Botirxon domla bilan bir institut – Toshkent arxitektura kurilish institutida 10-yillar atrofida birga yonma-yon ishladik. Institutda "Huququshunoslik" fanidan dars berish bilan birga, o‘rindoshlik asosida adliya maslahatchisi vazifasida ham ishlar edim. Botirxon domla institut ma’naviyat markazini boshqarar edilar. Domlani doimo biror ish bilan band bo‘lganliklarini ko‘rar edim. Men u kishiga zehn solganimda u kishining chehrasidan ilm nuri yog‘ilib turgandek tuyular edi.
Botirxon domla o‘z qobiliyati va kuchi bilan hech qanday suyanchiqsiz ilmning yuqori darajasiga chiqqan odam edilar. Shuni aytishim mumkinki, domla Navoiy ilmining bilimdonlari Shayxzoda, Hamid Sulaymon, Izzat Sulton, Alibek Rustamov, Aziz Qayumov kabilarning izdoshlaridan edi.
Domla o‘ta tartibli va kamtarin odam edilar, o‘zidan bir yosh katta bo‘lsa ham u kishini hurmat qilib yo‘l berar edilar. Men u kishiga "domullo, o‘tsinlar" deb yo‘l bersam, u kishi menga "siz menga qaraganda bitta ko‘ylakni ortiqroq yirtgansiz" deb javob qilar edilar.
Men o‘z fikrimni Botirxon domlaning uch asosiy xislati bilan izohlamoqchiman:
1) U kishining Navoiy ilmining zabardast tadqiqotchisi ekanligi;
2) Domlaning to‘g‘riso‘zligi;
3) Talabalarga mehribon, haqiqiy jonkuyar ustozliklari.
Yuqorida eslab o‘tkanimizdek, domla Navoiy ilmining bilimdoni bo‘lish birga Navoiyni o‘ta yaxshi ko‘rar edilar.
Oxirgi paytlar Navoiy nomini tilga olganlari zahotiyoq ko‘z-lariga yosh olar edilar. Botirxon domla o‘zining "Navoiy shohbaytlari" asarini menga taqdim etgan nusxasida yozgan dastxatlarida shunday jumlani o‘qish mumkin: “Cizga, ahli ayolingiz (qutlug‘ xonadoningiz)ga Alloh yor, Navoiyning ruhi shariflari madadkor bo‘lsin. Omin, yo Rabbil olamin" deb dastxat bitgan edilar. Qarangki, hatto menga qilgan yaxshi tilaklarida ham Alloh bilan birga Navoiy ruhidan madad tilaydilar.
Men bayon qilmoqchi bo‘lgan domlaning ikkinchi xislatlari to‘g‘riso‘zligi edi. Domla dilidagi so‘zni hech o‘zgartirmay gapirar edilar, u kishida "tili boshqa, dili boshqa" degan gap aslo bo‘lmas edi…
Men bayon qilmoqchi bo‘lgan domlaning uchinchi xislati, talabalarga doimo mehribonligi, qachon u kishining yonidan o‘tmayin doimo kamida 5-6-ta talaba bo‘lar edi. Talabalar doimo u kishining suhbatiga muhtoj edilar. Botirxon domla, mening nazarimda, tug‘ma olim, ajoyib sadoqatli do‘st, hoksor bir inson edilar…