She’riyatni "Tengri ehsoni" (Navoiy) – xos mo‘jizot dunyosi deb bilgan, ijobiy qismat maqomida anglagan iste’dodli shoirlarni ikki toifaga ajratadilar: birinchilari, xalqning hurmat-e’tibori va ardog‘idagi hassos san’atkorlar; ular an’anaviy she’riy tafakkur, ijodiy mushohada mevasi – shavqu hayrat va nozik xayollar tuhfasini, hayotning haqqoniy taassurotlarini sinalgan badiiy-mantiqiy mezonlar-sillogizmlar tilida ifodalasalar, ikkinchilari, ko‘proq ramzlar, istiora va majozlar, ba’zan sirli-g‘aroyib olam – ruhiy muloqotlarning noan’anaviy tili – uslubida yozishga moyil bo‘lib, o‘zgacha – xos nisbatlar, rang va ohanglar tizimini yaratadilar...
Ne ajabki, Mirza Kenjabek, kutilmagan istioralar, ramzu majozlar tilida hamda mumtoz poetikamiz ma’rifati zaminida – har ikki usulda muvaffaqiyatli yozayotgan iqtidorli shoirlardan biridir.
Biz sharhimiz uchun turkiyzabon she’riyatning mushtarak suxanvari Maxtumqulining farzona qo‘shiqlaridan biriga ijobiy payrov tarzida yozilgan "O‘zbekning" qasidasini tanladik. Mana uning ko‘hna tariximiz obidalariga bag‘ishlangan avvalgi bandi:
Tarixlarga ko‘mdim men ham o‘zimni,
Xalqim, senga bergan ekan to‘zimni.
Dedim tunlar tinglab "Qaro ko‘zim"ni:
Bitarmikin hech dostoni o‘zbekning?!
Birinchi bayt, noan’anaviy hikmatnoma ohangida, xalq donishmandligi, tab’i ravonligi mahsuli sifatida beixtiyor diqqatni tortadi. Ayniqsa: "Xalqim, senga bergan ekan to‘zimni" nazmiy jumlasi – irsoli masal san’ati-la muzayyan misra qasidaning umumiy ruhiga kirishga yordam beradi. Ikkinchi bayt matni – tashbehlardan bir qirrasi mumtoz g‘azal bahrida, ayni o‘sha qirraning musiqiy jilvasi "Segoh" maqomi tarmoqlaridan biri bo‘lib, shu she’rning shohbaytlari mazmuni-yu mumtoz navoning bag‘oyat kuchli ta’siri doirasida qancha dunyoviy, yana qancha ilohiy haqiqatlar zuhur etishini kim aniqroq aytib, chuqurroq talqin etib bera oladi? Holbuki, "Qapo ko‘zim"ni tinglash... faqat birinchi sabab, mayli, ortiq zavqlanish, uzoq o‘yga tolish vositasi. Uni anglash, chuqur idrok etish jarayonida xalqimizning hech qachon... bitmas, aytib tamomlab bo‘lmas "doston"ini, qay til bilan so‘zlab, loaqal, muxtasar bayon etib bo‘ladi? Eh-ha!.. "O‘zbekning dostoni", hatto umumiy tarzda tavsiflab adadiga yetib bo‘ladigan buyuk tarix, taqdirnoma deyish o‘zi kifoya qiladimi? Qolaversa, bu – dinu iymon, e’tiqod barqarorligi, ustivorligi (mustahkamligi), demak, xilqat pokligi, luqma halolligi tengsiz zahmatkashu tengsiz sobirligi, "odamiylar odamiysi" (Navoiy) – himmat, saxovat bobida dunyoda "tengi kam" (Mirtemir), haqiru faqir sifotini hatto g‘ayri din ki-shilari xolisanlilloh e’tirof etgan shu xalq ruhiyati, ma’naviyati degani emasmi?!.. Bu ham kifoya emas. Men beixtiyor ravishda Navoiy hazratlari g‘azalini esladim: "O‘z ishimdan bul’ajabroq dostone topmadim". Benazir shaxsiyati o‘zi xalq timsoli bo‘lgan bu nabisifat zot buyuk iftixor hamda cheksiz armon bilan shunday faxriya so‘zlarni aytar ekan, bas, shu xalq alalxusus, baynalmilal-jahoniy hamdo‘stlik, hamkorlik doirasida tarixan sarbaland martaba va maqomga musharraf bir millatning "dostoni" – nomai a’molini faqat Allohning o‘zigina biladi... Shuning uchun shaxsan men qasidaning birinchi bandidan ushbu ikkinchi shohbaytni, ehtimolki, tojbaytni kamida "Mirza Kenjabek she’riyati" deb atalgan (bu bo‘ston aro "gul ko‘p, chaman ko‘p" – yana hazrat Navoiydan) bir bog‘ning ayricha viqorli – "toza guli" dan deb ta’riflagim keladi. Ha, men bu durbor misrani takror-takror aytsa, kuyga solsa, jo‘rovoz bo‘lib kuylasa, balkim Vatan haqidagi yangi bir qo‘shiq uchun naqorat qilib olsa arzigulik, purm’ano-nuktadon, nafisu purviqor matn namunasi deb baholagan bo‘lardim. Faqat shu qadar donoyu kamtarin, boz ustiga shu qadar ma’rifatligu shikasta ko‘ngil shoirimizdan uzr tilab, o‘sha jazb etuvchi-sohir shohbaytning birinchi va oxirgi so‘zlariga kichik pardoz (kosmetik) isloh kiritib, qayta ko‘chirishga jur’at etaman:
Degum tunlar tinglab "Qaro ko‘zim..."ni:
Bitarmikan hech armoni O‘zbekning?!
(Yana) menga qolsa, xuddi shu “tojbayt”ning o‘zini imkon qadar – baqadri me’yor mufassalroq sharhi bilan so‘zimni ham tutatgan bo‘lardim (matn mazmunan bunga yetarli asos beradi). Ammo, nachora maqsadimiz-boshqa; butun bir she’r sharhidan iborat. Faqat mazkur birinchi bandga oid yana bir jumla-sharh joiz deb bilaman: o‘zaro qofiyadoshlik nisbati bo‘lgan uch so‘z-tashbeh ("o‘zimni", "to‘zimni", "Qaro ko‘zim..."ni) radif-naqorat o‘rnidagi umumlashma timsol ("O‘zbekning") ila shunchalar uyg‘unlashib, vobasta butunlik yaratishi bandga o‘zgacha falsafiy teranlik, ajab badiiy sehr-ohangrabo, joziba bag‘ishlaydi.
Ikkinchi band sharhiga o‘taylik.
"Oltin yoruq"1 sochgan turkiy sadolar,
"Xo‘bi”2 bitik toshidagi nidolar.
Bugun buyuk timsol bo‘lgan imlolar –
Kechmishlardan bir nishoni o‘zbekning.
Olis moziy – "kechmishlar" shohidi bo‘lmish qadimona-etnografik obidalar ”tajallisi”, balki o‘sha Abutturk shajarasi ilk bor bunyod etgan ko‘hna dunyoning turmush tarzi – moddiy va ma’naviy madaniyat asarlari, poyonsizu sarhadlarsiz Turon zaminida kechgan, misli sel toshqiniday bostirib kelgan ko‘chmanchi qavmlar va qismat, asta-asta o‘rtoqlashgan elatlar hayoti, kasb-kori, amaliy san’ati, "aytib-sovumas" (Navoiy) qo‘shiq dostonlari, ilk o‘gitnomayu jangnomalari – bularning hammasini shoir ijodiy umumlashtirib, muxtasar shakl-shamoyilda "turkiy sadolar", "bitik... nidolar", "tilsim... imlolar" kabi ramzlar tilida ifodalaydi. Boshqa bir bandda "tarixlarga ko‘milgan" xalqimiz taqdirida buyuk burilish – Amir Temur saltanati davri ziddiyatlari qalamga olinadi.
Mag‘ribga ham yetgan dunyo talashib,
O, Yildirim! Holing nedur adashib?!..
Tarix ichra keldi doim almashib,
Goh tantana, goh armoni o‘zbekning.
Amir Temur nomini zikr qilishda "til... tugun" (A.Oripov) bo‘lgan yillarda yozilgan qasidaning ayrim bandlarida shoir qanchalik qiynalayotgani ayon sezilib turibdi... Shunga qaramay, yuqorida ko‘chirilgan to‘rt satr sharhiga mumkin qadar xolisona yondashmoq uchun, loaqal, ikki nuqtaga e’tibor ehtiyoji bor: bu – "dunyo talashib" birikmasi va oxirgi misra mazmuni taqozo etgan, o‘zaro zid ma’noli nisbatlarning birinchisi: "goh tantana" (ikkinchisi – "goh armoni"). She’r yozilgan zamonni yuqorida eslatib o‘tdik, shuning uchun bahs-munozaraga asosimiz yo‘q, faqat shaxsiy mulohaza: ayniqsa, tarixiy haqiqat timsollari qanchalik aniq bo‘lsa, shunchalik yaxshi...
Quyidagi bandga ham o‘sha davrning mahduddik muhri bosilganday:
Xoh Kohira, xohi London kezgaydir,
Hindistonda o‘z-o‘zini izlaydir,
Moziy kezib, kelajakni ko‘zlaydir,
Necha Hamid Sulaymoni o‘zbekning.
To‘g‘ri, bundagi xorijiy atamalar buyuk jafokash va jahongashta alloma, ustoz Hamid Sulaymonning mislsiz va unutilmas xizmatlari (asli bu millatparvar zotning nomi qatag‘on qurbonlari qatorida ayricha e’zoz va taqdirga munosibdir) e’tibori-la juda shartli desa bo‘ladi. Aslida yuqoridagi band tagmatnining ma’nosi keng, mohiyati chuqur, undan shoir kuzatgan maqsad, ayniqsa, bugungi kun nuqtayi nazaridan boshqa xarakterda. Asosan, Rossiya imperiyasining markaziy shaharlariga avval Oktyabr to‘ntari-shigacha, keyin sho‘rolar zo‘ravonligi (xususan, yo‘qsillar diktaturasining birinchi o‘n yilliklarida) goh surbetlarcha ochiq-oshkor, goh pinhoniy-riyokorona yo‘llar bilan olib ketilgan noyob qo‘lyozma, toshbosma kitoblar, moddiy va ma’naviy (shu jumladan, muqaddas, ruhiy-ilohiy) madaniyatimiz yodgorliklari, ulug‘ ajdodlardan qolgan mo‘tabar meros manbalari, fan uchun, uning istiqboli uchun, bebaho tarixiy-etnografik, fundamental-nazariy hujjatlar... to kamyob shaxsiy buyumlargacha – ular xalqimizning dunyo xazinalariga bergusiz milliy boyligi, milliy iftixori hisoblanadi – mana bugun baralla aytilmoqda. Xullas, mazkur bandning ikkinchi bayti oxirgi satri ("Necha Hamid Sulaymoni o‘zbekning") matnida barcha zahmatkash matnshunos, qadimshunos, o‘lkashunos, muarrix, musiqashunos, muzeyshunos, kutubxonashunos, ta’mirlovchi xattot, rassom, lavvoh, sahhof, naqqosh, zargar (zarshunos) – xalq amaliy san’ati, hunarmandchiligi ustalari, benihoya kamtarin, kamsuqum, o‘z kasbining fidoyi zotlari dunyosi, sa’jiyasi, qismati badiiy umumlashtirilgan.
Endi qasidaning ayrim shohbaytlari sharhiga navbat beramiz.
Yurtga qasos urug‘ini ekmishlar,
Jismi bilan har o‘g‘loni o‘zbekning.
Bu bayt qasidaning uchinchi bandida qayd etilgan fotih Iskandarga va Chingiziylar yag‘mosiga mardona qarshi turib, Vatan sharafi, kelajagi yo‘lida jon fido qilgan uzrushonlar va sarbadorlar misolida, barcha zamonlarning jasur o‘g‘lonlari xotirotiga bag‘ishlangan, muqaddas qasam yanglig‘ yodnoma she’riy lavhalar yaratiladi...
Quyidagi shohbaytga g‘oyaviy-badiiy zamin sifatida xizmat qilgan bir bandda Alloh in’om etgan "zodai tab’" (Navoiy) – tug‘ma iste’dodi turli asarlarda turli toifa zolimlar zulmi bilan "zavol topgan" xalq san’atkorlari – hofizlari, mutribu mug‘anniylari, avval xalqning ma’naviy rahnamosi bo‘lgan piri komul-murshid, ulamo ahli, beminnat, kamtarin xizmatlari uchun munosib taqdirlanish o‘rniga, yovuz malomat qurboni bo‘lgan begunoh zoti kirom saflari, o‘z xalqining dili va tili bo‘lgan, Vatan ozodligi yo‘lida shahid ketgan hurfikr shoirlar misolida millatning "zir qaqshagan" vujudi, mohiyatda toabad o‘lmas ruhiyati mavzui qalamga olinadi:
Yer yuzida shahid bo‘lsa bir shoir,
Hanuz qaqshar ustixoni o‘zbekning.
Yana bir shohbayt mazmunan xalqimizning eng dardnok-og‘riqli jihatlaridan bahs ochadiki, shuning uchun ham buni "O‘zbekning" qasidasining umurtqa bo‘g‘im-bandlaridan biri deb atash mumkin.
Bir Vatanni parokanda ayladi,
Necha beku necha xoni o‘zbekning.
Ulug‘ Navoiy kamoli kuyib-yonib, to‘lg‘anib, bundayin buzg‘unchi fitnagar toifani, nokas-nojins zotlarni qushlar jamoasi orasiga nifoq-nizo soluvchi tajavuzkor (urishqoq) qush, ya’ni "chug‘z"ga qiyoslagan edi. Chug‘zsifat yurtbuziqilar yovuzliklaridan o‘zlari zavqlanib, sitamdiyda mazlum-maqtullar fojiasida bazm qurishlari, qora qo‘zg‘unlar kabi o‘z dimog‘larini chog‘ etishlari ajablanarli hol emas.
Va nihoyat, mudhish inqilobiy "tajribalar", insoniyat o‘z boshidan kechirgan dahshatlar dahshati – ikkinchi jahon muhorabasi (uning kelib chiqish sabablari – tub ildizlari, mash’um oqibatu asoratlari nuqtayi nazaridan biri boshqasidan qolishmas ikki jahoniy ofat: qonsiragan natsizm va xudosiz-shakkok bolshevizm – ikkala balo-qazo, xususan, afkor omma uchun mislsiz aldanish – sarobga aylangan, tarixning eng shafqatsiz va to‘zimsiz haqiqati zaminida yaratilgan quyidagi umumlashma bayt:
Qachon yolg‘iz o‘ziniki bo‘lubdur
Bu dunyoda shirin joni o‘zbekning?!
Ibtido, shohbaytning birinchi satri anglangan zalvorli savol bizni birdaniga sergaklantiradi: (Xo‘sh, qani ayting:) qachon yolg‘iz o‘ziniki bo‘libdir?! So‘ngra ikkinchi misra zamiridagi shunchalar purdard ma’no, shubhasiz, shoir uzoq izlanishlar jarayoni nihoyasida topgan, aniqrog‘i, yaratgan, asli bezovta, larzakor o‘y-xayollararo kashf etilgan (aslida xalqimizning milliy tafakkuri mahsuli bo‘lgan), shunchalik oddiyligi bilan sirli-sehrli, tom ma’noda mo‘jiz so‘z birikmasi, yanada chuqurroq idrok etib ko‘radigan bo‘lsak, bunda ulug‘ mumtoz she’riyatimiz va tasavvuf adabiyotining muqaddas istilohlaridan “jon”ga, xalq tilining jozib luif ramzlaridan “shirin”ni payvand etish samari bo‘lmish “shirin joni”...
Shoir hayratii va xayolotining ajib tuhfasini ko‘ringki, qasidaning radif-naqorati “o‘zbekning” timsoli bilan birikuqidan... she’rning avvalgi bandi maqomidagi (“Bitarmikin hech dostoni o‘zbekning”) yangi obraz lavha yaratiladi... Ehtimol, bu sho‘h catr-timsollar, tojmisra, boringki, tojsatr, tojbaytlar maqomi-martabasida taqdirlash, tadqiq va tahqiqini toparki, bu “O‘zbekning” qasidasi uchun ajablanarli nazmiy jihatlardan emas! Shak-shubhasiz!!!
Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…
Uch ofat...
Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,
So‘zim bo‘lsa yolg‘o...
O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....