Ulug‘ shoir va mutafakkir «navo» tashbehining musiqa olamidan tashqari tabiat va jamiyat hayotini, insoniy munosabatlarni aks ettiruvchi turli ma’no qirralari (un, sado, murod, istak, bahra, nasiba, ro‘shnolik, hojat kabilar) dan ijodiy foydalanadi, mazkur so‘z zaminida yaratilgan o‘zaro mutanosib yo muqobil istilohlarga (navobaxsh, navozanda, navozish, navosoz, navogoh, xushnavo, navolig‘ yoki benavo, navosiz — xususan, bu ikki so‘z faqat mahzun-baxtsiz ma’nolarda keladi) xar gal o‘zgacha sayqal — she’riy ranginlik bag‘ishlaydi.
Navoiy, benavolig‘ birla doim may ichar, bir kun
«Navo» naqshini davron mutribi bazmida cholg‘ay deb.
Har bir she’r, jumladan, baytda uning bunyodkori — shoir shaxsiyati bevosita yoki bilvosita anglashilib turadi (zero, lirik qahramon timsolida shoir o‘zligi bilan «kollektiv daho» badiiy sintezlashgan, umumlashgan bo‘ladi. Yuqoridagi shohbaytda ham Navoiy dunyosini ruhan (faqat ruhan) idrok qilish mumkin. Zohiran qaraganda, na «benavolig‘» (muhtojlik, bechoralik), na «may ichish» yuksak e’zoz va ardoqdagi, nafsni tiyish borasida, sabru qanoatda valiysiyrat inson, piru murabbiy shoir hayotiga, e’tiqodiga, sa’jiyasiga to‘g‘ri keladi! Demak, «benavolig‘»da ham, «davron mutribi» va uning «Navo» naqshida ham boshqa maqsad, ichki-botiniy ma’no yashiringan, aks holda, «benavolig‘» (ijtimoiy tushuncha) bilan «Navo» (maqom kuyi va tarmog‘ining nomi) tashbehlari o‘zaro tazod usulida bog‘lanib kelmas, ayniqsa, «mutrib» so‘zi «davron mutribi» tarzida o‘zgacha ramziy sifat kasb etmas edi. Bas, Navoiyning «benavolig‘i», bu — barcha lirik, epik, nasriy asarlarida chuqur ehtiros, buyuk dard va hasrat bilan, yonib-kuyinib izhor kilgan, bamisoli samoga abr (bulut) bo‘lib ko‘tarilgan, ra’d (chaqmoq, momaqaldirok) bo‘lib chaqnagan, gulduros sadoyu aks-sadolar bergan, yomg‘ir, sel bo‘lib yog‘ilgan, go‘yo yeru ko‘kka sig‘mas o‘kinch, armonlari... Bir umr mehru vafo ko‘rsatib tortgan jabru jafolari, yolg‘on-ro‘yo bo‘lib chiqqan orzu-umidlari, shaxsiy baxt, oila farog‘atidan bebahra, dil uyining shamchirog‘i yonmagan vaslsiz muhabbat qismati, raqiblar sitami, do‘stlar ozori, davr ahlining bedardliklari, xudbinliklari... Bular olamga, odamlarga rasulona komil nazar, e’tibor, e’timod bilan munosabatda bo‘lgan, o‘ylagan o‘y-niyatlari, qilgan sa’y-harakatlari behuda, sarob bo‘lib chiqqan Navoiy nazdida «benavolig‘»larga aylangan bo‘lsa ne ajab! Ana endi «davron mutribi»dan kutilgan «Navo» naqshining xaqiqiy ma’nosini inkishof etsa bo‘ladi: mutrib faqat kuy, ohang navosozi emas, balki zamon dardlariga malham, insonning ruhiy, ma’naviy, badiiy (estetik) ehtiyojlariga chora, javob bo‘luvchi, bahra, ozuq o‘rnida xizmat qila oladigan xaloskoru najotkor, ilohiy bir san’atkorga aylansa ne tong!... Badiiy mantiq taqozosiga ko‘ra «Navo» kuyi bilan «bazm», bazm bilan «may» tashbehlari mutanosib olingan. Darvoqe, Navoiy qahramoni — rind yo orifning «doimiy may ichishi» qachondir «bir kun» o‘sha najotkoru xaloskor ilohiy kuy «davron... bazmida» chalinishi mumkinligiga umidvor bir qarash ramzi emasmi? Xullas, shohbaytdagi har bir so‘z-timsol ilojsiz xayolga toldiradi, fikr-bahs qo‘zg‘atadi...
Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…
Uch ofat...
Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,
So‘zim bo‘lsa yolg‘o...
O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....