Navoiyning she’riy kulliyotida tabiiy xilqatning «aql boshi aylanar» sinoatu ajoyibotlari biri biridan rangin, jozib ramz-majozlarga aylanganini kuzatib, bundan shavqu hayrat tuyg‘ularini kechiramiz. Azaliyotning turfa xodisalari, ularniig turfa alomatlaridan saylab olinib, tasviriy, musiqiy jilo berilgan, eng muhimi, insoniy mehr, dard, xarorat bag‘ishlangan, hayotiy va badiiy mantiq me’yorlariga solingan, she’riy san’atlar bilan orolantirilgan so‘z-tashbeh, so‘z-timsollar!.. Ular hatto bayt kontekstidan shartli ravishda «o‘zib», ajratib olingan taqdirda, alohida she’riy parchalar, badiiy qatralar holida ham ajab bir zavq-shavq uyg‘ota oladi (sehr bog‘i, dahr gulzori, charx shabistoni, axtar guli, falak ayvoni, charx avroqi, arsh lavhi, chaman sahifasi, anjuman ko‘zi, ko‘z bog‘i, ko‘z lavhi, g‘uncha gunbazi, ko‘ngil g‘unchasi, korgah vaz’i, savdo seli, nayson suyi, xazon sipohi, nujum uchquni, talab dashti, hayrat vodiysi, subh yaqosi, jamol subhi, tab’ sahobi, ko‘ngil vayronasi, falak g‘amxonasi va h.)
Yaxshi erdi safhai aflok dardim yozg‘ali,
Bahri ashkim mavjidin borin nam etting oqibat.
Bu shohbaytda kutilmagan tarzda ulug‘ shoir «san’atxonasi» (Shayxzoda) bilan... uning lirik qahramoni—oshiq hasratlari ajib bir uyg‘unlik kasb etganiga shohid bo‘lamiz: muhabbat dardi shu darajaga borib yetganki, uning sharhi-ifodasi uchun yerdagi mavjud vositalar kifoya qilmasligi aniq; oshiq ahvoli ruhiyasini «yozg‘ali» faqat samovotning moviy kengliklari sahifalar vazifasini o‘tashi mumkin! Navoiy dahosiga xos bunday fazoviy xayol miqyosi she’r san’atining g‘oyat nozik me’yor va mantiqiga qanday «sig‘dirilgan» ekan? Holbuki, ko‘hna Sharqning san’atkor sahhoflari yaratgan ipak qog‘oz — zarvaraq sahifalarini samo kengliklariga nisbat berish bilan shoirning mushkuli oson bo‘lmaydi (qolaversa, «yozg‘ali» tashbehi ikki ma’noda: ko‘ngilni bo‘shatmoq va sahifaga bitmoq tarzida qo‘llanadiki, bunda tajnis san’ati mavjud). O‘z-o‘zidan ikkinchi misra sharhiga ehtiyoj tug‘iladi: ne ajibki, yo‘q, ne nadomatlar bo‘lsinki, Navoiy tasavvuridagi buyuk jafokash, hasratnishin oshiq o‘z «dardini yozg‘ali» cheksiz aflokdan ham najot topolmadi. Sababi, oshiq ko‘zyoshlari selobidan hosil bo‘lgan bahrning mavjlari shu darajaga yetdiki, ularning to‘lqinlari zarralaridan samoning nam bo‘lmagan sahifasi qolmadi... Vo ajab! Sehrli ifrot san’ati vositasida shoirona xayol parvozi shunchalar yuksaklikka ko‘tarilar ekan. Samarasiz, noxush «oqibat»dan qat’i nazar, fazoviy varaqlar («safhai aflok»)ning ilohiy qalamga matlubu mavzun ekanligi «yaxshi erdi» kabi lutf bilan ifodalanishi o‘zi qanchalik nafis!..
Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…
Uch ofat...
Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,
So‘zim bo‘lsa yolg‘o...
O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....