She’riyatning hurriyat burji
Shohbaytlar hayrati

O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfining tarkiban uch sonetdan tartib berilgan «Abdulhamid Sulaymon Cho‘lpon» she’ri («Tavba» kitobi, «Yozuvchi», 2000) asli yozilgan 1974 (!) yildan to o‘z nomida, butun holida bosilib chiqqunicha murakkab yo‘lni bosib o‘tdi. Avval «Sabr daraxti» to‘plamida (1986) noshir bilan muharrir «tahriri» muhofazasi orqali «Shoir qismati» deya nomlangan bo‘lsa-da, darhol muxlisu muhiblar tiliga tushdi...

Holbuki, o‘sha paytlarda Cho‘lpon nomi hamon sir tutilardi. Taqdir ekan, kamina ham o‘sha chala-yarim oshkoralik vaziyatida g‘oyibdanmi, jur’at topib (shubhasiz, adabiy haftalikning muharriri shijoati bilan) «Shoir obrazi» («Bir she’r sharhi») sarlavhali mo‘jaz maqola e’lon qilib edim. Ha, taajjub hol shundaki, mana bugungacha ulug‘ fidoyi shoirimiz haqida qancha yaxshi gaplar aytildi va yozildi... Lekin, yalangto‘sh, haqsevar bobolarimizdan meros jasorat ila birinchi bo‘lib maydonga chiqqan o‘sha hurfikr, mag‘pyp she’r haqida yo uning iymon-e’tiqodi sobit o‘z so‘zli muallifi to‘g‘risida hech kimdan sado chiqmadi...

Mazkur she’r bori vujudi-la milliy shoirimiz Cho‘lpon ruhiyatining muxtasaru mujassam timsoli, nafis so‘z – fasohat mulkining sarchashmasi, millat erki. Vatan mustaqilligining sarzamini – qadim turkiy tilimiz sha’niga baxshida shoh misradan boshlanadi:


Ona tilim sen – ruhimning qanoti...


Hech shubhasiz, muqaddas qasamday yangraguvchi. baayni Hurriyatimizning Birinchi otashnafas kuychisining zabardast ovozini eslatib turganday na’rador, ayni chog‘da purma’no so‘zlarni ramzan Cho‘lpon monologi – she’riy nutqining avvali (musiqa tilida daromadi, o‘ziga xos akkordi) desa bo‘ladi. Rauf Parfi armonlari beadad, buyuk erksevar shoirimiz tilidan milliy istiqloliyat fidoyilari xotiroti – so‘nmas ruhiyatini dastlab an’anaviy tashbehlar – majoz tilida ifodalaydi:


Porloq osmoningda quzg‘unlir uchdi...


Yo‘q, keyin shoir tasvir tarzi taqozosi-la oshkor isyonkor ruh ehtiyojini sezadi – mohiyatda xalqning o‘zi kashf etgan yovuzlik ramzi («qo‘zg‘unlar» majozi) insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan dahriy xudobexabarlar xunrezliklari dahshatini ro‘yrost ochib berolmayotganday tuyuladi – shaklan odam qiyofasidagi, lafzan riyokor (qallob va sarob «kommunizm» g‘oyalari bilan makkorona niqoblangan), tabiatan yovuz, dajjol toifa «rahnamo»lar o‘ylab topgan qirg‘inbarot usullarni endi tashbehlarsiz, bevosita – «yog‘iylar yag‘mosi» tarzida ifodalashni afzal ko‘radi:


Evoh, yog‘iylaring soldi yag‘moni,

Yog‘iylaring jigar-qoningni ichdi.


Faqat bolshevizm «daholari» ishlab chiqqan «qizil terror» – harbiy-inqilobiy tribunal jazo usullari, mustabid zamonlardan qolgan «qatli om»ning tarixda misli ko‘rilmagan qatag‘on (repressiya)lari jahon afkor ommasini larzaga keltirdi... Rauf Parfi buni «zodai tab’»i – o‘z iste’dodiga monand kutilmagan istioralar tilida, o‘zgacha tafakkur tarziga muvofiq g‘aroyib nisbatlar orqali ifodalaydi:


Jigar-qon jarangi tutdi jahonni...


Shundan keyin yana an’anaviy ifoda tarziga o‘tiladi, aniqrog‘i, kutilmaganda xalqona satr – purhikmat lavha yaratiladi:


Onasen. Kechirding. Qonidan kechding...


Beixtiyor ravishda: «Voajab!» deya yoqa ushlarsiz: nahotki «qizil terror» jallodlari yo o‘z eliga, millatdoshlariga sotqinlik qilganlar... «qonidan kechib» bo‘lsa? Buni odamlar, xalq kechirgan taqdirda ham, bashariyat va tarix kechirarmikin? Aslida-ku bu – sabr-bardosh bobida «tengi kam» (Mirtemir), tiyiqlilik, kechirimlilik hadisini bamisli sunnat ibodati deb bilgan xalqimizning «odamiyati» (Navoiy) – keng fe’lligining yorqin, umumlashma misoli bo‘lib, faqat Rauf Parfi tab’i nazmining alomatlaridan biri, ehtimolki, sonet poetikasining o‘ziga xos lakonizmi taqozosidir... Zotan, she’riyat mantiqi, she’riyat badiiyati uchun kutilmagan yangilanish-o‘zgarishlar, bir ruhiy holatdan – boshqa tusdagi evrilishlar jarayoni ajablanarli emas: hassos shoir o‘kuvchiga avval anchayin badiiy-mantiqiy saktalikday tuyulgan mushkulotni «tuzatmoq» taraddudi bilanmi yo azaliy ziddiyatlar qonuniga itoat qilibmi... yana donishmand xalqimizning hayot tajribasidan, haqiqat sinovlaridan o‘tgan boshqa bir ayovsiz fikri – odilona hukmini o‘sha sodda (lekin teran, purma’no) muxtasar shakldagi umumlashma ifodasini yaratadi:


Biroq kechirmading aslo yolg‘onni...


Ha, ne-ne qaro kunlarni, vahshat balolarini boshidan kechirmadi jafokash va balokash xalqimiz! Buni loaqal, buyuk haqparast shoirimiz Cho‘lponning «Buzilgan o‘lkaga», «Ko‘ngil», «Kishan», «Yer asiralari», «Yana o‘t» kabi she’rlari, hech kim, hech qachon rad etolmaydigan «shafqatsiz haqiqat» tamsillarida umumlashma ifodasini topgan tashbehlari ham, muxlisu muhiblar «o‘zlashtirib» olgan yorqin timsollari ham isbotlashi mumkin. Haqiqat egiladi, lekin sinmaydi, deydi dono ajdodlarimiz. Bas, yuqoridagi shohsatr she’rning birinchi raqamli sonetidan chiqarilgan o‘ziga xos mantiqiy xulosa bo‘lib, bu – barcha shuaro ahlining muqaddas quroli – so‘zga, mohiyatda esa: «Ona tilim, sen ruhimning qanoti» satrida umumlashma ifodasini topgan, she’rdan kuzatilgan asosiy maqsad – bosh g‘oyaga san’atkorona yondoshishning muhtasar misoli – namunasi edi.

«Abdulhamid Sulaymon Cho‘lpon» she’rining baravj pardasi – yuqori, kulminatsion nuqtasi 2-raqam bilan berilgan sonetda o‘zining timsoli mujassamini topgan. Unda jafokash xalqimiz tarixining milliy uyg‘onish, tom ma’noda islohotlar, erkin rivojlanish va ravnaq yo‘liga kirish davri deya buyuk umidlar bilan yashagan peshqadam so‘z san’atkorlaridan Cho‘lponning badiiy obrazi bor bo‘y-basti, salmog‘i-salobati-yu millatparvar salohiyati va zakovati bilan, alalxusus, to‘zimsiz armonlari, dard-hasratlari... bori «namudori» (Navoiy)ning yorqin zuhuri, o‘tli-yolqinli alomatlari-la ajralib, barq urib turadi:


Dunyo oq emasdir, yo‘q, qora bardosh,

Kuyib yodimizdan kechganlar aytsin.

So‘zlarida zahar, ko‘zlarida tosh

Elidan, tilidan kechganlar aytsin.

Tunlar bosib kelar dunyo hacpamu,

Kynlap gizli tug‘yon, bosib kelar she’r...


Ayni shu nuqtada – ikkinchi sonet ikkinchi bandining teng yarmida biroz tin olib (pauza qilib), dastlabki sharhga navbat beramiz: ayniqsa, shoh satrlararo musiqa-ohang tebranishlari she’rga boshqacha joziba baxsh etadi; chunonchi, meni takroran kelgan «aytsin» radifiga yuklangan intonatsion urg‘u – shoir topgan tashbehning qaysidir xiyonatkor kimsalarga qaratilgani, dog‘-alami dildan, xotirotdan ketmaydigan, mubham intiqomgami yo to‘zimsiz armonlarga, afsus-nadomatlargami daxldor achchiq kinoyaviy ma’no sehri o‘ziga band etadi... So‘ngra ko‘chirilgan uch bayt mazmunan qanchalik ozor-anduhli, hasratnishin bo‘lmasin, mumtoz ma’nodagi shoir dunyosi, uning xos xilqati, oromsiz, bezovta sa’jiyasi haqida, xususan, mohiyatiga yetib bo‘lmas ruhiyat olami haqida, jumladan, uning e’tiqod va e’timodiga xiyonat qilgan yurtdosh, millatdosh «do‘stlari» tufayli tortgan adadsiz iztiroblari haqida shunday botiniy bahs ochiladiki, bu – chegara bilmas, bardavom ichki munozara – goh musohaba, goh ayovsiz hukm-xulosalar sirasi sifatida shakllangan kuchli, yorqin surat (chuqurroq idrok qilib, tafakkur etib ko‘rsak – siyrat) lavhalaridir. Ko‘chirilgan parchadan: «Tunlar bosib kelar dunyo hasrati, Kunlar gizli (?) tug‘yon, bosib kelar she’r» baytining matnini, to‘g‘rirog‘i, matn ostidan anglashilgan ma’noni bir qadar aniqroq, sharhlab berish oson emas. So‘ngra: «Kuyib yodimizdan kechganlar...», «Elidan, tilidan kechganlar...» – kimlar? Nahotki, ular donishmand, tog‘bardosh xalqimiz so‘ngsiz alamu nadomatlar ila ta’birlagan: «o‘zimizdan-ichimizdan chiqqan balo» – iymonu e’tiqoddek muborak tuyg‘udan mahrumu mosuvo, nafratga, mazallatga mahkum qo‘rqoqlar, sotqinlar bo‘lsa?!... «Imperiya mustabidlari» (Cho‘lpon) mahalliy xiyonatkorlar guruhini qidirib topib, maxsus sinovdan o‘tkazib, ishga solmaganmidi?.. Ularda zarracha insoniylik, musulmonlik unsuri saqlanib qolganida edi, mudhish yolg‘onlar, mutlaq malomat bo‘htonlari quliga aylanmagan, hech yo‘q, eng buhronli-tang vaziyatda sukut saqlay olganlarida, ehtimolki, ulug‘ siymolardan kimdir o‘sha «qatli om» balosidan omon qolib, surgunlar azobini torta-torta, oxir bir kun ona yurtga qaytish kimgadir nasib etarmidi (masalan, mashhur rus shoir-adiblari orasida «iliq nasimlar» sharoitida yorug‘likka chiqqanlar ham bor-ku). «Bandaning boshi – Allohning toshi» deydi xalqimiz, yana kim biladi, deysiz...

Mazkur (ikkinchi) sonetning keyingi bayt va bandlarida «shoir qismati» kabi tamomila boshqa hayot, inson umrining achchiqdan achchiq, saboqlari, shoir zotining mislsiz, balkim o‘jar qat’iyati, uning xos sabotiday ilohiyona qudrat («Tilar ko‘nglum qushi Anqodin o‘tsa nari – yuz vodiy, munungdek sayr etarga Qofdin ortiq sabotim bor», deydi hazrat Navoiy), bugina emas, o‘sha sabot «javhari» shoir mansub bo‘lgan xalq, millat taqdiri bilan nafaqat til, so‘z vositasi-la, balki jon rishtasi, qalb va ruhiyatning sirli-botiniy olami bilan bog‘liq ham hayotiy-dunyoviy, ham g‘aroyib-ilohiy jihatlari hayratomuz muxtasar shaklda, yana aniqrog‘i, raufona vazndoru keng miqyosli va serviqor timsollar tilida ifoda etiladi:


...Nechuk qismat erur shoir qismati?

Tushlarimni buzar hazrat Alisher.

Yillar bahorimni uchirdi chalqib,

Muzlarga ko‘chirdi o‘tliq yozimni.

Axtardim muhitda xas kabi qalqib,

Men o‘z Yulduzimni, o‘z Quyoshimni.

Yulduz – sen, Quyosh – sen, sen – ona xalqim,

Sen uchun sindirdim sinmas sozimni.


Qarangki, aslan xalqona sodda, tab’i ravon bir uslubda. Shunchalar purdard, sehrli so‘z-timsollar, qanchalik hasratsaro ruhiy nido lavhalari kimning nomidan aytilyapti? Bu ulug‘ armonli shoirimiz Cho‘lponning, Mirzo Bobur tavsificha, hazrat Navoiyning muborak nazari tushgan (Samarqand madrasalarida tahsil olib, so‘ng ustoz maqomiga yetgan andijonlik shoiru voizu mutrib – fazlu kamol ahli bilan yaqin musohiblik ta’sirida) «tili qalam bila rostdur» deya haqqoniy bahosini topgan Farg‘ona- Andijon lahjasini eslatib turmaydimi?

Shak-shubhasiz, har bir so‘z-tashbeh, istioraviy birikma, majozu timsol («bahorim», «o‘tliq yozim», «o‘z yulduzim», «o‘z quyoshim», «sinmas sozim»...), har bir misra, bayt asli kimning – qaysi tug‘yonu so‘zonli, isyonkor shoirning nafasini eslatuvchi, o‘ziga beixtiyor jazb etuvchi ohanrabo, o‘zbekona mag‘rur va o‘ktam suxanvarlik samari ekanligini anglab olish qiyin emas... Rauf Parfining san’atkorona mahorati... ana shu sirli kalitni topolgani, Cho‘lponning so‘z durji – qulfi dilini zarifona did bilan ochib berolgani, shoir tilidan uning o‘z monologini yarata olganida... Bugina emas. Men hayratimni yashirolmayman: «Hazrat Alisher»ga mehr-ixlosim juda baland bo‘lganidanmi, yuqorida keltirilgan sakkiz satrning birinchi baytidan anglashilgan ma’no miqyosini shunchaki sharhlab yo kengroq tahlil qilib, boringki, tahqik, etib, intihosiga yetolmasam kerak, deb o‘ylayman:


Nechuk qismat erur shoir qismati?

Tushlarimni buzar hazrat Ashsher!..


Xalqimizning: «Uyqum buzildi, uyqum qochib ketdi» kabi uzoq xayol, aksari iztirobli xotirotni obrazli-istioraviy tilda ifodalagan ibora-naqllari borligini bilardim. «Tushlarimni buzar» – yanada g‘aroyib anchayin murakkab ruhiy jarayonlar ifodasi emasmi? Shuning uchun ham men bayt oxirida undov alomati bilan ko‘pnuqta qo‘yishga jur’at etdim. Rauf Parfi esa hatto elyuarcha uslubda, ya’ni tinish belgilarisiz ham o‘quvchini ziyodroq jazb eta oladi!.. Avvalgi so‘zimga qaytaman: «Hazrat Alisher»ning barcha shuaro ahli orasidan tengi topilmas nomini bugun biz emas, balki Cho‘lpon kabi, endi o‘zi ham sirli bir dunyo bo‘lib qolgan buyuk shoirimiz cheksiz iftixor ila tilga olyapti (darvoqe, Rauf Parfi o‘z ijodiy yo‘lining deyarlik bo‘sag‘asida – 1965 yilda «Ona tilim» she’ridayoq, favqulodda mas’uliyat va qat’iyat ila baralla aytgan edi: «Shoir, So‘z aytmakka sen shoshma faqat ulug‘ Alisherning qutlug‘ tilida». Yuqorida ko‘chirilgan parcha misralarini sharh-lashda davom etamiz: «Axtardim muhitda xas kabi qalqib, men o‘z yulduzimni, o‘z quyoshimni». Bizni beixtiyor ravishda azobli savollar cho‘lg‘ab oladi: to‘zimsiz malomatlar – «haqorat va safolatlar» muhitida Cho‘lpon «axtargan... o‘z Yulduzi, o‘z Quyoshi» uning tahayyur va taxayyul olamiga safobaxsh yog‘dulari-la nechog‘liq kuchli ta’sir ko‘rsata olishi, shoir rag‘batiga rag‘bat bag‘ishlashi mumkin edi!.. Shoirning «o‘z yulduzi» uning ham volai shaydo, ham ortiq ozurda ko‘ngliga madoru malham, bukilmas irodasiga quvvat, tushkin ruhiga najot bergan bo‘lmasmidi, emin-erkin orzu qilingan boshqacha sharoitda... Cho‘lpon va cho‘lponlar xayoli yaratgan – shoirning «o‘z quyoshi»dan yog‘ilgan, himmatu saxovat bobida bebadal va benisbat ne’matlar-chi? Ayniqsa, shoir zoti tasarrufidagi «nasab va hasab» (asliy-tug‘ma va shaxsan o‘zi intilib-izlanib erishgan) imkoniyatlarini teran anglab yetgan sohibkamol, zabardast shoirning o‘sha mustamlaka qaramligi sharoitida (erksizlik siquvi muhitida tug‘yonu isyon shiddati-la g‘azabnok tusga kirgan, chinakam futuvvatli-jur’atkor kayfiyatda... «o‘z quyoshini axtarishi»ni qay til bilan aytib tugatib bo‘ladi?.. Ayniqsa, so‘nggi bayt zamiriga joylangan, uning tashbehu timsollari ruhiga singdirilgan, ham umidvor-taskinli, ayni chog‘da, ham hazin-mungli ohanglar pardasida – o‘z ziddiyati-la kuchli lirik-dramatik lavhani («Yulduz – sen, Quyosh – sen, Sen – ona xalqim, Sen uchun sindirdim sinmas sozimni...») faqat zohiran – umumiy tarzda, asosan, mushtarak ma’no anglatuvchi, an’anaviy takrir san’ati namunasi sifatida sharhlab qtish mumkin. Va nihoyat, so‘nggi – uchinchi sonet andozasida yana o‘sha sirli-g‘aroyib dunyo – shoir qismati tavsifi darajasida (garchi avvalgi qism baytlari kabi baravj pardalarda bo‘lmasa-da, hatto ulug‘ ijodkorlarning barcha baytlari birday salmoqdor jozib-purviqor bo‘lishi imkonsiz), har qalay, Cho‘lpon uslubiga monand salmoqdor hikmatlar – xalqona ravon, hayotning o‘ziday ro‘y-rost, muqobil falsafiy nisbatlar tilida ifodalanadi:


...Zavqlarga to‘lar u, Bir So‘zni izlar,

Dunyoda hech bir zot bilmas, ne uchun,

Ayricha kular u, ayricha bo‘zlar...

Yuragi yarimu butun iymoni,

Talotum olamni shivirlab chorlar.

Tani omonatdir, naqd erur joni.


Shoir xarakteri – sa’jiyasining zohiran guyo muqobil ko‘ringan she’riy nisbatlar («Zavqlarga to‘lar u – Bir So‘zni izlar»; «ayricha kular u – ayricha bo‘zlar»; «yuragi yarimu – butun iymoni»; «tani omonatdir – naqd erur joni»), umuman, shoir dunyosi, xususan, Cho‘lponning shafqatsiz va zolim zamona zayli bilan ro‘y-rost lavhalarda bitilgan qismat kitobi haqidagi muayyan tasavvurimizni tiniqlashtiradi bu gal endi ortiq hayajon-hayratga solmasa-da, beixtiyor o‘yga toldiradi. Mazkur bo‘lim bandlarida ham o‘z xalqining «tili va dili», nomusi va vijdoni sanalgan haqiqiy shoirga nojins hasadgo‘ylar, g‘arazli g‘alamislarning yovuzlarcha munosabati millatimiz shuurida, qalbida bitmas zahm-jarohat yaratgan g‘oyati sovuq, nafratli malomat tamg‘asi («xalq dushmani») ...bu safar o‘sha niyati qora nokaslarning o‘zlari ustidan chiqarilgan tarix hukmiday g‘azabnok ohangda yangraydi:


Yo‘lsizlik yo‘ldoshi, tole’i nigun,

Hech qachon to‘yarmi axir yovuzlar?!

Bu – xalq dushmani, deb tutsalar bir kun,

Baribir, u xalqning nomidan so‘zlar.


G‘aroyib bir ziddiyat (asli yunoncha «paradoks» so‘zining raufona topqirlik mahsuli (mudhish uydirma-malomatli so‘z birikmasining kutilmagan holda marg‘ub talqini: «xalq dushmani... xalqining nomidan so‘zlar»), bu – mumtoz poetikamizda «tazodi iyxom» deb yuritiladi. Allohga ming-ming shukrlar bo‘lsinki, haq joyiga qaror topdi: xalqning asl, dovyurak, halol-pok, fidoyi farzandlari xudobezori dahriy kazzoblar bedodligi, jabru jafosidan ham, ularning turfa xil, yovuz-badnom asorati «tamg‘a»lari haqorat-malomatidan ham bir yo‘la xalos bo‘ldi! Agar bu haqrost, jur’atkor misralar hali 1974 yilda yaratilganini, boringki, 1986 yilda «Sabr daraxti» kitobining, yuqorida qayd etib o‘tilgan ayrim ehtiyotkorona-mahfuz «islohotlari»la e’lon qilinganini e’tiborga olsak, O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfining ham ijodiy, ham insoniy va fuqarolik e’tiqodi avval-boshdan ustuvor (mustahkam, poydor) bo‘lganidan dalolat bermaydimi?!

Illo, qadim-qadimdan to hanuz jafokash yurtimiz, balokash xalqimizning tom ma’nodagi so‘z san’atkorlari kabi Cho‘lponning ham:


Boshida qora qish, oppoq bahorlar,

Talotum olamni shivirlab chorlar...


Ko‘krak qafasida lovullab porlar

Buyuk muhabbatning qonli nishoni...


Hassos haqgo‘y shoir, ruhiyat musavviri – Rauf Parfining bu yanglig‘ xosu rost so‘zlari – tashbehu timsollari, ramzu majozlari, kutilmagan istiorayu kinoyalari, daqiq tajnislari – faqat she’riyat mantiqi ko‘tara oladigan nuktadon ma’no jilolari, xayol nozikliklari siriga biz o‘zimizni baqadra imkon tayyorlab borayotganimizni asta-asta idrok eta boshlasak, masalan: «talotum olamni shivirlab chorlaguvchi» ruhiy xilqat ham, «ko‘krak qafasida lovullab porlaguvchi» sirli qudrat ham (zohiran majoziy, mohiyatda haqiqiy-ilohiy), bu – «buyuk muhabbatning qonli nishoni» – shoir yuragi ekaniga, «faqat uning o‘ziga, o‘zligiga mansub qalb mulki, yagona boyligi va g‘ururi» (Gyote) ekaniga mutlaq amin bo‘lamiz...


Alqissa, «Abdulhamid Sulaymon Cho‘lpon» – nafaqat Rauf Parfining ijodiy takomilida ezgu va muqaddas haqiqatning mujassam timsoli – «Bir So‘z»ni baralla aytishga (mayli, o‘sha chala-mahdud «oshkoralik» arafasidayoq) astoydil chog‘langani, axiyri, g‘oyibdanmi, jur’at topgani e’tibori-la, bu – o‘tgan XX asr o‘zbek she’riyati kahkashonida, hech mubolag‘asiz, burilish nuqtasi – yangi inkishof etilgan «mitti yulduz» (A.Oripov)lardan biri sifatida, o‘zining munosib o‘rni va bahosini olajagiga hech kimda shubha-ishtiboh qoldirmasa kerak...

Tavsiya etiladi
Shohbaytlar hayrati
Ko‘ngil kaʼbasi

Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…

Uch ofat...

Shohbaytlar hayrati
To‘ymadim, yo‘q, to‘ymasman!

Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,

So‘zim bo‘lsa yolg‘o...

Shohbaytlar hayrati
To‘zimsiz iztirob

O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....