“Muhabbat osmoni”ning yorug‘ yulduzi
Shohbaytlar hayrati

Muhabbatning saroyi keng ekan, yo‘lni yo‘qotdimku,

Asrlik toshi yanglig‘ bu xatarlik yo‘lda qotdim-ku.


Ibtido, bu shohbayt-matla’ning xos tashbihlar – badiiy qurilmasi o‘ziga tortadi: "muhabbatning saroyi keng", "yo‘lni yo‘qotdim", "asrlik toshi", "bu xatarli yo‘lda qotdim" kabi jozib ifoda birikmalari, hattoki "ekan", "-ku" kabi vositachi unsurlari (ular ajib bir sirli ohang yaratish xizmatini o‘taydi) beixtiyor ravishda e’tiborimizni jazb etadi... Chunonchi, "muhabbatning saroyi". Aniqrog‘i, "saroy" so‘zining muhabbat timsoliga nisbatini olaylik (har holda, bu – she’riyatda kam uchraydigan hodisa). Ehtimol, qachondir, qay bir shoir bunday nisbatlash usulidan o‘zicha foyda-langandir yo kimdir: "muhabbat yo‘li – xatarli yo‘l" degandir. Biroq bu saroyning shunchalar "keng"ligi-yu, oshiq ahlidan biri "yo‘lini yo‘qotmog‘i", ayniqsa, "asrlik toshi yanglig‘... yo‘lda qotmog‘i" bu faqat Cho‘lponning qahramoni – oshiq-qalandar (vola shaydo – yo‘lchi) kechirgan, yo‘lda lolu hayronlik asirligidan tik qotgan – ortiq umidsiz ahvoli ruhiyasi shunchalar aniqligi va betakrorligi bilan jozibali, tom ma’noda lirik-dramatik lavha... Menimcha, shohbaytning ikkinchi satrini kengroq sharhlash ehtiyoji bor. Asli, xalqimizning badiiy tafakkuri taroshlagan "yo‘lni yo‘qotdim" iborasi bilan shoir inkishof etgan "yo‘lda (toshdek) qotdim" birikmasi uyg‘unligidan faqat Cho‘lpon qalamiga xos "yarq" etib turuvchi dramatik manzara yaratiladiki, biz dardli-hazin, ayni chog‘da, o‘yga toldiruvchi bu betakror lavhadagi oshiq-yo‘lchining ham suvrati, ham siyrati haqida anchayin aniq va tiniq bir tasavvurga ega bo‘lamiz (matla’-baytdanoq g‘azal foji’-tragik yo‘nalish – asl ma’nosini anglab olamiz). Beixtiyor ravishda Cho‘lponning g‘arazgo‘y munaqqidlar malomatiga javoban: "Ha, men Hofizni o‘qiyman. Agar Hofizii o‘qish ayb bo‘lsa, bu aybimni bo‘ynimga olaman..." degan ortiq alamnok so‘zlari yodga tushadi (Mohiyatan, bu – shoirning dil-dilidan joy olgan so‘ngsiz g‘am-g‘ussa, nola, qahr, isyon tuyg‘ulari-la yo‘g‘rilgan pinhoniy raddiyaning o‘ziga xos kinoyaviy ifodasi, ya’ni aniqrog‘i, chorasiz shoirning o‘zgacha muhofaza-himoya usuli edi...). Zotan, hazrat Navoiy talqinicha, Hofiz Sheroziy "haqiqat asrorig‘a majoz tariqin maxlut (omuxta- vosita) qilgan – bir yo‘la "ikki jahon" ishqini o‘zida tajalli buyuklardan buyuk shoirlar tabaqotiga mansubdir (shubhasiz, Cho‘lpon ana shu toifadagi mumtoz so‘z san’atkorlarining so‘nggi, yorqin izdosh – halaflaridan biri edi). Bu tabaqaga mansub (ham dunyoviy, ham ilohiy muhabbat kuychilari) bo‘lmish hassos hurfikr shoirlarda har bir so‘z-timsol nuktadon, teran, ko‘pqirrali ma’noga ega. Chunonchi, "asrlik toshi" zohiran qadimiy karvon yo‘llari yo tiriklik so‘qmoqlarining birida mangulikka o‘rnashib qolgani (balki, uning osti – bizga ko‘rinmas qismi zamin qa’ri bilan tutashgan) bois, qanchadan-qancha aza-liy va nogihoniy hodisalaru ne-ne soyir dunyo kezuvchi muhojirlarning tilsiz guvohidir. Ehtimolki, kimgadir bir necha lahzali qo‘nalg‘a – "nafas rostlash" vositasi bo‘lgan bir ma’dan parchasi, aslida, shohbayt kontekstida: poyonsiz qismat yo‘lining qaysidir manziliga, qay tomondan, ne sababdan kelib qolganu qayerga borarini bilolmay boshi "qotgan" musofir-yo‘lchi timsoli orqali, nihoyat shoirning qahramoni – najotsiz oshiq-qalandar ahvoliga muqoyasa-payrav sifatida kelishida (bunda silsilali o‘xshatish – tashbihi musalsal san’ati mavjud) qanchalik hayotiy va badiiy mantiq, dunyoviy va ilohiy ma’nolar uyg‘unlashib ketgan...

Ikkinchi baytda Cho‘lponning dunyo oshiqlari, barcha "dard ahli" ichida yaktosi, benaziri – volai shaydo qalandar endi zamin – quruqlik yo‘llaridan... qiyoslab bo‘lmaydigan darajada "xatarlik"roq, ya’ni: na orqa-oldi, na so‘li-sog‘i, na adog‘u qirg‘og‘i ma’lum bo‘lmagan, biror tayanch nuqtasiz, aniq qarorgoh – manzilgohsiz muallaq makonu zamon mujassami "dengiz" timsoli bilan almashadiki, bu muhabbat olami uchun ajablanarli hol emas:


Karashma dengizin ko‘rdim, na nozlik to‘lqini bordur,

Halokat bo‘lg‘usin bilmay, qulochni katta otdim-ku.


Dastavval, birinchi misra zamiridagi g‘aroyib ziddiyat – ham bevosita muhabbat tuyg‘ulariga, ham bilvosita Cho‘lponning badiiy tafakkuriga xos ajib tafovutli holat e’tibori-la, "karashma", "nozlik" tashbehlari o‘zaro muvofiq-hamjins ma’no anglatgani holda, ayni o‘sha, ayon sezilib turgan hamohanglik ruhida, kutilmagan tarzda tazod san’ati yashiringanini ilg‘ab olish qiyin emas (yuqorida qayd etganimizdek, bu mumtoz she’riyatimizga xos alomatlar sirasidan bo‘lib, so‘z-timsolning rangin qirralarda jilolanishi misolidir)... Muhabbatning "karashma dengizi" shunchalar sirli, aldamchi-afsunlidirki, uning to‘lqinlarida na o‘ziga rom etuvchi joziba – nozu istig‘no, na ehtimol tutilgan biror xavf-xatar, qo‘rquv-vahm bor: u hushyorlik, ehtiyotkorlik tuyg‘usidan mosuvo bo‘lib,o‘zini avaylash, mahfuz etish haqida aslo qayg‘urmaydi. Bunday hol haqiru shikasta tabiat oshiqni ilojsiz g‘ofillik domiga soladi, go‘yoki dengizni uning banogohi shiddat bilan bostirib keluvchi asov to‘lqinlarini unutadi... Shu tariqa, ikkinchi misra mazmuniga badiiy-mantiqiy zamin hozirlanadi: "Halokat bo‘lg‘usin bilmay, qulochni katta otdim-ku..." Bu – faqat dengiz tabiatining xos qonuni, faqat dengiz hududi taqozo etadigan ichki paradoks ziddiyatli ma’nolar haqiqati... Holbuki, Cho‘lponning lirik qahramoni – soyir-oshiq dunyoni kezib (shubhasizki, nafaqat muhabbat dunyosini!...), o‘z mahbubini, ehtimol, o‘sha ma’sum bolalik chog‘laridan o‘z tasavvurida gavdalantirgan, bora-bora bor vujudi, dili, joni kuyib-o‘rtanib orzu-xayol qilgan Ishq ma’budini, baxt yulduzi, haqiqat quyoshini axtargan majnunvor qalandarning quruqlik hududidagi toshli-tikonli, pastu baland yo‘llarda, uning issiq-sovuq, suvli-suvsiz manzillarida tinka-madori qurigan notavonu besomon ahvoliga... kutilmaganda, endi cheksiz va shafqatsiz dengiz stixiyasi – buhroni bilan yuzma-yuz qolgan tanho yo‘lchi holini qiyoslab bo‘lmaydi (faqat dengiz qonunlarini yaxshi bilgan, uning sinovlarida toblangan baliqchilar yo g‘avvoslargina o‘z imkoniyatlarini ehtiyotlab-tejab harakat qilishi, to‘lqinlarning nogahoniy mavji – hamlasidan favqulodda jasorat va chaptdastlik bilan saqlanishi mumkin... Xullas, "qulochini katta otdim-ku" xalqona, milliy mushohada zaminidagi she’riy birikma faqat Cho‘lpon qalamiga xos badiiy tafakkur mahsuli bo‘lsa-da, uni, masalan, Navoiy orzu qilgan komil insonning timsoli mujassam – Farxodning dengiz to‘foni chog‘ida ko‘rsatgan mislsiz jasorati –javonmardlik ramzi bilan qiyoslab bo‘lmaydi... Bil’aks, shijoatda tengsiz zabardast zotlar ham "falokat bo‘lg‘usi" muqarrarligini bila turib, muhabbat "dengizi" girdoblarida halok bo‘lishlari, jon fido qilishlari mumkin. Shu ma’noda, shoir yaratgan, o‘z zid-diyati bilan kuchli badiiy kashfiyot, betakror, she’riy mantiq, bizni boz hayratga soladi...

Uchinchi bayt ulug‘ armonli shoirimiz hali hayotli yillarida ham, hatto "yomondan yomon" (Navoiy) qatag‘onlar zamonida turli (aksari azobli – noxush) turli muloqot jabhalarida quvg‘in, ta’qib, malomat g‘ovlarini bazo‘r yengil o‘tgan qanotli – hikmatli ibora (shubhasizki pinhoni isyon!) – "ajab dunyo" timsoli bilan boshlanadi:


Ajab dunyo ekan bu ishq dunyosi, ayo do‘stlar,

By dunyo deb, u dunyoni bahosiz pulga sotdim-ku


Bu baytda, avval qayd etganimizday, ichki ziddiyat o‘ta qaltis, aytish mumkinki, isyonkorona tus olgan muqobil ma’nolar – "ikki jahon" falsafasi... kutilmaganda g‘oyat tafovutli haqiqat talqiniga aylanadi. Chunonchi, "dunyo" tashbeh to‘rt marta takroran kelib, har gal o‘zgacha ma’no anglatishi bejiz emas. Baytning birinchi satri nisbatan aniq-ravshan: u – "ishq dunyosi"ning hayrati haqida. Butun alamnok ruh, ayovsiz, achchiq hayot haqiqati ikkinchi misraga joylangan: "Bu dunyo deb u dunyoni... Avvalgi falsafiy birikma-ibora ("bu dunyo deb...")dan ikki ma’no anglashiladi: bunda ham obyektiv borliq – bizga ayon nazargoh, ham subyektiv – "ishq dunyosi" umumlashma tarzida keladiki, bunda mumtoz iyhomi tazod san’ati yashiringan. Lekin ikkinchi satrni, chuqurroq idrok etib ko‘rganimizda bori sir ayon bo‘ladi; bunda shuur, aql, qalb, tafakkur, hayol, xotirot – butun insoniy xilqat vujudimiz larzaga keladi! "Hayhot, o‘zing asra!" deb yuboramiz ixtiyor-beixtiyor holatda. "O‘zi nima gap?" deya siz ham hayronu taajjub bilan savol berarsiz... "Ishq dunyosi" qarshisida nafaqat bizning o‘tkinchi-foniy dunyomiz, hatto "u dunyo" ham, boqiy haqiqatlar, jamiki muqaddas daxlsiz qadriyatlar mutlaqo qadrsizlansa, "bahosiz pulga sotilsa" – bunday dahshatli mujdani, qay yo‘sinda qabul qilish mumkin?! Lekin boqiy bir taskin: albatta, tabiatan hurfikr, isyonkor shoir Cho‘lponning bunday ayovsiz hukm-xulosaga kelishi asossiz va zaminsiz emas. Ne ajabki, buning ruhiy-ilohiy va tarixiy ildizlari, falsafiy, ijtimoiy, badiiy-mantiqiy asoslari yo‘q emas; bu – mohiyat va sababiyat qonunlari bilan, balkim boshqa jihatlar bilan bog‘liqdir... Yana "mutafakkirlar mutafakkiri, valiylar valiysi" hazrat Navoiyga, uning so‘z dahosiga murojaat qilamiz: "So‘z kelib avval, jahon so‘ngra, ne jahon, kavn (zamon) ila makon – so‘ngra". O‘sha, ilohiy ibtido – "so‘z" sirasida "Ishq" kalimasi ham borligi xabar beriladi abadiyat kitobi "Lavhul mahfuz"da!.. Bu "nuri Muxammad" – Xoliqul-zuljalol amri-la Arshi A’loda bitilgan dastlabki muqaddas so‘zlardan... So‘ngra, Navoiy yozadi: "Oshiq o‘lg‘on kechti mangu nomidan. Millatu iymonu dini islomdan". Bas, bul "ajab dunyo"ning, loaqal zohiriy, suvrat e’tibori-la bor jozibasi, shavqi-hayrati oldida... tiriklik deb atalgan butun moddiy xilqat, hatto uning mo‘jiz, sirli-sehrli jihatlari o‘z mazmuni, qimmati va ahamiyatini yo‘qotishi hech gap emas!... Uning siyrati – mohiyati, shubhasiz, boqiy haqiqat – ilohiy qudrat bilan pinhoniy aloqada yashaydi... Milliy Uyg‘onish davrining "orif ul-adib" san’atkorlaridan biri Abdulhamid Cho‘lpon biz baholi imkon qayd etib o‘tgan dunyoviy va ilohiy ma’rifatdan bahravarligi bilan ajralib turuvchi zabardast zakovat sohibi edi. Cho‘lponning ulug‘ maslakdoshi Abdulla Qodiriy ham komil ilohiy ishqning fidoyilik g‘oyasini Anvar va Ra’nolar uchun yagona umid, ilinj, ulug‘ taskin sifatida talqin etmaganmidi?.. (Anvarning Solih mahdum bog‘chasidagi vidolashuv oqshomida majoziy va ilohiy ishqning chin ma’nosiga oid so‘zlarini eslang...)

To‘rtinchi baytda badiiy nisbatlashning mumtoz usuli – bulbul timsoli ham shoirning foji’ qismatli qahramon – oshiq-yo‘lchining o‘sha mahzun, nolavor ahvoli ruhiyasi "bag‘r qoni", "ko‘z yoshi" timsollari orqali, avvaligidan fuzunroq alam-anduh bilan ifodalanadi – an’anaviy timsollardan bo‘lmish – "malomat bulbuli"ga aylanadi:


Uning gulzorida bulbul o‘qib qon ayladi bag‘rim,

Ko‘zimdan yoshni jo‘ aylab, alamlar ichra botdim-ku.


Vaslsiz muhabbat qismatining mumtoz she’riyatimizdan meros ziddiyatlar falsafasi: gul shaydosi, guliston volasi bo‘lmish xushilxon bulbulning, zohiran mushohada etganimizda, shavqqa to‘lib, go‘yo o‘ziga sig‘may, mastona kayfiyatda jo‘shib-toshib "chah-chahlashib" bechora oshiq dardiga biroz malham, sog‘ingan, intizor ko‘ngliga bir qadar taskin-yupanch, tushkun ruhiga salgina mador bo‘lish o‘rniga... aksincha, uni qon-qon yig‘latadi. Nega?.. Bunda qanday sir-sinoat borki, bulbulning go‘yo dunyoda eng g‘amsiz-qayg‘usiz jonzot ramzi sifatida faqat xushnud-quvnoq kayfiyat bilan xonish qilishi... mohiyatda behuda-abas amallardan ekanini na gul, na chaman bilolmasligi – zinhor-bazinhor parvo qilmasligini bulbulning o‘zi anglamaydi. Chor atrof – muhitning bundayin loqayd va bepisandligi, "bemehr va bevafo"ligi ushshoq ahli uchun, xususan, Cho‘lponning jahongashta qahramon nazdida noxush, hatto tahqirli bir holdirki, na uning shaytoni la’in firibi va hurujidan forig‘, "zodani tab’"i (Navoiy) – nozik sa’jiyasi, ezgu umid, komron orzular maskani – ko‘ngil mulki charxning adolatsiz munosabati bilan aslo kelisha olmaydi... Oshiq-qalandar bunday "shafqatsiz haqiqat"ni dil-dilidan anglab yetgani uchun ham "bulbul o‘qigan" kitob – ramziy-majoziy muhabbatnoma bunchalar kuchli, "alamlar ichra" g‘arq etuvchi taassurot qoldira olmas edi... Bas, bu ko‘hna dunyoning "dard ahli" uchun muhabbat "gulzori" zohirdan go‘zal, maftunkoru jozibador nazargoh, jannat qushlari vataniday tuyulsa-da, aslida bu Cho‘lpon anglab yetgan, buyuk shoirlardan meros muhabbat qismatida faqat majoziy ibtido (go‘yo baxtiyor visol xayolidagi, aslida aldamchi-foniy umr)dan iborat bo‘lib, mohiyatda hajr otlig‘ adadsiz hasratlar olamining bu yorug‘ dunyoga sig‘mas, sig‘dirib bo‘lmas fig‘onlari zamirida ilohiy intiho ("ishqi haqiqat") asrori yashiringan emasmi?!..

Alqissa, mumtoz shuaro ahlinig muqaddas armoni: xayol farishtasi, orzu malagi – faqat ko‘ngil mulkiga sultonlik qilgan, fazlu kamolda tengsiz mahbubi, uni ne chog‘liq intiqlik bilan, ovorai jahon (mohiyatda, qalqona "ikki jahon ovorasi") baribir, topilmasiligi ayni haqiqatdir "Bir sho‘hki, ul (ko‘ngul) tilar, topilmas, netayin?.." (Navoiy). Yana o‘zgacharoq talqin, tengi, nisbati yo‘q armonli shoirning sehr-jozibasi sira kamimas rubobiy (lirik) qahramon, balki bu aldamchi (mahbub)ning aql-hushni oladigan afsunli o‘yinlaridan ortiq kuyib-o‘rtanganining sababi, keng ma’noda, bu vafosiz dunyoning adolatsiz tizim-tartiboti, shafqatsiz, andishasiz tamoyillariga moslashmaganligi, moslasha olmasligi siri shunda emasmikin?!..

Bu mashhur g‘azalning beshinchi baytida soyir-oshiq (yo‘lchi), asli bu dunyoda bor dunyoda bor yo yo‘qligini har qachongidan yaxshiroq his qilib, idrok etib, qancha manzillarini bosib o‘tgan muhabbat yo‘lning yana boshiga – avvalgi nuqtasigiqaytib keluvchi darbadar darvesh (bunday qismat faqat chinakam fidoyi ushshoq ahliga ravodir) suratida namoyon bo‘ladi:


Qalandardek yurib dunyoni kezdim, topmayin yorni,

Yana kulbamga qayg‘ular, alamlar birla qaytdim-ku.


Qanchalar mungli-qayg‘uli bo‘lmasin, shunchalar haqqoniy bir qismat egasining "xasbi holi" muxtasar ifodalangan so‘zlar: xayoldagi tanhoyu yakto yori – g‘amgusorini izlay-izlay topmay, yana o‘sha g‘ariblik uyiga – "kulbasi"ga qaytish nasibasi, hasrati, arzi-niyozi!.. Biroq beixtiyor ravishda shunday savol tug‘ilishi tabiiy: "Qalandardek... dunyoni kezish"dan chin murod nima? Nahotki, bu – o‘sha xayoldagi ma’suma va bokira, nodira va komila (ideal) mahbuba – tom ma’nodagi yoru habibni, har qanday mushkul kunda darddoshu maslakdosh matlubani izlab o‘tishdangina iborat bo‘lsa?.. Ha, bu mutlaqo samimiy, "dili poku, ko‘zi poku o‘zi pok" (Navoiy), chin fidoyi zot – haqiqiy ushshoq ahli nazarida nafaqat so‘nmas umid yulduzi, barcha ulug‘ shoirlarning muqaddas armoni-ku!.. Va ehtimoldan uzoq emaski, bu – Cho‘lpon tasavvuri, taxayyuli, boringki, ijodkorlik tahayyuri – hayrati yaratgan qahramonning suvratda vali (Allohning do‘sti), haqiru faqir; siyratda pokdomonlar pok-ro‘yi va fidoyi zotning majoziy (dunyoviy) ishqdan topgan huzur-halovati, erishgan, yetishgan davlati – naqdina ne’mati... Ana shunday teran ma’noli majoz, anchayin kinoyaomiz talqin orqaligina ikkinchi misra ("Yana kulbamga qayg‘ular, alamlar birla qaytim...") zamiridagi zohiran (Haqiqat "mashina"si) navmid-foji’ haqiqat ayon bo‘ladi. Ammo, ne ajabki, uning kuchli istehzoli-kinoyali ohangidan oshiq hasratlarida taqdirdan shikoyat, ayni chog‘da, o‘zi ko‘ngil bog‘lagan, bori-budini baxshida etgan muhabbat haqqi, alam-anduhlari qanchalik purziyod bo‘lmasin, bu dardning qiynoq va iztiroblarida yolg‘iz dard ahligina biladigan, ajib bir ruhiy qanoat, samoviy hurlik, umid-orzular erkinligi yashiringanligini, bundayin nurli-yorug‘ dardning haqiqiy ma’nosini, lazzati va bahosini hech qachon tushuna olmaydigan dardsiz zotlarga nisbatan hayfli-taassufli, botiniy isyon ohangi-ko‘ngil nidosi zuhur etadi...

Va nihoyat, g‘azalning so‘nggi bayti. Bu – Cho‘lpon she’riyati, shoir qismati, shoir dunyosining umumlashishi – timsoli mujassam. Hurriyat g‘oyalari muhiblarining dilida o‘chmas xotiraga aylangan, 20-30–yillar avlodi tilidan tushmagan, hatto keyinroq 60-80–yillarning dam jur’atsiz, dam ikkilanuvchi-ishtibohli ochig‘i anchayin riyokorona muhitida ulug‘ hurfikr shoir nomi osh-kor aytilmagan kezlarda ham, hufiyona-pinhoniy muloqotlarda ahyon-ahyonda bo‘lsa-da qalb shiviri ila takrorlanib turgan muborak shohsatrlar:


Muhabbat osmonida go‘zal Cho‘lpon edim, do‘stlar,

Quyoshning nuriga toqat qilolmay yerga botdim-ku.


Bu ruhiy faryod so‘zlarimi yoki "aybi" bo‘lgan va bo‘lmagan XX asr avlodlarigami, kelgusi nasllargami dahldor va da’vatkor, bamisli "ishq oyati" (Navoiy) yanglig‘, hadis monand muborak she’riy kalimalarni, ular necha-necha bor takroran aytilmasin, sokin-osoyishta holatda, armonli va alamnok ko‘ngil larzalarisiz o‘qish oson emas, albatta: Ular, muqaddas qasam so‘zlariday ko‘ngil ruh tug‘yoni-hattoki ilohiy shavqat shiddat bilan yangrasa, jaranglasa ne ajab?!.. Bil’aks ne hasratki, mumtoz g‘azaliyotimiz va ruboiyo-timiz (aytaylik, Bobur misolida) shohbaytlari bilan bemalol bellasha oladigan bu o‘tli-so‘zonli satrlar zamiridagi purdardlik ma’nosini – ibtidosidan intihosigacha tahqiq va tahlil qilib berish imkonsiz emasmi?.. Mening nazarimda, Cho‘lpon talqinida muhabbat mavzui, boringki nisbiy ma’noda olganda ham, katta, keng miqyosli, imkoniyati cheksiz fanga bo‘lsada oz imkoniyatga ega: bu inson dunyosini, inson taqdirini, uning o‘zligini, millatni, milliyatimizni, uning hurligini – tom ma’nodagi hurfikrligini, shaxsiy va jahoniy dardlarini ifodalash yo‘li, usuli, tarzi, yo‘suri, ohang va ranglari maqomidagi eng sara, eng kuchli, eng yorqin ifoda vositalaridan!.. Bas, shu birgina maqta’ (xulosaviy) – baytda, an’anaga binoan, shoir tahallusi qayd etilishining o‘zida shakl-shamoyiliga nisbatan, keng miqyos bor, teran, yuksak-sarbaland, ko‘pkirrali ma’nolar mujassam... Loaqal, naziri yo‘q shoirning ham shaxsiy, ham ijtimoiy-fojeasi: bu – bir necha asrda; Haq Taolo inoyati, ehsoni sifatida tug‘ilishi mumkin bo‘lgan noyob iste’dod sohibining ayni yigit yoshiga to‘lganda nobud bo‘lishigina emas, balki hali tirik chog‘ida ham "haqorat va safolatlar" – chidab bo‘lmas taziyqu malomatlardan, muttasil kamsitish va cheklashlardan kelgan, yolg‘iz shoirning o‘ziga va Allohgagina ayon bo‘lgan qayg‘u-alamlar, vijdon va iymon qiynoqlari; bu dildan izhor etolmagan osiy bandalik tavbalari, (Alisherning tavros shakli hatto o‘z jonkuyar yaqinlariga ham yorilib aytolmagan ko‘ngil sirlari, dardu hasratlari, muqaddas ulug‘ orzu armonlari!.. So‘ngra. Bu – Istiqloliya-timiz, hurriyatimiz, hususan, milliy adabiyotimiz, milliy tilimiz, jumladan, nazm-nasrimiz, sahna san’atimiz) istiqboli yo‘lida, umuman milliy madaniyatimiz, ma’rifat va badiiyatimiz uchun o‘rnini hech qachon to‘ldirib bo‘lmas, qadri-bahosini qayta tiklab bo‘lmas mislsiz yo‘qotish – "jafokash va balokash" (Navoiy) xalqimiz tarixining eng dardli, eng malomatli haqiqatlaridan biri to‘g‘risida go‘yo shoirning o‘zi oldindan ko‘rib, anglab yetganday... Ha, o‘tgan ortiq suronli, ortiq shafqatsiz asr fojialaridan!..

Alqissa: Cho‘lpon adabiy taxallusining lug‘aviy ma’nosiga qaytadigan bo‘lsak, ko‘hna Mashriq ufqidan hali ancha olisdagi quyosh (Navoiyda "mehri hovariy" timsoli) tun zulmati qa’rini asta-asta yora borib, ufq chizig‘i ortidan samoviy toqi – gumbazi uzra avvaliga bilinar-bilinmas tarzda, ilk yog‘dularini (aniqrog‘i, yog‘dularning aksi – zarravor jilolarini) tarata boshlagan ilk sahargoh asnosida goho yonib-porlab, goho parishon titrab-o‘chib, ko‘zdan ohista-ohista yashirinib, nihoyat, sirli suvrat ila g‘oyib bo‘ladigan tong yulduzi kabi (na xushki, ochiq havolik kunlarda, har subhidam oldidan bunday g‘aroyib-safobaxsh, mo‘jaz nurafshon manzara takrorlanadi) Abdulhammid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lponning endilikda boqiy she’riyat osmoniga ko‘chgan Yulduzi, inshoolloh, biri-biridan ulug‘ siymolar, piri komil-murshidlar, nomi o‘chmas poku porso ajdodlar kahkashonida... mayli, armonli, lekin kutlug‘-muborak xotirot ramzi bo‘lib qolg‘usidir...

Tavsiya etiladi
Shohbaytlar hayrati
Ko‘ngil kaʼbasi

Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…

Uch ofat...

Shohbaytlar hayrati
To‘ymadim, yo‘q, to‘ymasman!

Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,

So‘zim bo‘lsa yolg‘o...

Shohbaytlar hayrati
To‘zimsiz iztirob

O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....