Ustozni xotirlab...
Poshshajon Kenjayeva, filologiya fanlari nomzodi

Xotira... Olis-olislarga chorlaydi nogoh... Yaxshi odamlarni esga solar u. Xayolimda charx urib, tanish chehralar, sog‘inchdan o‘kinar armonli ko‘ngil...


Yillar o‘taveradi, ammo yaxshilar xotirasi qalblarda yashayveradi. Qachonlardir vidolashgan yaxshilar nimagadir, nogahon bizda sog‘inch hissini uyg‘otadi va o‘z-o‘zidan xayolot olamiga yetaklaydi. Ularning hayotdagi aksi, qiyofasi butun xayolimizni egallaydi. Shunday yaxshi ustozlardan biri sifatida Botirxon Akramov ijodini e’tirof etish mumkin. Ustozning o‘z kasbiga muhabbati va fidoyiligi uning ma’ruzalarida yaqqol aks etardi. Hali-hamon esimda, ustoz Navoiy ijodi orqali biz talabalarga go‘zal xulq, odob-axloq haqida tushuncha berib boshqa shoirlar she’rlaridan ham parcha keltirardilar. Shunday she’rlardan birini, ya’ni Shayxzodaning “Har soniyada...” she’ridagi ushbu satrlarni hech esimdan chiqarolmayman:


Bir nafar chilangar ko‘z yumsa agar

O‘rniga tug‘ilar uchta chilangar.

Yoki o‘lib ketsa bitta muallim.

O‘rniga tug‘ilar donishmand olim.

Ammo o‘lgan ikki ablahga evaz

Biri ham tug‘ilmoq asti shart emas...


Xotirot olim ta’biri bilan aytganda, insonning chin inson-ligini, uning ruhiy ildizlar, ma’naviy asoslar bilan aloqa rishtalari uzilmas ekanligini, imon-e’tiqodi butunligini ko‘rsatuvchi ezgu, muqaddas qadriyatlardan. Umrini, qalb-qo‘rini, borini adabiyotshunoslikka, xususan, o‘zbek she’riyatiga, qolaversa, Navoiy ijodiga baxshida qilgan mehribon ustozimiz Botirxon Akramov xotirasi doimo mangu. 1945-yili Hamid Olimjon xotirasi kunlarida: “Qoqindiq... Seni juda sog‘indik...” deb yozgan edi Mirtemir. Mana falak aylanib, uning o‘zi – boqiy she’riyat chamanzorining xushilxon kuychilaridan yana biri muxlislarini “juda sog‘intirib” ketdi. Tom ma’nodagi xalq shoirining o‘rni juda yo‘qlanyapti, – deb yozgan edi olim o‘zining “Olamning butunligi” kitobida. Shu jihatdan ustoz bugun bizni “juda sog‘intirib” ketdi, ularning o‘rni juda ham yo‘qlanyapti va sezilyapti.


Dunyo oq emasdir, yo‘q, qora bardosh.

Kuyib, yodimizdan kechganlar aytsin.

So‘zlarida zahar, ko‘zlarida tosh.

Tilidan, elidan kechganlar aytsin.

Tunlar bosib kelar dunyo hasrati.

Kunlar gizli tug‘yon, bosib kelar she’r.

Nechuk qismat erur, shoir qismati?!

Tushlarimni buzar hazrat Alisher...


Bu satrlarning alamnok ohangida shoir qismati ona xalqning tarixiy taqdiri bilan, uning azaliy orzu-armonlari, dardlari bilan uzviy bog‘langan, degan teran ma’no yotadi... Rauf Parfi ko‘z-langan niyatni, zohiran qaraganda, otashin shoirning murakkab hayot yo‘li, uning fojiali intihosi taqozo etgan og‘ir-hazin ohangda ifodalayotganday bo‘ladi. Aslida, o‘sha bezovta, alamli ohang zamirida, misralar mohiyatida bir kishi dramasiga nisbatan keng va teran ijtimoiy dard bor. Shoir qismatining butun ziddiyatlarini – uning shaxsiyatida mashrabona hurfikrlilik bilan xalqona shikastahollik; hayot quvonchlariga oshiqona shaydolik bilan dard-alamlariga kuyunchak munosabat; umumbashariy tashvishlar – “dunyo hasrati” bilan ko‘ngilning xos, sirli-mahram kechinmalari omuxta ekanini – bular bitta tirik vujudga, bir butun olamga aylanganligini kim tushunadi, kim qadrlay oladi?..” (280-b.) Tahlilda olimning she’riyatga bo‘lgan ixlosi kuzatiladi va mahorati aks etadi.


Adabiyot insonni poklikka, komillikka, ezgulikka, oliyja-noblikka, ruhan tozarishga yetaklovchi vosita hisoblanadi. Shunday darajaga erisha olgan ustozlardan biri edilar... Kamtarin, saxovatpesha, diyonatli, sabr-qanoatli, oliyhimmat, zahmatkash navoiyshunos olimni butun umri faoliyatida to‘g‘ri va halol mehnat qilgan aziz inson sifatida xotirlaymiz. Ustozning yuksak axloqiy fazilatlari bizga namuna, o‘rnak bo‘lishi kerak, albatta. Adabiyotning vazifasi ham ana shunda. Inson ruhiyatini tarbiyalashdek m-urakkab vazifani o‘z oldiga qo‘ygan adabiyot zamirida, aslida, kechinmalar yashaydi. Ustoz nazarlaridagi samimiylik, adabiyotga bo‘lgan muhabbat, shijoat nimalarnidir ta’kidlamoqchidek tuy-uladi, tuyuladi-yu, birdan ular sabog‘i, fasohat mulkining sohibqironi Navoiy shohbaytlari xayoldan kechadi:


Yorur xoling xayolidin oqarg‘on ko‘zlarim, go‘yo:

Qo‘yubtur kilki Sun’ ul nuqtani ko‘zlar qarosidin.

Tasodifiy fikrlar
Yo‘qotganda anglaymiz qadrin
Yodingiz yod aylab, kuyundim har dam, Ruhingiz shod aylab, ovundim, otam…Ajab… I...
Otajon
So‘z. So‘z deya so‘zning ortidan ketganEy, aziz mag‘rur bosh, qayda yotasan?Ul a...