Hazrati Bahouddin va Alisher Navoiy
Shohbaytlar hayrati

Hazrati Bahouddin dahosila murattab etilgan «Kamar dar miyon, sano ba zabon» aqidasiga Navoiyning kamoli e’timod-e’tiqodi komilu solim, teranu purdard baytlarda o‘zining timsoli mujassu mini topgandirki, uning o‘zgacha ohanglari jilvalari qator tamsil-baytlardan ayon bo‘lg‘usi. Zotan, ulug‘ shoirning muborak hayot va ijod manzillari el-ulus, vatan, bashariyat naf’i uchun, Tangri ilohiyni tanish, anglash, dini islom quvvati yo‘lida kamarbastalik – belni mahkam bog‘lash (“kamar dar miyon”), shu bilan barobar dilda munojotu istig‘for aytish, tilda hamdu sano (“sano ba zabon”) o‘qishning ajoyib namunasidir.

«Xilvat dar anjuman, safar dar vatan». «Xilvat» – botiniy-ruhiy dunyoni bildirsa, «anjuman» zohiriy – suratdagi moddiy va ijtimoiy dunyo. Har ikki istiloh mazmunan bir-birini to‘ldiradi: xilvat Alloh yodi-la band ko‘ngilning xos holatidan ogoh etsa, ko‘ngil chirog‘isiz anjuman benuru besamardir. Safarni vatan hududida deb bil, aqidasida ham zohir va botin – fanoyu baqoga dohil ma’nolar mujassamlangan. Ya’ni «safar» – foniy umr manzillari, «vatan» – abadiy qolguvchi ma’vo, keng ma’noda, qudratli ilohiyning insoniy lison – so‘zga ko‘chgan tajallisi, unda majoz va haqiqat unsurlari o‘zaro almashinib turadi...

Hazrat Navoiy «Nasoimul-muhabbat»da yozadi: «Dedilarki (Xoja Bahouddin so‘zlari), anjumanda xilvat: zohir yuzidin xalq bila va botin tarafidin Haq subhanohu va taolo bila». Yana quyiroqda o‘qiymiz: «Va der ermishlarki, bizning tariqimiz suhbatdur va hilmatda shuhratdur va shuhratda ofat; hayriyat jamiyatdadur va jamiyat suhbatda, bu shart bilaki, bir-biriga nafi bo‘lung‘ay va ulcha ul buzurn buyurubturki ... agar jam’i bu yo‘l soliklari bir-biri bila suhbat tutsalar, anda ko‘p xayru barakot». Demak, jamoa suhbati – muloqotidan murod o‘zgalar bilan yaqin, baqamti aloqada o‘zligini anglash va bir-biroviga naf’ yetkazish («...soliq vaqtiki, Tengri do‘stlaridan biri bila suhbat tutsa, o‘z holidin voqif bo‘lsun va suhbat zamonini o‘zga zamon bila muvozana qilsun»). Bil’aks, bu xayriya jamoasining har bir musohibi dilida hamdu sano aytgani, tilida kalimai shahodatni takrorlagani holda, zikru sam’odan uzoqdir («Yana alardin so‘rdilarki, sizning tariqingizda zikr jahr va xilvat va samo’ bo‘lur? Dedilarki, bo‘lmas»).

Hazrat Navoiy o‘z zamondoshlaridan turli hunar, mumtoz va amaliy san’at ahli, orifu allomalar, fuzaloyu umarolar safida naqshbandiya tariqatiga kuchli rag‘bat qo‘yishining sababi va maqsadi aniq: insoniy fazlu kamolga, ilmiy va badiiy tafakkurda zohiriy va botiniy uyg‘unlikka erishmoq. Mana shu nuqtada Navoiy anglab yetgan, o‘z ijodida yuksak san’at bilan tahqiq etgan, davlat va jamoat faoliyatida amal qilgan, shubhasizki, yangi ma’no va qimmat bilan boyitgan majoz va haqiqat birligi bor salohiyati bilan namoyon bo‘ladi.

Shu munosabat bilan Navoiynnng «Xamsat ul-mutahayyirin» risolasidan mo‘jaz va mo‘tabar bir ko‘chirma olish ehtiyoji bor: «Muncha ishning zimnida ishqi zohir tariqikim, «Al majozu qantarat ul-haqiqat» iborat andin bo‘lg‘ay». Voajab! Majoz va haqiqat birligi hatto Hadisi sharifda zikr etilgan ekan (buning zamini Kalomullohda bo‘lsa-chi?). Illo, muqaddas iboraning ma’nosi shunday: majoz haqiqat ko‘prigidir... Ana shunday dunyoviy va ilohiy falsafa nuktadon, solim mantiq tufayli bo‘lsa kerakki, majoz bilan haqiqat aqidasi qancha tafakkur va so‘z daholari aqlini band etgan, qalbidan joy olgan! Bu qutlug‘ so‘zlar Navoiyning devonu dostonlarida, risola va tazkiralarida turli shakl-shamoyilda necha bor istifoda etilishi, shubhasiz, o‘z qonuniyatiga ega. Ne ajabki, Farididdin Attorga kamoli mehru ixlos ifodasi, tasavvuf she’riyatining yorqin namunasi sifatida talqin etilayotgan «Lison ut-tayr» dostoni haqida muallifning o‘zi «Muhokamat ul-lug‘atayn» asarida shunday ta’rif beradi: «Chun «Lison ut-tayr» ilhoni bila tarannum tuzupmen, qush tili ishorati bila haqiqat asrorin majoz suratida ko‘rguzupmen». Zero, Navoiy dostonining «Mantiq ut-tayr»dan farqli jihatlari ham o‘sha «majoz suratida» emasmi? Holbuki, «Mahbub ul-qulub»da Attor mansub bo‘lgan mutasavvif shoirlar tabaqasi ta’rifida «majoz» so‘zini uchratmaymiz.

Ana endi zohiriy va botiniy olamlar birligi – majoz va haqiqat uyg‘unligi she’r san’ati-la munaqqash etilgan shohbaytlar tahliliga o‘tsak bo‘ladi:


Yuzungda zarvaraq har yonki, lutfi benihoyatdur,

Jamoling mus'hafida har biri go‘yo bir oyatdir.


Navoiy buyuk mutasavvif shoirlar tariqatiga mansub, degan bir yoqlama tamoyildagi ayrim tadqiqotchilar qanday da’voyu dalillar bilan chiqmasinlar, shoirning lirik qahramoni – oshiq, orif yo soyir (dunyo kezuvchi) kabi mahbubi ham, avvalo, insondir; uning botiniy dunyosi – ruhiyatidan ko‘ra ko‘proq zohiriy alomatlari (yuzi, ko‘zi, qoshi, xatti-holi, labi, sochi, qomati betakror timsollar orqali chizilgan) surati hayotiy, jonli jihatlari bilan jozibador, qadrli. U qanchalar xayoliy yuksak, barkamol bo‘lmasin, shubhasiz, tirik insonga xos latofati, yoshlik, hattoki, bolalik sho‘xliklari, erkaliklari bilan ajralib turadi. Ular sharqona, turkona, boringki, ajam muslimalariga xos poqdomonlik, iffatu ibo, nozikfahmlik, andisha, shoirona kinoya, mutoyiba, g‘amza – bunday ingichka sa’jiya qirralari faqat «Tangri ehsoni», uning «barchadin sharif va latif» kashfiyoti – insonga xos xususiyatlardir. Zohiriy suratga daxldor (majoziy) alomatlarni botiniy jihatlardan, siyratdan ajratib bo‘lmaydi. Chunonchi, yuqoridagi shohbaytda mahbub «jamoli» muqaddas kitob («mus'haf»)ga, «yuzi» uning zarvaraqlariga o‘xshatiladiki, har varag‘i «go‘yo bir oyatdur». Bu o‘z sababiyatiga ega: yaratuvchi Xoliq mahbuba jamoliga nafaqat husnmalohat belgilarini, balki fasih ma’nolar oyatlar kitobi varaqlaridan nuqtadonlik jozibasini ato etgan («Chu Haq nuri yuzungda zohir o‘ldi» deydi shoir boshqa bir she’rida). Haqiqat bilan mijozning o‘zgacha nisbati haqida yanada ravshanroq tasavvurga ega bo‘lmoq uchun boshqa bir shohbaytni kuzataylik:


Bu nav’ o‘ldum jamoling mus'hafining sirridin ogah,

Ki fihristida keldi iki qoshing iki bismillah.


Jamol kitobining bu qadar zarofatli ma’nosini uning muqaddimasi («Fihristi»)ga nigoh tashlaboq bilib olsa bo‘ladi: kitob debochasidagi muqaddas kalimalar (arabcha husnixat ustalari munaqqash etgan so‘zlar) muslima gulro‘larning payvasta qoshlariga nisbat bo‘lib kelishi... ham yuksak she’riy san’atni, ham mahbubaning ma’naviy kamolini o‘zida mujassamlantirsa, ne ajab!

Nihoyat, Xoja Bahouddin aqidasining ikkinchi qismi – «safar dar vatan» haqida. Inson tavallud topishidan to so‘nggi bor yerdan oyog‘i uzilgunicha o‘tgan umr orasi – bamisoli musofirning safarda kechirgan muvaqqat, uchqur shamolu oqin daryoday shoshqin fursatlari. Odamzot poyi qadami bilan munavvar, obod ona maskan, na choraki, o‘tkinchi, omonat bo‘lsa, ilohiy qudrat hukmida azaldan to abad sobitu ustuvor qolguchi bu xilqat parchasi, uning avlodlar rizq-ro‘zi manbai, qismat ulushi unsurlaridir... «Vahdati vujud» yoki «vujudi mutlaq» birligi yagonaligining bu oliy, g‘oyat saboqli haqiqatini bir qadar anglab yetgan, «el komi», «ulus nafi» uchun g‘ayratu himmat kamarini bog‘lagan, bosavob ishlar qilishga shoshilgan odam komrondir, deydi Navoiy: «Erur chun olam uzra joh foniy, yaxshi ot boqiy, Bas, el komin ravo ayla, o‘zungni komron ko‘rgach». Bu baytda inson va iloh, majoz va haqiqat, fano ve baqo birligi buyuk shoirlarga, nabiulloh maqomidagi valiy zotlarga xos komil iymon-e’tiqod, ezgu xayol, mo‘jiz she’riy san’at bilan yo‘g‘rilib berilgandir. Mavzuga bevosita aloqador ikki bayt:


Musofir bo‘l, ammo vatan ichra bo‘l,

Tila xilvatu anjuman ichra bo‘l...


Ayolu vatan uzra to joni bor,

Kishi harb etar toki imkoni bor.


Birinchi bayt mazmuniga oid fikrlar yuqorida ozmi-ko‘pmi aytib o‘tildi. Faqat «musofir» bilan «xilvat», «vatan» bilan «anjuman», har qalay, bir baytda yonma-yon kelishiga e’tibor bering-a: avvalgi ikki tashbih ma’nosi qanchalik shaxsiy – o‘zlikka xos bo‘lgani holda, botiniy-ruhiy olamdan ogoh etib turadi va aksincha, keyingilari («vatan, «anjuman»), bir qarashda zohiriy mavjudlik bo‘lib tuyulsa-da, azal va abad – baqoga doxil deyish mumkin. Demak, majoz va haqiqat nisbati ham o‘zgarmas hodisa emas, ular biri-biriga o‘tishi mumkin. Olamning joziba siri shunda.

Ikkinchi baytda, bir qarashda, majoziylik shundoqqina bo‘rtib turadi. Inson ikki muqaddas tushuncha: ahli ayol (yor, oila) va vatan uchun, jonni fido qiladi... Bu er yigitga xos birlamchi sifatlar: mardlik, jasorat, nomus va diyonatning hayotiy, dunyoviy timsoli mujassami. Lekin, baribir, bunday yorqin majoziylik – oilaparvarlik va vatanparvarlik zaminida Yaratuvchi Xoliq sungan iymon javhari («Vatan hubbi iymon nishoni durur...»), oyatu xadislarda zuhur etgan inson, ahli ayol, vatan atalmish bosharif kalimalar – birlamchi ma’naviy qadriyatlar joylangandir.

Navoiyning she’riy kulliyotida vatan mavzuidagi satrlar talaygina. Ne ajabki, xayolni buzrukvor shoirning ona shahri – Hirotga bag‘ishlab bitilgan baytlari o‘ziga tortadi. Inchunin, «Hiriy» zikr qilingan so‘zonli misralarda majoz va haqiqat aqidasining ajoyib uyg‘unligi o‘zgacha larzali ohangda tarannum etilgan:


Navoiy, bihisht ichra farog‘at yo‘lini surdung,

Namudoridur oning Hiriyning xiyoboni.


Navoiy uchun ona Hirot xiyobonlari – jannat yo‘llariga monand. Ularning ko‘rinish – manzarasi («namudori») o‘ziyoq shoirga ilohiy «farog‘at yo‘lini-surish»dek ajab safobaxsh kayfiyat, mayli, armonlari yo‘g‘rilgan ilhomiy ruh ato etganday bo‘ladi. O, jannatiy mevalariyu diltortar manzarali nabototi – shamshodu sanavbarlar, sunbulu sumanlar, anvoyi gullar shukuhi, viqori, atru bo‘yi bilan, tovusu qumrilari, shifobaxsh havosi, toza suvlari bilan orolangan bog‘lar, sayrgohlar, xususan, «Hiriyning xiyoboni»!.. Muazzam shaharning shimoliy hududida – o‘sha qadrdon Injil va Jo‘yi Nav sohillari uzra yo qadimiy Namozgoh – Musalloning muborak yo‘llarida, alalxusus, Navoiy o‘zi bino qildirgan tijorat, ma’rifat, xayriya binolari atrofidagi jannatmonand oromgohu manzilgohlarda ustoz va anis musohiblar bilan birga o‘tgan damlar fayzu safosining nisbati bormi dunyoda? Ular Navoiyning bir umr chanqoq ruhini, qalbini ne chog‘liq qondirolgan ekan? Hayot va nafosat olamining so‘z bilan ta’riflab bo‘lmas buyuk shaydosi, oshuftasi, nabiulloh maqomiga yetgan bu nodiri davron nega, masalan, dunyo sayohatidan, hatto musulmoni komil uchun eng muqaddas safar – Baytulloh ziyoratidan «Hiriy yanglig‘... yer»ni afzal deb bilganini, har qalay, tushunsa bo‘ladi: «Navoiy, aysh uchun dayru riyozat chekkali Ka’ba, Gar istarsen, bu iki ishga yo‘qtur yer Hiriy yanglig‘». Bunday qutlug‘ orzu, buyuk armon, so‘ngsiz hasrat yo‘g‘rilgan, ayni chog‘da iymon-e’tiqodga aylangan muhabbat va iftixor hislari mavjlanib turgan satrlarda majoz va haqiqat g‘oyalari Navoiy qalamining mo‘jizakor qudrati-la o‘zgacha ma’no, o‘zgacha qimmat kasb etadi...

«Xush dar dam, nazar dar qadam». Navoiy she’riyatida xushdamlik, pok nazar, qutli qadam samari bo‘lmish «toza gul»lar («Bog‘chai dahrki, yuz toza gul Topti qayonkim nazar etti ko‘ngul»), go‘yo «jahon gul ichinda nihon» bo‘lganday, biri biridan purma’no, nafis timsollar, rangin lavhalar bisyordirki, ular mungli-hazin misralarga ham bosafo ruh, umidbaxsh nur ato etganday taassurot qoldiradi. Mana yorqin bir misol:


Gulbuni ishratdin uzgil bargi payvand, ey ko‘ngil,

G‘unchadek bo‘l qon yutub kulmakka monand, ey ko‘ngul.


Shubha yo‘qki, piri buzrukvor Xoja Bahouddinning: «Xush dar dam, nazar dar qadam» aqidasi Navoiyda o‘zgacha ruhga, boshqacha alfozga kirib, g‘amnoklik xushvaqtlik unsuri bilan yo‘g‘riladi. Shu jihatdan avvalroq tahlil qilingan baytdan qiyos uchun tamsil-misra keltirish joizdir: «Xalqdin navmidlik yetkurdi rohat ko‘ngluma». Bu, shubhasiz, Navoiyning ilohiy haqiqatni idrok etish yo‘lidagi «majoz ko‘prugi» uchun hayotiy negiz – mustahkam tagzamin hozirlaganidan yorqin dalolatdir. Aslini olganda, Haq taoloning chin oshiq bandalari – turli toifa suluklar, valiylar, oriflar ichida komilu fozili – zahmatkash usta va ustazoda, purhimmat, savobtalab oddiy odamlaru xos shuaro, ulamoyu kirom, amirul umaro zotlar jamoasi – mana naqshbandiya tariqatining ta’sir doirasi, ma’rifat-suhbat va xayriya mehvari! Uning ilohiy falsafasi, ulusparvar, adolatpesha axloqi va hurfikrlilik g‘oyalari (bu fazlu kamol jamiyatining boshqa tasavvuf oqimlaridan farqi – ijodiy-bunyodkorlik ishlariga madaniy hayotga yaqinligi – «majoz»ga kuchli tamoyili ham shunda-da! (Navoiyning ilmiy va badiiy tafakkuriga qanchalik kuchli ta’sir ko‘rsatmasin, u «mustaqil daho» (Lessing) sifatida o‘zgacha-betakror she’riy usullardan foydalangan, umrboqiy timsollar yaratgan.

Hali serqirra qiyofasi – ulug‘vor siymosi, mujassam insonlik va sohibqironlik timsoli chizilmagan Amir Temur shavq-rag‘bati kelgan lahzalarda mehru ixlos bilan tilga oladigan: «Dil ba yoru dast bakor» aqidasi, ne ajabki, Navoiy asarlarida uchramaydi. Lekin bu muborak kalima Xoja Bahouddin nafaslaridan nozil bo‘lgani uchun ham Navoiy she’riyatida uning surati – harfiga emas, siyrati – ruhiga yaqin baytlar ko‘p. Mana o‘shalardan biri:


Tengri ehsonig‘a shod o‘lg‘on qilur

O‘zni shodu mehnatidin elni ham.


Shubha yo‘qki, ulug‘ piri murshid Naqshbandning islomiyat nuri bilan yo‘g‘rilgan ta’limotidan rag‘batlangan Navoiy bu zarif ma’nolar baytida biz ayricha e’tibor va qimmat berayotgan «ayni haqiqatdur majoz» g‘oyasini favqulodda yorqin muxtasar shaklda umumlashtirgan. Bas, uni Bahouddin kalimasining Alisheriy tajallisi deb bilishga to‘la asos bor. Illo, shohbayt zamirida bir emas, bir necha aqoid tadqiqiga ta’minot beradigan falsafiy-ruhiy teranlik, ma’naviy-axloqiy barkamollik, chinakam badiiyat qirralari joylangan. Chunonchi, unda hayot va umrdek azizu mukarram ne’mat shukronasi uchun, keng ma’noda, bani odam – inson avlodi qayg‘usida (irqi, elati, e’tiqodi, hattoki g‘aribu haqirligidan qat’i nazar – bunday tafovutlar Navoiy uchun ahamiyatsiz) qilgan «mehnatidin» xayru barakot topgan musulmoni komilning ko‘pqirrali timsoli chizilgan. Xususan, «Tengri ehsoni» – yorug‘ dunyoga kelmoqlik bahosi – o‘zgacha; bu inoyatga «shod o‘lg‘an» har bandai mo‘minning shukrona tuyg‘usi, shaxsiy baxtiyorligi – o‘zgacha; «o‘zini shod» etish bilan «elni ham» xushnud qilish savobi va sharafiga dohil bo‘lish – o‘zgacha; nihoyat Navoiy talqinida bir necha ma’no tashigan «mehnat» tashbehi yana o‘zgacha g‘oya-maqsadga xizmat qiladiki, bu so‘zlar jamuljamidan istang «kamar dar miyon, sano ba zabon», istang «xush dar dam, nazar bar qadam»; istang «dil ba yoru dast ba kor» xotirga kelishi mumkin. Mana muqaddas kalima («majoz haqiqat ko‘prugi»)dan boshlangan falsafiy-ruhiy-ma’naviy silsila halqalari. Ilohiy ildizlaru ularning dunyoviy shajaralari samari...

Tavsiya etiladi
Shohbaytlar hayrati
Ko‘ngil kaʼbasi

Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…

Uch ofat...

Shohbaytlar hayrati
To‘ymadim, yo‘q, to‘ymasman!

Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,

So‘zim bo‘lsa yolg‘o...

Shohbaytlar hayrati
To‘zimsiz iztirob

O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....