Mir Alisher Navoiy fidoyisi
Shukurali Asqarov, iste’fodagi militsiya mayori

Bu gulshan ichra yo‘qdur baqo guliga sabot,

Ajab saodat erur yaxshilik bila qolsa ot.


Garchand adabiyotshunos bo‘lmasam ham Botirxon Akramovning porloq xotirasi hurmati qisqacha yozib o‘tishga jazm etdim.

1978-yilning may oyida Qoraqamish mavzesiga militsiya bo‘limi vakili qilib tayinlanganimda ko‘p qavatli imoratlarda yashaydigan 2-3 nafar nuroniy otaxonlarga ko‘zim tushdi. Ular orasida Botirxon aka bor edilar. Shu paytlardan boshlab Botirxon akamiz bilan chin insoniylik munosabatlarimiz boshlandi. Ular meni she’riyatga, ayniqsa, Alisher Navoiy she’rlariga zo‘r qiziqishim borligini bilib, o‘qishga kitoblar berib, ma’nolarini ham tushuntirib berardilar.

Botirxon aka bilan shunchaki do‘st bo‘lib qolgan edik, desam noto‘g‘ri bo‘lar edi. Ular menga Navoiydek piri ustoz o‘rnida bo‘lgan inson sifatida gavdalandi. Ular har bir hodisaga va sharoitga Alisher Navoiyning she’rlaridan darhol misol tariqasida bayt aytardilar. Shu she’rlarning qaysi birlarini yozib oldim, qaysi birlarini yozib ololmadim. Shulardan biri:


O‘z vujudingga tafakkur aylagil,

Har neniki istasang o‘zingdin istagil.


2007-yili Botirxon akaning “Navoiy shohbaytlari” kitoblari bosilib chiqdi. Shu kitoblarini menga taqdim etarkanlar, dastxat yozib menga yaxshi tilaklar bildirib: “Yaratganning o‘zi – yor, Navoiydek piri murshidlar ruhi madadkor bo‘lsin! Omin! Har subh-u shomda Sizning duogo‘yingiz “faqir ul-haqir” og‘angiz” deb edilar. Men uchun bu dastxat naqadar aziz va bebahodir. O‘z so‘zlarida ular o‘zlarini “faqir ul-haqir”deb ta’riflaganlar. Navoiyning ijodini shu darajada chuqur o‘rganish jarayonida ular Navoiyning ulug‘vorligini, kamtarligini ham o‘zlariga qabul etganlar desam, mubolag‘a bo‘lmas. Drap palto, qora shlyapa va jigarrang portfelni ko‘tarib, qishning ayozli kunlarida avtobuslarda Nizomiy nomidagi pedagogika institutga va Milliy universitetga qatnardilar.

Bir kuni men ularga savol berib: “Insonlar o‘rtasidagi muno-sabatlarning eng yuqorisi samimiyat bo‘lsa kerak-a?”, desam, “Yo‘q, poklik” – dedilar. Navoiydan bayt keltirdilar:


Dili pok-u, so‘zi pok-u, o‘zi pok.


O‘zlari ham eng pok insonlardan edilar, negaki ular hech qachon boylikka va mansabdorlikka intilmasdan, faqat ilm va ma’rifatga xizmat qilib yashadilar.

Sa’diy Sheroziy so‘zlari bilan aytganda:


“Qorun halok bo‘ldi,ki bor erdi ganji tom,

No‘shiravon o‘lmadi, qo‘ydi yaxshi nom.


Ha, Botirxon aka ham bu dunyoda yaxshi nom qoldirgan “odamiylar odamiysi” edilar.

Tasodifiy fikrlar
Yo‘qotganda anglaymiz qadrin
Yodingiz yod aylab, kuyundim har dam, Ruhingiz shod aylab, ovundim, otam…Ajab… I...
Otajon
So‘z. So‘z deya so‘zning ortidan ketganEy, aziz mag‘rur bosh, qayda yotasan?Ul a...