Ikki jabhada
Hamidjon Homidiy, filologiya fanlari doktori, professor

Taniqli navoiyshunos, filologiya fanlari doktori, profesor Botirxon Akram bilan 1963-yildan beri oshno edim. O‘sha yili Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining O‘zbek adabiyoti kafedrasiga aspirantura uchun 2 ta o‘rin berildi. 9 kishi da’vogarlik qildik. Ulardan Botirxon Akram bilan men barcha imtihonlarni “a’lo” va “yaxshi” baholarga topshirdik. Natijada aspiranturaga qabul qilindik va u kishiga zamonamiz allomasi Hamid Sulaymon, kaminaga Sharq adabiyotining donishmandi Natan Mallayev rahbar etib tayinlandilar.


Universitet ilmiy kengashi Botirxon Akram hozirgi zamon o‘zbek lirikasida klassik she’riyat an’anasi bilan bog‘liq muam-moni nomzodlik dissertatsiyaning mavzusi etib tasdiqladi. Aspi-rantlik o‘qish – tarix, falsafa va chet tili darslarida hammadan ko‘ra sinchkov, bahstalab Botirxon Akram vujudi bilan hozirgi o‘zbek she’riyati muammosiga sho‘ng‘ib ketdi: birin-ketin Mirtemir, Uyg‘un, Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, Sobir Abdulla Habibiy, Vosit Sa’dullalar bisotida an’ana va o‘ziga xoslik, an’anaviy obrazlarning yangi ma’no, mohiyat kasb etib borishi haqida ilmiy maqolalar e’lon qildi; Rauf Parfi, Shavkat Rahmon, Mirza Kenjabek, To‘ra Mirzo ijodini nazardan o‘tkazdi. Natijada zamonaviy she’riyatning nuqtadon manaqqidi sifatida tan olingan Botirxon aka fan nomzodi bo‘ldi. Nazarimda, adab ilmimizda Rauf Parfi bilan Shavkat Rahmon haqida Botirxon Akram darajasiga yetkazib fikr aytgan munaqqid bo‘lmadi.


O‘zaro suhbat davomida “men Navoiyni yaxshi ko‘raman, uning lirikasi o‘zgacha olam” deb yuradigan Botirxon Akram keyinchalik Navoiy she’riyatining o‘ziga xos poetik xususiyatlari haqida doktorlik yozdilar, “Navoiy shohbaytlari” risolasini yaratdilar, zukko navoiyshunos sifatida el ardog‘iga musharraf bo‘ldilar. Garchi uzoq yillar O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutida hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zMUda faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsalar ham Botirxon Akram o‘zlarini peduniversitet jamoasisiz tasavvur qila olmasdilar. Shuning uchun ham umrlarining oxirigacha bu dargohda dars berdilar; san’at, tarix va tabiyot fakultetlarida Navoiyning hayoti va ijodiy merosi haqida maxsus kurs o‘qidilar, aspirant hamda magistrlarga o‘ta mehribon maslahatchi bo‘ldilar. Bir safar O‘zbek adabiyoti kafedrasi qoshidagi ilmiy seminarda ustoz Navoiy lirikasining mavzu ko‘lami haqida ma’ruza o‘qiyotib, bir-ikki bayt tahlili jarayonida ko‘zlarida yosh tirqirab, o‘pkalari to‘lib keldi. Yig‘ilishdan so‘ng suhbat asnosida:


– Aka, ma’ruza paytida biron noxush voqea yodingizga tushdimi, o‘zingizni tutolmadingiz, – dedim.

Darrov ma’ruza matnini olib:

– Axir, mana bu baytlarni yig‘lamay o‘qib bo‘larmidi? Bular toshbag‘irlarni ham eritib yuboradi-ku! – dedilar.

Oradan bir necha yil o‘tgach, bir kuni Tabiyyot fakultetining dekani Faridaxon Mirhamidova:

– Kafedrangiz o‘qituvchilari g‘alati ekan. Professor Botirxon Akram nuqul yig‘lab dars o‘tarmishlar, – dedi.


U kishi o‘zlari she’rlarni o‘qib, tahlil qilish jarayonida ob-razga kirishib to‘lqinlanib ketsalar kerak, dedim-da dekanatga ki-rib, guruh jurnalini qarasam, so‘nggi ikki darsda “Navoiy liri-kasi” o‘tilgan ekan. Haqiqiy olim adabiyotni, she’riyatni ana shunday qalbidan o‘tkazib hazm etadi.


Ustoz o‘zaro suhbat, ilmiy bahslarda ham g‘oyatda botamkin, serandisha, odobli edilar. Ba’zan tortishuvlarda: “Yo‘q, bu fikringiz noto‘g‘ri, aslida mana bunday bo‘ladi” derdilar-da, munozaraga nuqta qo‘yardilar. Aftidan, bunday kezlarda u kishi Navoiyning “Xiradmand rost so‘zdin o‘zgasin demas, vale har chin ham degulik emas” hikmatiga rioya qilardilar.


Ustozlarimiz izidan borib, biz ham aka-ukaday bo‘lib ketdik. Bir-birimizning ilmiy yutuqlarimizdan faxrlanib yurardik. Bir kuni “Ko‘hna Sharq darg‘alari” kitobimni o‘qib, taassurotlarini gapirayotib, “lekin darg‘alar so‘zini men hazm qilolmadim” deganlari hali esimda.


Ha, Botirxon Akram noziktab’ olim, jonfido pedagog, yosh-larning beg‘araz mehribon murabbiysi edilar. Biz adabiyotshunoslarning ko‘pchiligimiz tor ixtisosligimiz bilan chegaralanib yuramiz: folklorshunos faqat xalq og‘zaki ijodini biladi va uning tahlili bilan mashg‘ul. Hozirgi adabiyot tadqiqotchilari mumtoz adabiyotni jiddiy o‘rganishni istashmaydi. Professor Botirxon Akram bo‘lsa har ikki jabhada ham zakiy edi. U kishi Bobur yoki Mashrab she’riyatini qanday tushunib talqin etsa, g‘azalning zohiriy va botiniy mohiyatini ilg‘asa, erkin Vohidov, Abdulla Oripov she’rlarini ham ana shunday teranlikda tahlil qilardi. Demak, Botirxon Akram hamkasblari, ko‘psonli shogirdlari orasida poktiynat INSON, sadoqatli do‘st, pokruh rahnamo sifatida hamon safdosh. Zero, dunyo adabiyotining buyuk siymosi Hofiz Sheroziy bu dunyoda kim yaxshilik-la umrguzaronlik qilgan bo‘lsa, u mangu tirikdir. Chunki keyingi avlod ana shu yaxshiliklarni zikr etib, uni o‘zlari bilan tirik olib yuradilar, degan edi:


Zindai jovid mond har ki nako‘nom zist,

Ki az oqibat zikri xayr zinda kunad nomro.

Tasodifiy fikrlar
Yo‘qotganda anglaymiz qadrin
Yodingiz yod aylab, kuyundim har dam, Ruhingiz shod aylab, ovundim, otam…Ajab… I...
Otajon
So‘z. So‘z deya so‘zning ortidan ketganEy, aziz mag‘rur bosh, qayda yotasan?Ul a...