60 yillik umr sururi
Mohiraxon Akramova, muallima

Men O‘sh shahrining eng mo‘tabar, obro‘li, ziyoli inson – Olimxon hoji oilasida dunyoga keldim. Onam – Nurxon aya chevar nomi bilan mashhur edilar. Oilamizdagi 8 farzand – 6 o‘g‘il va 2 qizning eng kenjasi – erkatoyi edim. Otam o‘z mablag‘laridan maktab internat ochgan. Bu maktabning birinchi qaldirg‘ochlari – akademik Izzat Sulton, Habib Abdullayev, To‘raxon Mirzayevlar bo‘lishgan. 1937-yilda otam uyda noyob kitoblar saqlagani uchun o‘sha davrning eng ko‘zga ko‘ringan ma’rifatparvar insonlar, jadidlar qatori qatag‘on qilingan.


O‘shanda men 5 yoshda edim. 8 farzandni voyaga yetkazish, ularni o‘qitish, oliy ma’lumotli qilish yolg‘iz onamning zimmasiga tushdi. Oradan bir necha yil o‘tgach urush boshlandi. Onajonim Vatan himoyasi uchun birin-ketin o‘g‘illarini frontga jo‘natdi, so‘ng ketma-ket «qora xatlar» oldi. Ammo faryod etmasdan bir burchakda sekin-sekin yig‘lab olar va qolgan farzandlarining o‘qish-tarbiyasi uchun tun-u-kun tinimsiz mehnat qilar edi.


Ayniqsa, ko‘p e’tibor menga berilar edi. Hali-hali esimda – akalarim meni qo‘lma-qo‘l qilib yerga qo‘ymay katta qilishgan. Yillar o‘tib men ham otam kasbini egallash uchun Pedagogika bilim yurtida o‘qidim va maktabda ishlash uchun yo‘llanma oldim. Mening birinchi kasbdoshlarim orasida dunyoda tengi yo‘q mehribon insonlar – Olimaxon opam va Validbek akam ham bor edilar. Ular tufayli uyimiz doimo gavjum bular, yor-u-do‘stlar arimas edi. Validbek akam adabiyot fanining fidoyisi, nihoyatda she’riyatga qiziquvchan bo‘lgani uchun uyimizda tez-tez mushoiralar o‘tkazilar edi.


Kunlardan bir kun eshikdan bir yigit kirib keldi va akamni so‘radi. Boshqa mehmonlardan ajralib turadigan o‘tkir nigohi, ja-rangdor ovozi va shirinso‘zligi meni befarq qoldirmadi, o‘ziga diqqat-e’tiborimni tortdi. Keyinchalik bilsam, bu yigit men ish-layotgan maktabning til va adabiyot o‘qituvchisi Botirxon Akramov ekan. Yosh bo‘lishiga qaramay, bu kishi maktabda katta obro‘ga ega, qobiliyatli pedagog, siyosatni yaxshi tushunadigan, qat’iyatli, bergan so‘zi ustidan chiqadigan inson edi. Oddiy bog‘bonning farzandi bo‘laturib, bilimga, ilmga o‘ta chanqoqligi, adabiyot va san’atning nozik sirlarini dildan his etishi, tashkilotchilik qobiliyati, aktyorlik mahorati kabi fazilatlari bilan Botirxon aka hammani hayratga solar edi.


Biz turmush kurdik. Botirxon aka onam uchun yana bir o‘g‘il bo‘ldilar. Biz 4 ta farzand ko‘rdik. Farzandlarimiz ham bizga o‘xshab muallimlik kasbini tanladi. Otasidan ularga ko‘plab noyob kitoblar bilan birga to‘g‘riso‘zlik, oliyjanoblik, kasb mahorati, halol mehnat qilish meros bo‘lib qoldi. Men shu xislatlarni qizlarimda, nabiralarimda ko‘rganimda, quvonaman, ko‘nglim taskin topadi.


Men domla bilan birga 60-yil baxtli umr kechirdim. Bu davrning har bir kuni men uchun aziz. Bahor kezlari boychechakka burkangan tog‘ bag‘ri-yu, soy bo‘yida yurgan yoshlik damlarimizni ham, ilm-fanga baxshida etilgan umrning past-u-balandliklarini ham, keksalik davri gashtini surganimizni ham aslo unutmayman. Men Alisher Navoiy ijodini chuqur o‘rgangan yetuk olim, qalami o‘tkir tanqidchi, oliyjanob insonning rafiqasi bo‘lganimdan faxrlanaman.

Tasodifiy fikrlar
Yo‘qotganda anglaymiz qadrin
Yodingiz yod aylab, kuyundim har dam, Ruhingiz shod aylab, ovundim, otam…Ajab… I...
Otajon
So‘z. So‘z deya so‘zning ortidan ketganEy, aziz mag‘rur bosh, qayda yotasan?Ul a...