quyosh uning rashkini keltirsa, ikki o‘t o‘rtasida qolgan bechora oshiq to‘satdan jon taslim qilishi mumkin-ku!..)
Ha, Navoiyning yuksak badiiyat, bir-biridan purma’no, purviqoru jozibador timsollarga boy she’riyat ummonidan muntazam bahravar bo‘lib, "so‘z guhari" sirlarini qaror topgan muayyan me’yor-tartib, o‘yin asosida izchil o‘rgana borib, ulug‘ mutafakkir va murabbiy shoirning o‘zi an’anaviy faxriya yo‘lida, qonuniy g‘urur ila qayd etib o‘tganidek, ("Agar "xosa ma’ni", gar "iyhom " erur, oning kunda yuz bayti halvom erur ", "Masnaviy"dan.), "nazm aro nodir shoir"- So‘z dahosining asosan, "masnu’" (san’atlar ila muzayan), yuqorida sharhlab o‘tilgan she’¬riy tamsillarga hamohang bir-ikki shohbaytga munosabat bildirish bilan suhbatimizning 3-fasliga o‘tamiz...
Ey Navoiy, yaxshi ermas erdi ul yon borganing -
Chun borib, o‘tlug‘ (oftobday) yuzin qilding tamosho: emdi — yon!!.
Mazkur "masnu’" bayt tagmatnidan bir yo‘la uch mumtoz she’¬riy san’atni idrok etsak bo‘ladi: "ul yon" (tomon) va "emdi -yon!" (qaytmoq) ma’nolari nisbatidan "tajnisi tom" san’ati; ikkinchi misrada takroran kelgan "yon"ning o‘zidan anglashilgan "ikki zidd" tashbehi (yo‘nalish va "o‘rtanmoq" ma’nilari) zamirida esa... anchayin noyob-tansiq san’atning "tazodi iyhom" namunasi, shuningdek: "borchaning" -"borib", "ul yon" -"emdi yon" she’riy so‘z birikmalaridan "takrir" san’ati yaratiladi.
Nihoyat 2-faslga xulosa xizmatini o‘tashi mumkin bo‘lmish, "masnuot" maqomidagi ikki shohbayt sharhi-tahlili:
Telba ko‘nglum, vahki, har coam birov (!) sori borur,
Man’ qildim ersa, bag‘r (jigar) im og‘rig‘udek yolborur...
Aql vasvosini qo‘ysam avlo ulkim, men dog‘i:
"Boshim olib ketga(y) men" har soriki... ul boshqarur!..
Birinchi bayt bir yo‘la uch badiiy san’at ila ziynatlangan: (!) "har soat birov sori borur..." Bu xalqona naqlda bir jabrdiydaning tirik fojeasi - savdoyi bo‘lib qolgani (ehtimolki, "tel¬ba"lik bejiz emasdir -baxtsiz muhabbat oqibat-asoratidir). Mumtoz muvozana usulida ifodalansa, (2) "bag‘rim og‘rig‘udek yolborur" xalqona naql-jumlasida "tashbihi tom" san’ati bor. (3) "Birov" tashbehi, ehtimol, bir bevafoni yoxud boshqa bir shaxsni anglatishi ham mumkinki, bu -mavhum nisbat zamirida "iyhom" san’ati yashiringandir. Yoki: "man’ qildim ersa" -"... yolborur" xalqona iboralar zaminida mumtoz "tazod" san’ati mavjud... Ikkinchi bayt zevari (badiiy ziynati) ham avvalgisidan ortiq bo‘lsa-ortiqki, kam emas: "Boshim olib ketga(y)men..." Bu, avvalo, jafokashu balokash ajdodlarimizdan meros g‘oyatda dardnok-hasratsaro naqllardan; ulug‘ shoirlarimizdan ayniqsa. Boburning: "Boshim olib, ey Bobur, ayoq yetgancha ketgaymen!.." shoh-satrini eslatuvchi hazin ibora, shuningdek, "aql vasvosi" bois inson qismatiga bitilmish turfa savdolar hamlasi - ne-ne alam-iztiroblar otashida ham mudom uni "ko‘ngil... boshqaruvi..." bu -"irsoli masal" va "tazod" san’atlari (darvoqe: "ul boshqarur...") "istiora"ning nodir namunasi sifatida bizni boz hayratga solib, xayolga toldirmaydimi?!.
Bu sharhlarda... xoh "Mutlaq haqiqat", "Mutlaq ruhiyat" bo‘lsin, xoh "Fano", "Baqo", "Vahdat", "Tavhid" falsafasining "Ishqi majoziy" yo "Ishqi hakiqat" timsollaridagi ilohiy "zuhuroti" (tajallisi), yana aniqrog‘i: "ko‘zgu takrori ham zarurat o‘lg‘on" aks-jilvalari sifatida, yuqorida talqinu tahlili berilgan Haq "zoti" -"mohiyati"ning orifona, oshiqona "si¬fot" alomatlari -"Navoiyvor" nuktadonu betakror suvratlari ila, chuqurroq "idrok aylasak", boqiy siyrati, sirli-sehrli moʻjizoti bilan takror jazb etadi "ko‘ngul lavhi"ga bitiladi -ruhiyatimizga aylanadi...
3. Ma’rifiy suhbatimizning 1-faslida Alisher Navoiy masnaviyoti (dostonlari) muqaddimotining"hamd", "munojot" hamda "hayrat" boblaridan olingan (masalan, "Ko‘ngul" ta’rifining mislsiz sirli-moʻjiziy "so‘z guhari "lavhalari!) shohbaytlar misolida o‘rganilayotgan muborak mavzuimiz: "Tajalliyot falsafasi" (bu, shubhasiz, juda katta, bardavom muammolar mavzui!..) ibtidosi sifatida "majoz" -"haqiqat" islohotlari mezonida mantiqiy -badiiy tafakkur taqozosi-la o‘sha "Mutlaq haqiqat" unvonli tom ma’noda buyuk ma’rifatning, asosan inson dunyosiga daxldor "Mutlaq ruhiyat" bobidan "suvrat" -"siy¬rat" yoxud "zohir" -"botin" atamalari me’yor-andozasi-la qayta yaratilgan, har gal o‘zgacha-rangin shakl, kutilmaganda teran "ma’nilar" kasb etgan timsollarni tahlil jarayonida yana aniqlashga urinib ko‘ramiz:
Sano Haqqaki: koshifi hol erur,
Xirad mushkilotiga hallol erur.
Alimiki, yo‘qtur -bidoyat anga,
Azimiki, yo‘qtur -nihoyat anga...
Birinchn baytda "Mutlaq haqiqat"nint "zoti" (mohiyati), ya’ni Qodiru Holiqi Zuljalol Qudrati ilohiy... birgina "Haq" timsolida o‘zining mujassam ifodasini topsa, uning "sifoti" (asosiy alomatlari) birinchi navbatda, faqat ikki jihati-la umumlashtiriladi: "koshifi hol" va "xirad mushkilotiga hallol"... Albatta, mutafakkir shoir Allohning muhim "sifoti" uchun bu ikki jihat kifoya qilmasligini shu ondayoq fahmlagani bois, keyingi baytda yana ikki belgilovchi jihatga ayricha urg‘u beradi-da, shu zahoti -ularning har birini izohlaydi, yo‘q, ular izoh-sharh emas, balki falsafiy mezon-me’yor, o‘ziga xos "chegara", yo‘q, bu asli mohiyatda chegara-poyon bilmas, bardavom, jarayon, qisqasi, inson aqli, tafakkuri, hatto xayoli -taxayyul qudrati yetmas oliy xilqat, sirli xilqat ekanini... "alimiki", "azimiki", ya’ni na ibtido ("bidoyat") va na intiho ("nihoyat") qonunlariga bo‘y bermas, zamon va makondan holni adadsiz, tinimsiz cheksizlik, yuksaklik, boqiylik ekanidan bizni ogox etadiki, "Haq"ning "zoti" ham, "sifoti" (alomatlari) xam aql-zakovatni lol qoldiradi, ochig‘i, o‘rtadagi tafovutni bilolmay qolamiz. Bu -hazrat Navoiy anglagan va talqin etgan Tajalli¬yot falsafasining shunchalar jozib sirru sinoatidan Shahodat beradi...
"Masnaviy"dan boshqa bir tamsil-besh baytli purdard bandni olib, sharhlab boqamiz: podshohi sitamkor Abusayid Mirzo zamonida iste’dodli, "haqiru faqir", lekin haqparast, hurfikr tog‘alari maqtul (qatl) etilgan Alisher (Boburning shahodat berishicha, Samarqandga "ixroj" qilingan) motamzada hijrat kunlari, ona shahri Hirotga -o‘zini "shogirdu farzandmen" deb bilgani -azizu anis zot Sayid Hasan Ardashyer nomiga yo‘llagan mashhur maktubidan ortiq hazin misralarga razm solib, ular zamiridagi "ma’ni" larni taammul qilib (chuqurroq idrok etib) ko‘raylik-chi.
Sen edingki, har ishda yorim eding.
Ne g‘amki yetar, g‘amgusorim eding...
Suluk amrida urmayin beshu kam (ortiq yo kam demay)
Aning amridin ayru -(bir) dam yo (bir) qadam...
Anga qolmagay o‘zidin xabar,
O‘zidin nekim, o‘zlukidin asar...
Urarmen qadam, toki borguncha gom -
Ki, bo‘lg‘ay muyassar manga ushbu kom!..
Agar bo‘lsa, bu yo‘lda umrum talaf (tamom) -
Chu bu yo‘ldadur ul ham erur sharaf!..
Bu - mukaddas Kalomi Majidning misli qasam oyatlariday o‘tli-so‘zonli satrlarni ming to‘rt yuzu oltmishinchi yillar shahodati deb bilsak, (ehtimolki, haqiqiy ixlosmand muhib-muxlislar o‘zlari tartib bergan "Ilk devon "dan joy olgan), hali yoshu "mustaqil daho" (Lessing) qalami yaratgan tom ma’noda moʻjiz baytlarning "ma’ni" salmog‘i, "masnu’" (ziynatli) ifoda qimmatini aniqlab bilib baholatiga mezon, imkon qadar to‘laroq sharhlashga tahlil qilishga munosib so‘z topish amrimahol. Faqat shunisi aniqki, bundayin muborak "hasbi hol" satrlari... "haqiru faqir" (Navoiyning o‘z iborasi) inson, "naziri yo‘q" so‘z dahosi umr yo‘lining sururli va bo‘ronli manzillari davomida dasturil amal bo‘lib xizmat qilgani , hech shak-shubhasiz. Bugina emas. Yuqorida ko‘chirilgan misralar Alisherning hali "kichik erkoni" dan e’tiboran aqlu idrokini, xayolot dunyosini, qalbini, alal-xusus, had-adadsiz ruhiyatini band etgan "ulug‘ muddao" (Navoiyning necha bor iftixor ila tilga olgan muborak kalomi!) xoh bevosita, xoh, bilvosita bo‘lsin, tur¬fa rangu ohangda, turli holatu "vaz’i"yatlarda aks-in’ikos etgani shahodati, timsoliy dalolatini ayon ko‘rib, dildan anglab hayratlanamiz va har gal iftixor hislarini kechiramiz... Xullasi kalom, bu - shunchaki sharhlar emas, balki tajalliyot ("zuhurot ") falsafasining "Alisheriy" talqinoti uchun tansiq-noyob, bebadal-benisbat lavhalardirki, buning teran, mantiqiy asosi, o‘z sababiyati xos qonuniyati bor (uning tahqiqi yangi mushohadalar, yangi izlanishlarni taqozo etadi...)
Yana-da boshqacha she’riy tamsil. Bu gal she’riyat olamidagi ustoz-shogird munosabati aks etgan, maxsus ramziy-istioraviy nisbatlar zaminiga qurilgan umumlashma-lirik lavhani kuzataylik. Chunonchi, Navoiy ijodxonasi uchun shaklan va mazmunan qanchalik muxtasaru teran bo‘lsa, badiiy mantiq e’tibori-la shunchalar haqqoniy, aniq, yorqin daliliy timsollar misoli sifatida "Gʻazalda uch kishi... (Xisrav Dehlaviy, Xoja Hofiz, Abdurahmon Jomiy) tavridur ul nav’" satri-la boshlanadigan qit’aning keyingi baytlaridan "xosa ma’ni" lari - suvratu siyrat jihatlari mushtarak birinchi misralarga e’tibor bering-a:
Bupi -moʻjiz bayonlik sohiri Hind...
Biri -Iso nafaslik rindi Sheroz...
Biri -qudsiy asarlik orifi Jom...
Mazkur qit’aning, ne ajabki: "Majoz -haqiqat ko‘prigi" hadisi sharifini eslatib turuvchi bag‘oyat mazmundor, ayni paytda nafisu purviqor shohbayti:
Hamono, ko‘zgudurkim, aks solmish –
Anga uch sho‘x mahvashning jamoli! –
tarkibidagi: "ko‘zgudurkim", "akssolmish" nisbatlari zuhurot ("tajalliyot") falsafasining "suvrat"ga, ya’ni "majoz"ga mansub jihatini -aks-jilva -"suvrat"lar ifodasiga xizmat qilsa, "uch... mahvashning jamoli" ne ajabki, fasohat olamining nazmiy-rubobiy (lirik) sarchashmasi - bitmas-tuganmas manbai, ya’ni "zot" yoxud "siyrat" tajassumiga aylanadi. Bugina emas. She’riy san’at, badiiyat maktablarining keyingi avlodlariga (salaflardan -xalaflarga) turli darajada ijodiy ta’siri: aks-in’ikosi (bevosita -muhib-muridlik yo bilvosita - nazira-payrav yo‘lida) qanday zuhur etishini "naziri yo‘q" So‘z dahosining o‘zidan ziyodaroq ifoda etish mushkil ish:
Navoiy nazmiga boqsang, emastur -
Bu uchning holidin har bayti holi...
Alloh "zoti"ning mislsiz, adadsiz mir’oti ("ko‘zgusi") bo‘lmish boqiy xilqat -moddiy nazargoh biz hayratlanib, xayolga tolib, goh quvonib, goho iztirob chekib umrguzaronlik qilayotgan bu sirli-sehrli, ajabdan bul’ajabu g‘aroyib shahodat dunyosida qanchalar poyon bilmas ranglar, ohanglar, shakllar, turfa "suvrat"lar kasb etsa, bizga ko‘rinmas botiniy-ruhiy dunyoda, undan-da ziyodroq "siyrat" mezonlarida, hech shubhasizki, to abad boqiy me’yorlarda Haq taolo tasarrufidagi samoviy, fazoviy Haqiqatlar siru sinoatini o‘zida tajalli etadi... Irfonu ma’rifatning turfa sohalariga mansub mantiqiy tafakkurning chegarasiz-adadsiz mumkinoti-imkoniyatu "aql boshi aylanar" (Navoiy) imtiyozlari-taxayyul va farazlari nimaligini ularning o‘z bilimdonlari hukmiga havola qilaylik-da, faqat biz milliy, umumturkiy, umumislomiy va umumbashariy iftixorimiz bo‘lmish "Amiri Kabir Nizomiddin Alisheri Navoiy" (Mahmud Muzahhib) hazratlari timsolida, mujassam "namudor" maqomida suvratlanmish qalb tafakkuri (so‘zonli tuyg‘ular, yorug‘-safoli xayollar) sohibi, "zodai tab’i" (faqat tug‘ma iste’dodi) ila tan olingan barcha ijodkor qavmlarda, birinchi navbatda shoirlarda o‘sha Boqiy Haqiqatning badiiy, she’riy "suvrat" va "siyrat"lari qay tarzda - qanday timsollarda TAJALLIY ETADI ?!.. "Kishi bu sirni mendek qilmadi fosh" (Navoiy) yanglig‘ faxriya so‘zlari har bir solim aql-hush sohibi ko‘nglidan o‘tsa mayliydi, aniqrog‘i: loaqal, o‘zi xush ko‘rgan, dilxoh mavzulari doirasida, shaxsan o‘ziga yoqqan, yaqin do‘stlarining xolisona-samimiy e’tirofi va e’tiboriga shoyon bo‘lgan asarlari, hech yo‘q, bir necha yaxshi she’ri, yaxshi kitobi misolida baralla aytolsaydi! Menga qolsa, Navoiy ruhi madadkor bo‘lib, uning moʻjizakor she’riyati va o‘lmas siymosi shavqu rag‘bat berib, ushbu muborak mavzu ko‘lami tobora keng quloch yozib, Navoiy So‘z dahosining sehri-jozibasi bor bo‘y-basti, fasohati: hikmat, ma’rifat nurlari, san’at jilvalari bi¬lan SHYe’RIY TAJALLIYOT ko‘zgusi bo‘lib, barcha muxlisu muhiblar tasavvuriga, tafakkuriga, xayollariga oro bersa, "navosiz ulusning navobaxsh" ko‘zgusiga aylansa!..
Ulki, Vahdat sharhin aytar: sirridin ogoh emas,
Gar fano kasb etmagan bo‘lsa, bir ogoh ollida!..
Zohiran, tafovutli jihatlari baralla ko‘zga tashlanib turgan bir hol (e’tibor bering-a: "ogoh emas" -"bir ogoh olli¬da!"): bu -mumtoz "ilmi sanoye’"da ta’rifi berilgan "tazod" she’riy san’atiga yaxshigina misol bo‘la oladigan ajoyib shohbayt tahlilidan avval moʻjazgina muqaddimaga ehtiyoj seziladi. Endilikda ojizona iqror ila shukrlar keltirib o‘zimizni xushnudu mas’ud etishimiz mumkinki, "Vahdat", "Tavhid", "Vahdatul-vujud", "Fano" - bu- jamiki moddiy mavjudot: Arzu Samo, "to‘rt unsurot", "olti jihat", nabototu hayvonot dunyosi, yetti iqlim aholisi: "barchadin sharif" -inson va unga ayon ko‘rinib turgan nazargoh - cheksiz shahodat dunyosi-yu hatto kimgadir ko‘zdan yashirin, tasavvurga sig‘mas g‘aroyibot, moʻjizot olami bir butundirkim, bu "ikki jahon" Mulkini ilohiy qudrat o‘zi boshqaradi -tasarrufiga oladi, muhofaza etadi; barcha mushkilliklarni xam o‘zi hal qiladi. Tajalliyot esa o‘sha boqiy SALTANATning zuhuroti. ulug‘ mir’ot -ko‘zgudagi aks-in’ikosi, hadsiz-hisobsiz suvrat jilvalari holos.
Ne ajab haqiqat, ehtimol, shafqatsiz haqiqat shundaki, bizning nazarimizda, zohiran boqiy tuyulgan, shunchalar o‘ziga jazb etgan Shahodat dunyosi mohiyatda bu -"Mutlaq haqiqat" -Ilohiy Mulkning faqat o‘tkinchi tajallisi, muvaqkat suvratlari, go‘yo bizga ayonu noayon... foniy jilvalaridir.
Tajalliyot falsafiy moʻjizasining mumtoz she’riyatimizdagi matniy-irfoniy, yuksak badiiy, san’atkorona ifoda ko‘rinishlari (Navoiyda: "namudor", "jilva", "ko‘zgu", "mir’ot", "aks"-"in’ikos", "nigor" -"suvrat", "zuhur"-"zohir" va h.) haqida so‘z-bahs borar ekan, birinchi navbatda, buyuk sharqshunos Ye.E. Bertel’s ayricha e’tibor ila asosli tavsifini, sharhini bergan "oyinai jaxon" batiskaf, eskalator kabi ijodiy xayol parvoziga, dadil ilmiy-fantastik farazlarga kuchli tamoyilni Navoiy "Xamsa"si zaminida ilk daf’a inkishof etganini eslamay, ta’kidlab o‘tmay bo‘lmas. Biz, ustoz Navoiyshunoslar maxsus talqini va tahlilini bergan ilohiy moʻjizot, dunyoviy va taxayyuliy g‘aroyibotu ajoyibot misollari sirasiga, chunonchi, o‘tgan XX asrning so‘nggi choragi davomida davrimiz moʻjizasi sifatida ommaviy muloqot vositasi-fazoviy miqyosdagi, tom ma’noda hayratbaxsh robitalarning timsoli mujassamiga aylangan tizimlarning "ibtidosi" bo‘lmish fotosintez, radio, kino, vidyeo, tele, audio va boshqa yangi texnikaviy-elektron kashfiyotlarning, ne ajabki, o‘sha Temuriylar saltanati davri-la, mayli, "chiroyli yolg‘on", "go‘zal xayol" tamsillari darajasida bo‘lsin, badiiy "zuhuroti" -tajallisini kuzatib, beixtiyor xayolga tolamiz. Da’vomiz dalolati sifatida, dastavval bitta "Alisheriy" shohbayt keltiraylik:
Nega tarking etmay, ey charxki: shomu axtaringdin -
Qarodur yuzung, valekin... oq erur yuzungda holing!..
Shak-shubhasizki, hazrat Navoiyning g‘ayrishuuriy xayol qudrati-la kechilmish bundayin, zohiran "qo‘rqqulik" (Jomye’ iborasi), "Mujibi" (sababi-oqibati) g‘oyati vahmli -vahshatan-gezruhiyholat... jahoniy falokat (qiyomat-qoyim) oldi mudhish xabari shohbaytning ikkinchi satrida aks etgan: "qarodur yuzung..." "oq erur yuzungda holing". Mumtoz "ifrot" (favqulodda kuchli mubolag‘a) san’ati-la ziynatlangan bu baytda, ne ajab¬ki, avval XIX asr oxirida, so‘ngra, o‘tgan XX asrda kashf etilgan foto tasvir, bora-bora kino, tele, vidyeo, hozirgi elekt¬ron kompьyuter, internet kabi ilmiy-texnikaviy moʻjizalarga xos birgina jarayon: ekrandagi yo foto-tasvir ibtidosi-negativ ko‘rinishlar (chindan ham tasvir desa aniq bir tasvirni berolmaydi!.)... o‘sha -olis XV asrda hazrat Amir Nizomiddin Alisher Navoiyni shunchalar navmidlik iztirobiga solgani... bugun bizda cheksiz g‘urur-iftixor hislarini uyg‘otadi... Holbuki, bu -"mutafakkirlar mutafakkiri" tasavvuri -taxayyulida badiiy in’ikos etgan mislsiz tajalliyot moʻjizasining bir baytdagi jilvasi -"zuhuroti" holos.
Endi -"Farhod va Shirin" dostonining g‘aroyib boblaridan biriga: otaday mehribon, hamisha avaylaguvchi dono vaziri a’zam Mulkoro rahnamunligida Hoqon xazinasini ming ehtiyotu andisha va mahfuz xayollar iztirobida sayr-tomosho etgan, yo‘q, "tafakkur bila bilmish-odamzod" degan solim taomilu ko¬mil e’tiqod bilan har bir moʻjiza oldida (bugungi eksponat) hayrat xayoliga cho‘mgan Farhodning g‘aroyib muloqoti sharhiga o‘tamiz:
Keturdilar hakimi nuktadone,
Bilik birla jahon ichra jahone!..
Qilib tunni -yorug‘, kunni -qorong‘u,
Suvdin -o‘t yondurub, o‘tdin -sepib suv,
Gʻaroyib ko‘p huvaydo bo‘lgusidur,
Bas, anda Shakl paydo bo‘lgusidur...
Ko‘runub har zamone -ko‘zga bir shakl.
Ko‘z olgoch -bo‘lgusidur... o‘zga bir shakl!
Chu bo‘ldi jilvagar oshkor yuz nav’,
Anga ham bo‘lgusi -timsol yuz nav’!..
Bizning eng muxtasar sharhimiz: "shakl", bu - hozirgi turli ekranlardagi kadrlar desak, keyingi baytdagi: "Ko‘runub har zamone... ko‘zga bir shakl, Ko‘z olg‘och... o‘zga bir shakl" -turli-tuman tasvirlar, jonli suvratlar, rangin qiyofalar, ya’ni ek¬ran ("oyinai jahon") kadrlari silsilasi emasmi?!.. Ko‘chirilgan bandning so‘nggi baytidagi: "jilvagar ashkol (shakllar) yuz nav’" "...timsol yuz nav’" bugungi ekranda ko‘ringan turli suvratu fe’l-atvor (sa’jiya) sohibi bo‘lmish xarakterlar, obrazlarni, yoxud manzara, voqea-hodisa lavhalarini aks ettirsa, ne ajab?.. Navoiy idrok qilgan g‘aroyib xayolning hozirgi moʻjizalar zamonida qanchalar turlanib, tovlanib, ravnaq topmasin, o‘zining qadimiy mohiyati - sirr-sinoatini saqlab qolgani shahodati, ya’nikim "Navoiyvor" (shoirning o‘z iborasi) tajalliyotning boqiyligi dalolati ham shunda...Va nihoyat, yana o‘sha moʻjiz hikmatlar vatani (boqiy, muqaddas mushab -Kalomi Majidni asos qilib olgan Hadisga ishonmay bo‘ladimi?..) Chin mamlakati, faqat boshqa Hoqon, boshqa qahramon -Iskandar muloqotidan yana bir lavha ko‘chiramiz:
Hakimiki...ani "tilism" aylabon,
Namoyshi anga iki qism aylabon.
Bu da’voda emas guvoh ehtiyoj,
Erur ko‘zgu sari nigoh ehtiyoj!
Agar so‘zi chindur -ko‘rinur yuzi,
Ko‘runmas yuzi, bo‘lsa yolg‘on (xato) so‘zi!
"Saddi Iskandariy" dostonidan olingan uch baytli bu ajoyibdan bul’ajab bandni lozim darajada, munosib-shoyon maqomda sharhlash, bugina emas, imkon qadar chuqurroq taammul (teran tafakkur) ila tahlil va talqin mas’uliyati bizni o‘yga toldiradi, ochig‘i, ham shirinu ziddiyatli iztirobga soladi, uni tom ma’noda tahqiq etish faqat daholar hukmiga havola deb bilamiz. Biz faqat ustoz Navoiyshunos olimlar, uvays (olamdan o‘tgan) tom ma’noda solim, komil e’tiqodli mutafakkir shoir-adiblar ruhidan madad olib, baqadri imkon aytib o‘tishga jur’at etamizki, yuqoridagi uch bayt... Hattoki bugungi kompьyuter moʻjizasini eslatadigan muborak "Navoiyvor" xayol "zuhuroti" (tajalliyoti) jilva ko‘rsatganday "navobaxsh" (hazratning o‘z iborasi) va safobaxsh-yorug‘ taassurot qoldiradi! Bunday dadil farazimizga yuqoridagi bandning: "ikki qism", "tilism", "so‘zi chindur -ko‘rinur yuzi", "ko‘runmas yuzi -bo‘lsa yolg‘on (xato) so‘zi"... tashbeh-iboralari shahodat beradi; ayniqsa, "ikki qism"li "tilism" ning birinchisi: bugungi klaviatura (.......)bo‘lsa, ikkinchisi: ekran ("ko‘zgu") dir. Sharh davomi... endi Sizga havola.
Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…
Uch ofat...
Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,
So‘zim bo‘lsa yolg‘o...
O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....