So‘z. So‘z deya so‘zning ortidan ketgan
Ey, aziz mag‘rur bosh, qayda yotasan?
Ul aziz jonidan So‘z deya kechgan
Qonlar yutib, quyoshim, qayga botasan
Sulhida Yolg‘iz
Orzu-havaslari buyuk, ammo hammadan yashirin, armonlari ummonday, lek sirligicha qolgan, nodir qalb va iste’dod sohibi...
Otaginam... Qani endi vaqtni orqaga qaytarish mumkin bo‘lsa edi... Har bir so‘zingiz har bir nigohingiz, ishorangizdan, biz anglay ololmagan Haqiqatingizni endi qayerdan izlaymiz?!
Faqat ijodingizdan, asarlaringizdan – she’r va maqolala-ringiz, tugallanmagan loyiha – chizgilaringizdan izlaymiz noyob his-tuyg‘ularingizni... Tabarruk izlaringizga zor bo‘lib bizga tas-kin beruvchi amallar bilan yashaymiz endi…
O‘ta xoksor va g‘oyat mag‘rur, juda sodda va nihoyatda nozikta’b bu insonni kimlardir e’zozladi, kimlardir tushunmadi... Hayotligida bu noyob insonni qadrlaganlarning haqiga duo qilib ularning sa’y-harakatlari bilan Otajonimizdan qolgan ulkan ijodiy merosni keng jamoatchilikka yoyish ishlarini davom ettirishimiz lozim.
Hadisi sharifda qayd etilishicha, hech bir ota o‘z farzandiga xulqi odobdan buyukroq meros berolmas ekan... Biz to‘rt qiz ana shu merosga ham egamiz...
Siz va volidai muxtaramamiz bizga bergan tarbiyangiz, ilm-ma’rifatga bo‘lgan e’tiqod va chuqur ixlos hayotimizni umrbod yoritajak...
Millatparvar shoirimiz Rauf Parfining rafiqasi Sulhida Yolg‘iz shunday xotirlaydilar: “Ikki do‘st – shoir va munaqqid olim soatlab bir-biridan ko‘z uzmay, deyarli so‘zsiz suhbat qurib o‘tirishardi... Ikkovlarini ikki chinorga o‘xshatardim...” O‘sha chinorning bittasi Siz edingiz, Otajon. Chinordek ulug‘vor, chinordek tomirlari baquvvat, chinordek boqiy... Sizning shogirdlaringiz, farzandlaringiz, izdoshlaringiz o‘sha daraxtning yaproqlari, ezgu niyatlaringiz va amallaringiz esa boqiy va viqorli chinorning soyasi...