Navoiy shohbaytlari
Shohbaytlar hayrati

So‘z ibtidosi


«Naziri yo‘q... Alisherbek» (Bobur)ning sohirona, so‘zonli g‘azallari, oshiqona va orifona Masnaviylari, biri biridan teranu jozib shohbaytlari. Sharq she’riyatining xushtab’ va zakiy bilimdonlari — tazkiranavis shoiru allomalar maxsus she’riy ikkilik — termalarni shohbaytlar deb yuritganlar. Azal va abadiyatning o‘ziday buyuk Butunlik, komil Uyg‘unlik ramzi. Faqat solim zakovat, nozik va nuktadon farosat sohiblari idrok qilishga qodir So‘z fasohatining mujassam timsoli. Va nihoyat, «Sonii Maryam» — birinchi valiya Robiya al-Adaviya (Navoiy bu pokdomon mutasavvif ayol nomini «Hayrat-ul abror» dostonida, «Nasoimul-muhabbat» tazkirasida kamoli ixlosu ehtirom bilan zikr etadi) qalamiga mansub quyidagi baytning ruhiga singdirilgan purhikmat xaqiqat.


Ko‘ngul ichra g‘amlik asru g‘amdur,

Alam yo‘qlik dagi qotig‘ alamdur...


Shubha yo‘qki, Navoiy bu baytning asli — arabiy matnini, so‘ngra, tasavvuf she’riyatida keng tarqalgan tabdili-tafsirini yaxshi bilgan... Bobur Mirzoni Navoiy qulliyotiiing ana shu ilohiy alomatlari o‘ziga rom etgan bo‘lsa ajab emas. Buyuk jahongashta, armonli jannatoso Hirotning aziz qadamjolarini, Navoiy maqbarasini yuksak ma’naviy martabadagi bu valiy zot bino qildirgan «Unsiya», «Ixlosiya», «Xalosiya», «Shifoiya» kabi ma’rifat va xayriya manzilgohlarini tavof etgach, xos hattotiga Navoiy devonlaridan o‘zi tanlagan shohbaytlarni maxsus daftarga ko‘chirishni amr qiladi. Biz baholi imkon sharhlamoqqa uringan baytlarga Bobur Mirzoning botiniy nazari tushgan bo‘lsa hech ajab emas...


1. «YETTI CHARX AVROQI TO‘LGʻAY...»


Alisher Navoiyning xayolot, xotirot dunyosida jilvalangan sirli hilkat, uning o‘z ta’biri bilan aytganda, «taxayyul mulki» asosan «xayol», «yod», «taxayyul» kabi bir-biridan ranginu jozib, bir-biridan teran, purma’no she’riy nisbatlar orqali kashf etiladi. Daho san’atkorning shohbaytlariga g‘oyaviy, ruhiy-ma’naviy va badiiy zamin hozirlagan bunday ko‘pqirrali timsollar, «so‘z guhari»ning turfa rangu oxanglarda zuhur etgan nafisliklari (istiorali, kinoyali, ramziy-majoziy, mubolag‘ali, tajnisli, tanosibli, tadrijiy-silsilali ifoda o‘zgachaliklari), orifona fikrat teranliklari, oshiqona hissiy tug‘yon zamzamalari, qalandarona hurfikrlilik yuksakliklari har gal boshqacha bir sifati, salohiyati bilan ajralib turadi. Ayni chog‘da ular turli she’rda turfa usulda -ma’naviy va lafziy san’atlar bilan muzayyan etilgan holda, takroran qo‘llanishi e’tiborila o‘ziga xos sayyor obrazlar hamdir. Bunday xos timsollarda shoir qahramoni — oshiqning «arzi va niyozi» — hasratlari bilan ilohiy ishq mahbubining qancha dardu sitam, nolayu afg‘onlarga sabab bo‘lgan «husni va nozi» xayolday cheksizu najotsiz olis masofada turib, bamisoli samoviy munosabat bog‘laydi. Ammo bunday g‘aroyib muloqotnnng har soniyasida insonning tafakkur dahosi, ruhiyat fazosi uchun olis-yaqinlik me’yorlari o‘z kuchini yo‘qotadi.


Ettu charx avroqi to‘lg‘ay, yetti bahr o‘lsa midod,

Ul quyosh vasfiga bir damlik xayolimni desam.


Tanosib va ifrot san’atlarining o‘zgacha nuktadonlik zaminiga qurilgan mazkur shohbaytda Navoiyning xayolot, xotirot dunyosi, ijodiyot dahosi (bu gal lirik qahramon olami shoir shaxsiga juda yaqin turadi) favqulodda aniq ifodalangan. Shoir tuzgan badiiy mantiqning fikriy miqyosi, ruhiy teranligi, kuzatilgan niyat poyoni qanchalik g‘aroyib bo‘lsa, shunchalik uyg‘un va mutanosibdir: oshiq Navoiyning faqat «bir damlik xayoli»da (bu minimal vaqt o‘lchovi bilan «yetti charx», «yetti bahr» nisbatlari zamirida tazod san’ati yashiringan) jilvalangan mahbub yodi haqida, aniqrog‘i, uning ilohiy vasli umidida she’riyat ma’budi — Atorud qalami qudrati-la orzu qilingan muhabbat risolasini yaratish uchun... dunyoning barcha hattotu sahhoflari tasarrufidagi na qog‘oz varaklari, na ranglari bakor keladi! Illo, quyoshning tasviri — mujassam timsoli (mayli, «bir damlik xayol» doirasida bo‘lsin) faqat «yetti charx»ning cheksiz samoviy varaqlariga jo bo‘lishi mumkin, buning uchun yetti bahr siyoh vazifasini o‘tasa bas!.. Bu nafaqat xayolning, sirli-sehrli, puravj parvozi, yuksak she’riy san’at namunasi, ayni chog‘da «taxayyul mulkining sultoni» —dohiy shoirning shaxsiyati, qalb xotiroti qanchalar teranligidan, she’riy tafakkur xazinasining qanchalar boyligidan dalolatdir.

Tavsiya etiladi
Shohbaytlar hayrati
Ko‘ngil kaʼbasi

Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…

Uch ofat...

Shohbaytlar hayrati
To‘ymadim, yo‘q, to‘ymasman!

Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,

So‘zim bo‘lsa yolg‘o...

Shohbaytlar hayrati
To‘zimsiz iztirob

O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....