Asrlar qa’ridan sado
Shohbaytlar hayrati

Dardima darmon inoyat aylagil...

Alisher Navoiy


O‘zbek g‘azaliyotining mumtoz namunalari, birinchi navbatda, "fasohat mulkining sohibqironi" hazrati Navoiyga, so‘ngra, "o‘z zamonining malikulkalomi" Mavlono Lutfiyga, shuningdek, kamida uch turkiyzabon she’riyatning mushtarak suxanvari Fuzuliyga mansub deb bilsak, o‘zbek ruboiyotida, shak-shubhasiz, Bobur o‘zgacha, sarbaland maqomni egallaydi. Buning dalolati uchun bir necha mo‘tabar omilni keltirish mumkin: avvalambor, buyuk jahongashta shoir ruboiylari ne-ne mushkilotlar, purtalotum hodisalar bilan chirmalgan hayot yo‘lining ba’zan fayzu safoli, aksar jabru jafoli manzillari bilan bevosita bog‘lanadi – ayni haqiqatni tajassum etadi; so‘ngra, mumtoz she’riyatimizda muayyan qonuniyat va sababiyat taqozosi-la keng an’anaga aylanmagan vatan mavzui, hayot, umr saboqalari kabi ijtimoiy masalalar Bobur ruboiylarining jon rishtasi, yurak tomiri sifatida ajralib turadi. Va nihoyat, aruzning maxsus “tarona” bahriga mansub quyma to‘rtliklar shaxsan Bobur inkishof etgan badiiyat burjlari – ma’naviy va lafziy san’at namunalari: xoh nozik ramzu majozlar, istioralar, betakror timsollar, xoh xalqona sodda-ravon nuktadonliklar usulida yuksak san’at bilan "taroshlangan" (Cho‘lpon).


Tole’ yo‘qi jonimga balolig‘ bo‘ldi,

Har ishniki ayladim – xatolig‘ bo‘ldi.

O‘z yerni qo‘yib, Hind sori yuzlandim,

Yorab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi...


Bu mashhur ruboiyning nafaqat dardnok misralari, balki istisnosiz, har bir so‘zida ulug‘ ulusparvar shoir, himmatu adolatda, mehr-shafqatu dinu diyonatda tengsiz sulton va inson qismatinint butun ziddiyatlari – zohiriy (jismoniy), botiniy (ruhiy), ilohiy, dunyoviy, shaxsiy va ijtimoiy alam-armonlari, fojealari tajassumini kuzatish jarayonida ularning mohiyat va sababiyatini chuqurroq idrok etish mumkin... To‘g‘ri, shoir bu muxtasar she’rda lahzali kechinmalar, sirli-pinhoniy ruhiy holatlar suvratini chizmaydi, kutilmagan istiora yo majoz vositasi-la g‘aroyib-mo‘jiz manzara, harir lirik lavha yaratmaydi. Aksincha, notinch, g‘avg‘oli zamona, suronli, xatarnok voqealar sinovini boshidan o‘tkazish jarayonida tug‘ilgan achchiq-alamli taassurotlar – shafqatsiz haqiqat saboqlari, ne ajabki, shunchalar ayovsiz "balolig‘", "xatolig‘", "yuz qarolig‘" (jafokash elimiz eng mushkul kunlarda tilga oladigan, bir-biridan fuzun malomat so‘zlari!..) tashbehlari orqali ifoda etiladi, ularda Bobur Mirzo hayoti, qismati, shaxsiyatiga bevosita va bilvosita aloqador qancha g‘am-anduh, iztirob, hasrat-nadomat, o‘kinch, armon, sog‘inch, pushaymonlik, osiylik, tavba-tazarru, tangriga munojot tuyg‘ulari umumlashma tarzida zuhur etadi!..

Mazkur tarixiy, tom ma’noda xaqqoniyat umumlashmasi bo‘lgan she’r mazmunini mumkin qadar chuqurroq, talqin va tahqiq etish istagi uni satrma-satr, hatto birikmaga ajratib sharhlashni taqozo etadi.


Tole’ yo‘qi jonimga balolig‘ bo‘ldi...


"Tole’ yo‘qi..." Avvalo, bu – shoir zoti uchun faqat shaxsiy g‘am ifodasi emas. Holbuki, san’atkor shoir va shoh Boburning shaxsiyati – o‘zligi boshqa ahli shuaro va saltanat sohiblari (yo da’vogarlari)dan jiddiy tafovut qiluvchi alomatlari bilan ajralib turadi. So‘ngra, "tole’ yo‘qi..." bu – nafaqat "dasht eli" – ko‘chmanchi o‘zbek urug‘lari bosqinini daf’ etolmaslik, yog‘iy kuchlariga bas kelolmaslik alam-iztiroblari dalolati ("Boburnoma"da, balkim, mag‘lubiyat azobining zo‘ridan sahroyi turk qavmlari – qipchoq o‘zbeklari haqida vodiy madaniyati, obodonligi yovlari sifatida omonsiz hukm yuritiladi), yoki bu – hamyurt amiru beklar, buzg‘unchi-fitnagar temuriyzodalar – xudparast xiyonatkorlardan yetgan ranju ozorlarning muxtasar ifodasi. Eng og‘iri, bu – ikki o‘t o‘rtasida, arosat iskanjasida qolgan, jannatmonand vohayu vodiylari xarobazorga aylangan, umid, najot yo‘llaridan mosuvo, ayniqsa, muqaddas ilohiy, ruhiy-ma’naviy qadriyatlari, bebaho madaniy obidalarining taqdiri xavf-xatar ostida qolgan ulus, vatan qayg‘usining mungli timsoli mujassami... Shu tarzda, ikki so‘z birikmasi o‘zining an’anaviy ma’no-mantiq doirasidan chiqib, tarixiy shaxs fojeasining she’riy ifodasi sifatida kutilmaganda falsafiy teranlik kasb etadi. Boshqa jihatdan olib qaraganda, shunchalar sertashvish, balokash (ayniqsa, qisqa) umr davomida ko‘rib kechirib, yaratib-erishib ulgurganlari – benazir va benisbat ijodiy, ilmiy merosi, tarixiy jasorati e’tibori-la, Bobur Mirzoni "tole’ yo‘qi" deyish, hayot va badiiyat mantiqiga to‘g‘ri kelarmikin?.. Illo, Boburdek ulug‘ zotlarning tortgan barcha jabru jafolari, achchiq armonlari alal-oqibat uning o‘zi mansub bo‘lgan xalq, muborak Vatan sha’ni e’tibori-la, vatandosh avlodlar – vorislar tasavvurida bebaho ma’naviy bahra, ruhiy tayanch, milliy g‘ypyp timsollariga aylansa ne ajab!..

Misra tarkibidagi "jonimga balolig‘ bo‘ldi" iborati anglatgan ma’no – shaxsiy va ijtimoiy kulfatlarning haddi-poyonini, ma’no-mohiyatini baholi imkon sharhlashdan avval maxsus ilovaga zarurat seziladi. Mumtoz rubobiy (lirik) she’riyatimizda oshiq, orif, qalandar (Boburda yana bir toifa – jahongashta-sayyoh) timsollarida zuhur etuvchi qahramon dunyosini "jism”, "jon", "ko‘ngul", "ko‘z", "bag‘ir", "bosh", "oyoq" ("Muyassar bo‘lmasa boshimni qo‘y-moqlik ayog‘iga, olib bu boshni, ey Bobur, ayoq yetkancha ketkaymen...") kabi tashbehlar orqali ifodalash an’anaga aylangan. Ulardan, ayniqsa, "jon" – ilohiy “al-aksir” (Navoiyda ”iliksir”) javhari; tiriklik, umr g‘animatligi, muhabbatning boqiyligi g‘oyalarini goh hazin-o‘ychan, goh umidbaxsh, jozib-xayoliy lavha-obrazlarda ifodalaydi ("Jondin seni ko‘p sevarmen, ey umri aziz...", "La’lig‘a jonimdin o‘zga jonni qurbon aylama...", "Har kimki birav ishqiga bo‘lsa dilband, Jon rishtasidin qilsa keraktur payvand" – Navoiy)... Bas, mazkur ruboiyda jon azoblari oxir-oqibatda "balolig‘" so‘ziga nisbat berilishi beixtiyor "Boburnoma"dagi bag‘oyat dramatik bir vaziyat tasvirini esga soladi. Chunonchi, 1527 yil voqealariga bag‘ishlangan bobda Boburshohning zaharlanishi xaqidagi mana shu satrlarni o‘qiymiz: "Jon mundog‘ aziz nima emish, muncha bilmas edim. Ul misra borkim: ”Kim,o‘lar holatqa yetsa, ul bilar jon qadrini..." Har qancha bu voqea hoyla xotirimga kelsa, bexost holim mutahayyir bo‘lur. Tangri taoloning inoyati bor ekandur, menga yana boshdin jon bag‘ishladi – munung shukrini ne til bilan qilg‘aymen... Agarchi tilga, og‘izga siqqusiz, qo‘rqqudek voqea edi, shukr Tengriga, yana kun ko‘rarim bor ekandur!!. Alalxusus, vatan g‘urbatida yopyg‘ jahon zimiston bo‘lib tuyulgan benihoyat toru tang, mushkil kunlarda zaharlanish voqeasi Bobur uchun "jonga balolig‘" darajasida ta’riflanishida uning o‘zidan boshqa birovning tasavvuriga sig‘maydigan teran ma’no – tubsiz dard-alam bor... Ikkinchi misra sharhiga o‘tamiz.


Har ishniki ayladim – xatolig‘ bo‘ldi.


Ajabo, Boburdek buyuk shoir, mutafakkir va sulton anglab yetgan "xatolig‘"lar... Biz ularni tushunmakka, ozmi-ko‘pmi idrok etib ko‘rmakka o‘zimizni hozir va qodir deb hisoblay olamizmi?.. Ne tongki, Bobur Mirzoning go‘yo katta uzrxohlikday eshitiladigan, mohiyatda o‘ta alamnok iqrornoma so‘zlari haqida odatiy taomilda mulohaza-muhokama yuritish juda mushkil yumush bo‘lib tuyuladi: nainki, ma’sum bolalik chog‘laridan fikri-xayolini band etgan bobomeros mulk manfaatlari, muborak Vatan taqdiri, she’riyat, ilmu irfon rag‘bati – yaratish, yaxshi ot qoldirishdek ezgu murod-maqsad yo‘lida bir umr sobitqadamlik bilan, mislsiz sabot, jasorat bilan qilgan sa’yi-harakatlari – "har ish" faqat "xatolig‘" bo‘lib chiqsa!.. Beadad alam bilan, kuyunib aytilgan nadomat so‘zlari na tarixiy haqiqat, na hayot va badiiyat mantiki talablariga to‘g‘ri keladi! Shunga qaramay, o‘z ziddiyati bilan kishini o‘yga toldiradigan bunday "xatolig‘" zamirida allaqanday taskinli, ayni paytda ibrat-saboq bo‘larli ma’no bor: bu foniy dunyo "ish"lariga haqirona shikastalik bilan yondoshish – barcha yaxshi-yomon, Haq taologa itoatkor holatni kechirishdek islomiy e’tiqod, ehtimol, Boburga eng mushkil soatlarda ruhan madad bergandir. Shu ma’noda, odamzotning asli haqiru ojizligi, bandai g‘ofilligi alomati (beayb – parvardigor), aksari uning inon-ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan, shu vajdan marg‘ubu nomarg‘ub amallari xatodan xoliy emas, deb bilish faqat valiulloh zotlarga xos xususiyatdir. Albatta, "har ish”, "xatolig‘" kabi ortiq hasrat-nishin tafsil-tashbehlar zamirida avval – birinchi misra sharhida qayd etilgan, Vatanning dardi-firoqi bilan bog‘liq, har gal shoir esga olganida vujudini qaqshatguvchi bitmas og‘riklari ham anglashilib turadi. Lekin, baribir, muqaddas "tavbai komil" (Navoiy) oyatiday tiyrak haqiqat so‘zlarini taqdiri ilohiy hukmi deb bilgan Bobur har qanday qalloblik va yovuzlikka yuzma-yuz – tik qaraganidek, turfa "xatolig‘"larni ham, malomatlardan cho‘chimasdan ochiq ifsho etadiki, bunday javonmard oshkoralik ulug‘ shoirning nomi sharifiga zarracha g‘ubor yuqtirmaydi, bil’aks, uning siymosini, birinchi navbatda, musulmon olamida sarbaland etadi... Uchinchi misra sharhiga o‘tamiz.


O‘z yerni qo‘yib, Hind sori yuzlandim...


Vodarig‘! Vatanning har bir zarra – anosiri, har burjini muqaddas bilgan, komil zakovat, o‘tli ehtiros bilan nazmiy, nasriy, ilmiy ta’rif-tasnifini bitgan ulug‘ shoir, mutafakkir va shoh Bobur uchun "O‘z yerni qo‘yib" kabi mislsiz hasrat-nadomat so‘zlarini xayolan kechirish va qog‘ozga tushirishdan ortiq azob, yurak-bag‘rini xuni biyron qilg‘uvchi boshqa bir mushkilot bo‘lganmikin? Mo‘jiz she’riy ijod lahzalarining go‘yo uch laxcha cho‘g‘day yolqinli so‘z-timsollarga o‘tgan ruhiy holatini, shubhasizki, o‘sha asnoda shoir ko‘zlarida beixtiyor ravishda xalqalangan yoshni, qalam-xoma tutgan qo‘llariyu Haqqa sano aytganday pichirlagan lablari titrog‘ini, ich-ichidan to‘lib kelgan, sog‘inchu g‘am-anduh mavjlarini o‘z ismiga monand mislsiz iroda kuchi bilan ba’zo‘r qaytargan samoviy bir holatni bugun biz nechog‘lik tasavvur etishimiz mumkin?.. Bu nolavor so‘zlar zamirida nafaqat Boburshoh shaxsiyati – aql-zakosi, qalbi, xilqati, sa’jiyasi bilan bog‘liq to‘zimsiz hasrat-nadomat ohantlari, balki vatan, el-ulus taqdiriga shunchalar loqayd qaragan buzg‘unchi-tarafkash amiru amirzodalar, ayniqsa, qavm, jamoa, shahar-qishloq darg‘alari, iymonsiz din arkonlari uchun, qolaversa, turli tabaqa, turli toifaga mansub, maydonga otilib chiqishga nomunosib hamyurtlarning aslo kechirib bo‘lmas jur’atsizligi, o‘ta xudparastligi uchun ham alam-iztirob tuyg‘ulari zuhur etsa ne ajab?.. Balkim, o‘sha o‘kinch-pushaymon so‘zlari qog‘ozga tushayottan kezda "Shayboqxon" (Bobur iborasi) bosh ko‘chmanchi-istilochilar qoldirgan mudhish asorat-oqibatlarni o‘ylab (yana "Boburnoma" sahifalari esga tushadi!), eski dard-og‘riqlari yangilangandir!..

"Hind sori yuzlandim". Bu so‘zlar ham nafaqat uchinchi misra tag-mazmuni, uning butunligi uchun xizmat qiladi (ixtiyorsiz tarki vatan hasratini ifodalash bilan kifoyalanadi), balki keng ma’noda, shoir Bobur xoh she’riy, xoh nasriy yo‘lda, turli ohanglarda arz etgan "xasbi holi"ga ham daxldorligi,shubhasiz. Bu da’voni qo‘yidagi baytlar bilan dalillash mumkin: "Yorab, yana mahrumu xonimon qilding, Yorab, yana ovorai jahon qilding"; "Ko‘ngli tilagan murodiga yetsa kishi, Yo... boshin olib bir copig‘a ketsa kishi". Bu mungli satrlarning haqqoniyligi – hayotiy joziba siri shundaki, Bobur o‘zining xos tabiati, xos sa’jiyasi taqozosi-la har bir aytgan so‘ziga bamisoli nomai a’mol yozug‘iday qiymat berganmi?! Shu ma’noda, uchunchi misra mohiyatidan buyuk tarixiy shaxs fojeasigina emas, balki qismati ilohiy xohish-irodasi oldida ("Hech nima tengrining xostidan o‘zga bo‘lmas" – "Boburnoma") "ixtiyori yo‘qligi" – chorasiz holati ham anglashiladi... Va nihoyat, so‘nggi misra sharhi.


Yorab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi”...


Mumtoz she’riyatimiz durji – lug‘at sandig‘ida "yuzi qaro" yanglig‘ og‘ir alamnok so‘z kam topilsa kerak ("Yuz qarolig‘ oncha bo‘lmish jahl arokim, ko‘zumga qildi olamni qaro" – Navoiy). Bobur Mirzodek g‘ururu oriyat bobida yaktolardan, tabiatan o‘ta nozik ko‘ngil, zurafoyu fuzalo ahlining xushtab’, solim xilqat musohibi – buyuk shoir va shavkatli shohki, “yuz karolig‘" ibora-tining ne chog‘liq sharmisor, og‘ir-zil zarbiga dosh berib,mayli, to‘zimsiz iztiroblar so‘zonida yonib-o‘rtanib, bundayin zahrolud nasibi qismat uchun Haq oldida tazarru tuyg‘ularini kechirar ekan, bunda mo‘jiz hikmat bor. Yuqorida zikr etilgan, biri-biridan yomon ikki zolim – ichki va tashqi yovlar o‘rtasida talangan, poymol etilgan sitamdiyda Vatanning najotsiz ahvoli – vahshatangez, vahmzor manzaralarini loaqal tasavvur qilish o‘zi qiyin emas-mi?!. Bobomeros zaminning bunday qattiq, qismatidan so‘ngsiz armonli temuriyzoda – sohibqironning g‘ururi qanchalar tahqirlangan ekan?!.. Uning har pora-qatrasini, har bir tirik jonzotu sirli mu’jizotini taxayyulu xotirotida ehtiyotlab va ardoqlab olib yurgan Bobur qalbida, tafakkurida ne tug‘yonu ne talotumlar kechgan ekan?!.. Boburning, ayniqsa, "Yorab!" deya ilohiyga qilgan iltijoli nidosidan bu pokdoman inson, daho shoirning ahvoli ruhiyasini ozmi-ko‘pmi anglaganday bo‘lamiz (mohiyati-la tahqiq etish faqat tangriga-yu Bobur Mirzoning boqiy ruhiga havola...) tahqiq etish faqat tangriga-yu Bobur Mirzoning boqiy ruhiy havola...

Tavsiya etiladi
Shohbaytlar hayrati
Ko‘ngil kaʼbasi

Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…

Uch ofat...

Shohbaytlar hayrati
To‘ymadim, yo‘q, to‘ymasman!

Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,

So‘zim bo‘lsa yolg‘o...

Shohbaytlar hayrati
To‘zimsiz iztirob

O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....