Zahiriddin Muhammad Boburning hayratdan “aql boshi aylanar” (Navoiy) ajab bir dunyosi bor. Bunga amin bo‘lmoq uchun mutafakkir shoir va adibning ikki kitobini nazardan o‘tkazmoq kifoya: birinchisi – komil insonning orifona, oshiqona, rindona dardlari daqiqu zarif san’at bilan yo‘g‘rilgan rubobiy she’rlar devoni; ikkinchisi – shon-shuhrati jahon bo‘ylab taralgan “Boburnoma”dirkim, mumtoz adabiyotimiz, tabarruk ma’naviy merosimiz xazinasida bahosi yo‘q bu “Vaqoye’”ning qomusiy mushohada lav-halari xoh tabiiy xilqatning g‘aroyibotlarga boy manzaralari tasviri, xoh bevosita hayotiy-dunyoviy haqiqatlar zuhur etgan xoh ruhiy-botiniy olam tajallisi bo‘lmish sahifalarni varaqlaganda har gal o‘zgacha hayrat, shavq, g‘urur hislarini kechiramiz, ziddiyatli, iztirobli xayollarga tolamiz…
Mening tasavvurimcha, koinotdagi singari so‘z daholari dunyosining, shu jumladan, Bobur ijodiyotining ham mo‘jiziy burjlari bor. Masalan, uning she’riyat mehvarini bir necha mavzu doirasida tasnif etish mumkin hayot vasfi, ishqq dardi, vafo shevasi, vatan sog‘inchi, ko‘ngil mulki, tole’ armonlari, umr saboqlari, ilohiyga munojot nidolari… Ularning har biri alohida risolaga yo kamida uning bobiga tatigulik maxsus tadqiqotu tahlilga ta’minot beradi. Zero, bu buyuk she’riy hasratnomaning har bir qo‘shig‘i o‘z daromadiga, xos savtu navosiga, misralari, hatto tashbih-timsollari zamirida, ya’ni ularning har gal o‘zgacha sado va aks sado to‘lqinlarida, musiqiy-oxang tebranishlarida ramziy-majoziy ranglar jilvasida, fasohatli istiorayu kinoyalarga xos nuk-tadon qirralarda, ne ajabki, ilohiy, ruhoniy-botiniy, falsafiy, ma’naviy, mantiqiy badiiy ma’nolar yashirindirki, buning tahqiqi va sharhini, albatta, ma’lum darajada ma’rifatli, xushtab’, zakovatli muxlislargina idrok etishi mumkin.
Xususan, “Boburnoma”ning benisbat rangi tafsil-tamsillari zamirida mutafakkir shoir dunyosining biri biridan jozib alomatlari bilan oshno bo‘lish, ularning ma’nosini idrok qilib, baholi imkon tahlil etish g‘oyat maroqli mashg‘ulotdir.
Ne tongdirkim, Sharq va G‘arb madaniyati tarixida beqiyosu noyob bir hol: jahonga mashhur shoh va sarkardaning nodir adabiy iste’dodi, hayratomuz teran zakovati, azaliy va nogihoniy ziddiyatlarga to‘la, serqirra faoliyati barobarida go‘zal shaxsiyati, nozik sa’jiyasi, turli toifa odamlar (aksariyat tarixiy shaxslar), suronli voqealar haqidagi mushohadalarida, hukm va baho mezonida insof, nomus-diyonat taqozosi-la ba’zan yuz-xotirsiz ro‘y-rostligi-haqiqat yuziga tik qarashi, o‘ziga ham, o‘zgaga ham birday talabchan munosabati… Buning kabi jihatlari bilan naziri yo‘q zotlardan bo‘lmish Bobur Mirzo haqida fikr yuritish qanchalik huzurbaxsh bo‘lsa, shunchalik mas’uliyatli hamdir. Buning boisi, ehtimol, Bobur siymosida bir necha “mustaqil dahoga xos” (Lessing ta’biri) alomatlar uyg‘unlikda tajassum kilishida. Mana usha “Tengri ehsoni” (Navoiy) bo‘lmish iqtidor va zakovat qirrali (ma’naviy axloqiy fazlu kamol jilolari bundan mustasno): shoir, nosir, she’rshunos, munaqqid, tilshunos, mug‘anniy, ruhshunos, axloqshunos, orif-hakim (islom va tasavvufda, “ulumi zohiriy va ulumi botiniy”da zukko), muarrix, mutarjim, voqeanavis-solnomachi, xotiranavis-memuarist, tabiatshunos, sayyoh, geograf, geolog, ma’danshunos, etnograf, folklorchi, genetik, sotsiolog, siyosatshunos, davlat arbobi, sarkarda, sohibqiron... Eh-he, “Boburnoma”da shunchalar aniq, tugal tafsiloti, tafsiri sharhlari bilan qayd etilgan turli toifa-tabaqotga, urug‘-nasabga, kasb-koru martaba-mansabga mansub ma’lum va mashhur shaxslar (ularning zoti, sa’jiyasi, hayoti, maishati, sarguzashtlari, fazilatu qusurlari – nomai a’moligacha), jug‘rofiy-toponimik nomlar, ijtimoiyot, iqtisodiyot, nabotot, hayvonot va ilmi g‘ayb – mo‘jizot dunyosi, xalq ijodiyoti, musiqasi, amaliy san’ati, urf-odatu an’analariga oid atamalar, tafsil-tamsil va rivoyatlar... Agar ularni izchil tartib-tizim asosida tasnif kilish, turli ma’nolarini, xos qonuniyatu me’yorlarini tadqiq etish uchun nafaqat tarixiy-milliy merosimizga oid, endigina yorug‘likka chiqqan fanimiz yutuqlari bilan, shuningdek, bizgacha turli ofatlardan omon qolib yetib kelgan boshqa bosma va qo‘lyozma manbalar bilan qiyosan o‘rganish taqozo etiladi.
Biz hozircha ma’naviy merosimizning bu qomusiy majmuidan ba’zi jihatlarni, chunonchi: ayrim she’rlarning bevosita tug‘ilish tarixi – hayotiy zaminiga daxldor, Bobur Mirzo shaxsan kuzatgan, unga ma’lum ma’noda turtki yoki saboq, imtihon sifatida xizmat qilgan qator mo‘jizaviy hodisalar, farahbaxsh yo achchiq xotiralar sharhi, tahlili bilan kifoyalanamiz.
Ayni mushkul kunlarda Boburga xiyonat qilib Shayboniyxon tomonga o‘tgan lashkarboshilardan Ahmad Tanbalga qarshi O‘ratepa va Xo‘jand oralig‘ida bo‘lib o‘tgan katta talofatli jangdan so‘ng... tugallangan bir she’r haqida “Boburnoma”da shunday satrlarni o‘qiymiz: “...Kelib Turon chorbog‘iga tushuldi. Ul g‘azalkim, ushbu kun, ushbu yurtta tugattim. Ul tugangan g‘azal budur:
Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim,
Kunglumdin o‘zga mahrami asror topmadim”.
Vazn-bahr, qofiya-radif, ohang-uslub kabi poetika qonunlari e’tibori-la, ayniqsa, musiqa bog‘lanib, ashula tarzida taralib, manzuru mashhur bo‘lgan bu she’rning o‘zgacha ma’rifiy qimmati shundaki, loaqal uning hazin ohangi yoki ayrim tashbihlari (chunonchi, an’anaviy, “jon”, “ko‘ngul” timsollari) shoir xayolxonasida avvalroq tug‘ilganmidi yo yo‘qmi, bundan qat’i nazar, g‘azalni O‘ratepa–Xo‘jand hududida, dashtdagi xatarnok bir vaziyatda (“ushbu kun, ushbu yurtta”) boshdan kechirilgan najotsiz holat, alamnok kayfiyat samari deb hisoblashga asos bor. Lekin, ne ajabki, bu she’rning (hamda qo‘shiqning) jonso‘z, larzakor misralari, timsollaridan qanchalik mutaassir bo‘lmaylik, qaysidir jangu jadalga, uning oqibatiga biron-bir ishorani sezmaymiz. Aksincha, shaxsiy-mahram kechinmalar dunyosiga cho‘mamiz. Ehtimol, oshiq ko‘ngil nolalari, hasratlari aks sadosini tinglaganday bo‘lamiz. Hatto g‘azalga boshqacha teranlik, sirlilik berishimiz mumkin (masalan, shoir qahra-moni shohlik martabasida bo‘la turib, oshiq sifatida umidsiz va najotsiz, g‘aribu haqir qismatga rozi bo‘lishi ushshoq ahli uchun ajablanarli hol emas, deya talqin etsak-chi?)... Ayni chog‘da, “Boburnoma” shahodatidan ayon bo‘ladiki, rubobiy she’r, ayniqsa, g‘azaldek shoirning ko‘ngil sirlari, ruhiy kechinmalari ifodasi-subyektiv jarayon ham tashqi muhit-obyektsiz voqe’ bo‘lmas ekan...
Shunisi qiziqki, “Boburnoma”da Xuroson adabiy muhiti vakillaridan bo‘lmish, keyinchalik Shayboniyxon devonida nufuzli shoir maqomini olgan Muhammad Solih she’riyati haqida zikr etilar ekan, xunxor yog‘iylardan Ahmad Tanbal haqida mazkur shoirdan bir hajviy bayt keltiriladi:
Bo‘ldi Tanbalga vatan Farg‘ona,
Qildi Farg‘onani tanbalxona.
Hazil-mutoyiba yo‘g‘rilgan, kinoya usulida tarixiy shaxsning nomarg‘ub-salbiy timsoli chizilgan. Esda qolarli bu she’riy lavha bir yo‘la har ikki shoir tab’i nazmining xos qirrasi haqida aniq tasavvur tug‘dira oladi.
Bobur Mirzo jannatmonand bobomeros mulki-muqaddas vatan hududidan hijrat qilib, bosh olib ketishga sababkor, buzg‘unchi amiru beklardan yetgan jabru jafolar haqida dil-dildan kuyib- o‘rtanib, jismu joni to‘lg‘anib yozadiki, har gal eslaganda eski dardlari yangilangani shundoq sezilib turadi. Chunonchi, Bobur Hisor hukmdoridan ko‘rgan zulmu sitamlar to‘g‘risida: “Bizga yetganda saxovat bila mashhur bo‘lgan el xasis bo‘lur, muruvvat bila mazkur bo‘lgan elning muruvvati unutilur... Xisravshohkim, saxovat va karam bila ma’ruf va mashhur edi, bizning abnoyi jinsimiz (kimlarni farzandi ekanligimiz) demakki, balki navkarimizcha bizni ko‘zga ilmadi”, deb yozadi-da, ayni kezda bitgan g‘azalining matla’i-avvalgi baytini keltiradi:
Kim ko‘rubtur, ey ko‘ngul, ahli zamondin yaxshilik,
Kimki ondin yaxshi yo‘q, ko‘z tutma ondin yaxshilik.
“Boburnoma”ning boshqa bobida o‘qiymiz: “Xisravshoh badbaxt kofiri ne’mat saltanat dabdabasi bilakim, saltanat andog‘ nokas, behunarlarga ne nav’ yetgay! Ne asl, ne nasab, ne hunar, ne hasab, ne tadbir, ne shijoat, ne insof, ne adolat! Boysung‘ur Mirzoni beklari bila tutub... muharram oyining uni edikim, mundog‘ xushtab’ va purfazilat va hasab va nasab bila orasta podshohzodani shahid qildi”.
Demak, komil ishonch bilan aytish mumkinki, “yaxshilik” radifli g‘azalning, birinchi qarashda, mazmunan bir biriga zid – marg‘ub va nomarg‘ub ma’no qutblarini aks ettiruvchi baytlari nafaqat xiyonat, yurtbuzuqilik, talon-tajovuz yo‘liga o‘tgan hukmdorlar, sarkardalar tufayli Bobur kechirgan sarsonliklar alamini, balki anisu ahbob deb, elatdoshlardan yetgan turfa ozoru bedodliklarni, ehtimolki, shaxsiy o‘kinch va armonlarni, ayni chog‘da, mutafakkir shoirning ulug‘ zotlarga xos lutfu karam, mehr shafqat, saxovat tuyg‘ularini ham mujassam ifodalaydi. Shunisi e’tiborliki, “Boburnoma”da matla’i keltirilgan mazkur g‘azalning Bobur Mirzo tarjimayi holi bilan bevosita bog‘langanini voqealarning nasriy tavsifidan tashqari, maxsus she’riy timsoli ruboiy ham beriladi. Mana undan bir bayt:
Har kim bu “Vaqoye’”ni o‘qur, bilgaykim,
Ne ranju ne mehnatu ne g‘amlar ko‘rdum.
“Boburnoma”da Samarqand, Marg‘ilon, Toshkand, Xo‘jand, Axsikat, Andijon muzofotlarida (aksariyat ular oralig‘ida) yuz bergan tanglik, sarsonliklar haqida shunday azob-iztirob yo‘g‘rilgan satrlar bor: “Bormoqqa ne maskan muyassar, turmoqqa ne davlat muqarrar... necha kun ul navohida o‘z ishimizga hayron, borar-turarimizni bilmay sargardon... Uch kecha va kunduz tinmay, tavaqquf qilmay (to‘xtamay) yigirma to‘rt-yigirma besh yig‘och yo‘lni kelduk, ne otta majol qolibtur va ne kishida. Bu yerdan ne nav’ yonilgay (ketilgay), yonib ham qay soriga chiqilgay... Hech nima Tengrining xostidan o‘zga bo‘lmas”... Bobur Mirzo boshdan kechirgan, mislsiz sabru sabot bilan olishib, alal-oqibat g‘olib kelgan bundayin mushkilotu arosat azoblarini sharhlashga qalam ojizlik qiladi... Ham buyuk, ham purdard voqeanomaning istagan bobidan keltirish mumkin bo‘lgan bunday hasratsaro jumlalar Bobur she’rlarida “Tengrining xosti” (xohishi)ga rozi-rizolik alomati – Haq taologa munojot timsollariga aylanadi:
Yorab, yana mahrumu xonumon qilding,
Yorab, yana avorai jahon qilding...
“Boburnoma”da turli voqea-hodisalar, sarguzashtlar tafsiloti g‘oyatda jonli, jozibali uslub, lutfona – chin fasohatli til bilan beriladiki, ular ham ma’rifiy, ham axloqiy-ta’limiy, ham badiiy qimmati bilan ajralib turadi. San’atkor shoir oddiy bir hodisaga sirli-sehrli tarovat bag‘ishlaganiday, ayrim g‘aroyib-mo‘jiziy tushunchalarni hayotiy, odatiy bir holdek aniq, ishonarli tarzda ifodalaydi.
“Boburnoma”dan boshqa bir hazin-foje’ ohangdagi lavha – Bobur-shohning zaharlanishi xususida: “Jon mundog‘ aziz nima emish, muncha bilmas edim, ul misra’ borkim: Kim o‘lar holatka yetsa, ul bilar jon qadrini... Har qancha bu voqeani xoyla xotirimga kelsa, bexost holim mutag‘ayyir bo‘lur. Tengri taoloning inoyati bor ekandur, manga yangi boshdin jon bag‘ishladi. Munung shukrini ne til bila qilgaymen... Agarchi tilga, og‘izga siqqusiz, qo‘rqudek voqea edi, shukr tengriga, yana kun ko‘rorim bor ekandur...”
Shubha yo‘qki, Tangriga sanoyu tazarru ruhidagi quyidagi ruboiy o‘sha mudhish kunlar xotirotidan (boz ustiga, vatan g‘urbatida kechgan azob – iztirobli o‘ylardan) tug‘ilgandir:
Yo qahru g‘azab birla meni tuproq qil,
Yo bahri inoyatingda mustag‘roq qil,
Yorab, sengadur, yuzum qaro, xoh oq qil,
Har nav’i sening rizong erur – andoq qil.
“Boburnoma”dan quyida ko‘chiriladigan nasriy va she’riy parcha Boburning so‘z mulki, uning ma’naviy qimmati, badiiy fasohatiga nisbatan xos nuqtayi nazari haqida yorqin tasavvur tug‘diradi: “Mundin burun yaxshi va yomon, jid (jiddiy) va hazl har ne xotirg‘a etsa edi, mutoyiba tariqi bila gohi manzum bo‘lur edi. Har nechuk qabih va zisht (xunuk) nazm ham bo‘lsa marqum (raqam) bo‘lur edi va hazin ko‘ngilga mundoq ettikim, xayf bo‘lg‘ay ul til-dinkim, mundoq alfozni darj (qayd) qilg‘ay, yana fikrini qabih so‘zlarga harj qilgay va farig‘ bo‘lgay ul ko‘nguldinkim, mundoq maoniy zuhur etgay, yana zisht xayollar anda xutur etgay (xotirga kelgay)...
Ne qilayin sening bila, ey til,
Jihatingdin mening ichim qondur,
Necha yaxshi desang bu hazl ila she’r,
Birisi – faxshu biri – yolg‘ondur.
Gar desang qo‘ymayin bu jurm (gunoh) bila Jilvangni bu asardin yondur (arosatdan qaytar). Na choraki, vafosiz zamonu ahli zamondan, bebaho dunyodan hasrat-nadomatlari arzu samoni tutgan purarmon shoir qanchalar achchiq kinoyali satrlar bitganiga qaramay, hajviyani tom ma’nodagi she’riy san’at – zarif so‘z maqomida ko‘rish va ijobiy baholashdan uzoqdir. Har qalay, yuz-xotirsiz she’r janrini “birisi faxshu biri yolg‘ondur” deya “qabih so‘zlar” sirasiga qo‘shishning biron-bir sababi bo‘lishi kerak... Ehtimol, buni Boburdek ulug‘ san’atkorning o‘ta nozik tab’ligi dalolati sifatida istisno bir hol deya talqin qilish mumkindir. Ehtimol, ”mundin burun...mutoyaba tariqi bila gohi manzum aytgan shoir biror favqulodda hodisa tufayli” tamom, endi bizga hazil harom!” deya tavba-tazarru qilgandir. Hazrati Navoiy ham Binoiyning behayo mutoibalaridan qattiq iztirobga tushib, minba’d alha-zar, deb o‘tganlar-ku! Har qalay, shoir zotining toza xilqati, nozik sa’jiyasini tushunmoq kerak. Yuqoridagi kabi kamyob tamsillar esa she’r va shoir dunyosini, uning o‘zgacha, xos sir-sinoatini o‘rganish va tahqiq qilishga xizmat qilishi e’tibori-la ahamiyatlidir.
“Boburnoma”da ulug‘ san’atkor ijodxonasiga doxil tansiq lavxalar mavjud. Mana ulardan bir tamsil – namuna: “Yakshanba kuni oyning o‘n oltisida sabuhiy qilib, hushyor bo‘lib, ma’jun ixtiyor qilg‘onda Mullo Yorak panjgohda muxammas davrida bog‘lag‘on naqshini o‘tkardi. Yaxshi naqsh bog‘labtur. Necha mahal edi, mundoq nimalarga mashg‘ulluq qilmaydur edim. Manga ham dag‘dag‘a bo‘ldi – bir nima bog‘lag‘aymen. Bu taqrib bila chorgoh savtini bog‘ladim, nechunkim, mahallida mazkur bo‘lg‘usidir”.
Mazkur lavha-xotirot ma’rifiy estetik qimmatga molik mushohada va mulohazalar uchun ta’minot berishi mumkin: Birinchidan, Bobur Mirzoga zamondosh, uning yurishlarida hamroh va hamdam, nash’u namoyu ijod lahzalarida hamroz va hamsoz maslakdoshlaridan Mulla Yorak otlig‘ mutrib hamda sozanda haqida noyob, extimol, yagona ma’lumot olamiz. Mirzo Boburdek xushtab’lik va zariflikda yakto shoiru orif zotgaki manzur bo‘lgan ekan, demak, mulla Yorakning bastakor va mug‘anniylik iste’dodi shubha tug‘-dirmaydi. Ikkinchidan, Boburshohning gohida kuy bastalashga rag‘bat qilgani xaqidagi avvaldan ma’lum tasavvurimiz aniq dalil bilan asoslanadi. Nihoyat, uchinchidan, badiy ijod (jumladan, musiqa yaratish) jarayonidek mo‘jiz holat haqida, aniqrog‘i, yangi asarning tug‘ilishi oldidagi o‘zgacha, san’atkorning o‘zigagina ayon shavqu rag‘bat daqiqalari (“Manga ham dag‘dag‘a bo‘ldi – bir nima bog‘lag‘aymen”) haqida Boburona tarovatli kechinma va uning muxtasar ifodasi – dastxat namunasini kuzatamiz...
“Boburnomadagi” yana bir lavha ham ma’rifiy, ham badiiy qimmati-la jazb etadi. 1504 yilning Navro‘zi iydi muborak – Qurbon hayiti bilan deyarlik barobar kelgani aytiladi: “Iyd namozini To‘mal rudining yoqasida o‘taldi. Navro‘z ul iydka yevuk (yaqin) kelib edi, tafovut bir-ikki kun edi, ul taqrib bila bu g‘azalni aytib erdim:
Yuzi navro‘zi fasli iydini, Bobur g‘animat tut,
Ki mundin yaxshi bo‘lmas bo‘lsa yuz Navro‘z bayramlar.
Dastavval, “yuz”, “navro‘z”, “iyd” tashbehlari vositasi-la muzayyan etilgan tajnisi tom san’ati (uch so‘zning ma’no qirralaridan bu gal olti lavha – obraz yaratish usuli) haqida. Bu – yuz (ruxsor) bilan yuz yil mobaynida bir necha avlodga takror-takror (har bahorda) quvonch, umid-orzu, najot, taskin, darmon, rag‘bat in’om etishi mumkin bo‘lgan uyg‘onish, yangilash rasmi – bir so‘zning turli ma’no jilvasi; bu – mahbuba chehrasining jozibasi tabiatning eng latif, safobaxsh mavsumiga muqoyasa (“yuzi navro‘zi tarzida”) etilishi; nihoyat, bu – muhabbat qismatining eng tole’baxsh, ehtimolki, ilohiy ma’noda kamyob tuhfasi – visol ayyomi (“vasli iydi”)ning muqaddas bayramga nisbati. Voajab! Mahbuba yuzining bahoriy tarovati, gul-gul ochilib, yashnab turishi bu qadim dunyoning navro‘z ayyomiga, ne intizorlik, shirin orzu-xayollar bilan kutilgan vasl quvonchining qutlug‘ islomiy bayram – iydi Qurbonga nisbat berilishida qanchalik badiy-mantiqiy uyg‘unlik – tabiat kelinchak fasl, yangi yilboshi – Navro‘z va iloxiy e’tiqod-ruhiyat mushtarakligi bor... holbuki, jahongashta Bobur Mirzoning qismatiga bitilgan muhojirot yurishlari chog‘ida navro‘z bilan iydi Qurbon bir-biriga “Yovuq” (yaqin) kelmaganida, shubhasiz, mazkur g‘azal yaratilmas edi...
1507 yil bahoridagi Qobul muzofoti tabiatidan ilhomlanish jarayoni “Boburnoma”da shunday tasvirlanadi: “Bahorlar Boron yonisi va Choshto‘ba dashti va Gulbahor yumanasi (etaklari) bisyor xo‘b bo‘lur, Sabzasi Kobul viloyatining o‘zga yerlariga boka xili yaxshi bulur, turluq-turluq lolalar ochilur. Bir qatla anvoini buyurdimkim, sanadilar: o‘ttiz to‘rt nav’ lola chiqti, nechukkim,bu yerlarni ta’rifida bir bayte aytilib edi:
Sabzau gullar bila jannat bo‘lur Qobul bahor,
Xossa bu mavsumida Boron yozisiyu gulbahor.
Boshqa bir sahifada o‘qiymiz: “Bu kentlardin quyi domanada tog‘ bila Boron suvining oralig‘ida ikki parcha hamvor (tekis) dasht voqe’ bo‘lubtur ...Birini Kurrai Toziyon derlar, yana birini Dashti Shayx ...Bu domanada rangorang har nav’ lola bo‘lur. Bir qatla sanattim: o‘ttiz ikki-o‘ttiz uch nav’ g‘ayrimuqarrar (betakror) lola chiqti. Bir nav’ lola bo‘lurkim, andin andek qizil gul hidi kelur, lolai gulbo‘y der eduk. Dashti Shayxda bir parcha yerda bo‘lur, o‘zga yerda bo‘lmas, yana ushbu domanada, Darvondin quyiroq sadbarg lola bo‘lur...” Benazir xushtab’ shoir o‘zi kuzatgan ajab muattar bo‘yidan hayratlanib ilk bor “lolai gulbo‘y” deb nom qo‘yilgan olis Dashti Shayx chechagiga ham o‘sha tarixi qaydnomadek “baxtli taqdir” bitilgan bo‘lsa-ya! Aslida bu mo‘jazgina, lekin g‘aroyib bir misol ham Boburning fasohatga boy hilqati uchun kutilmagan hollardan emas...
Ko‘chirilgan lavhalarda mutafakkir shoirning xushtab’ligi ikki jihatdan e’tiborni tortadi: avvalambor, adadsiz ranju alamlar, muborak armonlar mulki – jannatmakon Farg‘onadan quvg‘in bo‘lganiga qaramay; tabiatning navro‘ziy ehsoni – nafosat shaydosi bo‘lgan ko‘ngilning hamdami – anvoyi gul-lolalar sayri avvalgiday xayolni band etadi. Bu ham kifoya qilmaydi, shoirga o‘zgacha shavq baxsh etgan fusunkor manzara “o‘ttiz ikki – o‘ttiz uch”, hatto “o‘ttiz to‘rt nav’ lola”ni inkishof etish imkonini beradiki, go‘yo bu bilan vatan g‘urbati ham ma’lum fursatga chekinganday bo‘ladi...
Bahoriy “toza gul”lar sayridan o‘zgacha farahbahsh ruh olgan Boburning tab’i nazmi ilohiy bir holatni – yangi she’r yaratish kayfiyatni kechiradi. Shoir: “Ushbu sayr kelganda bu g‘azalni tugatdim” deydi va uning avvaldagi bayt matla’ni keltiradi:
Mening ko‘nglumki gul g‘unchasidek tah-batah qondur,
Gar yuz ming bahor o‘lsa, ochilmog‘i ne imkondur.
Mumtoz she’riy san’atlar – tashbehi tom (to‘la o‘xshatish) va ifrot (favqulodda mubolag‘a) vositasi-la bechora oshiqning biror mahrami asror topmagan ozurda ko‘ngli gul g‘unchasiga muqoyasa etilishi, g‘unchadek ko‘ngil “yuz ming bahor o‘lsa ochilmog‘i” dushvorligi – muhabbat mavzuida an’anaviy tasvir usuli. Demak, zohiran ko‘chirilgan baytda badiiy kashfiyot – yangi, tutilmagan she’riy timsol ajralib turmaydi. Lekin biz uchun muhimi – g‘azalning shoir hayoti, tarjimayi holi bilan bevosita va bilvosita aloqadorligi. Birinchidan, mazkur she’r – buyuk jahongashta shaxsan shohidi bo‘lgan Turkistonu Xuroson, Afg‘onu Hind mulklarining, mo‘jizalarga boy tabiati – necha bahor gullari ilhomi samari. Ayni paytda unda mutafakkir shoir va komil insonning alam, o‘qinch, armonlari – mohiyatu sababiyati, dramatik, hatto foje’ ziddiyatlari, boshqa og‘riqli jihatlari, sir-asrori yolg‘iz Boburning o‘ziga va Allohga ayon bo‘lgan benazir tarixiy shaxs timsoliga doxil yorqin chizgilarni kuzatamiz. Ular g‘azalning an’anaviy tashbehlariga o‘zgacha joziba baxsh etadi. Bunday tabiiy, hayotiy, ayni paytda sirli-jozib, zarif va nuktadon ma’no qirralari Zahiriddin Muhammad Boburning rubobiy she’rlar kitobiga ham, ”Boburnoma”ga ham xos alomatlardir.
Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…
Uch ofat...
Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,
So‘zim bo‘lsa yolg‘o...
O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....