Navoiyning rubobiy-lirik she’riyati olamida «ko‘ngul» timsoli vositasida chizilgan biri biridan nafis va teran, komil va solim lirik lavha-shohbaytlar oz emas. Ularning aksariyati oshiqona, qisman orifona ohanglarda. Quyidagi baytda deyarli barcha an’anaviy mavzularga barobar daxldor bo‘lgan falsafiy-lirik talqinning g‘aroyib namunasini kuzatamiz:
Ka’baki, olamning o‘lub qiblasi,
Qadri yo‘q, andoqki, ko‘ngul ka’basi.
Avvallari bunday misralarni dahriyona talqin qilishga shoshilardik. Vaholanki, klassik shye’riyatimizda «din», «islom», «Qur’on», «Makka», «Ka’ba», «qibla», «qiblagoh», «mehrob», «namoz», «oyat», «hadis», «tavof». «tavhid» «zakot», «saj-da» «hamd», «sano», «munojot», «tavba» kabi ilohiyona istiloh-tashbehlar xar bir konkret misra, bayt mazmuni, she’r mavzui taqozo etgan, ma’lum darajada isyonkor, munozarali-kinoyali ohangidan qat’i nazar, mohiyatda eng yuksak va moʻtabar she’riy nisbat, badiiy mezon vazifasini o‘taydi. Shu jihatdan «olamning qiblasi» — haqiqiy, real Ka’ba tashbehisiz ko‘ngilga berilgan ramziy nisbatning kanchalar mukarram ma’no ifodalashini lozim darajada chuqur idrok qilish oson emas. Ana endi «ko‘ngil ka’basi» timsolining falsafiy mohiyati, ruhiy teranligi, ma’naviy miqyosi, badiiy nafosati nima ekanini istagancha sharhlasa bo‘laveradi («ko‘ngil»ning teran lug‘aviy ma’nosi bilan «Ka’ba»ning ilohiyona ma’nosi o‘zaro uyg‘unlik, badiiy butunlik kasb etishi — ruhiy-hissiy obrazga aylanishi atrofli va chuqur tahlilga asos beradi). Dastavval, ko‘ngilning xos she’riy tavsifida so‘z yuritaylik. Har bir sog‘lom insonning aql-zakovatiga nisbatan dili-ko‘nglining mutlaq sub’yektiv-shaxsiy, individual-betakror bir dunyo ekanligi xakida faylasuflar o‘zicha munozara qilib, shoirlar o‘zlaricha, xos tashbeh-nisbat qidirib tolmaydilar. Ne ajabki, haligacha dunyoning ne-ne zukkolari loaqal boshqa bir yaqin, mahram kishining emas, hatto o‘zining ko‘nglini to‘la inkishof etmagan va etolmasa ham kerak. Demak, ko‘ngil timsolining umumiy tavsifi bilan kifoyalanish mumkin: bu — har bir yaxshi niyatli kishining samimiy kechinmalari, ezgu xayollari, aziz xotiralari, ayniqsa, dard-hasratlari, o‘kinch-armonlari dunyosi; bu — har bir erkin, mustaqil fikrlovchi shaxs o‘zligining daxlsiz, qutlug‘, o‘ziga xos sirli maskani; bu — insonlik sha’ni («mangu nomi»), qadr-qimmati, nomus-diyonatining hech kim, hech bir kuch zabt etolmas barqaroru poydor istehkomi... Nihoyat, bu — uning ulug‘ shoir tasavvuri va taxayyulida jilolangan, g‘aroyib falsafiy-lirik obraz tarzida shakllangan mujassam (chin musulmon farzandi uchun Ka’baning o‘ziday muqaddas, balki undan ziyod) she’riy timsoli: «KO‘NGIL KA’BASI!!!»... Bu sohir obrazning munosib va matlub ta’rifi-yu tahliliga so‘z yo‘q. Buni har bir iymon-e’tiqodli odam, e’timodli kitobxon shaxsan o‘zi kechirishi, yurakdan idrok qilishi kerak, toki chindan ham o‘z dilini, qalbini, yuragini, ko‘ngul ka’basi, deb bilish huquqiga, maqomi va martabasiga musharraf bo‘lmoq uchun, dastavval, ruhan poklanmog‘i, so‘ngra, insonning fazlu kamoli nima ekanini bir qadar aniq tasavvur etmog‘i, kamida mehr-shafqat, saxovat, himmatu muruvvat ilmi va odobidan saboq olmog‘i lozim bo‘ladi. Aniqrog‘i, «ko‘ngul ka’-basi»dek sharifu pok ruhiyat faqat Navoiyning o‘ziga, qolaversa, uning valiy siyrat piri murshidlari: Abdurahmon Jomiy, Sayyid Hasan, Pahlavon Muhammad, uvaysiy ustozlar: Xoja Bahovuddin Naqshbandiy, Farididdin Attor, Nizomiy Ganjaviy, Amir Xuyorav Dehlaviy kabi tabarruk zotlarga mansub desak to‘g‘ri bo‘lar. Illo, «ko‘ngul ka’basi» chin odamiyat, komil iymon-e’tiqod, pokiza niyat bilan sajdagoh deb bilinishi kerak. Ayon bo‘ladiki, ne chog‘liq urinib-talpinmaylik, aniq va mavzun nisbat izlab riyozat chekmaylik, sohir shoir yaratgan «ko‘ngul ka’basi» tevaragida evrilaveramiz — ichiga, ruhiga kirolmaymiz... Asli bunday qutlug‘ — ilohiy timsol-obrazlarning joziba siri ham shunda, ya’ni mohiyatiga yetish imkonsizligidadir. To‘g‘ri, chin sevishganlar tasavvurida ularning qalbi — yuragi «ko‘ngil ka’basi» darajasida azizu mukarram va muqaddas hilkatga aylansa ajab emas. Faqat buning yagona sharti bor: oshiqlar e’tiqod va e’timodda rasulona ulug‘ shoirlar kabi bir umr pokdomonu ahdu paymonda ustuvor bo‘lib qolishlari kerak. Darvoqe, Navoiy «Majolisun-nafois» tazkirasida o‘ziga habibu farzand maqomida bo‘lgan, hayot sha’mi juda bemahal so‘ngan iste’dodli shoir yigit sha’niga shunday dil so‘zlarini aytadi: «Axloqda malakiydur, bashar suvrati bilan kelgan va atvorda farishtadur, inson hay’atida zuhur qilgan...»
Uch yog‘iy bor: nafs, hasad, riyo – etar zoyeʼ umringdan ogoh…
Uch ofat...
Bu jon senga bo‘lsin fido! – degum toki umrim ado,
So‘zim bo‘lsa yolg‘o...
O‘z vujudinga tafakkur aylagil, Har ne istarsan – o‘zingdin istagil....