Navoiy g‘azaliyotida «sof» dunyoviy muhabbat — «majoziy ishq» lavhalari kamdan-kam uchraydi, aksariyat hollarda majozni haqiqatdan ajratishga ehtiyoj sezilmaydi (chunonchi, mana bu bayt dunyoviy — real, insoniy muhabbat misoli deysiz-da, chuqurroq razm solib, «idrok aylab» ko‘rsangiz, samoviy, ilohiy ishqning yorqin namunasi bo‘lib chiqsa hech ajab emas). Zarur bo‘lganda Navoiyning o‘zi yordamga keladi:
Gar Navoiy yig‘lasa, ishqing majoziydur dema,
Kim nazar pok aylagach, ayni haqiqatdur majoz.
Hajr yoshlari — real hayotning, inson kechirgan ruhiy iztiroblar, sog‘inchlar, laziz yo alamli xayollar, xotiralarning qaynoq larzasi, mavji, demak, bu - majoziy ishq nishonasi, alomati. Navoiyda bunday purmavj baytlar ozmunchami? Ha, ulug‘ shoirning «vasl mumkuni yo‘q» deb bilgan, sabrda, qanoatda tengsiz, yuksak va ezgu xayol dunyosi bilan ovungan («Go‘yiyo ko‘nglum taxayyul mulkining sultonidur...») qahramoni — oshiq ham inson sifatida dard-hasratlari tug‘yonga kelganda, ko‘zyoshlari to‘kishdan o‘zini tiyolmaydi. Lekin nafs qulligi, «shayton firibi»dan, «johu mol» ofatidan, hayotning boshqa imtiyozu ayshu ro‘shnoliklaridan o‘zini, o‘zligini forig‘ tutgan bu pokdomon, komil inson, ehtimol, har zamon mavjlanib kelgan yig‘i bilan nafaqat ko‘nglini bo‘shatadi, ruhini yengillatadi, balki ko‘zyoshlari bilan yanada botin «nazari pok» bo‘lishini yurakdan sezib turadi. Demak, beixtiyor «yig‘lash» real hayotga, chin insoniylikka xos (faqat yaxshi niyatli, samimiy, dard nimaligini bilgan, umr davomida qalbida saxovat, mehr-shafqat, sadoqat hislarini e’zozlab saqlagan kishilargina vaqti kelsa kuyinib yig‘lay oladi) xislat sifatida «majoziy ishq» alomati bo‘lgani holda uning sababiyat va mohiyatida «nazarni pok aylash»dek ilohiy bir ma’no — «haqiqiy ishq» g‘oyasi zuhur etadi. Aniqrog‘i, Navoiy nazdida har qanday dunyoviy, insoniy hodisa, harakat, holat, niyat va amalda, agar u to‘g‘rilik, halol-poklik, sabr-qanoat, mehru vafo (buyuk insonparvar, ulusparvar shoir «mehru vafo»ga juda yuqori qimmat beradi; uni umrning ma’nosi darajasiga ko‘taradi: «Johu mol ahlida yo‘q mehru vafo, Bas, myenga mehru vafo — mol ila joh») bilan yo‘g‘rilgan bo‘lsa, ilohiylik unsuri mavjuddirki, shu ma’noda «nazarni pok aylaydigan» yig‘ini «ishqi haqiqat» ifodasi deb bilishga asos bor. Shu tariqa, Navoiyning mazkur shohbaytdagi xulosaviy so‘zlari — «ayni haqiqatdur majoz» falsafiy-lirik lavhasi umuman she’riyat dahosining lirik, epik merosini, xususan, ishqiy falsafasini, shoh-baytlarning haqiqiy ma’nosi va badiiy qimmatini tushunish, munosib baholashda maxsus ochqich vazifasini o‘tashi mumkin...
Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…
Uch ofat...
Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,
So‘zim bo‘lsa yolg‘o...
O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....