Pokiza amal olim
Xudoyberdi To‘xtaboyev, O‘zbekiston xalq yozuvchisi

Men Botirxon Akramov bilan bir necha yil birga ishlash baxtiga muyassar bo‘lganman. “Xalqaro oltin meros” xayriya jamg‘armasini tuzish haqida Prezidentimiz Farmoni bo‘lgandan keyin biz o‘ylab ko‘rdik: Xo‘sh, shu yo‘nalishni yuzaga keltiradigan bo‘lsak, avvalo, unga ta’rif beraylik. Oltin merosimiz nimalardan iborat bo‘ladi, qadriyatlarimizga e’tibor qay darajada bo‘ladi. Shu masalada biz bir necha olimlarimizga murojaat qildik. Kimdir bitta yo‘nalishni yozib keldi, kimdir aytaylik, arxeologiya yo‘nalishini yozib keldi, yana kimdir yer usti madaniy yodgorliklarini yozib keldi. Lekin biz “Xalqaro oltin meros” nomidan gapiradigan bo‘lsak, ushbu yo‘nalishni dunyo miqyosiga olib chiqadigan bo‘lsak, qadriyatlarimizni keng ma’noda, butun ko‘lami bilan chuqur o‘rganishimiz kerak ekan. Mana shunday murakkab vazifani Botirxon ishlab chiqdi. U yig‘ilgan barcha materiallarni yig‘ib-jamlab berdi. Botirxon o‘z yo‘nalishida nimalarga e’tibor qaratdi? Shuni aytish kerakki, bizning milliy qadriyatlarimiz behad darajada bisyor ekan. Yer osti boyliklarimiz ham shular qatoriga kirar ekan. Moddiy qiymatlarimiz ham qadriyatlarimizni tashkil qilar ekan. Xulq-axloq, urf-odat, rasm-rusmlarimizdagi yo‘nalish, yangi paydo bo‘layotgan va yo‘qolib borayotgan unsurlarimizning hammasini Botirxon bir necha muddat ishlab bir necha olimlarimiz qilib berishi kerak bo‘lgan narsani jamlab bir holatga keltirib berdi.


Men yana bir narsani alohida ta’kidlashni xohlayman, ya’ni kollektivimiz ruhiyatiga ta’sir qilgan bu kishining odatlarini, kamtarligini aytmoqchiman. O‘taketgan kamtarlik, o‘taketgan pokiza amal edilar, ana shunday go‘zalliklarni ko‘rganimda, avvalo, o‘zim mahliyo bo‘laman, o‘zim mahliyo bo‘lgan jihatlarni boshqalarga, bolalarga bergim, yozgim keladi. Ana shu ma’noda men Botirxondan ancha-muncha narsalarni oldim va o‘rgandim. Ma’lumki, ishlab chiqarish korxonalarida 13-maosh degan tushuncha bor. Shu maosh taqsimlanayotgan kuni Botirxon hayajon bilan kirib keldilar:

– Xudoyberdi aka!  

– Nima gap? Nima bo‘ldi?

– Hali ish boshlaganimga 9 oy bo‘ldi-yu, siz 13-maoshni yozib qo‘yibsiz. Yo‘q, qoida bo‘yicha bu maosh 12 oy ishlagandan keyin beriladi, men buni qabul qilolmayman. Ular xuddi jinoyat qilgandek, qattiq hayajon bilan gapirardi. Botirxon, siz 9 oy ishladingiz, to‘g‘ri, lekin natijasi juda unumli bo‘ldi, xuddi 2-yil ishlaganga teng bo‘ldi. Siz bu maoshga loyiqsiz. Botirxon esa yo‘q-yo‘q, bu ishni bundan keyin qila ko‘rmang, – dedilar. 


Bir holatga tushdim va bir necha kun shuni o‘ylab yurdim, bu insonning qalbidagi tozalikka tan berdim. Ikkinchi bir holat yuz berdi. Bu kishi O‘shlik ekanlar. O‘sha paytlarda qarindoshlaridan biri kasal bo‘lib qoldi va to‘satdan jo‘naydigan bo‘ldilar. Botirxon, men sizga komandirovka yozib beray, hozir yo‘lkiralar qimmat, samolyot, poyezd yo‘q, yo‘lga ishlatarsiz, – dedim. U kishi menga nega komandirovka yozasiz? – dedi. Axir o‘sha yerda biror kishi bilan uchrasharsiz, qo‘lyozmalar olarsiz, – dedim. Yo‘q, men qarindoshimni ko‘rgani ketyapman, komandirovkani bunga mutlaqo aralashtira ko‘rmang. Men bunaqangi pulni olib o‘rganmaganman, – dedilar. Botirxon, buning hech ayb tomoni yo‘q. Boshqalarga ham qilyapman. Siz ishlayapsiz, bunga haqqingiz bor.

Yo‘q, Yo‘q! Men qarindoshimnikiga ketyapman, – dedilar. Ikkinchi holat o‘tdi…


Men uchinchisiniyam aytaman. Haligi bajarilgan ishlar uchun Prezident devonidan yuqori baho oldik. Shunda men mukofot yozib berishga qaror qildim. Shunda Botirxon: “Yo‘q, hali u chala. Hech kim buning poyoniga yeta olmaydi. Oxirigacha yetilmaydi. Men bunga mukofot ololmayman”, – dedilar. Xullas, uchta holatni ko‘rib ruhiyatimda qandaydir tasavvur paydo bo‘ldi. Men “Gulxan” jurnaliga umrini vijdon amri bilan, halol, pok yashagan inson haqida bir hikoya yozib berdim.


Mening xulosam shundan iboratki, ehtimol, navoiyshunos sifatida bu olim tomonidan buyuk ishlar qilinayotgandir. Lekin pokiza bir inson sifatida bosib o‘tgan umr yo‘lini hamisha halol bo‘lib, minglab-millionlab odamlarga namuna sifatida Botirxon-ni hamisha yaxshi ko‘rdim. Alloh menga qancha umr bersa, bundan keyin ham uning shaxsini ulug‘lab yashashga harakat qilaman.


Ana shunday odamlarning borligi – millatimizning boyligi, ana shunday odamlarning borligi millatning rivojiga Alloh to-monidan berilayotgan ne’mat hisoblanadi.


Shunaqa odamlar, olimlar ko‘p bo‘lsin, shular bilan ishlash bizlarga nasib qilsin!

Tasodifiy fikrlar
Yo‘qotganda anglaymiz qadrin
Yodingiz yod aylab, kuyundim har dam, Ruhingiz shod aylab, ovundim, otam…Ajab… I...
Otajon
So‘z. So‘z deya so‘zning ortidan ketganEy, aziz mag‘rur bosh, qayda yotasan?Ul a...