Bu – ulug‘ Amir Nizomiddin Alisher Navoiyning bosharif nomlari, qudsiy unvonlari va biz tushungandan ko‘ra ko‘pqirrali maʼno beradigan muborak taxalluslari ("Nizomul-millati vad-din", "al-faqirul-haqir Alisher ul mutaxallis-bin Navoiy...") ila mushtarak, dunyoda naziri yo‘q daho yaratgan, badiiy sanʼatlar bilan muzayyan shohbaytlarning muxtasar sharhidan iborat. Hazratning Samarqanddan Hirotga, ustozi Sayyid Hasan Ardasherga yo‘llagan maktubida shunday bayt bor: "Agar "xosa maʼni", gar "iyhom" erur, Oning kunda yuz bayti halvom erur..." Bu anʼanaviy faxriya usulida bitilgan baytdan ham anglashiladiki, "kunda yuz bayt" yaratish Navoiy uchun katta mush-kilot hisoblanmagan, ikki turdagi sanʼat aslida anchayin murakkabligi uchun kamyobu nodir hisoblanadi...
Mana, "Alisheriy" shavq-rag‘bat samari sifatida shakl-shamoyil topgan shohbaytlardan biri:
Jon yetibdur og‘zima, dermen: labingg‘a topshiray,
Lutf etib qilg‘il meni jon birla minnatdor, kel!..
Baytda sirasiga uch, hatto to‘rt badiiy sanʼat: xosa maʼni, yashiringan talmeh, irsol-ul-masalu iyhom... Ular bir-birini sharhlab, to‘latib keladi. Avvalo, birinchi misra oxirida, shartli ravishda, "Ey Masih"ni orttiradigan bo‘lsak, talmeh ayon bo‘ladi (bu badiiy mantiq taqozosi). Ana endi baytni bir-bir sharhlash mumkin: Ey, Masihmonand habibim sening ishqing o‘ti so‘zonidan vujudimda shunday bir dard paydo bo‘ldiki, ortiq qiynoqlar tufayli jon jismimni tark etmoqchi, xalqumimdan og‘zimga keldiki, lablarim vido titrog‘ida, iztirob ichida... Sen so‘nggi nafasda xaloskorim bo‘l, kel, lablarimga labingni bos, jon oldidagi qarzdorlik asoratidan meni o‘zing xalos et, toki subhi Mahshargacha ruhim chirqiramasin, yaratuvchi Alloh huzuriga iymon bilan boray... Ayni shu asnoda, o‘sha munojot orasida, iloxiy parda ortiga yashiringan vido bo‘sasiga ishora qilinadiki, bunda iyhom sanʼati zuhur etadi! Zero, bu istak-iltijo ("jon yetibdur og‘zima, dermen: labingga topshiray") xos oshiqlar uchun so‘ngti imdod, yagona mukofotdir... Shu tariqa, dunyoviy-majoziy ishq, talqini muayyan takomil jarayonini o‘tab, ilohiy ishq maqomida tahqiq etiladi. Va nihoyat, xalqimizning "joni og‘ziga keldi" kabi g‘oyat hazin-dramatik naqli zaminida irsolul-masal sanʼatining noyob namunasi yaratiladi.
Boshqa bir shohbayt:
Yorur xoling xayolidin oqorg‘an ko‘zlarim, go‘yo –
Qo‘yibtur kilki sunʼ ul nuqtani ko‘zlar qarosidin...
Bunda ham ikki uch badiiy sanʼat o‘zaro bir-birini sharhlab keladi. Guyo mahbuba husniga husn baxsh etgan "xol" taqdiri azal amri yo Atorud istagi – nafosat taqozosi-la asli oshiq "ko‘zlari qarosi"dan olingan bo‘lsa ne ajab, degan g‘aroyib xayol zaminida tutilmagan timsol-lavha yaratiladi, aniqrog‘i, "oqorg‘on ko‘zlar – ko‘zlar qarosi" muqobil (kontrast) nisbatidan tazod usuli hosil bo‘ladi. Ikkinchi sanʼatga kelsak, bu – "xosa maʼni" bo‘lib, tom maʼ-nodagi badiiy mo‘jiza, noyob kashfiyot sifatida maxsus, ehtimol, davomli tahlilni taqozo etgani holda, biz faqat muxtasar sharh bilan cheklanamiz: Emish, muhabbat qismatida oshiqning amo (ko‘zlari ko‘rmas) bo‘lib qolishi... ne ajabki, azal musavvirining ishi... Illo, "kilki sunʼ – azal qalami mahbubaning tengsiz husn-jamoliga oro berayotgan o‘sha ilohiy yaratish jarayonida uning yuzidagi xol kabi ilohiy zevar-jonli bezak – oro uchun oshiqlar sardori bo‘lmish bir fidoyi yigit (u Navoiyning qahramoni bo‘lib chiqsa ne ajab?) o‘sha malohat malagiga o‘z "ko‘zlari qarosi"ni sadqa qilgan ekan. Shuning uchun ham bechora, notavon yigit mahbubasi yuzidagi holni xayol ko‘zgusida jonlantirganda, go‘yo mo‘jiza yuz berganday, uning nigohi yorishib, qorong‘ulik chekinadi – nurafshon dunyoga aylanadi, demak, oshiq ko‘zlariga nur, ko‘yiga safo, jismiga quvvat, joniga orom baxsh etadi. Xolning "ul nuqta"ga nisbatidan tanosub sanʼati hosil bo‘ladi... Alqissa, zohiran (majozan) ancha-yin alam-ozorli lavha ("oqorg‘on ko‘zlar")dan pirovard mohiyat eʼtibori-la ishqi haqiqat timsoli – ko‘ngilga farah, ruhiyatga safo – yorug‘lik baxsh etuvchi ham nozik nuktadon, ham qudsiy-iloxiy lirik lavha yaratiladi...
Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…
Uch ofat...
Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,
So‘zim bo‘lsa yolg‘o...
O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....