Ilohiy kalimot timsollari
Shohbaytlar hayrati

El ko‘ngliga chun davo

Kalomulloh erur...

Navoiy.


Abdurahmon Jomiydek piri murshid (muhiblar hazratni «nuri xirad», «Mahdumi Nuran» deb ataganlar) nafaslari-la «nizomul millati vad-din» muborak unvoniga molik bo‘lgan Navoiyning she’riy kulliyotini qudsiy oyatlar, xadislar bilan munavvar shohbaytlarsiz aniq va to‘liq tasavvur etish, uning fikriy teranliklarini, fasohat sirlarini tahqiq qilish imkonsiz, albatta.

Ne nadomatlar bo‘lsinki, necha o‘n yilliklar mobaynida ilohiy muqaddimot (hamdu na’t, sano-yu munojot) matni kabi ularning talqini, tahlili hukmfarmo dahriy mafkura ta’qibi va tazyiqiga uchragan, tahqirlangan edi. Shuning uchun ham muqaddas oyat, hadis kalimalari bevosita — ayniyatda yo bilvosita — harfi o‘zgargan, ruhi saqlangan holda «so‘z lavhi» — she’¬riy satrlar qatiga joylangan, biri-biridan zarifu daqiq baytlar haqida lom-mim deyilmay (go‘yoki ruhoniy nuktadonliklar, ilohiy ohanglar Navoiy dunyosiga xos, ahamiyatli emasday), xudpisandlarcha sovuq-tund munosabat hukm surdi... Tangriga hazor shukrkim, turli tabaqot-tariqatga mansub shoirlarning islomiy falsafa, axloq, fasohat tajallisi bo‘lmish boqiy satrlari singari, Navoiy she’riyatining samoviy burjlari ham bugungi istiqloliyat va amniyat havosidan erk va safo topdi. Bas, ularni baholi imkon sharhlab berish, qay darajada bo‘lmasin, tahqiq va taxlil qilish ishini ortiq paysalga solish ham gunoh...

Sharh avvalida, mantiqan, Navoiyning nasriy-ilmiy mushohadalaridan namunalar keltirish joiz. Chunonchi, ulug‘ murabbiy «Mezonul-avzon» muqaddimasida yozadilar: «andoqki, Haq subhonahu va Taoloning «Kalomi majid»ida ko‘p yerda nazm voqe’ bo‘lubturki, aruz qavoidi (qoidalari) bila rostdur. Ul jumladin biri oyatdurkim: «Lan tanalul-birra xata ilan» (xush ko‘rgan narsalaringizdan sarf etmatuningizcha yaxshilikka erisha olmaysiz)dur, ramali musaddasi mahzub (bahrida) voqe’ bo‘lubtur. Va yana budurkim: «Val-mursalati urfan, fal-sifati asfan» (ezgu amallar buyurilgan (farishtalar nomiga qasam, kuchli esgan shamollarga qasam)dur, vazni maf’ulu fo’ilotun fo’ilotundur, axrab (bahrida) voqe’ bo‘lubtur... Va «Kalomulloh»da ko‘p yerda bu nav’ voqe’dur. Va rasul sallallohu alayhi vasallam ahodisi (hadislari)da ham dag‘i bu tariq tushubtur».

Bu tabarruk ko‘chirmadan, fikri ojizimcha, ikki jihatni ajratib ko‘rsatish ehtiyoji bor. Birinchidan, «Kalomulloh» oyatlari, hadis so‘zlaridan «ko‘p yerda nazm voqe’» bo‘lgan, xususan, ular «aruz qavoidi bila rost» ekan, demak, chindan-da islomiyatning Navoiydek arkonu ahkomlaridan biri shahodat berishicha, bunda g‘aroyib hol yashirindir. Illo, Muhammad Mustafoga nozil bo‘lgan oyatlarda, u zoti sharifning hadislarida aruzdek maxsus va murakkab she’riy ilm qoidalariga to‘g‘ri keladigan misralarning mavjudligi shundan dalolat beradiki, asli arab zaminida kashf etilgan aruz vazni ham she’riy iste’dod kabi Tangri ilohiyning in’om-ehsonidir (ne ajabki, hazrati Rasululloh na umumiy ilmiy tahsil, na maxsus she’riy-adabiy ma’rifat ko‘rganlar!). Zotan, ulug‘ jafokash olim Dmitriy Lixachevning fikricha, go‘zallik qonunlari ilohiy mohiyatga ega...

Ikkinchidan, turkiyzabon she’riyat «mulkining sohibqironi» Navoiy o‘z asarlarini, shak-shubhasiz, muqaddas oyat va hadislardek kalomi fasihning teran mantiqiy fikr, badiiy ifoda (xususan, musiqiy uyg‘unlik, tanosib) me’yorlarida, baravj pardalarda yaratishga qodir dahosini jumlai olamga ayon etdi: «So‘zung bir avj o‘za chekti alam (bayroq)ni, Ki—surdung arsh lavhig‘a qalamni. Agarchi axtare (yulduz)dur har So‘zung pok. Ki— evrulur oning boshig‘a aflok». Ulug‘ shoirning ma’naviy jihatdan to‘la haqdor faxriya-baytlaridan yana biri: «Navoiy sehr emas, go‘yo Kalomulloh asosidur. Bu moʻjizlarki zohir o‘ldi kilki nuktaposhingda». Biz Navoiy she’riy dahosining ruhiy ildizlarini bir qadar tahqiq etishga, aniqrog‘i, islomiy falsafa, axloq va fasohatga doxil shohbaytlar sharhiga urinib ko‘ramiz. Dastavval, muqaddas kalimalar-la muzayyan baytlarni kuzataylik. Bejizmaski, Navoiyning asosiy rubobiy kulliyoti «Xazoyinul—maoniy»ning birinchi devoni, birinchi g‘azalining matla’i — avvalgi bayti Haqni tanimoqning to‘g‘ri yo‘li — «hidoyat nurlari» bilan munavvar etilgan:


Ashraqat min aksi shamsil-ka’si anvorul-hudo,

Yor aksin mayda ko‘r deb jomdin chiqdi sado.


Shohbayt sharhidan avval, birinchi misraning ma’nosini bilib olaylik: quyosh kosasining aksi — in’ikosidan hidoyat nurlari («anvorul-hudo») taraldi. Bu bosharif tamsil-lavhaning fazoviy miqyosi qanchalar keng, sarbaland! Ikkinchi misradagi «jom», «may» ramzlari-la bog‘liq badiiy mantiq taqozosiga ko‘ra, subhidam ufqidan asta ko‘rina boshlagan quyoshning shakl-shamoyili gulgun may to‘la kosaga muqoyasa etilishi o‘ziyoq (kun ufqdan yuksala borganda na uning aniq doira-chizig‘ini ilg‘ab bo‘ladi, na gulfom rangini) mazkur bayt mansub bo‘lgan g‘azal shoirning boshqa oshiqona, rindona she’rlaridan o‘zgacha ekanligiga ishoradur. Demak, shohbayt (g‘azal ham) mohiyatan orifona, to‘g‘rirog‘i, ilohiyona timsollar silsilasini tashqil qiladi: zohiran (majozan) rindtabiat oshiq qo‘lidagi jom va may moʻjiz-ko‘zguga aylanadi, ko‘zgu bo‘lganda ham, bamisoli doir — aylanuvchi dunyo — muazzam mir’ot sifatida o‘zida Tangri ilohiyni tajalli etadi. Bas, Navoiy talqinida moʻjizakor jom — vahdat jomi, ya’ni mavjud olamning Tangri ilohiy bilan birligi, vohidligi ramzi, may — bu foniy dunyoning barcha achchiq va shi¬rin ma’nolarini, ibratomuz sinov-saboqlarini ozmi-ko‘pmi idrok qilish, chuqurroq tahqiq etganda, bu — Navoiy anglab yetgan haqiqiy (ilohiy) ishq maxmurligi, buning xos ruhoniy, bokira kayfiyati-la o‘zlik kishanlaridan xalos bo‘lmoqlik («Menda qo‘yma, yorab, menlikdin nishon...»), shu tariqa, haqiqat mohiyatini idrok etish yo‘li Haq vasliga yetishmoq tadorigining o‘zgacha tajassumi... Ana endi baytning xos ma’nosini—kuzatilgan maqsadga yaqin iboralar-la sharhlab berish mumkin: «yor (mohiyatda Yaratguvchi) aksin mayda ko‘r»moqdek g‘aroyib bir hol ishq yo‘lining majoz ko‘prigidan haqiqat («al-majozu qatratul haqiqat» — «Xamsatul-mutahayyirin») manziliga o‘tish jarayonida, hajrning turfa sitamlari so‘zonida jismu nafsu havoning shaytoniy xudkomliklarini o‘ldirib, ruhni poklantirgan, fazlu kamol maqomini egallagan zot — Haqning chin oshig‘igagina musharraf bo‘lishi mumkin... Xullas, Navoiy talqinicha, jom, shubhasiz, vahdat jomi (moddiy va ruhiy olamning birligi ramzi), may — «vasli mumkuni yo‘q» ishq fidoyisi uchun boqiy hidoyat va inoyat mayidir. Zotan, bunday mayning moʻjiz alomati quyoshning har subh olamga taratgan, Haq yo‘lini yorituvchi purxayr ishi — a’moliga teng... Bu an’anaviy majozning fazoviy talqini, mahbub timsolida ilohiy go‘zallik tajallisini ko‘rish, «yor aksini» o‘zgacha suvratlash san’atidir.

Mana «Kalomulloh asosi»la tartib va sayqal berilgan boshqa bir bayt:


Har yon, Navoiy, sunma qo‘l, ne kelsa Haqdin rozi bul.

Men ojizu hokimdur ul, «al fajru lak, al hukmi lah».


«Al fajru lak»: tong yorishuvchi — sening uyg‘onmog‘ing, yangi kundan voqifliging, uning nasiba-ne’matidan bahravar bo‘lmog‘ing uchun; «al hukmi lah»: so‘ng nimaiki voqe’ bo‘lsa — ilohning hukmida. Shohbaytning to‘liq ma’nosi: odamzod umrning har bir kuniga Alloh yetkazganiga shukr keltirishi — boridan havolanib, nafs ko‘yiga kirmasligi («Qachon nafs o‘z komin etti havo, Qilur elni ko‘p naf’din benavo») va aksincha, yo‘g‘iga yo kamiga noshukr bo‘lmasligi, mushkul soatlarda ham g‘amginlik va umidsizlikka tushmasligi kerak («O‘zungizni mehnat kuni ovuting, ne g‘am kelsa davrondin oson tuting»), keng ma’noda musulmoni komilning bosgan qadami, boringki, ezgu niyat yo‘lida ko‘rsatgan jasorati, topgan e’tiboru martabasi Yaratguvchining xohish inoyatiga — hidoyat va himoyatiga muhtojdir.

Navoiyning sohir qalami—xomasi-la «zohir o‘lg‘on moʻjizlar» haqida yana-da yorqinroq tasavvur tug‘ilishi uchun «ko‘ngul lavhi»ga chizilgan dunyo — she’riy timsollardan ayrim namunalarni kuzatamiz. Tabiiyki, bu gal ham o‘ziga xos muqaddimotga zarurat seziladi: Alloh «... insonning soyiri maxluqotdin mumtoz va majmu’ ofarinish (yaratilish)qa sarvar va sarafroz kildikim, oyat: «Va laqad karramno bani odama» (odam avlodini azizu mukarram qilib yaratdik) kalimasi andin muxbir (xabarchi)dir... «Va laqad xalakna al-insana fi ahsana taqvim» (hamda insonni mahbubu marg‘ub suvrat-la yaratdik) anga mush’ir (ogoh etuvchi)dir...» Chin insonlikni faqat ko‘ngil gavhari mezoni bi¬lan baholash mumkin. «Hadisi sharif»dan: «Inson jismida bir parcha et bor, agar u tuzalsa, a’zolarning barchasi tuzalgay, agar u buzulsa, a’zolarning barchasi buzulg‘ayki, bu — uning qalbi, yuragi». Navoiy sharhi: «Ko‘ngul badan mulkining podshohidur, anga sihhat munga ham sihhat, anga tabohi(shikast)munga ham tabohi. Bas, ulkim ko‘ngil mulkining sohib johi bo‘lg‘ay — shohlar shohi bo‘lg‘ay». Bayt: Mulk uchun solim keraktur xislati kishvar panoh, Tan uchun ul uzv (a’zo) kim, bo‘ldi badan mulkida shoh. Va nihoyat, ulug‘ valiyulloh shoir ko‘ngil va ko‘z vasfida «bir necha parishon bayt» (haqirona kamtarlik misoli) tartib bergani haqida shunday deydi: «Ammo «al-ma’muru ma’zurun» (buyurilgan ish ma’zur tutilmog‘i lozim) hukmi bila o‘tluq ohi dudidin ashkbor ko‘z suvi birla murakkab qilib, ko‘ngul otashangezligi bila ko‘z ashkrezlig‘i sharhida bir necha parishon bayt murattab qilindi» («Munshaot»dan). «Mahbubul-qulub»da til va ko‘ngil ta’rifi uzviy beriladi: «Masihokim, nafas bila o‘lukka jon berdi, go‘yo bu jihatdin erdi. Ahli saodatlar ruhbaxsh zulolig‘a manba ham — til. Tilig‘a iqtidorlig‘ — hakimi xiradmand. Tilki fasih va dilpazir bo‘lg‘ay — xo‘broq bo‘lg‘ay, agar ko‘ngul bila bir bo‘lg‘ay...» «Dardlig‘ ko‘ngul — shu’lalig‘ charog‘... Tili arig‘ va ko‘ngli arig‘ (bokira)ni musulmon desa bo‘lur», deyiladi o‘sha kitobda.

Mana ko‘ngil timsoli muqaddas oyat-la yo‘g‘rilgan shohbaytlardan biri:


Xalqdin navmidlik yetkurdi rohat ko‘ngluma,

Ey Navoiy, bildim: «Ixdar rohatayn» erkanin ya’s.


«Ihdar rohatayn»: ikki rohatning biri. Ya’s — navmidlik degani; endi bayt sharhiga o‘tsak bo‘ladi. Hayot otlig‘ azaliy xilqat shunchalar murakkabdirki, yolg‘iz kishi — ayrim shaxsning butun bir xalq jamoasi bilan munosabati har doim ham odilona me’yorda bo‘lishi qiyin. Xalq deganda tabiiy, ijtimoiy, ruhiy-ma’naviy bir qudratning timsoli mujassami namoyon bo‘ladiki («Xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir. Xalq isyondir, xalq olovdir, xalq o‘chdir...», Cho‘lpon) uning sha’niga ba’zan ranju alamlar so‘zonida marg‘ub-nomarg‘ub mulohazalar bildirish, alal-oqibat behuda, hatto mantiqsiz bo‘lib chiqishi mumkin.

Nachora, hazrati Navoiyning o‘zlari bejiz aytmaganlar: «Xalqdin har yaramas kelsa xush ulkim, Haqg‘a desa bo‘lmas: «Mening uchun yana bir xalq yarot». Bas, muqaddas oyat bilan dalillangan yuqoridagi bayt mohiyatida hayot va qismatning turli ozoru shafqatsizliklariga qaramay, inson sabri bilan ulug‘dir, degan pur-ma’no, boumid («navmidlik»ka zid) aqida zuhur etadi. Ayniqsa, sabr-qanoat, sabot, andesha, kechirish, tiyiqlilik tuyg‘ulari bi¬lan kuchli chin musulmon uchun tan bermaslik, ko‘nikmaslik imkonsizday tuyulgan bir hol go‘yo osonlik bilan («Ishga necha sa’bliq imkon erur, Kim ani oson tutar — oson erur»)—kamoli ko‘ngil ravshanligi, tab’ ravonligi, ruh yengilligi bilan ifodalanadi: «Xalqdin navmidlik yetkurdi rohat ko‘ngluma». To‘g‘ri, xalqimizda eng chorasiz-najotsiz daqiqalarda ham «noumid shayton» deyilguvchi dono naql bor. Lekin xalqona taskin so‘zi bilan Navoiy satri zamiridagi so‘ngsiz dardu fidoyilik o‘rtasida kattagina masofa yotadi. Bu, ehtimol, valiysiyrat zotlargagina musharraf bo‘ladigan xos ruhiy qudrat timsolidir: navmidlik azobi tug‘yonga kelgan, aql chirog‘i so‘nib, ko‘ngil poralangan kezlarda ham bundayin foje’ holni... rohat o‘rnida qabul qilish har qandoq irodali kishiga muyassar bo‘lavermasa kerak...

Navoiy qalamining moʻjizaviy kuchi shundaki, muqaddas kalimalarga ehtiyoj tug‘ilganda, ular beixtiyor dunyoviy mazmun kasb etishi — insonparvarlik, ulusparvarlik g‘oyalari uchun xizmat qilishi mumkin:


Haqkim, yo‘q naf’ ichinda poyoni aning,

Bo‘lgusi qiyomatqacha javloni aning!..


Shubhasiz, «naf’ ichinda» iborati jamiki jonli-jonsiz mahluqotu mavjudotga taalluqli. Lekin mohiyatda ularni yaratish va panohida asrashdan murod — inson, uning ehtiyoji, manfaati. Bunday saxovat, inoyat manbai aslo kamayish bilmaydi. Illo, Haqning lutfu karami kyeng, «hidoyat nurlari» oftobday barchaga barobardir. Bejiz emaski, ulug‘ shoir hatto bolalik davri mashqlari — ilk she’rlaridayoq saxiy tabiatdan lola urug‘iyu pilla qurtini muqoyasa uchun olib, inson mehnatiga nisbat bergan edi: «Tuxum yerga kirib — chechak bo‘ldi, Qurt jondin kechib — ipak bo‘ldi. Lola tuxumicha g‘ayrating yo‘qmu? Pilla qurticha himmating yo‘qmu?» Boshqa bir baytda «ipak» tashbehi «bol» timsoli bilan uyg‘un beriladi: «Har kimsaki, aylamas oshuqmog‘ni xayol. Yafrog‘ni ipak qilur, chechak bargini bol». Hadismonand «Arbain»da: «Yaxshiroq bil oni ulus arokim, Yetsa ko‘prak ulusqa naf’ andin» deydi raiyatparvar shoir. El-ulus qayg‘usi boshqa bir she’rda anchayin keskin-beayov ohangda ifodalanadi: «Har kishikim ulusqa rahm etmas, Anga rahm aylamas Rahimu Karim». Ilohiy kalom ila dunyoviy so‘z uyg‘unligi qanchalik tabiiy va samimiy ruhda, haqqoniy va odilona talqin etilgan!..

Navoiy ilohiy qudratga xoh bevosita — muqaddas oyat so‘zlari orqali, xoh bilvosita — badiiy timsollar, ramzu majozlar tilida munosabat bildirganda, ba’zan islomiy aqoid sarhadidan o‘tadi — qadimiy falsafa, umumbashariy tafakkur me’yorlarida mubohasa yuritadi:


Azal ham — Sen, abad ham — Sen, ne avval birla oxirkim,

Anga yo‘q — ibtido paydo, munga yo‘q — intiho paydo.


Bu misralar qatida qancha olamlaru turfa mezonlarni, robita-yu usullarni o‘zida jobajo etgan moddiy va ruhiy xilqat hayratomuz muxtasar shaklda ifodalangan. Chindan ham she’riy nisbatlar miqyos-ko‘lami — samovot burjlari qadarli, teranligi — ummonlarga teng, ne ajabki: na «azal—avval»ning ibtidosi, na «abad — oxir» ning intihosi bor! Yana-da chuqurroq o‘ylab, yaxshiroq idrok etib ko‘rganda, bu olamning «hay’ati» — kiyofasi, «vaz’i» — tuzilishi («Nazar ayla bu — korgah va’zig‘a-ki, ortar tamoshasida hayratim») aql «boshi aylanar» darajada sirli-sehrli emasmi?!. Nadomatlar bo‘lsinki, biz necha o‘n yilliklar mobaynida dahriyona moddiyun falsafasi iskanjasi-la gumrohlikda, g‘ofillikda, kufrona-shakkok «yolg‘on-da’vo» (Yassaviy) aldovlariga qoyim-mahliyo bo‘lib, o‘zimiz anglab-anglamay ayyuhannos solib, jahonga kulgu — sharmisor bo‘lgan edik...

Benazir so‘z dahosi «irsolul-masal» badiiy san’ati (xalqning dono udumlarini, purhikmat maqolu matallarini badiiy o‘zlashtirish usuli) orqali ularni xoh asliyatda, xoh o‘zgargan shaklda keltirib, baytga boshqacha ziynat beradi. Mana shulardan biri:


Ko‘ngul jon birla bo‘ldi, hamrahingmen, dard ila yurdum,

Senga jon birla ko‘nglumni, seni Tangriga topshurdum.


Odatda hayotning issiq-sovug‘ini kechirib, achchiq-chuchugini totib ko‘rgan, do‘st-dushman, yaxshi va yomon bilan sinashib ma’lum darajada saboq olgan ko‘zi ochiq, ehtiyotkor, ayni chog‘da boumid odamlar aksariyat yaqinlaridan kimnidir safarga kuzatarkan yo o‘zlari yo‘lga chiqqan olovdan yaxshi istak-tilaklarini o‘zgacha mehr bilan, dil-dildan tavallo qilib: «Xudoga omonat, O‘z panohiga topshirdim» qabilida samimiy munojot so‘zlari-la izhor etadilar. Iymon nuri bi¬lan yo‘g‘rilgan, Yaratguvchiga hamdu sanoyu iltijo maqomidagi bunday xalqona oq fotiha kalimalari, avvalo, o‘sha xayrbod tilaklar tilaguvchi moʻtabar zot (ota-ona yo ustoz, mehribon do‘st yo g‘amgusor jigarband)ning shaxsiyati — har qanday tama’yu minnatdan xoli, pok hilqatidan dalolat beradi. Qolaversa, bunday qutlug‘ iboratlar har ikki taraf (safarga otlanuvchi yo kuzatib qoluvchi)ning ko‘nglida, fikru xayolida ajab bir yorug‘lik - umid, ishonch-e’tiqod, shukrona, minnatdorlik, mexru vafo, g‘urur-iftixor, fidoyilik, ehtimol, o‘kinch-armon, tazarru kabi ezgu hislar uyg‘otadi, ruhni poklantiradi... Navoiy xalqimizming ana shu oliyjanob udumi tajassumi - «topshirdim» so‘zining benihoya go‘zal, zarif istioraviy qirralaridan foydalanib (bir yaqin odam taqdirini boshqa bir yaxshi odamga mutlaq ishonib, daxlsiz omonat o‘rnida «topshirish», o‘sha omonat tamsoli va unga javobgar — sohibi xonadon yo rahnamo yo‘ldoshni ham Tangri himoyasiga «topshirish» zamirida qanchalar insoniylik zuhur etadi!), muhabbat olamining zohiran foje’ qismati («jonni topshirmoq») — «ishqi majoz»ga kutilmagan holda boqiy—o‘lmas ma’no baxsh etadi, «ishqi xaqiqat» maqomini bera¬di. .. Ne ajab, mahbuba dardida oshiq ko‘ngil shaydoligi shu darajaga yetib bordiki, hatto kimga mansubligini — o‘zligini unutdi, oqibatda faqat «ko‘ngul jon birla bo‘ldi», oshiq esa bamisoli soyaga — jonsiz, ko‘ngilsiz vujud — suvratga aylandi. Lekin (vodarig‘!) bunday foje’ qismat uchun hasrat-shikoyat emas, rozilik, iltijo, tavallo so‘zlari izhor etiladi! Illo, oshiqning bu aldamchi dunyodagi so‘ngti tilagi xam shu: muhabbat qismatida «jon birla ko‘ngilni» yakkayu yagona umidvori, xaloskori — mahbubaga, mahbubani — «Tangriga topshirish». Ne chog‘liq anduhli bo‘lmasin bu — chin murod—abadiy ishq baxtiga erishmoqning purma’no va zarifona ifodasi emasmi?! Zotan, bunday talqin Navoiyning vaslsiz — ilohiy ishq ideali bilan uyg‘un-hamohang: «Oshiqki, murodi kom o‘lg‘ay — oshiqlik anga harom o‘lg‘ay»...

Tavsiya etiladi
Shohbaytlar hayrati
Ko‘ngil kaʼbasi

Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…

Uch ofat...

Shohbaytlar hayrati
To‘ymadim, yo‘q, to‘ymasman!

Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,

So‘zim bo‘lsa yolg‘o...

Shohbaytlar hayrati
To‘zimsiz iztirob

O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....