Yodingiz yod aylab, kuyundim har dam, Ruhingiz shod aylab, ovundim, otam…
Ajab… Inson dunyoda eng ongli, idrokli va shu bilan bir vaqtda eng ongsiz va nodon bo‘larkan. Xalq orasida «yo‘qotganda anglaydi qadrin» degan ibora bejizga yaralmaganligini Otamni yo‘qotganimda tushundim. Qo‘limga qalamni sog‘inch, nadomat, yorug‘ xotira, avval hech o‘ylantirmagan hislar tutqazdi.
Men nafakat Otamdan, balki faylasuf ustozimdan, donish-mand maslahatchimdan, murg‘akligimdan to shu kungacha mehr-u-rag‘batini darig‘ tutmagan saxovatpesha valine’matimdan ayrildim.
Shaksiz, har bir farzand uchun o‘z otasi suyukli va azizdir. Ammo Otam siymosi ko‘z oldimga kelarkan, nazarimda, poklikka, komillikka, teranlikka da’vat qiluvchi qiyofa gavdalanaveradi va beixtiyor qalbimda iftixor bilan shunday Otaning zurriyodi ekanimdan sharaflanib ketaman.
Bizning oilamiz hamisha mehmondo‘st bo‘lgan. Otam va Onam bag‘rikeng, savob ishlarga ochiq insonlar bo‘lgan. Har kuni bir mehmon kelardi, u aziz bo‘lib, xonadonimiz fayz, rizq, barakaga to‘lardi…
Biz oilada to‘rt farzand bo‘lib, hammamiz rus maktablarida tahsil oldik, so‘ng turli oliygohlarda o‘qidik. Ammo eng murab-biyimiz, bizga Sharq va G‘arb madaniyatini, adabiyotini tanitib, uyg‘unlashtirib, anglatgan – Otamiz bo‘ldilar. Otam chuqur ilm sohibi bo‘libgina qolmay, balki she’riyat, milliy va mumtoz musiqa, madaniyat, san’at, adabiyot, urf-odat, siyosat, zamon, din borasida o‘ta bilimdon bo‘lganliklari uchun biz – farzandlari tafakkuri, did, dunyoqarashimiz shakllanishida bu jihatlari katta rol o‘ynagan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
So‘fizm ilmini Otam nafaqat o‘rgandilar, balki hayotga tadbiq etib, uning bosh mezoni bo‘lmish – halol mehnat, adolat va haqiqat uchun kurash kabi amallarini qo‘llab yashadilar.
Otamning ilmini anglash hayotliklarida menga nasib etmadi. Otamning naqadar ulug‘ zot, yuksak iqtidor va notiklik san’ati sohibi, Navoiy ijodiga butun umrini bag‘ishlagan, uning shoh-baytlarini tahlil etib, sharhlashda tengsiz so‘z ustasi ekanliklarini to‘la anglab yetmabman…
Irsiyat qonunlari ustun kelib, mening qizim – Otamning na-birasi – Irodaxon she’riyatga kirib keldi. Bu sirli va mashaqqatli olamga ilk qadamini qo‘yib o‘ziga xos shirali ovozi bilan, samimiy kechinmalari bilan birinchi mo‘jaz lirik to‘plamni e’lon qildi.
Otam ruhining o‘zi qo‘llab, madadkor bo‘lgandek go‘yo…
So‘zimni qizim Irodaning «Bobomga Marsiya» she’ri bilan yakunlamoqchiman…
Abadiyat sari yo‘l oldi bir ruh,
Boqiy dunyo kutar, yo‘llari yorug‘!
Jigarlari g‘amda chekarlar anduh,
Xayr, fayzli inson, fidoyi olim,
Mening adib, shoir bobokalonim!
Yoronlar safiga kirdingiz oxir,
Shayxzoda, Rauf, Muhammad Nodir -
Orasida endi Akramxon Botir,
Xayr, fayzli inson, fidoyi olim,
Mening ajib, kamtar bobokalonim!
Navoiy, Yassaviy, so‘fiy Naqshband,
Jadidlar ruhlari – Cho‘lpon-u, Fitrat,
Barchalari sizdan rozilar abad,
Xayr, fayzli inson, fidoyi olim,
Mening Vatanparvar bobokalonim!
Haqsiz hukm bo‘lsa tushib g‘azabga,
Adolatli so‘z deb, uchrab azobga,
Intilmagan aslo obro‘-mansabga,
Xayr, fayzli inson, fidoyi olim,
Mening haqso‘z, botir bobokalonim!
Kuzatdik manzilga Ramazon mohi,
Barcha gunoh, xato to‘kilar chog‘i.
Yuksak mavom bersin sizga Allohim!
Xayr, fayzli inson, fidoyi olim,
Mening chin jannatiy bobokalonim!
Hammamiz Odamning avlodi, nasli,
Muddat tez tugarkan Fanoda asli..
Firdavsda sizga yor xur yoshlik fasli,
Xayr, fayzli inson, fidoyi olim,
Rizvonlarga loyiq bobokalonim!
Qora dog‘lar qoldi kechagi kundan,
Bobom rixlat kilgan shu mash’um tundan.
Duolarin bizlar ololdikmikan?!
Xayr, fayzli inson, fidoyi olim,
Vidolashmay ketgan bobokalonim!
Onam siymosida ko‘raman sizni,
Buvim ko‘zlarida chin sevgingizni,
O‘chirolmas hatto vaqt ham bu izni!
Xayr, fayzli inson, fidoyi olim,
Muhabbati mangu bobokalonim!
Tirik jon bordurki – O‘lim totguchi,
Kabr tor bag‘rida xar kim yotguchi!
Taqdirlarni yolg‘iz Tangri yozguchi,
Xayr, fayzli inson, fidoyi olim,
Ruhingiz shod bo‘lsin, BOBOKALONIM!