Turkiy tildagi birinchi rubobiy-lirik kulliyot “Xazoyin ul-maoniy”ning ikkinchi devoni “Navodir ush-shabob” tarkibidagi 457 raqamli, aʼanaviy unvon-sarlavha ostida: “Nun” harfining nozaninlarining nozi – “Navodir”din...” muxtasar taʼrifi berilgan “hazaji musammani maqsur” (“mafoilun mafoilun mafoilun mafoil”) bahrida yaratilgan shohbayt sharhi-talqini:
Yorur xoling xayolidin oqarg‘on ko‘zlarim, go‘yo:
Qo‘yubtur kilki Sunʼ ul nuqtani ko‘zlar qarosidin...
1. Mumtoz adabiyotshunoslik fani namoyandalaridan biri, professor Hamid Sulaymonning davomli ilmiy izlanishlari samara sifatida bunyod etilgan – ilmiy-tanqidiy matn asosida nashrga tayyorlangan, to‘rt jildlik juda salmoqdor sheʼriy majmua – “Xazoyin ul-maoniy” tarkibidagi 2600 dan ziyod g‘azallardan baʼzilari turli sabablar bilan bir devondan boshqasiga o‘tib qolgan.
Quyida biz sharhi-talqinini bermoqchi bo‘lgan shohbayt olingan g‘azal ham, ayni shu qismatni kechirgan: “Favoyid ul-kibar”dan “Navodir ush-shabob”ga “ko‘chib” o‘tgan (bu – g‘azaliyotning xronologik-davriy tasnifiga doxil bitta misol, xolos). Hazratning o‘zlari “Debocha”da yozadi: “To‘rtinchi devonikim, umrning oxirlarida yuzlangan ishq dardu ranji foydalarikim, jonso‘z oh urmoq va jon topshirmoqdurkim, kishining adam (fano) yo‘liga kirib, zamon ahli bila xayrbod qilishidur, aning duosida “Favoyid ul-kibar” bila nihoyatqa yetkazdum...”
“Naziri yo‘q” (Bobur) ulug‘ bobomizning bunday dilxohu uzrxoh so‘zlari bois, zahmatkash va jafokash ustozimizni yodga olib, kichik bir chekinish qilish joiz deb o‘ylayman (faqat o‘quvchilar maʼzur tutsalar, bas). Eh, nohaqdan nohaq jabr tortgan – vahshatangez badarg‘a balosidan Alloh o‘z panohida asrab, eson-omon ona yurti O‘zbekistonga, Toshkentga qaytgach, avval, yaxshiroq davolanish lozimligini ham o‘ylamasdan, juda katta, bag‘oyat savobli ishga butun vujudi bilan kirishib, go‘yo o‘ljaga qolgan “umri aziz” yillari, oylari va kunlarini g‘animat bilib, tortgan dardu alamlari jarohatiga faqat betinim ilmiy tadqiqotlar, faqat shu soha zahmatkashlari o‘zi biladigan mehnatdan darmon va malham izlab, ulkan tashkiliy tadbirlar ustiga, yaqinu olis demay, tom maʼnoda, millatparvar, vatanparvarlik safarlari – ilmiy ekspeditsiyalarga mahkam bel bog‘lab (aziz ustozimiz, sohibqiron Amir Temur ardoqlagan hadismonand daʼvat: “Sano bazabon, kamar dar miyon” kalimasi – haq yo‘lida kamarbasta insonlar shiorini bizga ham tez-tez eslatib o‘tardi), har bir safardan qaytgach, yana bardavom izlanishlaru yangi kuzatishlar, talqinlar: sahifama-sahifa, so‘zma-so‘z, hatto harfma-harf qiyosiy tahlil jarayonlari natijasi – kutilgandan ortiq samaralar o‘laroq, jamiki qo‘lyozma, toshbosma manbalar, boshqa tansiqdan-tansiq – nodir topilmalar... Birgina misolning o‘zi kifoya qiladi: nashr etilajak tanqidiy matnlar uchun eng mo‘tabar va musallam (ortiq eʼtirozga o‘rin qoldirmaydigan) besh tahrir: (1) Ilk devonlar; (2) “Badoyeʼ ul-bidoya”; (3) “Navodir un-nihoya”; (4) to‘rt katta jildli “Xazoyin ul-maoniy”; (5) Navoiy vafotidan so‘ng turli toifa-tabaqotga mansub ixlosmand-muhiblar tuzgan terma devonlar...
Bas, aziz nomi so‘nmas ulug‘ jafokash va chin maʼnoda jahongashta inson, “naziri yo‘q” (Bobur) fidoyi olim, “mehriyu qahri” vobasta, surati siyratiga yarashgan ustozimiz Hamid Sulaymon... Amir Nizomiddin Alisher Navoiyning, ehtimol, jahonda tengi topilmas kulliyotning lirik devonlarida qalam va barcha qalam ahlining maʼbudi Atorud nazari tushgan ustod xattot-kotiblar, moniysifat naqqoshlar – husnixat va kitobat sanʼatining barkamol, zarif namoyandalari tartib bergan aksariyat sheʼrlaridan to turli sabablar bilan (ehtimol, ko‘chirilgan ayrim nusxalarda) boshqa jildga “ko‘chib” o‘tgan yo tushib qolgan, qisqasi, turli darajada shikastlangan satrlar ustoz o‘zlari bosh bo‘lgan, sabr bardoshu sinchkovlik bobida “tengi kam” (Mirtemir), zukko bobolarimizning ifodali tili bilan aytganda, “temir tirnoq” tahririyat jamoasi nazaridan o‘tganligi, shak-shubhasiz, albatta.
2. Yuqorida keltirilgan shohbayt chindan-da, sirli-sehrlidir: o‘zingiz tasavvur etib ko‘ring-a: bir umr yechilmas, ilojsiz tuyuladigan muammo (“oqarg‘on ko‘zlar”) – ojizlikdan achchiq qismatga allaqachon ko‘nikkan bechora oshiq uchun kutilmagan tarzda, g‘ayrishuuriy bir hol sodir bo‘ladi, masʼud kayfiyatni kechiradi – birdaniga ko‘z oldida dunyo qorong‘uligi tarqalib, borliq yana yorishib ketadi... Xo‘sh, bu ilohiy mo‘jiza qanday yuz berdi ekan? Birinchi misrada o‘z ifodasini topgan xayrli mujda (“Yorur xoling xayolidin...”), buning sababi ikkinchi misrada asta ayon bo‘ladi; falsafa tili bilan aytganda, zohiran mushkuldan – mushkul ko‘ringan saba-biyat ilohiy mo‘jiza qudrati-la baxayr, ayni dilxoh oqibatga aylanadi... Voajab! Bu – “Navoiyvor” (hazratning o‘z tashbehi) so‘z dahosining noyob kashfiyoti (“xoling xayolidin”) bor-yo‘g‘i ikki kalima – sheʼriy nisbatning mantiqiy-badiiy tafakkur taqozosi-la o‘zaro vobastaligi bois, mazkur shohbayt silsilasining shu qadar nuktadonu betakror xalqasiga aylanadi... Ana endi baholi imkon ojizona sharh-tahlilimizdan kuzatilgan asl “muddao” – “Alisheriy” “xosa maʼni”ning nozik nuqtasi: timsoli mujassami – ajabdan bulʼajab “so‘z guhari” birikmasi: “Qo‘yubtur kilki Sunʼ ul nuqtani ko‘zlar qarosidin”, shohmisradan anglashilgan g‘aroyib hol-ilohiy “vazʼ”iyat zamiridagi haqiqat... asli, bu “mutaffakirlar mutafakkiri, shoirlar shoiri, valilar valisi” idrok etgan boqiy muhabbatning faqat Allohga va hazratning o‘ziga ayon sirru sinoati emasmikin?!. “Qo‘yubtur kilki Sunʼ”... bu – ilohiy qa-lamning mo‘jizakor kashfi, o‘sha sirli haqiqat tahqiqi ekanini rosmona maqomda faqat Mustaqillik yillari ilmiy mushohada-mubohasa jarayonlarida bilib oldik (avvalroq, “iliq nasim”, so‘ngra “qayta qurish” tamoyillari bois, bu anchayin umumiy-notamom tarzda ko‘rina boshlagan edi). Xususan, “ul nuqta”ni “ko‘zlar qarosidin” kabi ajib sirli-jozib kalimalarni qanday tushunmoq kerak? “Ul nuqta”-ku shohbayt tagmatnidan mahbuba xoliga nisbat sifatida olinganini bilsa bo‘ladi. “Ko‘zlar qarosi”-chi? Bu ikki tashbehdan yaratilgan, avval boshda anchayin pinhoniy-sirli ko‘ringan umumlashma-mujassam maqom olgan badiiy timsol nafaqat o‘zining keyingi, ortiq achinarli holati (“oqarg‘on ko‘zlar”) bilan mazmunan va shaklan qarama-qarshi qutblar ifodasiga aylanishi (yaʼni, ko‘z qorachig‘i-gavhari o‘rnida oq parda paydo bo‘lgani), balki har qanday qiynoqlar, azobli mahrumliklarga (ko‘zlar nuri-yorug‘lik ziyosi o‘rniga nurafshonu go‘zal nazargoh tomoshasidin bebahra zulmat dahshatiga) mardona dosh bergan muhabbat dardi, shavq-rag‘bati o‘sha jafokash va balokash oshiq qalbiga kutilmaganda umid, najot, ruhiyatiga quvvatu madad, xayoliga qanot baxsh etmasa, o‘zining nolavor-hazin ahvoli ziddiga, “ikki jahon”ga berguvsiz – “jonu jahoni” bo‘lmish mahbubining xolini xayol qilarmidi?! Ana, tom maʼnoda, “majoziy” (zohiran dunyoviy, hayotiy) ishqning “ilohiy ishq” martabasiga ko‘tarilishi! Zotan, bu – Navoiy orzu qilgan, shaxsiy-oilaviy saodat chirog‘ini ham “taxayyul mulki sultoni”ning boqiy nashida-sururlar maskaniga sadqa etgan fidoyi oshiqning afsonaviy Hotam Toy himmatidan ziyod jasorati! Ulug‘ mutafakkir shoirimiz bir shohbaytida bor falsafiy teranligi, ramziy-istioraviy umumlashma fasohati-la talqin etganiday, eʼtiqod maqomidagi komil muhabbatning boqiylik sirru sinoati shundaki: “Gar sen idrok aylasang – ayni haqiqatdir majoz”. Ayni shu boisdan bo‘lsa ajab emishki: ulug‘ Navoiy xayolidagi oshiq yigit ko‘ngli “istasa-da topilmas” o‘sha pariruh mahbuba “xoli... xayolidin...” uning ko‘zlari shunchalar yorishib ketadiki, tortgan hamma ranju alamlari evazi – badaliga “Tengri ehsoni” – inoyati sifatida o‘sha “xol” nisbati: “ul nuqta” yana oshiq “ko‘zlari qarosi” gavhariga aylanadi! Alqissa: mazkur shohbayt mo‘jizu nuktadon hikmati va butun fasohati-la alal-oqibat ajab umidbaxsh va “navobaxsh” (murodbaxsh) ruhda intiho topadi...
Endi, shohbayt sayqali – badiiy ziynati uchun xizmat qilgan usul-vositalar sharhiga o‘tamiz. Baytda “maʼni” (mazmun) va ifoda (shakl) tanosibi va butunligini taʼmin etgan dastlabki asos: maxsus badiiy unsurlarni, o‘quvchi yaxshiroq anglasin uchun, shartli ravishda maʼlum guruhlarga bo‘lib tahlil qilsak, shunday manzara paydo bo‘ladi: (1) “oqarg‘an ko‘zlar” – “ko‘zlar qarosi”. Bu sheʼriy nisbatlarning o‘rin almashuvi tarzida yuz bergan “tardi aks” sanʼati; bunda zohiran tazod usuli mavjud bo‘lsa, mohiyatda go‘yoki oshiqning anchayin mushkul-baxtsiz qismati: ko‘ziga oq parda tushib, dunyo qorong‘u zimistonga aylangani-yu, g‘oyibdan, lahzalik mo‘jiza bois, kutilmagan baxt – safobaxsh kayfiyat band etadi... (2) “xol” va “ul nuqta” (ko‘zlar qorachig‘i), bu – tashbeh sanʼatining, zohiran anʼanaviydek tuyulsa-da, ruhan chin maʼnoda mo‘jiz, umumbaxsh vazʼiyatning ilk xayrli mujdasi... (3) “Yorur xoling xayolidin...” ... Bu ajabdan bulʼajab sirli-jozib lavha baytga o‘z-gacha umidbaxsh ruh olib keladi. Ehtimol, bundan avvalgi sog‘inchmi, ilinjmi, o‘kinchmi, balkim, navmid alam-iztirob, chorasiz-pinhoniy isyon so‘nggida uyg‘ongan, g‘oyibona-najotkor taxayyul xabarchisi olib kelgan mujda (“xol xayoli”) bois, nasib etmish masʼud lahzalar shukuhi, shukronasi... Va, nihoyat, (4) shohbayt ruhiga singdirilgan “ishq sirri” nima ekanini bir qadar anglab olish uchun ikkinchi misrani qayta ko‘chirish taqozo etiladi: “Qo‘yubtur kilki Sunʼ ul nuqtani ko‘zlar qarosidin...” Zotan, hazrat Navoiy anglagan va shavqu rag‘bat, hasratu iftixor ila talqin etgan muhabbat qismatining faqat bizlar uchun anchayin murakkabligi, hatto ziddiyatli haqiqat sir-sinoatini tadqiqi etish imkon qadar chuqurroq talqin qilish uchun ayrim bayt yo butun bir g‘azal sharhi kifoya qilmasa kerak. Negaki, Navoiy so‘z dahosi haqida, uning ulug‘ ijodxonasi unsurlari, cheksiz manbalari, ruhiy-ilohiy ildizlari, xosu o‘zgacha jarayonlari, keng maʼnoda, qomusiy maʼrifat mutafakkiri, ustoz murabbiy, tengsiz saxovatpesha, taxayyul mulki... O‘z tasarrufoti-la ne chog‘liq mavjvar, qatlam-baqatlam, silsilama-silsila “so‘z guhari” timsollari samoviy burjlari, zaminiy iqlimlari-la, “ikki jahon”ga sig‘mas, “olti jihat”ga barobar meʼyorlari, “havosi xamisa” (besh botiniy sezgi) mezonlari andozasila yondashganda: (a) xoh: “Qo‘yubtur kilki Sunʼ” qudrati va imkoniyatlari, (b) xoh: “ul nuqtani ko‘zlar qarosidin...” sirli-jozib nisbatlari zamiridagi maʼnolar, nuktadonliklar mohiyati va sababiyatini, loaqal, bir qadar anglay olganday bo‘lamiz va hayratdan, yana-da, chuqurroq taammul qilishga intilamiz, chog‘lanamiz... Bas, hamono, shu mushkul ishga jurʼat etgan ekanmiz, keling, aziz kitobxon, ushbu shohbaytning “jon rishtasi”, “dil (ko‘ngil) bandi”, “bahr (jigar) porasi-yu” tomir-tomiri-la vobasta o‘sha ikkinchi misra zimnidagi “maʼni” javharini birgalashib, ba-hamjihat talqinu iloji bo‘lsa, chuqurroq tahlil qilishga urinib ko‘raylik.
Ne ajabki, shunchalar o‘ziga jazb etuvchi ushbu shoh misra ruhiga singdirilgan, ahli shuaro orasida faqat va faqat Nizomiddin Alisher Navoiyga musharraf bo‘lishi mumkin bir hol, bu – qismat amridirki (uni, balkim, ulug‘ zoti kiromning o‘zligi – shaxsiyati, pokzodu pokdoman xilqati, “jibilli” (Bobur) tiynati, tajarrud (yolg‘izlik) tabʼi mijozi bilan izohlasa to‘g‘ri bo‘lar), “vasli mumkuni yo‘q” muhabbat qismati... Ayniqsa, bugun, har qalay, mushkul muammo, to‘g‘rirog‘i, faqat, sirli-pinhoniy rishtalar orqali, shartli ravishda talqin etish yo‘li bilan shohbaytning sharhimiz avvalida qayd etilgan, “sadr” deb yuritiladigan: “Yorur...” tashbehi (“...xoling xayolidin”) – so‘z birikmasini takroran keltirish zarurati borki, shoirning lirik qahramoni – oshiq Navoiy mantiqan imkonsizday tuyuladigan vaziyat ziddiga, go‘yo ilohiy mo‘jiza bois, g‘oyibdan imkon yaratishga musharraf bo‘ladi, bu, shubhasiz, tansiq maʼnaviy sanʼatlardan “xosa maʼni”ning kamyob namunasidir.
Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…
Uch ofat...
Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,
So‘zim bo‘lsa yolg‘o...
O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....