Bu dunyoda shunday insonlar borki, ular boqiy dunyoga rixlat etganlaridan so‘ng ham ortlaridan tirikligida ado etgan hayrli amallari uchun farzandlari, tanish bilishlari samimiy rahmat-u minnatdorchilik so‘zlarini eshitib yurishadi. Botirxon amaki ham ana shunday sohovatpesha, ulug‘ hislatli insonlardan edilar.
Men 2002-yili Botirxon amakining yon qo‘shnilarining xonadoniga kelin bo‘lib tushgan bo‘lsam, u kishini ana shu vaqtdan taniy boshlaganman. Ozodalik kelinlik ziynati emasmi, erta saharlab ko‘chalarga suv sepib, atroflarni supurib, tozalab qo‘ysam, Botirxon amaki derazalaridan qarab turib – “Baraka toping, umringiz uzoq bo‘lsin qizim. Siz suv sepib supursangiz yer har bir qadamingizda salovatlar aytadi” der edilar. Shunda men u kishining naqadar pok ko‘ngilli inson ekanliklarini anglagandim. Rostini aytsam, men Botirxon amakining qanday unvonlari, ordenlar yoki qanchalik yuqori mansablarda egasi bo‘lganlarini bilmayman. Ammo qanchalik xoksor, kamtar, katta-yu kichikka birdek mehribon inson bo‘lganliklarini baralla ayta olaman. Ularni mehnatsevar, shirinso‘z bog‘bon degim ham keladi. Sababi, ko‘p qavatli uyda yashashimizga qaramay ko‘chamizning bir chyetida kichkinagina ekinzor barpo qilib, u yerdagi mitti maysadan tortib, kattagina majnuntol daraxtigacha alohida parvarish qilardilar. Hozir ana shu ekinzor oldidan har o‘tganimda bir voqea yodimga tushaveradi:
Yozning jazirama kunlaridan birida men ko‘chamizning asfalt yeriga gilamlarimizni to‘shab yuvayotgan edim. Aksiga olib gilamni yuvib tushayotgan sovunli suv to‘g‘ri Botirxon amakining ekinzorlariga oqib ketayotgandi. Bundan hijolat bo‘lib, gilamni tez-tez ishqalayman-u darrov supurgini qo‘limga olib ekinzorga ketayotgan suvni orqaga supuraman. Bu holatni gilam yuvib bo‘lgunimcha necha marotaba qaytarmadim deysiz. Bir vaqt qarasam Botirxon amaki derazalaridan qarab turibdilar. Men ham xafa bo‘lib qolmasinlar deya harakatimni yanada tezlashtirdim. Shunda amaki “Qo‘yavering qizim, suv ketaversin, mayli, ekinlarga o‘g‘it bo‘ladi”, – deb qoldilar. Men ana, biroz xafa bo‘ldilar, shekilli, deb o‘ylab “yo‘q-yo‘q, mana hozir tozalab olaman, ekinlaringiz qurib qolishiga yo‘l qo‘ymayman” debmanda shosha-pishib. Shunda amaki kulib, “Barnoxon men rostdan aytayapman, mayli o‘zingizni qiynamang, sovunli suv-ning ekinlarga zarari bo‘lmaydi”, dedilar. Keyin bilsam, bu gap-larni chin dildan aytayotgan ekanlar.
Bir kuni men ham ularga havas qilib bir chekkaga ko‘katlar ekdim. Erta tongdan ishga ketayotib buni ko‘rgan Botirxon amaki xursand bo‘lib meni yo‘l-yo‘lakay duo qilib ketdilar. Mana shu kichkinagina qilgan ishimga katta baho berib, hattoki o‘zlari ham endigina nish urayotgan maysalarni ko‘rib xursand bo‘lganlarining o‘zi ularni qanday hokisor bog‘bon ekanliklaridan dalolatdir. Afsuski, endi u inson oramizda yo‘q. Tabiatga oshno, odamlarga holis, kelajak avlodning kamoli-yu, el-yurt g‘ami bilan yashovchi bir ulug‘ muallim hotiraga aylandi. Yuzlaridan nur, so‘zlaridan bol taralayotgan Botirxon amakining ayoli Mohira ayaning ulug‘ va go‘zal kunlarni xotirlagancha qoldi. Ijodkor inson hech bir voqea hodisaga befarq qaray olmaydi. Mohira aya ham adabiyot oshnosi emasmilar, Botirxon amakining shaxsiy kutubxonalari endi ayaga m-udom betakror xotiralarni yodga solib turadi.
Botirxon amaki mahallamizda ham o‘zlarining ziyoli fazilat-lari bilan ham ajralib turardilar. Yodimda, qachonki, mahalla-mizda yoki qarindosh-urug‘larimiznikida to‘y-maraka, biron marosim uyushtirilsa, Botirxon amaki hammadan oldin borib, chin dildan hizmatga shaylanardilar. Hayit, Navro‘z bayramlari bo‘ladimi chin dildan duolar, tilaklar aytardilar. Ayniqsa, ko‘chada o‘ynab yurgan bolalarni ko‘rganlarida ularga qarata, “Ilm olinglar, bolalarim o‘qigan odam hech qachon xor bo‘lmaydi, har doim qo‘llaringdan kelgunicha yaxshilik qilinglar, ortingizdan faqat yaxshi nom qolsin”, deya nasihat berishni kanda qilmasdilar. Shuning uchun ham hamma ularning oilalariga havas bilan qaraydi. Botirxon amakining duo-yu nasihatlari doim bizni nurli va ravon yo‘llarga chorlaydi. Ularni tanigan-bilganlar borki, ibratli fazilatlarini bir-birlariga aytib xotirlaydilar. Ortlaridan yaxshi nom qoldirgan Botirxon amakining oxiratlari obod bo‘lsin.