Shoir Aziz Said olamini imkon qadar aniq-ravshan idrok etish, asosli baholab, matlub fikr aytish uchun ma’lum bayt yo band ma’nosigagina emas, boringki, har bir so‘z-tashbeh ruhiga razm solish taqozo etiladi... Faqat «o‘z-o‘ziga o‘xshaydigan» (M.Svetlov) bu iqtidorli shoir xoh voqelik obyektiga, xoh shaxs dunyosiga bo‘lsin, ko‘ngil nigohi, botiniy uquv ila munosabat bildirar ekan, sinalgan an’anaviy tasvir tarzidan (masalan: E.Vohidov, A.Oripovlar, shubhasizki, har biri-o‘zicha, o‘z iste’dodi, tab’i nazmi, qalamining qudratiga qarab ijodiy o‘zlashtirgan) san’atkorona «taroshlangan» (Cho‘lpon) purhikmat she’riy sillogizmlar uslubidan farqli o‘laroq, baynalmilal jahon she’riyatidan kimgadir (balkim, Rauf Parfigami) erkin payrov yo‘lida, kutilmagan va tutilmagan, «kechinma-obraz» – xosu g‘aroyib istioraviy (meta-forik) ifoda tarzini ma’kul va maqbul ko‘radi. Bu – bamisoli oftob nilufarzor oralab o‘tganda, suv va gul aksi – jilolari hosil qilgan afsonavor-sirli bir manzara kabi olamning faqat she’r-fasohatli so‘zlar ko‘zgusida tajalli etadigan ham nurafshon, ham gulfom qirralari... Bunday zarifu nozikxayol da’voning birgina dalili:
Yuragimdan o‘tdingmi – Oyog‘ingda ol xina...
«Voajab!».. deymanu banogoh-beixtiyor ravishda, kamida uch turkiyzabon she’riyatning mushtarak suxanvori Fuzuliyning bir shoh satri yodimga keladi (bu oniy holatdan o‘zim hayratda qoldim):
Labing aksi ko‘zum yoshini lolagun etdi...
Keling, aziz o‘quvchi, zurafoyu fuzalo ajdodlarimiz maqomidagi marhum ustozlar (ular jumlasidan: chin fidoyi, millatparvar siymolardan Hamid Sulaymon) o‘zaro tansiq suhbat-mushoiralar chog‘i ardoqlagan Fuzuliyning nazmiy chamanida sahargoh tarovati va sabohatidan nodir nishonaday yaratilgan yuqoridagi shoh misradan... hali yigit yoshidagi shoir-zamondoshimiz kashf etgan timsol-lavhaga qaytaylik. Hassos qalamkash ukamiz xayolidagi o‘sha «berahm, bevafo...» gulro‘lardan birining tabiiy husniga tabiiy pardoz berib, o‘zbekona-milliy oro baxsh etuvchi «xina» tashbehini o‘lmas timsolga aylantirish qayg‘usida qancha oshiq shoirlar yurak qo‘rini, bag‘ip qonini sarf etmaganlar!.. Aziz Said qahramonining sho‘xu shaddod, malikasifat g‘ypypi baland yosh mahbubi o‘z volai shaydosining yonginasidan beparvoyu bepisand odim otib, bir bor qiyo boqmay ketib borishi... buning to‘zimsiz alam-azobi naq «yuragidan o‘tgan» – yurak-bag‘rini qon qilgan bo‘lsa ne ajab? Eh-he, nafaqat umidsiz, najotsiz haqiru faqir oshiqlar, balki shaydo shoh-sultonlar mag‘rur boshini bir hurliqo oyoqlariga qo‘yish xayolini (qachondir visoliga yetish baxtini) ulug‘ armon deb bilgan bo‘lsalaru (siz Bobur Mirzo baytlarini eslang!..), bizga zamondosh shoir xayolidagi oshiq yigitning «yuragidan o‘tgan» sevimli «oyoq»lar izi – «xina» betakror istioraga aylansa, bundan nega hayratga tushmas ekanmiz?..
Ana endi asosiy kuzatgan maqsadimizga – «Paganini...» she’rining sharhiga o‘taylik.
Hali uxlar edi maloiklar jim,
G‘aflat yellaridan chodirlar tikib.
Hali uxlar edi yosuman g‘addor
Nafrat ko‘ylagining yarmini bichib...
Tanlangan mavzu – musiqa va mutrib-dahoning o‘zi kabi mo‘jiz, g‘aroyib olam – boqiy ma’sumlik, poklik, hurlik va ilohiy ishq timsoli «maloikalar» va ularga muqobil bori yomonlik, yovuzliklar ramzi «yosuman g‘addor» nisbatlari-la chizilgan ekspozitsiya – she’riy ibtidoning o‘zidanoq bu foniy dunyo ziddiyatlaridan muhabbat va nafrat falsafasi haqida, Paganinining foje’ qismati misolida dastlabki taassurotga ega bo‘lamiz (bunga muallif sharhi va she’r unvoni: «Paganinining so‘nggi konserti» go‘yo vositachi xiz-matini o‘taydi).
Musiqa tilini so‘z bilan ta’riflab berish nafaqat mushkil ish, balki bu – abas, behuda urinish bo‘lur edi. Yagona imkoniyat: faqat shartli, bilvosita, umumiy yo nisbiy-talqin; juda bo‘lmasa, qiyosiy-parallel tamsillarga, balki qadimona afsonalargami, tarixgami, falsafagami, ruhshunoslikkami murojaat qilish, g‘ayb olamidan madad olish... Xayriyatki, qallob-aldamchi, dahriyona-shakkok xayollar, uydirma g‘oyalar, sarob ideallar domidan xalos bo‘la boshladik. Biz go‘yo yaxshi bildim deb o‘ylagan zohiriy dunyo – moddiy nazargohga taqqoslab, tenglashtirib bo‘lmas darajada ulug‘, poyonsiz, sirli-mo‘jizakor xilqat: mutloq Ruhiyat, boqiy haqiqatlar olamini endigina tan ola boshladik. Ulug‘ ajdodlardan yodgor buyuk ruhiy-ma’naviy va ma’rifiy merosga vorislik g‘ypypi va shukuhi dastavval «tavbai komil» (Navoiy)dan boshlanishini ham anglay boshladik...
Shu tariqa, g‘aroyiblar g‘aroyibi bo‘lmish, ilohiy ibtido bilan bevosita bog‘langan musiqa va ulug‘ mashshoq-mutrib dunyosini baholi imkon tahqiq etish niyatida yozilgan she’r timsollarini, yuqorida qayd etilganiday, shartli-nisbiy sharhlashga urinib ko‘ramiz.
So‘nggi bor kuldi-yu boladay sozining torini tobladi.
Ko‘zini yuldi-yu (!) dunyodan – to‘yding deb poyiga tashladi...
Musiqa dahosining «so‘nggi bor kulishi» ma’nosi nimada ekanini kim aytib, bir qadar aniq sharhlab bera oladi? (Ehtimol, buni shoirning o‘zi ham bilmas, bilolmas) Lekin inson zoti, baribir, bilishga intiq sababiy ibtido qanday edi? Paganini «boladay... so‘ngi bor kulgani»dan burun o‘z boshidan ne savdolarni kechirgan ekan? Asli «Tengri ehsoni» (Navoiy) bo‘lmish daho san’atkorga nima uchun foje’ qismat ro‘zi nasibaga aylandi? To‘g‘ri, «so‘ngi bor kulish» – dahoning hayotga, qismatga, olamga o‘ziga xos isyoni edi, deb talqin qilishimiz bu – mushkil savolga eng oson va sodda javob hisoblanishi mumkin. Lekin «ko‘zini yulishi» va o‘z ko‘ziga sen endu bu «dunyodan to‘yding» deyishi va uni qon aralash «poyiga tashlashi» va alal-oqibat «sozining torini toblagani»... boriga – joni, jahoni bo‘lmish skripkasiga, qalbi, ruhi, iymon-e’tiqodi bo‘lmish musiqaga, moddiy va ruhiy olamning barcha rush-noliklari-yu, alam-armonlariga abadiy vidosi edimi?!. Bunday g‘ayrishuuriy jasorat, mislsiz fidoyilik azmi-qarori faqat Paganini kabi zotlarga xos, sababi faqat uning o‘ziga va tangrigagina ayon, mutloq sirli holatdir. Paganini kabi musiqa daholari haqida qancha o‘lmas asarlar (she’riy, nasriy, sahnaviy, musiqiy, tasviriy, haykaltaroshlik durdonalari) yaratilmagan deysiz? O‘zimizdan-chi? Biz bilgan, bilmagan, qanchadan-qancha ko‘zi ochiq yo amo (ojiz) mutrib-mag‘anniy, navosozu navozandalar o‘tmagan. Ularning xalq ruhiyatiga, ma’naviy badiiy merosiga aylangan hayoti, taqdiri, ezgu armonlarini qachon, kim tahqiq etadi?!..
She’rni sharhlashda davom etamiz:
Mashshoq beshikday qo‘ydi-yu yelkaga sozni...
Eng nozik pardada dunyoga kelgan
Eng nozik ohangni o‘rab sehrga
Uzatdi...
Uzatdi.. Qo‘llari muallaq qoldi.
Bu bandning: «eng nafis pardada», «eng nozik ohangni», «cehrga... o‘rab uzatdi», «qo‘llari muallaq qoldi» birikmali lavhalarini musiqaning she’riy tafakkur andozasiga solingan (mayli, shartli-nisbiy) suratlari deyishimiz mumkin.
Keyingi ikki bandni esa musiqaning sohir tilini faqat she’riyat tiliga «tarjima qilish» (Usmon Nosir) san’ati deb baholash mumkin:
Kuy emas edi bu – xayol qushlarin
Dilafshon gullarning kosalaridan
Nam ichgan chog‘dagi
Sayrog‘i edi.
Kuy emas edi u – tong yirtig‘idan
Go‘daklar kulgisin o‘g‘irlab chiqqan
Qo‘shig‘i edi.
Bu – biz yuqorida aytib o‘tgan shartli talqin-sharhning bir ko‘rinishi – qiyosiy tamsillar vositaligida, ya’ni boqiy mo‘jiza, go‘zallikning yondosh, hamjinsu hamohang jihatlaridan foydalanish orqali, har qalay, nisbiy haqiqatni topsa bo‘lar ekan: bu – «gullar kosasidan» suv ichib, shavqqa to‘lgan «xayol qushlari... sayrog‘i»; «tong yirtig‘idan go‘daklar kulgusin o‘g‘irlab chiqqan buloqlar qo‘shig‘i» (qanchalar tabiiy, nafis, tarovatli nisbatlar!)
Ayni shu ohang usulidagi yana bir band ruhiga singdirilgan boqiy falsafa: «yel, zamin, osmon» unsurlari yaratgan lavha, shubhasiz, bizni o‘yga toldiradi:
Kuy emas edi bu – mujdakash yelning
Yaralmoq sirini bilmoqlik uchun
Zamindan osmonga so‘rog‘i edi.
Ehtimol, oddiy o‘quvchiga kuyning kutilmaganda falsafiy «so‘roq» tarzida qo‘yilishi anchayin mushkullik tug‘dirishi mumkin. Lekin mantiqan musiqa dahosi nazarida (ayni shunday she’riyat, tasavvuf yo tasviriy san’at daholari tasavvurida) bunday mushohada miqyosi: «zaminning osmonga so‘rog‘i» har subh yo oqshomda taralguvchi hasrat sadolari emasmi?...
She’rning keyingi bandlari (unutmang: bu – Paganini inkishof etgan, uning o‘zi «yashagan», kechirgan ruhiy dunyo) hayratimizni ziyoda etadi, lekin ortiq ajablantirmaydi:
Million yil izlagay – topa olmagan
Yuraklar eshitib o‘z ovozini
Ko‘zlardan parillab uchib chiqdilar.
Daholar (alalxusus: falsafa, so‘z, musiqa, boshqa soha san’at-daholari) uchun «million yil izlab – topa olmaslik» ham, «yuraklar... o‘z ovozini eshitishi» ham, bu sirli-g‘aroyib ovozning kutilmaganda «ko‘zlardan ... uchib chiqishi» ham ortiq hayron qolarli holat emas. Zotan, ishonamizki, Aziz Said mumtoz poetikamizdan yetarli darajada ma’rifat olgani uchun, bir yo‘la uch turdagi san’at: ifrot (o‘ta mubolag‘a), istiora (omonatga olingan nisbat), tash-behi musalsal (salsilali o‘xshatish) usullaridan san’atkorona foydalangan.
Muxtasarlik taqozosi zarurati-la hajman kattagina bu she’rning qator bandlarini qo‘ya turib, o‘zim ajratib olgan boshqa satrlarni sharhlashga o‘tamiz.
Mashshoq chalar edi o‘zini o‘zi
Gulxandan sachragan cho‘g‘day ushalib.
Mashshoq chorlar edi o‘zini o‘zi
Umrining yo‘liga gulday to‘shalib
Shoir: «Mashshoq chalar edi o‘zini o‘zi» deganida san’atkor uchun qanchalik g‘aroyib tuyulmasin, ayni chog‘da shunchalik tabiiy bo‘lgan ijodiy-ruhiy holat ifodalayotganligini anglab olish kiyin emas, albatta. Biroq keyingi baytning «Mashshoq chorlar edi o‘zini o‘zi» satri zamiridagi nimagadir da’vatkor sado, yana aniqrog‘i, «o‘ziga» qaratilgan botiniy-ruhiy nidoda nima sir-sinoat bor ekan? Chindan ham jahon musiqa san’ati durdonalari – shoh asarlarida (jumladan milliy «shashmaqom»imizning biri biridan teran, afsunli navolarida birlamchi uch omil: «zodai tab’» (Navoiy) – tug‘ma iste’dod, maxsus musiqiy ma’rifat va muayyan mahorat-tajribaga ega bo‘lgan yetuk mutaxassis yo zakiy, xushtab’ toifa muxlislar bemalol idrok etadigan nimagadir, balkim, nimalargadir da’vatkor teran ma’nolar, nuktadonliklar bo‘lishi mumkinki, buni faqat o‘sha mutaxassis yo muhibning o‘zi biladi. Bas, «mashshoq o‘z-o‘zini chorlar edi» satri ham har kim o‘zi biladigan sirli jihati, boshqalar uchun pinhon qolishi bilan jozibalidir...
She’rni sharhlashda davom etamiz:
Mashshoq qo‘llarini ko‘tarib ko‘kka
G‘azabnok, pardaga urdi zarb bilan...
So‘nggi kuchlari-la zarb urar mashshoq,
Uzib tashlamoqchun sozning qillarin
Nimadir surindi,
Nimadir ko‘rindi,
Nimadir to‘ldi,
Nimadir bo‘ldi...
Shu tariqa, sirli-sehrli musiqa tili (xususan, Paganini skripkasi pardalari) ifoda etgan olamning azaliy ziddiyatlarini daho mashshoq mutrib-o‘zicha, uni tom ma’noda fidoyilik bilan kechirgan, hassos shoirimiz o‘zicha, she’riyatning xos tiliga ijodiy tabdil qilgan g‘aroyib holatlar manzarasini, biz – o‘z bilganimizcha, chunonchi, «ikki jahon» aro sirli ko‘prikning she’riy tafakkurdan tanqidiy mushohadaga ko‘chgan nisbiy haqiqat suvratlari deb talqin etishimiz mumkin.
Nihoyat, she’r intihosiga tobora yaqinlik alomati ko‘rina boshlaydi: eslang-a, avvalgi «beshikday» tashbehi o‘rniga:
Mashshoq tobutday qo‘ydi-yu yelkaga sozni
Gulxanlar guvlagan olovlariga,
Daryolar qurigan o‘zanlariga,
Daraxtlar to‘kilgan xazonlariga
Ayta olmagan marsiyasini
Boshladi...
Paganinining vujudidan-yuragiga tutashgan va jonidan-ruhiyatiga o‘tgan g‘aroyib kuy, uning «tobutday... sozi» pardalarida oxir-oqibat dahshatli va vahshatangez sadolarga aylanib, bamisli ummonning purtaloto‘m to‘lqinlariday aslo-to‘sib, qaytarib bo‘lmas mavjvor shiddat-la gulxanlar... daryolar... daraxtlar... marsiyasini boshlagani», bu – shoir ilohiy bir «dag‘dag‘a» (Bobur) bilan yaratgan she’rning baravj nuqtasi – kulminatsiyasi bo‘lsa ajab emas.
Boshladi... Ohanglar sozining bo‘g‘zida qoldi
Va dardning eng uzun rishtasin toblab –
Eshilgan yagona torda yugurgan
Barmoqda musiqa yig‘ladi.
Va qalbning eng chuqur qa’riga yillar
Yashirgan munojot o‘rlab falakka
So‘z bo‘lib, so‘z bo‘lib quladi...
Voajab! Endi go‘yo «so‘z bo‘lib» sahna o‘zra mangulik tomon yiqilgan, yo‘q, bu – boqiy musiqiy sadoyu aks sado to‘lqinlari, betinim tovush-ohang tebranishlari... go‘yo yana bir mo‘jiza sodir bo‘lganiday, musiqa she’riy so‘zlar, bandlar lavhasiga bitilgani, bu – «Paganinining so‘nggi konserti» she’rining bardavom avj pardalaridan birimi yo o‘sha boqiy musiqaning so‘zga ko‘chgan she’riy intihosi – xotimasimi ekanini bilolmay lol bo‘lib, o‘ylanib qoldim:
– Ey, menga olqishu sanolar aytib,
Poyimga bosh urgan ojiz bandalar!
Ey, menga san’atda xudosan, degan
Behisht quvg‘indisi – gunohkor pushtlar!
Aytingiz – qayerdan quyosh va zulmat,
Qayerdan muhabbat, qayerdan nafrat?
Ko‘zingiz yashirmang, ayting – boshlanar
Qayerdan do‘zaxu qayerdan jannat?...
Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…
Uch ofat...
Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,
So‘zim bo‘lsa yolg‘o...
O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....