Insonning haqiqiy qiyofasini bilmoqchi bo‘lsang, birga safarga chiq, degan hikmat bor. Baxtli tasodifni qarangki, men ustoz Botirxon Akramov bilan asosan safarda tanishganman. 1969-yil davlat o‘quv dasturi bo‘yicha folklor ekspeditsiyasini O‘sh shahrida o‘tkazish rejalashtirilgan edi. Taniqli olimlardan Ahmad Aliyev, Umarali Normatov, Karim Nazarov, Yormat Tojiyev va men ekspedisiyaga rahbar qilib tayinlandik. U paytlarda xalq og‘zaki ijodini o‘rganish va shevalar bo‘yicha ma’lumot to‘plash bir yo‘nalishda amalga oshirilar edi. Shuning uchun tilshunos mutaxassislar ham xizmat safarida ishtirok etishardi. Botirxon Akramovda o‘quv yuklamasi bo‘lmasa ham O‘sh va bu shahar atrofidagi Arslonbob, O‘zgan, Aravon, Novqot, Jalolobod kabi bir qator qadimiy ajdodlarimiz yashagan maskanlarda ma’lumot to‘plashimizda bir oy biz bilan yelkadosh bo‘ldilar. “Yelkadosh” deyishimizga ajablanmang, chunki bu safar favqulodda voqealarga boyligi bilan ajraldi. Shu vaqt davo-mida ikki-uch marta militsiya xodimlari bilan uchrashishga to‘g‘ri keldi. Qiz bola talabalarimizni mahalliy yigitlardan m-u-hofaza qildik. Ana shunday murakkab vaziyatda Botirxon aka yordamiga suyandik. Men, ayniqsa, bu insonning biz bilan hamkorlikda ekanida o‘zini aybdor deb his qilishiga qoyil qoldim. O‘zlari o‘shlik bo‘lganliklari sabab u yerdagi ko‘ngilsizliklarda ko‘proq ustoz aziyat chekayotganliklari aniq sezilib turardi. Xullas, xizmat safarimizni bir amallab yakunladik, ammo ustoz bilan yaqinligimiz kurtak otdi, gulladi, hosil berdi. 40-yildan ortiq vaqt davomida ijodiy hamkorlikda yashadik, aka-ukadek munosabatda bo‘ldik.
Botirxon aka bizlar uchun ilmda, hayotda, talabalar bilan bo‘lgan munosabatda, xizmat jabhasida ikkinchi darajali holat bo‘lmagan. Badiiy ijod bilan shug‘ullanadimi, ilmiy tadqiqot olib boradimi, ma’muriyat tomonidan berilgan topshiriqni bajaradimi hamisha mas’uliyat va aniq hisob-kitob bu inson uchun m-uqaddas hisoblangan.
Fakultetda Alisher Navoiy muzeyini tashkil etish g‘oyasi bilan chiqdilar. Qisqa fursatda shoir asarlari to‘plandi, zaruriy tasvirlar topildi, rejalar tuzildi, faqat sog‘likning yomonlashuvi, keyinchalik vafot etganliklari yaxshi niyatning amalga osh-masligiga sabab bo‘ldi. Hozirgi paytda ustozning shogirdlari bu harakatni davom ettirmoqdalar.
Botirxon akada tabiiy pokizalik o‘zining oliy darajasida namoyon edi. Men bu insonga bo‘lgan ijobiy munosabatni ham, ba’zan ro‘y byeradigan ko‘ngilsiz holatlar sababini ham ulardagi tabiiy pokizalikda deb bilaman. Xususan, ular biron marta o‘z ismlariga “xon” qo‘shimchasi qo‘shilmagan paytni singdirmaganlar. Qayta-qayta nasl-nasab haqida, ajdodlarining eshonzoda, xo‘jalarga qondoshligi haqida so‘zlar edilar. Muhimi, ana shu e’tiqod va inonchga sidqidildan amal qilganlar. Hech yodimdan chiqmaydi. Onam Azizaxon aya, dadam Mirzakanon ota bilan soatlab suhbat qurishgan. Bu suhbatlar mavzu jihatdan serko‘lamligi bilan meni dog‘da qoldirgan. Agar onamdan katta buvilari Uvaysiyning dugonasi ekanini eshitib, ulardan qolgan adabiy meros taqdirini so‘rasalar, dadamdan Toshkent shahri, Chorsudan o‘tgan anhor, 1916-yilda suv toshqini oqibatida undan beshik, to‘sinlarning oqib kelganini aniqlar edilar. Ora-chora nimalarnidir daftarlariga yozib ham qo‘yar edilar. Har bir yangilik xoh adabiyot yo‘nalishida bo‘lsin, xoh maishiy hayot haqida bo‘lsin olim e’tiboridan chetda qolmagan. Ayniqsa, Aziza ayaning Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy, Nodira begim, Uvaysiy ijodi yuzasidan bildirgan mulohazalariga alohida e’tibor bilan yondashar edilar. Ota-onam vafot etgan kezlari Botirxon akaning ularga bo‘lgan hurmati samimiy ekaniga yana bir ishonch hosil qildim. Yanglishmasam, uyimizga birinchi ko‘ngil so‘rab kelgan inson Botirxon Akramov bo‘lgandi. Ta’ziya kunlarida ham meni xoli qoldirmaganlar. O‘z nasliga sodiq olim Botirxon Akramov xotirasi hamisha yodimda.