Biz aka-ukadek edik
Bahodir Turg‘unov, O‘zFA San’atshu-noslik instituti yetakchi xodimi

Filologiya fanlari doktori, professor Botirxon aka Akramov bilan 30-yildan beri tanishmiz, yonma-yon birga bo‘lib, ijodiy ishlarimiz bilan aka-ukadek hamsuhbat bo‘lganimdan mag‘rurlanib yuraman.


Bu ajoyib inson doimo xushchaqchaq, yuzidan tabassum arimaydigan, o‘ta ziyoli ustoz edilar. O‘sha fayzli yillarda vodiylik do‘stlarimiz bilan oilaviy «gap» – ziyofatlarda yig‘ilganimizda doimo suhbat albatta Alisher Navoiy yoki boshqa o‘zbek allomalar haqida boshlanib ketardi. Ziyofatga yig‘ilgan ulfatlar Botirxon akani maroq bilan tinglar, olam-olam taassurotlar bilan kech tunda uy-uyimizga tarqalar edik.


Vodiyga mehmondorchilikka yoki to‘yga borayotganimizda mashinada «Kuygay» qo‘shig‘ini Botirxon aka boshchiligida xirgoyi qilib ketar, charchash nima ekanligini bilmay manzilimizga yetib borar edik.


Botirxon akaning uylarida boy kutubxona bor edi. Kabinet-larida yig‘ilgan bir-biridan ajoyib kitoblarni varoqlab o‘tirib, ilmiy ishlar haqida baxslashar edik.


Bir kuni Botirxon aka shunday dedilar:

– Bahodirjon, ukam! Arxeolog bo‘la turib Dalvarzintepa qadimiy shahri o‘rnida topilgan dunyodagi eng qadimiy shaxmat donalarini, 40 dan ortiq mahobatli buddaviy haykallarini, qolaversa, tengi yo‘q – salkam 36 kg oltin xazinasini topgan bo‘lsangizda, nega doktorlik dissertatsiyasini yozmaysiz!

Men esa javoban:

– Esimda, siz doktorlik dissertatsiyasini yoqlayotganingizda olimlar o‘rtasida qattiq tortishuvlar bo‘lgan edi. Meni ham shu holatga tushishimni hohlaysizmi? deb kulishib olgan edik.

– Sho‘rolar mafkurasi davrida olimlarga men tanlagan mavzu yoqmas, aniqrog‘i, to‘g‘ri kelmas edi-da. Ha, mayli, dissertatsiya bo‘lmasa unda sizning faoliyatingiz bilan bog‘liq eng yaxshi mavzu Yaponiya va yaponlar haqida ilmiy-ommabop kitob yozing. Axir siz arxeologlar ichida birinchilardan bo‘lib ajoyib yapon olimi – arxeolog Kyudzo Katoni shogirdlari bilan 1989-yilda yurtimiz janubidagi Dalvarzintepada qazilma ishlarini boshlab yuborgansizlar-ku. Shu bilan birga hamkorlik shartnomasiga ko‘ra o‘zbek arxeologlari bir necha marta Yaponiyaga borib kelgansizlar. Agar safar esdaliklarini jamlab o‘zbek xalqiga yetkazish uchun shu mavzuda kitob yozsangiz, zo‘r ish bo‘lardi-da.


Bu tanqid va maslahatdan ilhomlanib Mustaqillik tufayli 2005-yilda «Yaponlar. Kimlar ular?» deb nomlangan 188 jildli ilmiy-ommabop kitobni chop ettirdim. Ushbu kitobni adabiy to-mondan jonli chiqishi uchun taqrizni o‘z bo‘yniga olgan Botirxon akamning xizmatlari bisyor bo‘ldi.


Iste’dodli, jonkuyar olim Botirxon akamning porloq nomlari mening xotiramda doimo saqlanib qoladi.

Tasodifiy fikrlar
Yo‘qotganda anglaymiz qadrin
Yodingiz yod aylab, kuyundim har dam, Ruhingiz shod aylab, ovundim, otam…Ajab… I...
Otajon
So‘z. So‘z deya so‘zning ortidan ketganEy, aziz mag‘rur bosh, qayda yotasan?Ul a...