Odam odamiylik bilan obod
Muyassar Umirova, muharrir

Botirxon akaga quda bo‘lganimizga salkam qirq yil to‘libdi. Bu oilaning a’zolari biz uchun hamisha qadrdon insonlar edilar. Taniqli olim, el ardog‘idagi inson bo‘lishlariga qaramay, Botir-xon akaga yuksak insoniylik va o‘ta kamtarlik xos bo‘lgan. Odatda qudanikiga mehmon bo‘lib kelganda ba’zilar nihoyatda izzattalab bo‘lishadi. Lekin Botirxon aka bunday illatlardan yiroq edi. Kuni kechagidek yodimda, har safar Qo‘qonga kelganlarida, rahmatli dadam mehmonning sharofati bilan barcha qarindosh-urug‘larimizni bir dasturxon atrofiga yig‘ishni xush ko‘rardilar. Bunday paytlarda Botirxon aka eng aziz mehmonimiz bo‘lishiga qaramay, hech qachon dasturxonning to‘rida o‘tirmasdilar, shirinsuxan, davrada o‘tirganlarga juda e’tiborli edilar. Shuning uchun ham u kishini qarindosh-urug‘larimizning barchasi iliq so‘zlar bilan eslashadi.


Dadam bilan Botirxon aka har xil fe’l-atvorga ega insonlar bo‘lsa-da, ko‘p tomonlari o‘xshash ham edi, aniqrog‘i ularning tabiatida kuchli iroda hukmron bo‘lib, kamtarlik, oliyjanoblik va qanday lavozimda bo‘lishidan qat’iy nazar, odamlarni qadrlash, ularga ezgulik ulashish kabi xislatlar mujassam edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ular o‘rtasidagi quda-andachilik juda samimiy bo‘lib, to umrilarining oxirigacha davom etdi. Dadam Komiljon Soliyev o‘sha paytlarda Qo‘qondagi yirik tashkilotlardan birining rahbari, xizmat taqozosi bilan tez-tez Toshkentga kelib turardilar. Har safar kelganlarida Botirxon aka bilan Mohiraxon aya ularni albatta mehmonga chaqirishardi. Men ham har safar (o‘sha paytlar ToshDUning yuridik fakultetida o‘qirdim) dadamga qo‘shilib ularnikiga birga borardim. Bu go‘zal va obod xonadonda bo‘lganimda qandaydir betakror fayz hukm surishini hamisha his qilganman va ulardan ibrat olishga intilganman.


Ota-onam vafot etganlaridan so‘ng ham oilalarimiz o‘rta-sidagi o‘zaro inoqlik, yaqinlik davom etib, yaxshi-yomon kunlarda kamarbasta bo‘lib kelindi.. Bundan to‘rt yil oldin boshimga og‘ir musibat tushib, umr yo‘ldoshimdan ajralgan paytlarimda Botirxon aka bilan Mohiraxon aya ota-onamning o‘rnini bilintirmasdan menga dalda bo‘lib, marosimlarda turib berganlarini hech qachon unutmayman.


Hamkasbim emasmi, Botirxon aka bilan juda ko‘p muloqotda bo‘lganman. Men ularni o‘z sohasida juda katta tajribaga ega bo‘lgan zabardast olim, shu bilan birga o‘ta madaniyatli, do‘stlariga sodiq, beg‘araz, qo‘lidan kelganicha boshqalarga yaxshilik qilishga intiladigan inson sifatida tanidim. Kasbim taqazosi bilan bir necha marotaba Botirxon akani hamkasblari va u kishining qo‘lida ta’lim olgan shogirdlariga duch keldim va bir narsaga amin bo‘ldimki, ular bilan muloqotda bo‘lgan har bir inson ular to‘g‘risida faqat yaxshi va iliq fikrlarni bildirishadi. Ularni tinglar ekanman, men el-yurtda o‘z fidoyi xizmatlari orqasidan hurmat va e’tibor topgan bu insonga hurmatim oshar edi. Ha, Botirxan aka ana shunday el ardoqlagan, yuzlaridan nur yog‘ilib turadigan bir oliyjanob inson edilar. Deydilarki, “Odam – odamiylik bilan obod”. Ilohim joylari jannatda bo‘lsin!


Botirxon aka hayotda yaxshi nom qoldirdi, shu bilan birga odob-u andishada benazir bo‘lgan, ma’rifatli ayol – Mohiraxon aya bilan baxtli umr kechirib, birgalikda to‘rt farzandni tarbiyalab voyaga yetkazishdi. Ularning bari imon-e’tiqodli, oliyjanob insonlardir. Mana salkam qirq yildirki, Botirxon akaning to‘ng‘ich qizlari kelinoyim – Guli Akramovani ota-onasi faxrlanishiga loyiq inson ekanligining shohidi bo‘lib kelmoqdaman. Kelinoyim ota-onasining tarbiyasini olganligi uning ma’rifatparvarligi, o‘z ustida tinmay ishlashi, oilada esa vafodor yor, mehribon ona, yaxshi qaynona va nabiralari uchun sevimli buvijon ekanliklarida bilinib turadi. Ha, xalqimizda bekorga aytishmaydi “Tagi-taxtini surishtir” deb.


O‘ylaymanki, shogird-u, farzandlarining sa’y-harakatlari bilan tayyorlanayotgan “O‘zbek adabiyoti namoyandalari” turkumida nashr etiladigan ushbu kitob ham xotirasi e’zozlanayotgan shaxs – Botirxon Akramovning 80-yilligiga munosib tuhfa bo‘ladi. Inson ko‘nglini nozik ma’naviyatga, mehr-oqibatga undovchi, ezgulik hech qachon izsiz qolmasligidan dalolat beruvchi bu kitob yoshlarimiz uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi shubhasizdir.

Tasodifiy fikrlar
Yo‘qotganda anglaymiz qadrin
Yodingiz yod aylab, kuyundim har dam, Ruhingiz shod aylab, ovundim, otam…Ajab… I...
Otajon
So‘z. So‘z deya so‘zning ortidan ketganEy, aziz mag‘rur bosh, qayda yotasan?Ul a...